YaPON ChIVINI ENTsEFALITI
Yapon chivini entsefaliti 1924 yili alohida kasallik sifatida Kaneko tomonidan yozib qoldirilgan. Kasallik birinchi bor Yaponiyada kuzatilganligi uchun, u yapon entsefaliti deb atalgan. Keyinchalik uni Koreya, Xitoy, Osiyo va Uzoq Sharq o‘lkalarida ham kuzatishgan. Bu kasallik sporadik tarzda boshqa o‘lkalarda ham uchrab turadi. Yapon chivini entsefaliti mavsumiy kasallik bo‘lib, kasallanish faqat avgust va sentyabr oylarida kuzatiladi. Sovuq tushishi bilan chivin entsefaliti bilan kasallanish to‘xtaydi. O‘zbekistonda bu kasallik uchramaydi.
Etiologiyasi. Kasallik turli yoshda uchraydi, biroq u ko‘pincha 15 yoshgacha bo‘lgan bolalarda kuzatiladi. Chivin chaqishi orqali organizmga arboviruslar guruhiga kiruvchi filtrlanuvchi virus tushadi. Virus gematogen yo‘l bilan barcha a’zo va to‘qimalarga tarqaladi. Yashirin davri 10–14 kunni tashkil qiladi.
Patomorfologiyasi. Patomorfologik o‘zgarishlar, asosan, miya pardalari, bosh miya po‘stlog‘i va uning oq moddasida, po‘stlog‘osti yadrolarida rivojlanadi. Shuningdek, miya arteriyalari ham zararlanadi va shu bois, periarterial sohalarda perdiapedez gemorragiyalar kuzatiladi.
Klinikasi. Yapon chivini entsefaliti klinikasi to‘satdan o‘tkir boshlanadi. Birdan tana harorati ko‘tariladi va 41°S gacha etadi. Butun tana bezgak tutgandek titray boshlaydi. Tana harorati 10 kun mobaynida pasaymaydi. Bu davrda bemor kuchli bosh og‘riq, butun tananing qaqshab og‘rishi va titrashidan shikoyat qiladi. Og‘ir sopor va koma holatlari juda kam uchraydi. Hushning buzilishi, asosan, karaxtlik, uyquchanlik, alahsirash, gallyutsinatsiya va deliriya ko‘rinishida bo‘ladi.
Bemorning nevrologik statusi tekshirilganda meningeal simptomlar, markaziy tipda harakat buzilishlari (gemi- va monoparez, spastik gipertonus, giperrefleksiya) va epileptik xurujlar aniqlanadi. Shuningdek, giperkinezlar, bulbar falajlik va miyacha simptomlari ham uchrashi mumkin. Biroq orqa miyaning zararlanishi bilan bog‘liq periferik falajliklar kuzatilmaydi. Parkinsonizm sindromi ham bo‘lmaydi. Ichki a’zolar esa zararlanishi mumkin, ya’ni bunday bemorlarda o‘pka shishi, zotiljam, miokardit va nefropatiya rivojlanadi. Qonda kuchli leykotsitoz va limfopeniya aniqlanadi, EChT oshadi. Likvorda limfotsitar pleotsitoz kuzatiladi, oqsil miqdori 1–2 g/l ga oshadi.
Tashxis. Epidemiologik anamnez, mavsumiylik, klinik va laborator ma’lumotlarga asoslanib qo‘yiladi. Tashxisni aniqlashda serologik reaktsiyalardan ham foydalaniladi.
Kechishi va prognoz. Kasallik o‘tkir neyroinfektsiyalarga o‘xshab kechadi. Kasallikning birinchi haftasidayoq o‘lim 50–70 % ni tashkil qiladi. Qolgan holatlarda bemorlar engil nogironlik bilan kasallikdan chiqib ketishlari mumkin.
Davolash. Maxsus davolash usullari ishlab chiqilmagan. Asosan, simptomatik terapiya o‘tkaziladi.
Professor Zarifboy Ibodullaev