KANA ENTsEFALITI


Kana entsefaliti, asosan, kana chaqishi orqali rivojlanuvchi o‘tkir virusli kasallik bo‘lib, birlamchi entsefalitlar guruhiga kiradi. Kana entsefaliti epidemiyasi 1933–34 yillar bahor va yoz oylarida Rossiyaning Primorya o‘lkasida tarqalgan. Bu kasallik da­stlab "Tayga entsefaliti" deb nomlanadi va uning quyidagi sinonimlari paydo bo‘ladi: bahorgi-yozgi, sibir, endemik, uzoq sharq, kana entsefaliti. Hozirda "Kana entsefaliti" atamasi ko‘p qo‘llaniladi. Ushbu kasallik qalin chakalakzorlardan iborat o‘rmonzorlari bor o‘lkalarda ko‘p tarqalgan. Kana entsefaliti O‘zbekistonda juda kam uchraydi.

Etiologiyasi. Kana entsefaliti virusi neyrotrop arboviruslar guruhiga mansub bo‘lib, odam organizmiga, asosan, kana chaqishi va kam hollarda alimentar yo‘l orqali o‘tadi. Alimentar yo‘l orqali o‘tish echkining xom sutini iste’mol qilganda ro‘y beradi. Sigir organizmida kana entsefaliti virusi rivojlana olmaydi. It, qo‘y, cho‘chqa, ot, maymun va oq kalamushlar ushbu virusga sezgir bo‘lishadi. Bu kasallik bemor kishidan sog‘lom kishiga yuqmaydi va kasallangan odamda kana entsefalitiga nisbatan turg‘un im­munitet qoladi.

 

Eslatma. Kanalarning 5% virus tashuvchi, xolos.

 

Kana entsefaliti mavsumiy entsefalitlar sirasiga kiradi va kasallanish bahor-yoz mavsumiga (apreldan avgustgacha) to‘g‘ri keladi. Bu mavsum kanalarning faolligi va balog‘atga etishi hamda o‘rmonzorlarga dam olish va ishlashga chiquvchilar soni ko‘payishi bilan bog‘liq. Kana entsefaliti bo‘yicha endemik o‘choqlarda yashaydiganlar qonida kana entsefalitiga qarshi antitanachalar aniqlangan. Shu bois o‘rmonzorlarda doimiy yashovchilar va ishlovchilar kana entsefaliti bilan kam kasallanishadi yoki ularda kasallik engil kechadi.

Patogenezi. Kana teriga chuqur yopishib oladi va odamning qonini so‘ra boshlaydi. Virus teriga o‘tgan zahoti ko‘paya boshlaydi va mahalliy yallig‘lanish reaktsiyasini yuzaga keltiradi. Oradan 4–5 kun o‘tgach, kana teridan o‘zi tushib ketadi. Ba’zida odam o‘z tanasida kanani ko‘rib, uni qo‘li bilan olib tashlaydi. Odatda, kana chaqishi og‘riqsiz bo‘ladi. Shuning uchun ham odam kana chaqqanini sezmay qoladi. Ba’zida paydo bo‘lgan lokal qichima, "Meni kana chaqmadimikan?" degan xayolga olib keladi va vrachga murojaat qilishga majbur etadi.

Virus qonga tushgach, virusemiya davri boshlanadi, ya’ni virus qon orqali barcha a’zo va to‘qimalarga tarqaladi. Kasallikning yashirin davri 5–25 kun o‘rtacha 7–14 kunga teng. Alimentar yo‘l orqali zararlanishda inkubatsiya davri juda qisqa bo‘lib, 2–3 kunni tashkil qiladi. Virus, asosan, oshqozon-ichak sistemasining epitelial hujayralarida ko‘payadi. Kuchli neyrotropizmga ega kana virusi asab sistemasi to‘qimalarigacha kirib boradi. Virus ichki a’zolarda ham uchraydi.

Patomorfologiyasi. Nerv sistemasi qon tomirlari, neyronlar va glial to‘qimada yiringsiz yallig‘lanish reaktsiyalari kuzatiladi. Mayda qon tomirlar atrofida perdiapedez gemorragiyalar paydo bo‘ladi, ganglioz hujayralarda degenerativ o‘zgarishlar yuzaga keladi. Kuchli degenerativ o‘zgarishlar orqa miyaning bo‘yin kengligi motor xujayralari va kranial nervlarning harakat neyronlarini qamrab oladi. Patologik o‘zgarishlar, shuningdek, bosh miya pardalari, po‘stloq, po‘stlog‘osti yadrolari, spinal ildizchalar, periferik nervlar va gangliyalarda ham kuzatiladi.

Klinikasi. Kasallik o‘tkir boshlanadi. Tana harorati 39–41°S ga ko‘tariladi. Bemor chidab bo‘lmas darajada kuchli bosh og‘riqdan shikoyat qiladi, ko‘ngli aynib, ketma-ket qusa boshlaydi. Keyinchalik kuchli og‘riqlar butun tanaga yoyiladi. Bu og‘riqlar, asosan, miya pardalari, spinal ildizchalar, gangliyalar va periferik nervlarning o‘tkir ta’sirlanishi sababli yuzaga keladi. Bemor holsiz bo‘lib yotib qoladi. U hushini yo‘qotmaydi yoki engil sopor holatida bo‘ladi. Tana harorati 5–6 kun mobaynida ko‘tarilib turadi. Kasallikning dastlabki kunidayoq meningeal simptomlar paydo bo‘ladi va kun sayin zo‘rayib boradi.

Bir hafta o‘tar-o‘tmay, elka va bo‘yin muskullarida periferik falajliklar rivojlanadi. Bemorning boshi oldinga egilib qoladi. Bu simptom kana entsefalitidan darak beradi. Bemorning tashqi ko‘rinishi xuddi maxsus marosimlarda boshini egib ta’zim qilib turgan odamni yoki bir ayb ish qilib qo‘yib, boshini egib tanbeh eshitayotgan bolani eslatadi. Ushbu simptomning yuzaga kelishi n. accessorius yadrosi va S13 segmentlarning oldingi shoxi yadrolari degeneratsiyasi bilan bog‘liq. Bemor boshini qo‘li bilan iyagidan ushlab ko‘tarib yuradi. Bulbar simptomlar, ya’ni disfagiya, disfoniya va dizartriya paydo bo‘ladi. Ammo ular yaqqol ifodalangan bo‘lmaydi.

Qo‘lning proksimal muskullarida harakat buziladi: bemor qo‘lini tepaga ko‘tara olmaydi, tanasidan uzoqlashtira olmaydi, tirsak bo‘g‘imida bukib-yoza olmaydi. Bitseps va tritseps reflekslar pasayadi. Qo‘lning distal muskullari deyarli zararlanmay qoladi. Bu simptomlar majmuasini "yuqori poliomielit sindromi" deb ham atashadi. Atrofiyaga uchrayotgan muskullarda kuchli fibrillyatsiya va fastsikulyatsiyalar ko‘zga tashlanadi.

Kasallikning yashin tezlikda kechuvchi og‘ir turlari ham mavjud. Bunday holatlarda tana harorati yuqori darajagacha ko‘tarilib, bemor hushini yo‘qota boshlaydi. Unda kuchli psixomotor qo‘zg‘alishlar paydo bo‘ladi. O‘tkir meningoentsefalit belgilari, intrakranial gipertenziya va miya shishi bilan namoyon bo‘luvchi kana entsefalitining bu turi koma rivojlanishi bilan yakunlanadi. Aksariyat hollarda kasallik o‘lim bilan tugaydi.

Kasallikning o‘tkir davrida qo‘llardagi periferik falajliklar bilan bir qatorda, oyoqlarda markaziy falajlik belgilari paydo bo‘lishi mumkin. Buning sababi – kortikospinal piramidal yo‘llarning miya ustuni va orqa miyaning bo‘yin qismi sohasi zararlanishi bilan bog‘liq. Ammo markaziy falajlik belgilari periferik buzilishlarga qaraganda tez orqaga chekinadi.

Kasallik boshlanganidan 1 hafta o‘tgach, tana harorati pasaya boshlaydi. Meningeal simptomlar orqaga chekinadi va og‘riqlar kamayadi. Kasallik engil kechgan hollarda periferik falajlik belgilari kamayib, harakat funktsiyalari butunlay tiklanadi. Kasallik og‘ir kechgan hollarda bo‘yin va elka muskullarida atrofik falajliklar umrbod saqlanib qoladi. Biroq harakat funktsiyalarining faol tiklanish davri bir yilgacha davom etishini esda tutish lozim.

Kana entsefaliti 5–10 % hollarda atipik tarzda kechadi. Kasallikning atipik kechuvchi turlari – bular meningit, xoreik giperkinezlar, Jekson va Kojevnikov tipidagi epilepsiyalar, dementsiya, tarqoq entsefalomielit, mielit va poliradikulonevropatiyalar.

Tashxis. To‘g‘ri tashxis qo‘yish uchun avvalambor, epidemiologik anamnez yig‘ilishi kerak. Bemorning endemik o‘choqlarda bo‘lganligiga va xom sut iste’mol qilgan-qilmaganligiga e’tibor qaratiladi. Shuningdek, kana entsefalitiga xos klinik simptomlarga e’tibor qilinadi. Bemorning teri qoplamlari, ayniqsa, bo‘yin va qo‘ltiqosti sohalari tekshirib ko‘riladi.

Laborator tekshiruvlardan qon va likvor analizlari o‘tkaziladi. Kasallikning o‘tkir davrida likvor bosimi ko‘tariladi, limfotsitar pleotsitoz paydo bo‘ladi va oqsil miqdori 1,0 g/l dan oshadi. Qonda yallig‘lanish reaktsiyalari aniqlanadi, ya’ni EChT oshadi va leykotsitoz kuzatiladi. Serologik tekshiruvlar kasallik etiologiyasini aniqlashga yordam beradi. Serologik reaktsiyalardan, asosan KBR (komplementni bog‘lash reaktsiyasi), GTR (gemagglyutinatsiyani tormozlash reaktsiyasi) va neytralizatsiya reaktsiyasi qo‘llaniladi. KBR usuli kasallikning faqat 2-haftasidan boshlab ijobiy natija beradi. Kasallikning dastlabki bosqichida virusni qon va likvordan ajratib olish mumkin.

Qiyosiy tashxis. Kana entsefalitini o‘tkir boshlanuvchi deyarli barcha neyroinfektsiyalar bilan qiyoslashga to‘g‘ri keladi. Ayniqsa, kasallikning o‘tkir davrida aniq tashxis qo‘yish mushkul. Qiyosiy tashxis o‘tkazishda kana entsefaliti uchun o‘ta xos bo‘lgan simptom – boshning oldinga egilib qolishiga e’tibor qaratish lozim. Kana entsefalitining atipik kechuvchi turlari qiyosiy tashxisni qo‘yishda biroz qiyinchiliklar tug‘diradi. Unda boshqa klinik simptomlar, kasallikning kechishi va laborator ko‘rsatkichlar e’tiborga olinadi.

Davolash. Bemor zudlik bilan infektsion kasalliklar shifoxonasiga yotqiziladi va etiotrop davolash muolajalari boshlanadi. Bemorga analgetiklar, diuretiklar, gemodilyutsiya muolajalari, antikonvulsantlar va S vitamini tavsiya etiladi. Maxsus parhez talab etilmaydi. Bemor ko‘p miqdorda suyuqlik iste’mol qilishi zarur. Asosan, meva sharbatlari va mineral ichimliklar beriladi. Kasallik asoratlari, ya’ni periferik falajliklarni davolashda esa vitaminlar, fizioterapiya va badantarbiya kabi muolajalardan foydalaniladi.

 Professor Zarifboy Ibodullaev



Ctrl
Enter
Хато топдизнигзми?
Матнни танланг ва Ctrl+Enter тугмачаларини босинг
MUHOKAMALAR
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Hech qanday izoh yo‘q. Siz birinchi bo‘lishingiz mumkin!
Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив