SUBTENTORIAL O‘SMALAR
Miyacha chodiridan (tentorium cerebelli) pastda joylashgan o‘smalarga subtentorial o‘smalar deb aytiladi. Bu o‘smalar bolalarda ko‘p uchraydi va bosh miya o‘smalarining deyarli 70% ini tashkil qiladi. Kattalarda esa bu ko‘rsatkich 30% ga teng.
Subtentorial o‘smalar:
- miyacha o‘smalari;
- shu soha meningiomalari;
- IV qorincha o‘smalari;
- Varoliy ko‘prigi o‘smalari;
- uzunchoq miya o‘smalari;
- VIII nerv nevrinomasi;
- boshqa o‘smalar.
Subtentorial meningiomalar klinikasi miyacha parenximasidan o‘suvchi o‘smalar klinikasidan farq qiladi. Miyacha parenximasidan o‘suvchi o‘smada dastlab miyacha simptomlari vujudga keladi, gipertenzion sindrom esa keyinroq rivojlanadi. Subtentorial meningiomalarda dastlab ensa-bo‘yin sohasida lokal og‘riqlar va IKG belgilari paydo bo‘ladi, keyinchalik esa miyacha ataksiyasi rivojlanadi.
Miyacha o‘smalari va subtentorial meningiomalar kattalashgan sayin miya ustuni bosilib boradi va o‘rnidan siljiydi, likvor yo‘llari bekilib, okklyuzion gidrosefaliya rivojlanadi. Agarda miyacha katta ensa teshigi tomon siljisa, uzunchoq miyaning pastki qismi bosilib qoladi, og‘ir bulbar sindrom rivojlanadi va bemorning nafas olishi keskin buziladi.
IV qorincha o‘smalari. Bu soha o‘smalari eng xavfli o‘smalar sirasiga kiradi. Chunki IV qorincha tubida hayotiy muhim markazlar joylashgan. Bu soha o‘smalarida Lyushko va Majandi teshiklari bekilishi hisobiga gipertenzion-gidrotsefal sindrom (okklyuzion gidrotsefaliya) tez rivojlanadi.
Miya ustunidagi qusish markazlari qo‘zg‘alishi sababli ketma-ket qusishlar kuzatiladi. Bemor boshini qaysi tomonga harakat qildirsa ham qusish ro‘y beraveradi. Qusish IV qorincha o‘smalari uchun xos bo‘lgan Bruns sindromining asosiy belgilaridan biridir. IV qorincha o‘smalarida Bruns sindromi boshning vaziyati o‘zgarganda (ko‘pincha, boshni oldinga engashtirsa) likvor yo‘llarining IV qorinchadan chiqish qismi yopilib qolishi sababli to‘satdan paydo bo‘ladi. Bruns sindromining asosiy belgilari – to‘satdan paydo bo‘luvchi kuchli bosh og‘rig‘i, bosh aylanishi, qusish, taxiaritmiya yoki bradiaritmiya, bradipnoe, yuzda tsianoz, terga botish va qisqa vaqt hushdan ketish. Bemor boshini yana avvalgi holatga qaytarsa, ya’ni orqaga buksa, likvor yo‘llari yana ochilib bemorning ahvoli yaxshilanadi. Bu sinamani tekshirayotganda bemor to‘satdan o‘lib qolishi ham mumkin. Bunday bemorni bir joydan ikkinchi joyga ko‘chirayotganda uning boshi tagiga baland bo‘lmagan bitta yostiq qo‘yib, gorizontal holatda olib o‘tish kerak. Barcha tekshiruvlar zudlik bilan o‘tkazilishi va tibbiy (neyroxirurgik) yordam zudlik bilan ko‘rsatilishi lozim.
Varoliy ko‘prigi va uzunchoq miya o‘smalari. Miya ustuni o‘smalari uchun juda xos bo‘lgan simptomlar – bular alternirlashgan sindromlar, ya’ni o‘choq tomonda kranial nervlarning periferik falajligi, qarama-qarshi tomonda markaziy tipdagi gemiparez va gemigipesteziyalar. Varoliy ko‘prigi o‘smasida Miyyar-Gubler sindromi, uzunchoq miya o‘smasida Jekson sindromi kabi alternirlashgan sindromlar rivojlanadi.
Miya ustuni o‘smasiida kuzatiladigan alternirlashgan sindromlar insultdagi kabi to‘satdan rivojlanmaydi va yaqqol namoyon bo‘lmaydi. O‘sma kranial nervlar yadrolari joylashgan joyda o‘sa boshlasa, dastlab ularning periferik falajligi vujudga keladi, keyin qarama-qarshi tomonda markaziy gemiparez va gemigipesteziyalar rivojlanadi. Ammo bu simptomlarning qay tarzda namoyon bo‘lishi o‘smaning qaysi tarafga qarab o‘sishiga ko‘p jihatdan bog‘liq.
Miya ustuni o‘smasi hayot uchun o‘ta xavfli bo‘lib, ularni operativ yo‘l yoki boshqa usullar bilan davolash har doim ham kutilgan natijani beravermaydi.
Miyacha-ko‘prik burchagi o‘smasi. Bu soha (ko‘prikning yon tsisternasi) o‘smalari deyarli 90% holatlarda VIII nerv nevrinomasidir.
VIII nerv nevrinomasi barcha intrakranial joylashgan o‘smalarning 6-8% ini tashkil qiladi. VIII nerv nevrinomasining dastlabki belgilari – bular bir quloqda shovqin paydo bo‘lishi va eshitishning pasaya borishi. Quloqda shovqin gipoakuziyadan oldinroq boshlanadi. Eshitishning bir quloqda pasayishini bemor har doim ham sezavermaydi, chunki eshitish ikkinchi quloq orqali ta’minlab turiladi. Kasallikning dastlabki paytida bir quloqda eshitish pasayishini faqat audiometriya yordamida aniqlash mumkin. Bu bosqich, odatda, 2-4 yil davom etadi, chunki VIII nerv nevrinomasi sekin o‘sadi.
Ichki eshituv yo‘lining kengayishi VIII nerv nevrinomasi uchun xos bo‘lgan rentgenologik belgidir. Bu patologik holat chakka suyagi piramidasi Stenvers bo‘yicha rentgen qilinganda aniqlanadi. Ammo VIII nerv nevrinomasida har doim ham ichki eshituv yo‘li kengayavermaydi. VIII nervning vestibulyar qismi zararlanishi vestibulyar nistagm, bosh aylanishi va vestibulyar ataksiya bilan namoyon bo‘ladi.
Ma’lumki, ichki eshituv yo‘lidan VIII nerv bilan birgalikda VII nerv ham o‘tadi. Shu bois VIII nerv nevrinomasida VII nerv ko‘p zararlanadi. O‘sma kattalashgan sayin VII nervni bosa boshlaydi va bir tomonda mimik muskullarning periferik falajligi rivojlanadi. Qulog‘ida shovqin bo‘layotgan bemor vrachga ko‘rinmasdan yurishi mumkin. Biroq yuzning qiyshaya boshlashi uni xavotirga soladi va tezda vrachga murojaat qilishga majbur etadi. Mabodo o‘tkir virusli infektsiyalar qo‘shilsa, o‘sma atrofidagi perifokal shish kuchayib, yuz nervi nevropatiyasi o‘tkir rivojlanadi. Bu esa diagnostik xatolarga olib kelishi mumkin. Yana shuni esda tutish lozimki, perifokal shish sababli yuzaga kelgan yuz nervi nevropatiyasi mimik muskullarning engil falajligi bilan namoyon bo‘lishi va davolash muolajalaridan so‘ng tezda tiklanishi mumkin. Demak, yuz nervi nevropatiyasida chuqur tekshiruvlar (masalan, MRT) o‘tkazish talab etiladi.
O‘sma kattalashgan sayin u ichki eshituv yo‘lidan chiqib, ko‘prikning yon tsisternasini (miyacha-ko‘prik burchagini) egallay boshlaydi va bu erda joylashgan kranial nervlarni bosadi. VIII, VII va V nervlarning periferik falajligi va miyacha simptomlari paydo bo‘lishi miyacha-ko‘prik burchagi sindromi deb ataladi. Bu bo‘shliqda o‘sma juda katta hajmga etadi. VIII nerv zararlanishi – eshitish pasayishi, VII nerv zararlanishi – mimik muskullarning periferik falajligi, V nerv zararlanishi – yuzning gomolateral qismida gipesteziyalar paydo bo‘lishiga olib keladi. O‘sma sekin o‘sganligi tufayli uch shoxli nervga qo‘zg‘atuvchi ta’sir ko‘rsatmaydi va shu bois, trigeminal og‘riqlar har doim kuzatilavermaydi. Biroq korneal reflekslar bir tomonda yaqqol pasaygan bo‘ladi. Yuzda trigeminal og‘riqlarsiz korneal reflekslarning yo‘qolishi V nerv tarmoqlari zararlanishi bilan bog‘liq. Bunday holat VIII nervning katta nevrinomasida kuzatiladi. O‘sma kattalashgan sayin dislokatsion sindrom shakllanib, IKG rivojlana boradi.
Tashxis va qiyosiy tashxis. Bosh miya o‘smasiga gumon qilingan taqdirda yoki qiyosiy tashxis o‘tkazish zarurati paydo bo‘lsa, tashxis qo‘yish algoritmiga amal qilish zarur.
Tashxis qo‘yish algoritmi:
- Zo‘rayib boruvchi va surunkali kechuvchi subektiv simptomlar (bosh og‘rig‘i, bosh aylanishi, qusish, ko‘rish pasayishi, yurganda chayqalib ketish, ruhiy buzilishlar).
- Zo‘rayib boruvchi o‘choqli nevrologik va neyropsixologik simptomlar (markaziy falajliklar, sezgi buzilishlari, epileptik xurujlar, parkinsonizm, giperkinez, ataksiya, afaziya, apraksiya va agnoziyalar).
- Zo‘rayib boruvchi intrakranial gipertenziya yoki okklyuzion gidrotsefaliya belgilari, dislokatsion sindrom paydo bo‘lishi.
- Neyroendokrin buzilishlar (ayniqsa, turk egari sohasi o‘smasida).
- Oftalmologik simptomlar (ko‘ruv nervi atrofiyasi va disk dimlanishi, ambliopiya yoki amavroz, Foster-Kennedi sindromi).
- Lyumbal punktsiyada likvorning katta bosim bilan chiqishi, oqsil-hujayra dissotsiatsiyasi.
- Kraniogrammada kalla suyagi shakli o‘zgarishi (ayniqsa, bolalarda), turk egari destruktsiyasi (ayniqsa, gipofiz o‘smalarida) va intrakranial gipertenziyaga xos boshqa rengenologik o‘zgarishlar.
- KT, MRT, PET, MRA kabi tekshiruvlar.
Tashxis qo‘yishda neyrovizualizatsiya usullari imkoniyati, albatta juda yuqori. Biroq shunday neyrodegenerativ kasalliklar borki, ular MRT tekshiruvlarida ham o‘smalarni eslatadi.
Davolash usullari. Bosh miya o‘smalarida bemorlarni davolashning bir qancha usullari mavjud.
Xirurgik usul – operatsiya yo‘li bilan o‘smani olib tashlash. Keng tarqalgan ushbu usul, ayniqsa, xavfsiz o‘smalarni olib tashlashda o‘ta samaralidir.
Nur bilan davolash – nur bilan ta’sir o‘tkazib, o‘smaning o‘sishini to‘xtatish usuli. Operatsiya yo‘li bilan davolashga monelik qiluvchi holatlarda nur bilan davolash tanlanadi. Aksariyat xavfli o‘smalarda operatsiya va nur bilan davolash usullari birgalikda qo‘llaniladi. Avval operatsiya yo‘li bilan o‘sma olib tashlanadi va keyin nur bilan davolash o‘tkaziladi. Qo‘shimcha ravishda nur bilan davolashni qo‘llash o‘sma qaytalanishi va boshqa a’zolarga metastaz berishining oldini oladi.
Kimyoterapiya usuli – kimyoviy vositalarni qo‘llab davolash usuli. Bu usul boshqa usullari bilan birgalikda ham olib boriladi.
Shuningdek, gamma-pichoq va kiberpichoq usullari mavjud.
Simptomatik davolash, asosan, o‘sma atrofidagi perifokal shish va gipertenzion-gidrotsefal sindromni kamaytirish uchun qo‘llaniladi. Bu maqsadda kortikosteroidlar keng qo‘llaniladi. Masalan, deksametazon 8-12 mg dan kuniga 3 mahal qilinadi. Deksametazon qisqa muddat (7-10 kun) qo‘llaniladi. Agar kimyoterapiya o‘tkazish zarurati tug‘ilib qolsa, deksametazon berish to‘xtatiladi. Shuningdek, giperosmolyar dorilar, ya’ni 1 kg tana vazniga 1-1,5 g mannitol, kuniga 4080 mg laziks ham beriladi. Bosh og‘riqlarni kamaytirish uchun analgetiklar, ba’zida narkotik analgetiklar, epileptik xurujlar oldini olish yoki ularni bartaraf etish uchun antikonvulsantlar (karbamazepin) tavsiya etiladi.
Manba: © Z. Ibodullayev. Asab kasalliklari. 2-nashr. Darslik, Toshkent, 2021., 960 b.
© Ibodullayev ensiklopediyasi
© asab.cc
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Qiziq maqolalar
"Ibodullayev ensiklopediyasi" bo‘limi bo‘yicha