Yangiliklar Ibodullayev ensiklopediyasi TIBBIY-PSIXOLOGIK TEKShIRUVLAR

TIBBIY-PSIXOLOGIK TEKShIRUVLAR


Tibbiy psixologlar uchun tibbiy-psixologik anketa ishlab chiqdik (Z. Ibodullaev, 2009). Undan psixosomatik tibbiyot bo‘limlari va tibbiy psixolog xonalarida tibbiy-psixologik statusni o‘rganib ma’lumotlar qayd qilib boriladi. 

               Tibbiy-psixologik statusni tekshirish sxemasi
                                (Z. Ibodullaev, 2009)
I. Umumiy ma’lumotlar
   Bemorning ismi, sharifi......................................................................
   Tibbiy anketa (tarixnoma) raqami....................................................
   Yoshi........................................................................................................
   Jinsi....................................................................................................
   Millati................................................................................................
   Oilaviy ahvoli.....................................................................................
   Yashash joyi...........................................................................................
   Ma’lumoti va kasbi.............................................................................
   Mehnatga layoqati.................................................................................
   Chapaqay, o‘naqay yoki ambidekstr..........................................................
   Klinikaga (poliklinikaga) murojaat qilgan kuni.............................
   Klinikada (poliklinikada) qo‘yilgan tibbiy tashxis (tashxislar)....
   Psixologga murojaat qilgan kuni......................................................
   Asosiy shikoyatlari...............................................................................
II. Anamnestik ma’lumotlar
  Bemorning hayot anamnezi (ilk bolalik davridan boshlab yig‘iladi, qanday tarbiyalangan, qanday muhitda o‘sgan va h.k.) Bemorning jinsiy hayoti va oilaviy anamnezi. Bemorning tibbiy anamnezi (qanday kasalliklar bilan og‘rigan). Bemorning psixologik anamnezi. Bemorning nasliy anamnezi.
III . Yordamchi tekshirishlar va boshqa mutaxassislar xulosalari
   Laborator tekshiruvlar................................................................................
   Elektroentsefalografiya..............................................................................
   Psixiatr.........................................................................................................
  Nevropatolog.................................................................................................
   Patopsixolog.................................................................................................
   Neyropsixolog...............................................................................................
   Terapevt.........................................................................................................
   Seksopatolog..................................................................................................
   Boshqa mutaxassislar....................................................................................
    Psixologik testlar xulosalari....................................................................... 
IV. Temperamentni tekshirish xulosalari
   Suhbat yoki psixologik testlar yordamida bemorning qaysi temperament egasi ekanligi aniqlanadi. Keyin xulosaga sangvinik, xolerik, flegmatik yoki melanxolik deb yozib qo‘yiladi.
V. Shaxs va xulq-atvorni tekshirish xulosalari
   Bemorning yaqinlari yordamida va uning o‘zidan ilk bolaligidan boshlab, xulq-atvori xususiyatlari haqida ma’lumot yig‘iladi. Yaslida, maktabda, o‘spirinlik davri, oila qurgandan keyingi hayoti, ishda va jamoada o‘zini tutishi har tomonlama so‘rab-surishtirib o‘rganiladi. Bu maqsadda psixologik testlardan ham foydalaniladi.
   Suhbat va testlar yordamida quyidagi shaxs tiplari ajratib ko‘rsatiladi: tsiklotimik, emotsional, distimik, gipertimik, xavotirli, qo‘zg‘aluvchan, qotma, ekstravert, intravert, xushchaqchaq shaxs. Xulq-atvoriga qarab quyidagi xulosalar beriladi: mehribon, xudbin, mansabparast, toshyurak, kamtar, xotirjam va hokazo.
 VI. Hissiyotni tekshirish xulosalari
     Suhbat chog‘ida bemorning mimikasi, o‘zini tutishi, psixolog va atrofdagilarga bo‘lgan munosabatiga e’tibor qaratiladi. Keyin bemorning his-tuyg‘ulari va kayfiyatiga quyidagicha ta’rif beriladi: hayajonlangan, g‘azablangan, xavotirda, kayfi chog‘, tushkunlikka tushgan, vahima bosgan. Shu holatlar aniqlangandan so‘ng bemorning hissiyoti to‘g‘risida, eyforiya, disforiya, depressiya, affekt yoki hissiy ambivalent holatida degan xulosa qayd qilinadi. Xulosani yanada oydinlashtirish uchun psixologik test natijalaridan ham foydalaniladi.
VII . Sezgi va idrokni tekshirish xulosalari
   Sezgi buzilishlarini tekshirayotganda, uning organik va funktsional tusda ekanligi aniqlanadi. Ikkala holda ham sezgining quyidagi buzilishlari farq qilinadi: monoanesteziya, gemianesteziya, giperesteziya, dizesteziya, senestopatiya, kauzalgiya, og‘riqlar (boshda, tanada va ichki a’zolar sohasida).
   Idrokni tekshirayotganda illyuziya, gallyutsinatsiya, anozognoziya, derealizatsiya va depersonalizatsiya bor-yo‘qligi e’tiborga olinadi va xulosa o‘rnida yozib qo‘yiladi.
VIII. Iroda va maylni tekshirish xulosalari
    Irodani tekshirayotganda, mustahkam irodali, matonatli, maqsadga intiluvchan, ikkilanuvchan, mustaqil, jur’atsiz kabi xulosalar beriladi. Shuningdek, iroda va mayl buzilishlariga ta’rif berishda quyidagi atamalardan ham foydalaniladi: abuliya, gipobuliya, giperbuliya, dipsomaniya, dromomaniya, kleptomaniya, mazoxizm, sadizm, anoreksiya, polifagiya, polidipsiya, gomoseksualizm, suitsidal mayllar.
IX. Nutqni tekshirish xulosalari
     Bemorning nutqidagi nuqson suhbat chog‘ida yoki maxsus tekshirishlar orqali aniqlanadi. Nutqni oddiy va murakkab so‘zlarni takrorlatib turib ham tekshirish mumkin. Nutq buzilishlari neyropsixologik testlar yordamida ham aniqlanadi. Nutqning quyidagi buzilishlari xulosa o‘rnida qayd qilinadi: afferent motor afaziya, efferent motor afaziya, sensor afaziya, akustik-mnestik afaziya, amnestik afaziya, semantik afaziya, dinamik afaziya, soqovlik, duduqlanish, dizartriya, dislaliya.
  X. Diqqat va xotirani tekshirish xulosalari
     Diqqatning ba’zi xususiyatlari suhbat chog‘ida aniqlab olinadi. Shuningdek, diqqatni tekshiruvchi testlar, ya’ni Krepelin, Shulte jadvali va Burdonning  korrektura sinamalaridan foydalaniladi. Diqqati tarqoq, parishonxotir, jamlangan, o‘tkir kabi xulosalar yoziladi. 
    Bemorning diqqati tekshirib bo‘lingandan so‘ng yoki parallel holda kundalik va bo‘lib o‘tgan voqealarga bo‘lgan xotirasi tekshiriladi: ma’nosiz (gul, qarg‘a, oyna) so‘zlardan iborat qisqa qator, qisqa va uzun jumlalar, matallarni yod olish va qayta esga tushirish. Xuddi shu uslubda ko‘rish xotirasi (turli fotosuratlar ko‘rsatib, birozdan so‘ng qayta tanish so‘raladi) va harakat xotirasi tekshiriladi (bemor qo‘li bilan turli harakatlarni amalga oshiradi va ularni birozdan so‘ng takrorlash so‘raladi). Ebbingauz va Luriya tomonidan ishlab chiqilgan “10 ta so‘zni yodlab esga tushirish” usulidan ham foydalaniladi.
    Xotira buzilishlari darajasi ko‘rsatiladi. Shuningdek, amneziya (retrograd, anterograd, anteroretrograd), konfabulyatsiya, psevdoreministsentsiya kabi xulosalar qayd etiladi.
  XI. Tafakkurni tekshirish xulosalari
   Tafakkurni tekshirayotganda, uning izchilligi va tezligiga e’tibor qaratiladi. Fikrlash darajasi yoshiga mos keladi, debillik, imbetsillik, idiotiya, dementsiya deb xulosa yoziladi. Bu buzilishlarni aniqlash uchun hikoyalarning mazmuni, kichik matematik masalalar, tugallanmagan jumlalar, maqollar ma’nosi va tafakkur darajasini ifodalovchi psixologik testlardan (Koos kubikchalari, Bine-Simon, Veksler testlari, tafakkur koeffitsientini (IQ) aniqlash) usullaridan foydalaniladi.
   XII. Ongni tekshirish xulosalari 
   Ong buzilishining shartli ravishda nopsixotik va psixotik shakllari ajratiladi: birinchisiga obnubulyatsiya, somnolentsiya, sopor va koma, ikkinchisiga esa deliriya, trans, amentsiya, somnambuliya, ambulator avtomatizmlar, oneyroid kiradi. Shuningdek, ong darajasiga ta’rif berayotganda, bemorning es-hushi joyida, vaqt, joy va vaziyatni adashtirmasligi, atrofdagi voqealarni aniq-ravshan anglashiga e’tibor beriladi.
    Xulosa. Bemorning tibbiy-psixologik statusi to‘la tekshirilgandan so‘ng olingan ma’lumotlar psixologik testlar, laboratoriya natijalari va boshqa mutaxassislar xulosalari bilan solishtiriladi. Keyin bemorga tibbiy-psixologik tashxis aniqlab olinadi va tarixnomaga qayd qilinadi.



Manba: ©Z. Ibodullayev. Tibbiyot psixologiyasi. Darslik., 3-nashr., T.; 2019., 494b.
             © Ibodullayev ensiklopediyasi., 2022 y; 
             ©asab.cc


Ctrl
Enter
Хато топдизнигзми?
Матнни танланг ва Ctrl+Enter тугмачаларини босинг
MUHOKAMALAR
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Hech qanday izoh yo‘q. Siz birinchi bo‘lishingiz mumkin!
Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив