SIMULTAN AGNOZIYa
Simultan agnoziyada bemor narsalarni butunligicha emas, balki ularning bo‘lagini, bir qismini ko‘radi, xolos. Simultan agnoziya Balint sindromi deb ham ataladi.
Agar bemorga aylana ichiga chizilgan kvadrat ko‘rsatilsa, bemor yo kvadratni yoki aylanani ko‘radi, ularning ikkalasini birgalikda ko‘rmaydi. Bemor uchun bitta so‘zni o‘qib, ikkinchisiga o‘tish ham qiyin. Shuning uchun Balint (1909) ko‘ruv agnoziyasining bu turini «nigohning ruhiy falaji» deb atagan. Ba’zi mualliflar bu holatni «okulomotor ataksiya» deb ham atashadi. Simultan agnoziyani aniqlash uchun bemordan geometrik figuralar bilan ishlashni, matnni ko‘chirish yoki yozishni talab qilib ko‘rish kifoya (1-rasm, a, b, v).
1-rasm (a, b, v). Simultan agnoziyada geometrik figuralar bilan ishlash va xusnixatning buzilishi (A.R. Luriya, 1973): a, b – bemordan geometrik figuralar ustidan xuddi shunday qilib chizib chiqish so‘ralganda u buning uddasidan chiqmagan; v – harflarni bir chiziqdan to‘g‘ri yoza olmagan.
Nima uchun bemor ikkita tasvirdan birini ko‘radi yoki bitta tasvirning bir qismini ko‘radi, xolos? Bemorda ko‘z olmasining to‘la harakati saqlansa-da, u narsalarni bus-butunligicha qabul qila olmaydi. Mutaxassislar fikricha, buning sababi nigoh boshqarilishi buzilishi bilan bog‘liq. Bemorning nigohi boshqarilmaydigan bo‘lib qoladi, uning ko‘z olmasi beixtiyor harakatlar qilaveradi va oqibatda ko‘z orqali obektni izlash, uning konturlarini yaratish buziladi.
Simultan agnoziya kelib chiqishining sababi bosh miya po‘stlog‘ida joylashgan ko‘ruv hujayralari faoliyatining pasayishidir, deydi tadqiqotchilar. Bu hujayralar faqat lokal qo‘zg‘alishlargagina qobiliyatli, deb taxmin qilinadi. Simultan agnoziya ensa-tepa bo‘lagining ikki tomonlama zararlanishida uchraydi. Ko‘ruv agnoziyalarini tekshirish usullari “Neyropsixologik albom” yordamida amalga oshiriladi.
Manba: ©Z. Ibodullayev. Tibbiyot psixologiyasi. Darslik., 3-nashr., T.; 2019., 494b.
©Z. Ibodullayev. Umumiy nevrologiya. Darslik. T.; 2021., 312b.
© Ibodullayev ensiklopediyasi., 2022 y;
©asab.cc
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Qiziq maqolalar
"Ibodullayev ensiklopediyasi" bo‘limi bo‘yicha