Spastik diplegiya


Spastik diplegiya (Litll kasalligi) – bolalar tserebral falajligining ikkala oyoqda spastik falajlik (diplegiya) bilan namoyon bo‘luvchi turi. Bu holatni xalq tilida «ikkala oyog‘i shol bola» deb ham atashadi. Litll kasalligi, ya’ni spastik diplegiya BTsF ning eng ko‘p uchraydigan va birinchi bo‘lib o‘rganilgan turidir. Bunday bolalar deyarli nogironlik aravachasiga mixlangan bo‘ladi.   Ikkala oyoqdagi muskullarda spastik gipertonus notekis joylashadi, ya’ni sonni oldinga bukuvchi, boldirni yozuvchi va oyoq panjasini pastga bukuvchi muskullar tonusi keskin oshadi. 
Buning natijasida oyoqlar tizza bo‘g‘imida yozilgan va oldinga cho‘zilgan, oyoq panjalari esa pastga keskin bukilib ichkariga rotasiya qilib qoladi. Bunday bolani qo‘ltig‘idan ushlab turg‘izmoqchi bo‘lsangiz, ikkala oyoqning ichkariga rotasiyasi kuchayadi va oyoq panjalari bir-birining ustiga o‘tiradi yoki X-simon tarzda kesishadi. Bolani yurg‘izmoqchi bo‘lsangiz, uning tovonlari erga tegmaydi, balki oyoq uchi bilan yurishga urinadi. Ikkala oyoqda ham periostal va tizza reflekslari keskin oshadi, biroq axill refleksi pasaygan bo‘lishi mumkin (muskullar tonusi noto‘g‘ri taqsimlanishi sababli).
Bunday bolalarda spastik falajlik belgilari qo‘llarda ham namoyon bo‘lishi mumkin, biroq ular aksariyat hollarda engil ifodalangan bo‘ladi. Ba’zida qo‘llarda apraksiya belgilari yaqqol ifodalanadi, xoreoatetoid giperkinezlar aniqlanadi. Buning natijasida bola qo‘l bilan bajariladigan ishlarni (qoshiq yoki piyolani ushlash, tugmalarni taqish va b.q.) bajara olmaydi, husnixati keskin buziladi. Agar apraksiya oral va mimik muskullarda ham kuzatilsa, bolaning og‘ziga berilgan ovqatni ham chaynab yutishi amrimahol bo‘lib qoladi. Ularda dizartriya ham aniqlanadi. 
Ikkala oyoqdagi ushbu patologik holat turli darajadagi mushak-bo‘g‘im kontrakturasi rivojlanishiga olib keladi.   Kontrakturalar nafaqat oyoq bo‘g‘imlarida, balki umurtqa pog‘onasida ham rivojlanadi va ko‘pincha, kifoz va kifoskolioz bilan namoyon bo‘ladi. Buning natijasida ko‘krak qafasi shakli o‘zgaradi. Ba’zi bolalarda ruhiy va aqliy rivojlanishdan orqada qolish, psevdobulbar falajlik, kranial nevropatiyalar va dislaliya aniqlanadi. Ular doimiy parvarishga muhtojdir


Manba:  ©Z. Ibodullayev. Asab kasalliklari. 2-nashr. Darslik, Toshkent, 2021., 960 b.
              © Ibodullayev ensiklopediyasi 
              ©asab.cc




Ctrl
Enter
Хато топдизнигзми?
Матнни танланг ва Ctrl+Enter тугмачаларини босинг
MUHOKAMALAR
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Hech qanday izoh yo‘q. Siz birinchi bo‘lishingiz mumkin!
Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив