Tilosti nervi
Tilosti nervi (n.hypoglossus, XII nerv). Uning yadrosi uzunchoq miyaning pastki qismida, ya’ni rombsimon chuqurcha tubida yotadi. Bu joyga trigonum hypoglossi deyiladi. Yadroning pastki qismi orqa miyaning oldingi shoxi bo‘ylab S2 segmentgacha tushib keladi. Tilosti nervi kalla suyagini canalis hypoglossi orqali tark etadi va til muskullarini innervatsiya qiladi (6.38-rasm).
Til muskullari
6.47-rasm. Tilosti nervi
XII yadrosiga keluvchi kortiko-nuklear yo‘l oldingi markaziy pushtaning pastki qismidan boshlanadi ichki kapsulaning tizza qismi, miya oyoqlari va ko‘prikdan o‘tib uzunchoq miyaga tushadi. Bu tolalar uzunchoq miyaning pastki qismida kesishib qarama-qarshi tomonga o‘tadi va n. hypoglossus yadrosida tugaydi. Demak, har bir yadro qarama-qarshi yarimshardan innervatsiya oladi.
Tekshirish usullari
Buning uchun bemordan tilini chiqarish so‘raladi. Normada til o‘rta chiziqda turadi va hech tomonga og‘maydi. Sog‘lom odamda tilning chap va o‘ng tomoni bir xil va simmetrik bo‘lib, fibrillyatsiya kuzatilmaydi (6.48 rasm).
- Tilosti nervining periferik falajligi. Bir tomondagi yadro yoki nerv zararlansa, tilning o‘sha yarmi falajlanadi, atrofiya va fibrillyatsiya (fastsikulyatsiyalar) kuzatiladi Til o‘choq tomonga og‘adi. Dizartriya rivojlanadi. Tilosti nervi ikkala tomonda ham zararlansa, til butkul falajlanadi va anartriya rivojlanadi.
- Alternirlashgan gemisindrom. XII nerv yadrosi va shu erdan o‘tuvchi piramidal yo‘llar zararlansa, o‘choq tomonda tilning periferik falajligi, qarama-qarshi tomonda esa markaziy gemiparez rivojlanadi. Bunga alternirlashgan Jekson sindromi deyiladi (11-rangli rasmga qarang).
- Tilosti nervining markaziy falajligi. XII nerv yadrosiga keluvchi kortiko-nuklear yo‘llar zararlansa ro‘y beradi. Chap yarimshardan keluvchi kortiko-nuklear yo‘l zararlansa, tilning o‘ng yarmi, o‘ng yarimshardan keluvchi qismi zararlansa, tilning chap yarmi falajlanadi. Atrofiya va fibrillyatsiyalar kuzatilmaydi. Tilda atrofiya yo‘qligi bois, artikulyatsiya saqlanib qoladi.
- Kortiko-spinal va kortiko-nuklear yo‘llarning birgalikda zararlanishi. Tserebral insultda ko‘p uchraydi. Ushbu simptomokompleks qarama-qarshi tomonda markaziy gemiparez hamda VII va XII nervlarning markaziy falajligi bilan namoyon bo‘ladi. Yo‘llar zich joylashgan ichki kapsula zararlanishini bunga misol qilish mumkin.
- Kortiko-nuklear yo‘llar ikkala tomonlama zararlansa, psevdobulbar falajlik (disfagiya, disfoniya, dizartriya) rivojlanadi va oral avtomatizmi reflekslari (Marinesku-Rodovich, distant-oral, nazolabial) paydo bo‘ladi.
Manba: © Z. Ibodullaev. Umumiy nevrologiya. Darslik. Toshkent, 2021.,312b
© Ibodullaev entsiklopediyasi
© asab.cc
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Qiziq maqolalar
"Ibodullayev ensiklopediyasi" bo‘limi bo‘yicha