EPILEPTIK STATUS
Epileptik status – epileptik xurujlarning 30 daqiqa mobaynida ketma-ket kuzatilishi bilan kechuvchi o‘tkir holat.
Epileptik status rivojlanishiga sabab bo‘luvchi asosiy omillar
- Antiepileptik dorilarni qabul qilishni to‘satdan to‘xtatish.
- Bir doridan ikkinchi doriga o‘tishda yo‘l qo‘yilgan xatoliklar.
- Epileptik xurujlarni kuchaytiruvchi dorilarni qabul qilish.
- Bosh miya jarohatlari, subaraxnoidal gemorragiya, intrakranial o‘sma va abstsesslar.
- O‘tkir infektsiyalar va infektsion kasalliklar (O‘RVI, zotiljam, meningit, entsefalit).
- O‘tkir intoksikatsiya (shu jumladan, o‘tkir spirtli ichimlikdan)
- O‘tkir metabolik buzilishlar (giperglikemiya, gipoglikemiya, giponatriemiya, gipokaltsiemiya).
- Miyaning o‘tkir gipoksiyasi.
Epileptik xurujlar tipiga qarab epileptik statusning quyidagi 2 turi farqlanadi:
- Tutqanoqli epileptik status – tarqalgan tonik-klonik xurujlar statusi.
- Tutqanoqsiz epileptik status – absanslar va murakkab fokal xurujlar statusi.
Tutqanoqli epileptik status
Tutqanoqli epileptik status – tarqalgan tonik-klonik xurujlar bilan namoyon bo‘luvchi epileptik status. O‘ta og‘ir kechadi va ba’zida o‘lim bilan tugaydi. Xuruj bir boshlanganda 30 daqiqa mobaynida to‘xtovsiz davom etadi yoki ushbu vaqt ichida to‘xtab-to‘xtab namoyon bo‘ladi. Xurujlararo davrda bemor hushiga kelmaydi.
Epileptik status paytida bosh miya va organizmda og‘ir patofiziologik jarayonlar ro‘y beradi. Epileptik xurujlar davom etayotganda intrakranial bosim oshadi, miya shishi va bo‘kishi, o‘tkir tserebral gipoksiya va gemodinamik buzilishlar rivojlanadi. Katta miqdorda ajralib chiqqan qo‘zg‘ovchi aminokislotalar neyronlarga falokatli ta’sir ko‘rsatadi, ya’ni ularning halok bo‘lishiga sababchi bo‘ladi. Ayniqsa, gipoksiyaga juda sezgir bo‘lgan po‘stloq neyronlari ko‘p miqdorda halok bo‘ladi. Status paytida rivojlangan o‘tkir tserebral ishemiya, gipoksiya va metabolik buzilishlar ham neyronlarga falokatli ta’sir ko‘rsatadi.
Shuningdek, boshqa a’zo va sistemalarning normal faoliyati izdan chiqadi. Ayniqsa, o‘pka shishi, apnoe, arterial gipertenziya, yurak urishining to‘xtab qolishi, tana harorati oshishi va turli neyroendokrin buzilishlar vujudga keladi. Albatta, bu buzilishlar bosh miyada kechayotgan holatlar bilan uzviy bog‘liq. Ushbu og‘ir holatlar epileptik koma rivojlanishi yoki bemorning to‘satdan o‘lib qolishi bilan tugallanadi. Epileptik status paytida ko‘p kuzatiladigan tana jarohatlari ham bemorning ahvolini og‘irlashtiradi. Ayniqsa, kalla suyagi jarohatlari bemor uchun o‘ta xavfli vaziyatni yuzaga keltiradi. Kraniotserebral jarohatlar oqibatida paydo bo‘lgan intrakranial gematomalar ham epileptik status uzoq davom etishining asosiy sabablaridan biridir.
Epileptik status paytida mavjud kasalliklar (qandli diabet, arterial gipertoniya, yurak kasalliklari) ham qo‘zg‘aladi va bemor ahvolining yanada og‘irlashuviga sabab bo‘ladi. Epileptik status cho‘zilgan sayin bemorning hayoti xavf ostida qoladi. Bir soatgacha davom etgan epileptik status miyada qaytmas jarayonlarni yuzaga keltiradi, koma rivojlanadi va status o‘lim bilan yakunlanadi. Shu bois epileptik status zudlik bilan yordam ko‘rsatishni talab qiladigan holat hisoblanadi.
Tutqanoqsiz epileptik status
Tutqanoqsiz epileptik status – absanslar va murakkab fokal xurujlar statusi bilan kechadigan epileptik status. Biroz engil kechadi. Tutqanoqsiz epileptik xurujlar statusi ham o‘z navbatida 2 turga ajratiladi: 1) absanslar statusi; 2) murakkab fokal xurujlar statusi. Ma’lumki, absanslar uzog‘i bilan 30 soniya davom etadi. Absanslar paytida bemor bir necha soniyaga hushini yo‘qotsa-da, u o‘ziga kelgach, yana ishini davom ettirib ketadi. Agar absanslar 20–30 daqiqa mobaynida ketma-ket kuzatilaversa, bemor karaxt holatga tushib qoladi, ya’ni absanslar statusi ro‘y beradi. Absanslar statusi paytida, ko‘pincha sopor va somnolentsiya, kam hollarda koma rivojlanadi.
Absanslar turiga (tipik va atipik) qarab absanslar statusi turli psixik va vegetativ avtomatizmlar bilan namoyon bo‘ladi. Bu paytda mutizm, psixik inaktivatsiya, vegetativ avtomatizmlar va uzoq davom etuvchi miokloniyalar vujudga keladi. Absanslar statusi paytida EEG da tarqalgan pik-to‘lqinli komplekslar aniqlanadi.
Murakkab fokal xurujlar statusi, ko‘pincha prefrontal va chakka epilepsiyalarida kuzatiladi. Ma’lumki, murakkab fokal xurujlar oddiy fokal xurujlardan farqli o‘laroq, hushning yo‘qolishi bilan namoyon bo‘ladi. Aytish joizki, psixik va vegetativ buzilishlar bilan kechuvchi murakkab fokal xurujlar statusini absanslar statusidan ajratish o‘ta mushkul. Ularni farqlash uchun, ko‘pincha, EEG tekshiruvini o‘tkazishga to‘g‘ri keladi. Psixik fenomenlar (gallyutsinatsiya, autizm, mutizm, illyuziya, katatoniya) bilan namoyon bo‘luvchi murakkab fokal xurujlar shizofreniyada kuzatiladigan o‘tkir psixik buzilishlarni eslatadi. Vegetativ buzilishlar statusi esa vegetativ paroksizmlar bilan kechuvchi boshqa kasalliklarni yodga soladi. Bu buzilishlarni EEG tekshiruvi yordamida ajratib olish mumkin. Boshqa etiologiyali vegetativ paroksizmlarda EEG da epileptik faollik (spayk, polispayk) aniqlanmaydi.
Epileptik statusda tez yordam. Yuqorida ta’kidlab o‘tganimizdek, tonik-klonik xurujlar bilan kechuvchi epileptik status zudlik bilan tez tibbiy yordam ko‘rsatishni talab qiladi.
Bunda tez tibbiy yordam ko‘rsatish bosqichlari quyidagilardan iborat.
- Dastavval bemorni xavfsiz joyga olish, yoqalarini ochish va unga toza havo kelishini ta’minlash zarur. Atrofda tan jarohati etkazishi mumkin bo‘lgan qattiq narsalarni chekkaga olish o‘ta muhim. Silkinib yotgan qo‘l va oyoqlarni ushlash mumkin emas. Bu paytda bemorning qo‘li yoki oyog‘i vrachga qattiq tegib ketib, ularning ikkalasi ham tan jarohati olishi mumkin.
- Bemorning boshi qay tomonga qayrilib xurujlar kuzatilayotgan bo‘lsa, vrach uni ikkala kafti orasiga olib, shu holatda ohista ushlashi zarur. Agar vrach ushbu amalni to‘g‘ri bajarsa, bosh orqaga qayrilib, til halqumga tiqilib qolishi, so‘lakning nafas yo‘llariga ketib qolishi va boshning erga urilaverib jarohat olishini bartaraf etgan bo‘ladi. Biroq bu amallarni bajarayotganda kuch ishlatish qat’iyan man etiladi.
- Bemor tez yordam mashinasida yaqin orada joylashgan shifoxonaga etkazilishi va reanimatsiya bo‘limiga yotqizilishi kerak. Agar tez yordam mashinasi zarur tibbiy anjomlar bilan jihozlangan bo‘lsa, barcha zarur reanimatsiya muolajalari yo‘lning o‘zidayoq amalga oshirilishi lozim.
- Xurujlar paytida, ko‘pincha, bemorning og‘zidan ko‘pikli so‘lak ajralib chiqadi. Bu so‘lak bemor chuqur nafas olib yuborganida uning nafas yo‘llariga ketib qolishi mumkin. Bu o‘ta xavfli! Shuning uchun so‘lakni, albatta, toza mato yoki doka bilan artib turish kerak. Agar iloji bo‘lsa nafas yo‘llariga havo o‘tkazgich qo‘yish lozim. Chunki xuruj paytida laringospazm ham kuzatiladi.
- Natriy xloridning fiziologik eritmasida 2 ml (10 mg) diazepam v/i ga qilinadi. Diazepam 40 % 20 ml glyukoza tarkibida ham yuborilishi mumkin. Bolalar va kattalarga yuborish tezligi bir daqiqaga 2–5 mg dan oshmasligi kerak. Aks holda yurak urishi yoki nafas olish to‘xtab qoladi yoki AQB tushib ketadi. Bolalarga diazepam 1 kg tana vazniga 0,25 mg miqdorda qilinadi. Agar bolaning tana vazni 20 kg bo‘lsa unga 5 mg, ya’ni 1 ml diazepam qilinadi. Agar 10–15 daqiqa ichida xurujlar to‘xtamasa, diazepam yana shu miqdorda venadan yuboriladi. Diazepamni m/i qilish befoyda.
- Agar yuborilgan dorilar ta’siri to‘xtagach xurujlar yana paydo bo‘laversa, natriy xlorid yoki glyukozaning 250–500 ml fiziologik eritmasiga 50 mg (10 ml) diazepam qo‘shib bir necha soatga venadan tomchilatib qo‘yiladi.
- Xurujlar to‘xtamasa, ba’zida narkotik vositalarni qo‘llash talab etiladi. Bu maqsadda, ko‘pincha, oksibutirat natriy yoki tiopental natriy (geksenal) qo‘llaniladi. Oksibutirat natriyning 20 % li 10 ml eritmasi juda sekinlik bilan, ya’ni 10 daqiqa mobaynida venadan yuboriladi. Ba’zida bu dorini 5 ml miqdorda yuborishning o‘zi kifoya. Oksibutirat natriy o‘rniga tiopental natriy (geksenal)ning 1 % li 10 ml eritmasi venadan sekinlik bilan yuborilishi mumkin. Keyin ushbu dori 50–70 ml miqdorda venadan tomchilatib quyiladi. Narkotik dori vositalar ko‘pincha AQB ning keskin tushib ketishi yurak va nafas olishning to‘xtab qolishiga sababchi bo‘ladi. Shuning uchun bemorning arterial qon bosimi, yurak va nafas olish faoliyati monitoringi ta’minlanishi kerak.
- Ushbu davolash muolajalari boshlanayotgan davrdayoq barcha zarur laborator analizlar qilinadi. Buning uchun qon va siydikda glyukoza va elektrolitlar (natriy, kaliy, xlor, kaltsiy) miqdori, qonning kislota-ishqor holati tekshiriladi.
- Agar bemor chuqur epileptik komaga tushsa, u komadan chiqquncha umumiy muolajalar davom ettiriladi. Buning uchun bemorga mannitol, diuretiklar, deksametazon, tana haroratini tushiruvchi dorilar, antibiotiklar qilinadi. Uzoq davom etgan epileptik statusda, ko‘pincha, metabolik atsidoz rivojlanadi. Uni bartaraf etish uchun bikarbonat natriy yoki shu kabi boshqa dorilar venadan qilinadi.
- Epileptik status yoki komadan chiqarilgan bemor reanimatsiya bo‘limidan nevrologiya bo‘limiga o‘tkaziladi va davolash muolajalari u erda davom ettiriladi. Agarda epileptik status tez va asoratsiz bartaraf etilsa, bemor 1–2 kundan so‘ng uyiga yuborilishi mumkin. Bu vaqt mobaynida bemorda barcha zarur tekshiruvlar o‘tkazilishi, epileptik status sababi to‘la aniqlanishi va antikonvulsantlarni qabul qilish tartibi qayta ko‘rib chiqilishi zarur.
BEMORLARGA BERILADIGAN TAVSIYaLAR
Epilepsiya bilan kasallangan bemorlarni sog‘lom turmush tarziga o‘rgatish davolovchi vrachning bevosita vazifasidir. Bu qoidaga amal qilmagan vrach davolash qoidalarini qanchalik to‘g‘ri olib bormasin, u samarasiz tugayveradi. Davolash muolajalari uzoq yillar davom etgani uchun ham bemorni bitta vrach davolagani ma’qul. Bu vrach uchun ham yaxshi (chunki uning malakasi oshadi), bemor uchun ham yaxshi (davolashda uzilishlar bo‘lmaydi). Shu o‘rinda buyuk Gufelyandning quyidagi so‘zlari juda o‘rinlidir. "Bemorni bitta vrach davolasa yaxshi, ikkitasiga ham chidasa bo‘ladi, biroq uchta vrach davolashi – bu dahshat". Deyarli 300 yil oldin aytilgan bu dono iboralar hanuz o‘z ahamiyatini yo‘qotgani yo‘q. To‘g‘ri, vrach tashxis qo‘yishda qiynalishi mumkin. Qiyinchiliklar, hatto uzoq tajribaga ega vrachlarda ham ro‘y berib turadi. Bunday paytlarda hamkasblar bilan konsilium o‘tkazish lozim. Ammo muolajalarni davolovchi vrachning o‘zi olib borgani ma’qul. Hamkasblar bilan maslahatlashish vrachning malakasini ham oshirib boradi. Albatta, davolovchi vrachni bemorning o‘zi tanlaydi. Buning uchun bemorning ishonchini qozonishi o‘ta muhim.
Televizor va kompyuter. Hozirgi kunda aholining aksariyat qismi televizor va kompyuter monitori oldida kunini o‘tkazadi. Epilepsiya bilan kasallangan bemorlar bunday elektron uzatgich vositalaridan iloji boricha kamroq foydalanishlari kerak. Televizorni qorong‘i xonada emas, balki yorug‘ xonada ko‘rish tavsiya etiladi. Ungacha bo‘lgan masofa 2 m dan ortiq bo‘lishi lozim, teleko‘rsatuvlarni tomosha qilish davomiyligi 2 soatdan oshmasligi kerak. Fotosensitiv epilepsiyada televizor ko‘rish yoki kompyuter monitori oldida o‘tirish man etiladi.
Maktab va bog‘cha. Epilepsiya bilan kasallangan bolalarning deyarli barchasi boshqa bolalar singari, maktab va bog‘chalarga qatnashlari mumkin. Ayniqsa, idiopatik epilepsiyalarda bolaning intellekti saqlangan bo‘lganligi bois ular umumta’lim maktablariga borishadi. Bola umumta’lim maktabida o‘qishi kerakmi yoki maxsus maktabdami, bu masalani faqat neyropsixologik testlar yordamida bolaning oliy ruhiy faoliyatini o‘rganib, bolalar psixologi yoki tibbiy psixolog hal qilishi lozim. Ba’zida maktabda epileptik xurujlar kuzatilgan bolani maktab o‘qituvchilari o‘qitishdan voz kechishadi. Hech qachon epileptik xurujning kuzatilishi bolani maxsus maktabga o‘tkazishga asos bo‘la olmaydi. Psixolog xulosasi asosida ruhiy o‘zgarishlar aniqlangan taqdirdagina bola maxsus maktablarga o‘tkazilishi mumkin. Agar epileptik xurujlar oligofreniya, bolalar tserebral falajligi, o‘tkazilgan meningoentsefalitlar va shu kabi bosh miyaning organik kasalliklari sababli rivojlangan bo‘lsa bola maxsus maktabda ta’lim olishi kerak bo‘ladi.
Sport va jamiyat. Bemorni faqat tutqanoq xuruji borligi sababli jamiyatdan ajratib qo‘yish yoki alohida tarbiyalash noto‘g‘ri. Bunday qonunlar ham yo‘q. Aksincha, ularning to‘laqonli hayot kechirishlariga imkoniyat yaratib berish lozim. Agar bemor (bola) til o‘rganmoqchi, sport va jismoniy mashqlarga qatnashmoqchi bo‘lsa bunga ruxsat berish kerak. Biroq trenerni ogohlantirib qo‘yish zarur. Bemorning bunday tadbirlarda qatnashish yoki qatnashmasligi individual tarzda davolovchi vrach tomonidan hal qilinadi. Xuruj tez-tez kuzatiladigan holatlarda bemor davolash muolajalarini olishi lozim. Xuruj kam kuzatiladigan holatlarda bemor sportning engil turlariga (badantarbiya, stol tennisi, sekin yugurishlar va h.k.) qatnashishi mumkin. Sportning ba’zi turlari, ya’ni boks, shtanga ko‘tarish, kurash, suzish va tez yugurish mumkin emas. Shuni alohida ta’kidlash lozimki, rejali tarzda sportning engil turlari bilan shug‘ullanish foydalidir. Chunki so‘nggi paytlarda mutaxassislar o‘smirlarda kuzatiladigan tutqanoq xurujlarining kompyuter monitori oldida uzoq o‘tirishlari oqibatida kuchayib ketayotganligini ta’kidlashmoqda.
Faol hayot va jismoniy mehnat. Iirik amerikalik epileptolog V. Lennoksning "Faol hayot – xurujlar antagonistidir", degan gapini yuqorida keltirgan edik. Epileptologlarning e’tirof etishlaricha, epilepsiya kasalligida xurujlar passiv hayot kechiruvchi bemorlarda ko‘p takrorlanadi. Faol aqliy va jismoniy mehnat bilan shug‘ullanuvchi bemorlarda esa bu holat kam kuzatiladi. Shu bois bemorlarni, ayniqsa, bolalar va o‘smirlarni jismoniy ishlardan, o‘qishdan chegaralab qo‘yish va ularning ko‘z o‘ngida oilaviy bo‘lib kasalligini muhokama qilaverish og‘ir ruhiy jarohatlarni yuzaga keltiradi. Bunday bolalarda melanxoliklarga xos bo‘lgan xulq-atvor shakllanadi, ular ruhiy jihatdan nogiron bo‘lib o‘sishadi. Biroq ortiqcha ruhiy va jismoniy zo‘riqishlar xurujlar sonini ko‘paytirishini ham unutmaslik kerak. Kuchli stress xurujlarni qo‘zg‘ab yuborishi mumkin. Bemorning hayot uchun xavfli bo‘lgan ishlar, ya’ni haydovchilik qilish, o‘t o‘chirish, militsiya, soqchilik va qutqaruvchilik kasblarida ishlashlariga yo‘l qo‘ymasligi kerak. Shuningdek, kimyoviy vositalar mavjud joylarda yoki baland binolarda, jarohatlanish xavfi yuqori bo‘lgan zavod va fabrikalarda ishlash man etiladi. Tunda ishlash umuman mumkin emas. Chunki tunda uyquga to‘ymaslik xurujlarning takrorlanishi yoki ko‘payib ketishiga sababchi bo‘ladi.
Uy-ro‘zg‘or yumushlari va boshqa tadbirlar. Bemor dush qabul qilganida eshikni ichkaridan bekitmasligi, issiq yoki o‘ta sovuq dush qabul qilmasligi, saunalarga bormasligi, vannada uzoq vaqt qolib ketmasligi zarur. Tandirda non yopish, olov yonida katta qozonlarda ovqat tayyorlash, doimo o‘tkir narsalar bilan ishlashdan ehtiyot bo‘lish lozim. Bemorga fizioterapevtik muolajalar o‘tkazish ham mumkin emas. Ishxonada doimiy ishlovchilardan bir-ikkitasi kasallikdan voqif bo‘lishi maqsadga muvofiq. Shuningdek, bemor uzoq safarlarga yolg‘iz bormasligi va mehmonxonalarda yolg‘iz qolmasligiga e’tibor beriladi.
Tez yordam. Bemorning yaqinlari epileptik xurujlar paytida qanday tez yordam ko‘rsatishni bilishlari zarur. Shu bilan birga uyda tez yordam ko‘rsatish uchun zarur dorilar bo‘lishi kerak. Masalan, relanium (valium, sibazon), magniy sulfat va h.k.
Professor Zarifboy Ibodullaev