HAYZ OLDI SINDROMI
Hayz oldi sindromi – ruhiy-hissiy, vegetativ, endokrin va somatik buzilishlardan iborat sindrom bo‘lib, hayz kelishidan bir hafta oldin boshlanadi va hayz boshlangan kuni o‘tib ketadi. Bu sindrom turli yoshdagi ayollarda uchraydi: 19-29 yoshlarda – 20 %, 30-40 yoshlarda – 40-45 %, 41-50 yoshlarda – 50-55%.
Etiologiyasi. Hayz oldi sindromi doimiy psixoemotsional zo‘riqish holatida yashaydiganlar, depressiyaga moyil ayollar, migren kasalligi, alkogolizm va giyohvandlikka ruju qo‘yganlarda ko‘p uchraydi. Shuningdek, neyroendokrin faoliyatning buzilishini yuzaga keltiruvchi boshqa patologik holatlar ham hayz oldi sindromi rivojlanishiga turtki bo‘ladi.
Klinikasi. Klinik simptomlarning qay biri ustunlik qilishiga qarab hayz oldi sindromining quyidagi turlari farqlanadi.
- Psixonevrotik
- Tsefalgik
- Krizli
- Shishlar bilan kechuvchi
- Atipik
Psixonevrotik turi o‘ta kuchli jahldorlik, yig‘loqilik, tashqi ta’sirotlarga (tovush, yorug‘liq, hidlar) kuchli sezgirlik, agressiv harakatlar, bosh og‘rig‘i, kayfiyatning tushib ketish, xavotir, mastalgiya, parishonxotirlik, uyqu buzilishlari bilan namoyon bo‘ladi. Ba’zida faqat kuchli apatiya va depressiya kuzatiladi.
Tsefalgik turi kuchli migrenoz xurujlar bilan namoyon bo‘ladi. Hayz boshlanishidan 7-10 kun oldin migrenoz xurujlar boshlanadi va hayz boshlangan kuni o‘z-o‘zidan to‘xtaydi. Bosh og‘riqlar ko‘ngil aynishi, qusish, bosh aylanishi va umumiy holsizlik bilan birgalikda namoyon bo‘ladi. Bunday bemorlar qachon hayz kelishi va bosh og‘riqlardan qachon qutulishini kutib yashashadi.
Krizli turi AQB ning birdan ko‘tarilishi, to‘sh orqasida siquvchi og‘riqlar, qo‘rquv va xavotir, shu jumladan o‘lim qo‘rquvi, yurak urishining tezlashib ketishi, umumiy titroq, og‘iz qurishi, nafas bo‘g‘ilishi, uyqu buzilishi, o‘lim qo‘rquvi, oyoq-qo‘llarning muzlab qolishi va tez-tez siyishga qatnashlar bilan namoyon bo‘ladi.
Shishlar bilan kechuvchi turida bemorning yuzi, oyoq-qo‘llari, ayniqsa qo‘l panjalari, boldir va oyoq panjalari shishib ketadi, mastalgiya va oliguriya kuzatiladi. Bemorning tana vazni 2-3 kg ga oshadi.
Atipik turi kam uchraydi va turli simptomlar bilan namoyon bo‘ladi. Bular – migrenoz xurujlar, bosh aylanishi, kardialgiya, nafas bo‘g‘ilishi, allergik reaktsiyalar, epigastral og‘riqlar, turli shishlar. Bemor qanday patologik holatlarga moyil bo‘lsa, unda o‘sha buzilishlar rivojlanadi. Masalan, depressiyaga moyil ayollarda depressiya, bosh og‘riqqa moyillarda bosh og‘rig‘i, yurak qon-tomir kasalliklariga moyillarda kardialgiyalar, oshqozon-ichak sistemasi kasalliklariga moyil ayollarda psixosomatik buzilishlar kuzatiladi.
Tashxis. Bemorning shikoyatlari va anamnestik ma’lumotlar xronologiyasi o‘rganiladi. Yuqorida ko‘rsatilgan simptomlarning hayz kelishidan bir hafta (ba’zida 10 kun) oldin boshlanishi, hayz kelganda kamayib o‘tib ketishi tashxisni to‘g‘ri aniqlashga yordam beradi.
Davosi va profilaktikasi. Hayz tsiklining 5-kunidan 25-kunigacha estrogen-gestagen xususiyatga ega dorilar (non-ovlon rigevidon) ichishga buyuriladi (40 yoshgacha bo‘lgan ayollarga). Dori shu tartibda 1-1,5 oy mobaynida ichiladi va oradan 1-2 oy o‘tgach yana takrorlanadi. Hayz tsikli anovulyatsiya bilan namoyon bo‘lsa, hayz tsiklining 16-25-kunlari norkolut 5 mg dan ichishga buyuriladi yoki progesteronning 1 % li 1 ml eritmasi m/i ga 20-25-kunlari qilinadi, pregnin 0,02 g dan kuniga 3 mahal 20-26-kunlari ichishga buyuriladi.
Shishlarni bartaraf etish uchun engil tipdagi diuretiklar, ya’ni spironolakton (veroshpiron) 25 mg dan kuniga 2–3 mahal ichishga buyuriladi. Kuchli namoyon bo‘luvchi shishlarda furosemid 20-40 mg tavsiya etilishi mumkin. Kuchli mastalgiyalarda hayz tsiklining 14-26-kunlari 1,25-2,5 mg bromokriptin (parlodel) ichishga buyuriladi. Bu dori qonda prolaktin miqdorini kamaytiradi.
Allergik reaktsiyalarni bartaraf etish uchun antigistamin dorilar (zodak, klaritin) tavsiya etiladi. Migrenoz og‘riqlarda ibuprofen 400 mg, naproksen 0,25-0,5 g, gabapentin 300-600 mg ichishga tavsiya etiladi. Depressiya va psixosomatik buzilishlarni bartaraf etish maqsadida anksiolitiklar (amitriptilin 25-75 mg), prozak 20-40 mg, fevarin 50-100 mg ichishga buyuriladi. Apatiya holatlarida va AQB tushib ketsa kofein-benzoat natriy 2 ml dan m/i ga qilinadi yoki tarkibida jenshen saqlovchi dorilar ichishga buyuriladi. Bu sindromda E vitamini ham tavsiya etiladi. Fizioterapevtik muolajalardan elka sohasiga kaltsiy xlorid va natriy bromid elektroforezi qilinadi, elka sohasi uqalanadi, igna bilan davolash qo‘llaniladi.
Bu sindrom engil kechishi uchun bemorga sog‘lom turmush tarzi qoidalariga rioya qilish lozimligi tushuntiriladi. Yog‘li va tuzli ovqatlar hamda kahva va achchiq choylardan cheklanish tavsiya etiladi. Dorilar bilan davolash psixoterapiya usullari bilan birgalikda olib borilsa, samarasi yuqori bo‘ladi. Sport va jismoniy mehnat bilan shug‘ullanadigan ayollarda hayz oldi sindromi juda engil kechadi yoki umuman kuzatilmaydi.
Professor Zarifboy Ibodullaev