Yangiliklar Ibodullayev ensiklopediyasi Striar sistema zararlanishi

Striar sistema zararlanishi


Giperkinezlar – xohish-irodaga bog‘liq bo‘lmagan holda keragidan ortiqcha namoyon bo‘ladigan ixtiyorsiz harakatlar. Ular avtomatik tarzda yuzaga keladi, hayajon va ixtiyoriy harakatlar paytida kuchayadi, tinch holatda kamayadi, uxlaganda yo‘qoladi. Giperkinez turlari ko‘p.
Xoreya – tartibsiz, yuqori chastotali, turli amplitudali va to‘satdan ro‘y beradigan ixtiyorsiz harakatlar. Ular har doim betartibdir. Xoreik giperkinezlar yuz, qo‘l va oyoqlarda ko‘p, tanada esa kam uchraydi. Ular tinchlanganda kamayadi, uxlaganda yo‘qoladi. Xoreik giperkinezlar, ko‘pincha blefarospazm, burunni tortish, lab burchagini qimirlatib yuborish, mimik mushaklar spazmi, boshni silkitib yuborish bilan namoyon bo‘ladi.
Atetoz – barmoqlarda kuzatiladigan chuvalchang harakatini eslatuvchi giperkinezlar. Atetoz sekin namoyon bo‘ladi va asosan, qo‘l barmoqlarida uchraydi. Atetoz hech qachon xoreya kabi yuqori chastotali emas. Xoreyadan farqli o‘laroq, atetoz qo‘l va oyoqlarning distal qismlari bilan chegaralangan. Ba’zida atetoz va xoreya birgalikda namoyon bo‘ladi. U holda xoreoatetoz haqida so‘z boradi. Boshqa giperkinezlar kabi atetoz tinchlanganda kamayadi, uxlaganda to‘xtaydi, hayajonlanganda kuchayadi.
Miokloniya – muskullarning tez-tez qisqarishi bilan namoyon bo‘luvchi giperkinezlar. Miokloniyalar, odatda, ritmik bo‘ladi va ko‘p hollarda ma’lum bir muskullar bilan chegaralanadi.
Tik – ma’lum bir muskulda qisqa muddat davom etib o‘tib ketuvchi giperkinez. Tiklar mimik muskullarda ko‘p kuzatiladi. Qosh uchishi, ko‘zni qisib qo‘yish kabi tiklar nevrozlarda ko‘p uchraydi. Bolalarda tik sababi, ko‘pincha, LOR infektsiyalar hisoblanadi.
Tremor – turli amplitudali ritmik xususiyatga ega stereotip giperkinezlar. Asosan barmoqlar va boshda kuzatiladi. Tremor ko‘pincha simmetrik tarzda namoyon bo‘ladi. Barmoqlarni yozib ikkala qo‘lni oldinga cho‘zganda kuzatiladigan titrashga postural tremor, maqsadga yo‘naltirilgan harakatlarni bajarayotganda kuzatiladigan titrashga kinetik tremor deyiladi. Agar tremor aniq bir harakatlarni bajarayotganda (kalitni eshik teshigiga tiqayotganda, imzo chekayotganda, nina teshigidan ip o‘tkazayotganda) kuchaysa, bunga terminal tremor deb aytiladi. Terminal tremorning ikkinchi nomi - intentsion tremor. Titrashlar sog‘lom odamlarda ham uchrab turadi va bunga fiziologik tremor deyiladi. Titrashlar nevrozda o‘tib ketuvchi hususiyatga ega bo‘lsa, essentsial tremorda doimiydir.
Gemitremor – tananing bir tomonida kuzatiladigan yirik amplitudali stereotip hususiyatga ega ritmik giperkinezlar.
Gemiballizm – tananing bir tomonida, asosan qo‘lning proksimal qismida kuzatiluvchi yirik amplitudali betartib giperkinezlar. Gemiballistik giperkinezlar paytida gavda bir tomonga burilib ketadi. Atetozdan farqi shundaki, qo‘l-oyoqlarning distal qismida kuzatilmaydi, gemitremordan farqi esa stereotip xususiyatga ega emas va ritmik tarzda namoyon bo‘lmaydi.
Torsion distoniya yoki distonik giperkinezlar – bo‘yin, bosh, qo‘l va oyoqlar shaklini o‘zgartirib yuborish bilan namoyon bo‘luvchi noritmik giperkinezlar. Distonik giperkinezlar paytida ba’zi muskullarda rigidlik, boshqa birlarida gipotonus aniqlanadi. Tservikal distoniya – torsion distoniyaning bir turidir.
Spazmlar – muskullar qisqarishi bilan namoyon bo‘luvchi holatlar. Asosiy turlari quyidagilar: blefarospazm – orbital muskullarning qisqa muddatli tez-tez qisqarishi; yuz gemispazmi – mimik muskullarning bir tomonlama tez-tez qisqarishi; yuz paraspazmi – ikkala tomondagi mimik muskullar qisqarishi; grafospazm – yozayotgan paytda barmoqlarda kuzatiladigan spazm; hiqichoq – diafragma muskullari qisqarishi; kasbiy spazmlar – turli xil kasblar tufayli ba’zi muskullarda ro‘y beradigan vaqtinchalik spazmlar (o‘ymakor, skripkachi, pianinochi, tor chaluvchi va h.k.). Spazmlar aksariyat holatlarda funktsional xususiyatga ega.


Manba: © Z. Ibodullaev. Umumiy nevrologiya. Darslik. Toshkent, 2021.,312b
               © Ibodullaev entsiklopediyasi 
               © asab.cc


Ctrl
Enter
Хато топдизнигзми?
Матнни танланг ва Ctrl+Enter тугмачаларини босинг
MUHOKAMALAR
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Hech qanday izoh yo‘q. Siz birinchi bo‘lishingiz mumkin!
Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив