QIZAMIQDA ENTsEFALIT


Qizamiq – erta yoshdagi bolalarda uchraydigan o‘tkir virusli yuqumli kasallik. Qizamiq bilan, asosan, 6 yoshgacha bo‘lgan bolalar kasallanishadi. Qizamiqning eng og‘ir asorati – bu qizamiq entsefaliti.

Etiologiyasi va patogenezi. Havo-tomchi yo‘li orqali organizmga tushgan virus gematogen va limfogen yo‘llar bilan MNS ga etib boradi va GEB dan o‘tib, miya to‘qimalarini zararlaydi. Demak, qizamiq virusi ham neyrotrop xususiyatga ega, biroq uning neyrotroplik darajasi kuchli emas. Shuning uchun ham qizamiq bilan kasallangan bemorlarning hammasida entsefalit rivojlanavermaydi. Qizamiq entsefaliti, asosan, immuniteti past bolalarda uchraydi. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, qizamiq bilan kasallangan 1000 nafar bolaning bittasida entsefalit rivojlanadi.

Qizamiq entsefalitida bosh miya to‘qimalarida nuqtasimon qon quyilishlar, neyronlarda destruktiv o‘zgarishlar, glial to‘qima gipertrofiyasi, bosh miyaning oq moddasida demielinizatsiya o‘choqlari paydo bo‘ladi. Agar yallig‘lanish reaktsiyalari miya pardalariga o‘tsa – meningoentsefalit, orqa miyaga tarqasa – entsefalomielit avj olishi mumkin. Kam hollarda mielit yoki poliradikulonevrit rivojlanadi.

Klinikasi. Entsefalitning klinik belgilari, ko‘pincha, toshmalar toshgandan 4–5 kun o‘tgach, o‘tkir boshlanadi. Biroq, entsefalit qizamiq belgilari o‘tib bo‘lgandan keyin ham rivojlana boshlashi mumkin. Bunday paytlarda biroz tushgan tana harorati qaytadan yana ko‘tariladi, kuchli bosh og‘riq va psixomotor qo‘zg‘alishlar vujudga keladi. Bemor alahsirab hushidan ketadi. Sopor va koma tez rivojlanadi.

Dastlab meningeal simptomlar paydo bo‘ladi va ketma-ket tutqanoq xurujlari ro‘y beradi. Shu bois kasallikning boshlang‘ich davrida ko‘pincha meningoentsefalit tashxisi qo‘yiladi. Oradan 4–5 kun o‘tgach, meningeal simptomlar orqaga chekinib, entsefalitik belgilar ustunlik qila boshlaydi, ya’ni falajliklar, giperkinezlar, sezgi buzilishlari, afaziyalar va agnoziyalar paydo bo‘ladi. Ba’zida chuqur gemiparezlar bir kunning o‘zidayoq yuzaga keladi. Agar patologik jarayon ikkala yarim sharga ham tarqasa, tetraparez va tetranesteziya rivojlanadi, psevdobulbar simptomlar vujudga keladi.

Patologik jarayon miyacha va miya ustuniga o‘tsa, og‘ir vestibulo-koordinator buzilishlar va kranial nevropatiyalar paydo bo‘ladi. Bulbar sindromning uchrashi esa o‘ta xavfli vaziyatni yuzaga keltiradi. Shuningdek, ambliopiya yoki amavroz, g‘ilaylik, ko‘z harakatlari chegaralanishi, diplopiya, ptoz, akkomadatsiya va konvergentsiya buzilishlari ham ko‘p uchraydi. Aksariyat entsefalitlardagi kabi qizamiq entsefalitida ham eshituv nervlari zararlanadi, ya’ni koxlear nevrit rivojlanadi. Ba’zida bemor tuzalganidan keyin ham koxlear nevrit belgilari saqlanib qoladi.

Agar patologik jarayon orqa miyaning bo‘yin sohasiga o‘ta boshlasa, markaziy tetraparez, o‘tkazuvchi tipda sezgi buzilishlari va tos a’zolari funktsiyasining markaziy tipda buzilishlari kuzatiladi. Bu holat entsefalomielit deb baholanadi.

Tashxis. Qizamiq entsefalitida MNS zararlanishi turli klinik sindromlar, ya’ni meningoentsefalit, entsefalit va entsefalomielit ko‘rinishida namoyon bo‘lishini esda tutish lozim. Kasallikning ushbu nozologik turlarini to‘g‘ri aniqlash uchun bemorning nevrologik statusi mukammal tekshirilishi kerak. Klinik tekshiruvlardan tashqari epidemiologik anamnez, laborator va instrumental tekshiruvlar ham katta ahamiyatga ega. Qonda limfopeniya va neytropeniya aniqlanadi. Likvorda esa limfotsitar pleotsitoz kuzatiladi va oqsil miqdori biroz oshadi. Serologik tekshiruvlar, ayniqsa, PZR va IFA usullari juda ahamiyatlidir. Bu tekshiruvlar yordamida qon va likvorda qizamiq antitanachasining yuqori titri aniqlanadi.

Davolash. Qizamiq va uning nevrologik asoratlarini davolashning maxsus usullari yo‘q. Qizamiqqa qarshi immunoglobulin faqat inkubatsiya davrida qilinadi. Davolash, asosan, gormonoterapiya, dezintoksikatsiya, degidratatsiya va desensibilizatsiya usullaridan iborat. Metilprednizolon dastlabki 3 kun mobaynida kuniga 5–10 mg/kg dan vena ichiga tomchilatib yuboriladi. Agar bolaning tana vazni 20 kg bo‘lsa, dorining kundalik dozasi 100–200 mg ni tashkil qiladi. Gormonoterapiya bemorning ahvoliga qarab, 10–15 kun davom ettiriladi. Agar bakterial infektsiya qo‘shilsa, antibiotiklar ham beriladi.

Prognoz. Qizamiq entsefaliti og‘ir kechadi, biroq 70–80 % holatlarda bemorning hayoti saqlab qolinadi. Hayoti saqlab qolingan bemorda falajliklar, giperkinezlar, epileptik xurujlar, aqliy rivojlanishdan orqada qolish kabi asoratlar rivojlanishi mumkin.

Profilaktikasi. Profilaktika maqsadida qizamiq bilan kontaktda bo‘lgan bolalarga mushak ichiga gamma-globulin qilinadi.

 Professor Zarifboy Ibodullaev



Ctrl
Enter
Хато топдизнигзми?
Матнни танланг ва Ctrl+Enter тугмачаларини босинг
MUHOKAMALAR
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Hech qanday izoh yo‘q. Siz birinchi bo‘lishingiz mumkin!
Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив