SEDATIV DORILAR


Sedativ dorilar – asosan giyohli o‘simliklardan tayyorlangan engil tinchlantiruvchi xususiyatga ega dorilar. Trankvilizatorlarga qaraganda sedativ (lot. sedatio – tinchlantirmoq) dorilarning fobiya va xavotirga ta’siri ancha past. Bu guruhga mansub dorilar MNS qo‘zg‘aluvchanligi bilan bog‘liq nevrotik buzilishlarni bartaraf etadi, yurak-qon tomir faoliyatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi, spazmolitik xususiyatga ham ega. Ular trankvilizatorlarga o‘xshab kuchli uyquchanlik chaqirmaydi, muvozanat va koordinatsiyaga salbiy ta’sir qilmaydi, muskullar tonusini pasaytirmaydi, o‘rganib qolish ta’siriga ega emas.    Lekin kundalik dozasi oshib ketsa, uyquchanlik kuzatiladi va bemorni birmuncha bo‘shashtiradi. Sedativ dorilarning organizmga nojo‘ya ta’siri kamligi tufayli ularni ish faoliyatidan ajralmagan holda qabul qilish mumkin, mashina haydashga ham cheklovlar qo‘yilmaydi. Sedativ dorilar analgetik va boshqa psixotrop dorilar ta’sirini kuchaytiradi. Sedativ dorilarni 1-2 oydan ortiq qabul qilish tavsiya etilmaydi.
Sedativ dorilar 2 guruhga ajratiladi: 1) bromidlar; 2) giyohli o‘simliklardan tayyorlangan dorivor vositalar.
      Bromidlar – brom asosida kimyoviy usul bilan tayyorlangan dorilar.
  1. Natriy bromid. Nevrasteniya, kardionevroz, nevrotik tiklar va arterial gipertoniyaning dastlabki bosqichlarida keng qo‘llaniladi. Natriy bromidni bir yoshdan boshlab berish mumkin. Bolalarga 1 choy qoshiqdan, kattalarga 1 osh qoshiqdan kuniga 3 mahal yoki 2 tabletkadan 3 mahal tavsiya etiladi. Ishlab chiqarilishi: 0,5 g li tabletka, kukun va 3 % li 100 ml flakon. Dorini uzoq muddat qabul qilsa, “bromizm” rivojlanadi. Uning belgilari: burun bitishi, konyunktivit, yo‘tal, teriga toshma toshishi va umumiy holsizlik. Bunday paytlarda 0,9 % li 1000 ml natriy xlorid  venadan tomchilatib yuboriladi, kam-kamdan ko‘p miqdorda suv ichiladi. 
  2. Kaliy bromid. Ko‘rsatmalari, ta’sir qilishi va tavsiya etiladigan dozasi xuddi natriy bromid kabi. Ishlab chiqarilishi 0,5 g li kukun va tabletkalar.
  3. Bromkamfora. Ko‘rsatmalari, ta’sir qilishi va tavsiya etiladigan dozasi xuddi boshqa bromidlar kabi. Ishlab chiqarilishi: 0,25 g li tabletkalar. 
    Giyohli o‘simliklardan tayyorlangan sedativ dorilar
  1. Valerian dorilari. Turli ko‘rinishlarda ishlab chiqariladi. 1) Valerian nastoykasi. Kattalarga 20-30 tomchidan ¼ stakan suvga qo‘shib kuniga 3 mahal ichishga buyuriladi. Ovqatdan yarim soat oldin ichiladi. Bu dori 12 yoshgacha bo‘lgan bolalarga hamda homiladorlik va laktatsiya davrida tavsiya etilmaydi. Ishlab chiqarilishi: 30 ml li flakonlar. 2) Valerian ekstrakti. Bu dori 2 tabletka (40 mg) kuniga 3-4 mahal ichishga buyuriladi. Ovqatdan yarim soat oldin ichiladi. Vaziyatga qarab dorining dozasi oshirilishi mumkin. Ishlab chiqarilishi: 20 mg li tabletka. Homiladorlik va laktatsiya davrida berilmaydi. Shuningdek, 12 yoshgacha bo‘lgan davrda ham mumkin emas. 
  2. Korvalol (valokordin). Sedativ va spazmolitik ta’siridan tashqari, yurak urib ketishini pasaytirish va qon bosimni biroz tushirish  xususiyatiga ham ega. Kuchli asabiylashish, qo‘rquv, vahima sababli yuzaga kelgan yurak faoliyati buzilishlarida (masalan, taxikardiya, koronarospazm) “tez yordam” maqsadida keng qo‘llaniladi va tez tinchlantiradi. Biroq uxlatuvchi ta’siri deyarli yo‘q. Nevrotik qo‘zg‘alishlar sababli ko‘tarilgan AQB ni tushiradi. Ovqatdan oldin 15-30 tomchidan kuniga 2-3 mahal tavsiya etiladi. Taxikardiya va yurak arteriyalari spazmida 40 tomchi beriladi. Bromidlarga qaraganda karvolol ta’sirini bemorlar tezroq sezadi va nojo‘ya ta’sirlari deyarli yo‘q. Ishlab chiqarilishi: 15 ml li flakonlar.
     Kompleks tarkibga ega sedativ dorilar
  1. Sedavit – tarkibida quyuq sedavit ekstrakti, piridoksin gidroxlorid va nikotinamid saqlovchi sedativ dori. Nevrasteniya, doimiy psixoemotsional zo‘riqish bilan ishlaydigan holatlar (menejer sindromi), reaktiv nevroz va psixozlar (engil turlari), surunkali charchash sindromi, diqqat tarqoqligi, kardionevroz, arterial gipertenziyaning engil bosqichi, uyqusizlik, nevrogen qichimalar, zo‘riqish, bosh og‘rig‘i, migren (yordamchi dori sifatida), klimakterik sindrom, nevroz sababli hayz buzilishlarida tavsiya etiladi. Sedavit 2 tabletkadan kuniga 3 mahal ovqatdan oldin ichishga buyuriladi. Shuningdek, hayajonli uchrashuvlar yoki kutilayotgan stressli voqealardan 30-60 daqiqa oldin 2 tabletka qabul qilish ham mumkin. Nojo‘ya ta’sirlari: ko‘ngil aynishi, taxikardiya, AQB pasayishi, qorinda og‘riq, jig‘ildon qaynashini kuchaytiradi. Monelik qiluvchi holatlar: depressiya, yurak ishemik kasalligi, bronxial astma, spazmofiliya, kuchli arterial gipotenziya, bradikardiya, miasteniya, oshqozon va 12-barmoqli ichak yarasi, giperurikemiya, podagra, siydik-tosh kasalligi, 12 yoshgacha bo‘lgan davr, homiladorlik va laktatsiya davri. Tabletka shaklida ishlab chiqariladi.
  2. Vamelan tarkibida valerian moddasi, myata perechnoy (tarjima kerak) va melissa saqlovchi sedativ xususiyatga ega dori. Valerian ekstrakti kabi, biroq undan kuchliroq ta’sirga ega. Kuniga 1 kapsuladan 3 mahal tavsiya etiladi. Engil uyqu buzilishlarida uyqudan oldin 1 kapsula ichiladi. Nojo‘ya ta’sirlari: ko‘ngil aynishi, apatiya, qorinda og‘riqlar, qabziyat, jismoniy faoliyatning susayishi. Monelik qiluvchi holatlar: depressiya, homiladorlik va laktatsiya davri, 18 yoshgacha bo‘lgan davr. Kapsula shaklida ishlab chiqariladi.
  3. Novopassit – valerian ildizchalari, boyarishnik, melissa, zveroboy, passiflora o‘ti kabi bir nechta tinchlantiruvchi xususiyatga ega o‘simliklardan tayyorlangan sedativ dori. Ta’sir doirasi va ko‘rsatmalari sedavitga o‘xshash. Qabul qilish tartibi: Kattalar va 12 yoshdan oshganlarga 5 ml yoki 1 tabletka kuniga 3 mahal ichishga buyuriladi. Ovqatdan oldin qabul qilinadi, agar ko‘ngil aynishi paydo bo‘lsa, ovqat paytida ichiladi. Zaruratga qarab 10 ml yoki 2 tabletka kuniga 3 mahal qabul qilish mumkin. Monelik qiluvchi holatlar: miasteniya, 12 yoshgacha bo‘lgan davr, surunkali alkogolizm, epilepsiya, og‘ir kraniotserebral jarohatlar, homiladorlik va laktatsiya davri. Ishlab chiqarilishi: tabletka va 100 hamda 200 ml flakonlar. 



Manba©Z. Ibodullayev. Tibbiyot psixologiyasi. Darslik., 3-nashr., T.; 2019., 494b.  
           © Ibodullayev ensiklopediyasi., 2022 y; 
              ©asab.cc

Ctrl
Enter
Хато топдизнигзми?
Матнни танланг ва Ctrl+Enter тугмачаларини босинг
MUHOKAMALAR
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Hech qanday izoh yo‘q. Siz birinchi bo‘lishingiz mumkin!
Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив