Hidlov nervi
Nerv haqida qisqacha ma’lumot. Hidlov nervi (n. olfactorius, I nerv) sezuvchi nerv bo‘lib hid bilishni ta’minlaydi. Barcha kranial nervlar kabi hidlov nervi ham juft nerv hisoblanadi. Hidlov nervini hosil qiluvchi neyronlar tanasi yuqori burun chig‘anog‘ining shilliq pardasida joylashgan. Ushbu bipolyar neyronning (1-neyron) periferik tolalari burun shilliq pardasi va burun to‘sig‘i bo‘ylab tarqalgan. Ular turli hidlarni sezuvchi maxsus retseptorlardan iborat. Bipolyar neyronning markaziy tolalari (filiae olfactoriae) burun bo‘shlig‘idan g‘alvirsimon suyakda joylashgan lamina cribrosa orqali kranial bo‘shliqqa kiradi va hidlov piyozchasida (bulbus olfactorius) tugallanadi. Hidlov piyozchasi oldingi kranial chuqurchada joylashgan. Hidlov piyozchasida joylashgan 2-neyron aksonlari hidlov traktini (tractus olfactorius) hosil qiladi. Hidlov trakti bosh miyaning peshona bo‘lagi asosida gorizontal joylashib ichkariga yo‘naladi va birlamchi hidlov markazlarida (trigonum olfactorium, substantia perforate anterior, septum pellucidum) da tugallanadi. Bu tuzilmalarda hidlov yo‘llarining 3-neyroni joylashgan. Uning aksonlari qadoqsimon tananing ustki va pastki qismidan hidlov markazi tomon yo‘naladi. Hidlov markazi chakka bo‘lagining medial yuzasi, ya’ni gippokamp pushtasi (gyrus hyppocampi) va uning atrofidagi tuzilmalarda joylashgan.
Hidlov nervi funktsiyasini tekshirish
Tekshirish qoidasi. Tekshirilayotgan moddalar nomi bemordan sir tutiladi, biroq bu moddalar unga avvaldan tanish bo‘lishi kerak. Bu maqsadda engil hid taratuvchi moddalar (kahva, suyultirilgan valerian, kamfora, limon) qo‘llaniladi. Ular bemordan chekkaroqqa turadi va usti yopib qo‘yiladi. Hidlov funktsiyasi har bir burun teshigida alohida-alohida tekshiriladi. Tekshiruv paytida bemor ko‘zlari va og‘zini yumib o‘tiradi, ikkinchi burun teshigini barmog‘i bilan yopib turadi (4-rasm).
4-rasm. Hidlov nervini tekshirish
Ushbu moddalardan biri kichik probirka yoki hullangan paxtada ochiq burun teshigiga yaqinlashtiriladi va bemordan uning nomi so‘raladi. So‘ngra boshqa hidli modda ikkinchi burun teshigiga hidlatib tekshiriladi. Olingan xulosalar qog‘ozga qayd qilinadi.
Quyidagi talablarni esda tuting. Kuchli hidga ega moddalar (masalan, novshadil spirti, ammiak eritmasi) bilan tekshirish mumkin emas. Chunki ular chuqurroq joylashgan uch shoxli nerv retseptorlarini ham qo‘zg‘aydi va xato xulosa chiqarishga sabab bo‘ladi. Bemorda tumov belgilari bo‘lsa ham, hidlov funktsiyasini tekshirib nevrologik kasalliklar haqida xulosa chiqarish mumkin emas. Shuningdek, ruhiy kasalliklarda bemor noto‘g‘ri xulosa berishi mumkinligini esda tuting.
Hid sezish patologiyasi
- Anosmiya – hid bilmaslik;
- Giposmiya – hid bilishning pasayishi;
- Giperosmiya – hid bilishning kuchayishi;
- Hidlov gallyutsinatsiyalari – aslida yo‘q bo‘lgan hidlarni sezish.
Hid buzilishiga sababchi bo‘luvchi patologik holatlar va kasalliklar
Sizga anatomiya kursidan ma’lumki, hidlov yo‘llarining asosiy qismi oldingi kranial chuqurchada joylashgan. Oldingi kranial chuqurcha chap tomonda ham, o‘ng tomonda ham bo‘ladi. Agar ushbu chuqurchada o‘sma, gematoma, abstsess, KTsJ, tuberkulema, zahm gummasi yoki lokal leptomeningit aniqlansa bir tomonlama anosmiya (giposmiya) kuzatiladi.
Ikki tomonlama anosmiya yoki giposmiya asosan, tumov bilan namoyon bo‘luvchi kasalliklar, ya’ni o‘tkir respirator virusli infektsiyalarda paydo kuzatiladi. Shuningdek, aholi orasida ko‘p tarqalgan allergik va atrofik rinitlarda ham giposmiya yoki anosmiya kuzatiladi. Pedjet kasalligi, Shixan sindromi, gipotireoz, qandli diabet va ba’zi neyroendokrin hamda toksik-metabolik sindromlarda hid bilish pasayadi. Hid bilishning pasayib borishiga Parkinson va Alsxaymer kasalliklarining bir necha yillar oldin boshlanadigan ilk belgilari sifatida ham qaraladi. Shuningdek, ko‘p marotaba kraniotserebral jaroxat olganlar, masalan bokschilarda ham giposmiya yoki anosmiya rivojlanadi.
Giperosmiya holati ba’zi ruhiy kasalliklar, masalan maniakal-depressiv psixozlar va shizofreniyada kuzatiladi. Homiladorlik davrida hid bilishning turli buzilishlarini, ya’ni anosmiya, giposmiya, giperosmiya va hidlov gallyutsinatsiyalarini kuzatish mumkin. Buning asosiy sabablari avitaminoz, anemiya, aminokislotalar va mineral moddalar etishmovchiligidir.
Hidlov gallyutsinatsiyasi, ya’ni hozirda yo‘q bo‘lgan hidlarni sezish gippokamp tas’irlanishida ro‘y beradi. Chakka bo‘lagining ichki qismida joylashgan gippokamp hidlov markazi hisoblanadi. Gippokamp sohasida qandaydir patologik jarayon (masalan, o‘sma, gumma, kista) shakllanayotgan bo‘lsa hidlov gallyutsinatsiyasi rivojlanadi. Agar hidlov gallyutsinatsiyasi birdan paydo bo‘lib bir necha soniya yoki 2-3 daqiqa ichida o‘tib ketsa va bu xurujlar har doim takrorlanib tursa, mezotemporal epilepsiyaning bir turini inkor qilishga to‘g‘ri keladi. Bunday paytlarda odatda ta’m bilish ham buziladi va boshqa vegetativ-vistseral paroksizmlar ham paydo bo‘ladi. Ba’zi insonlar o‘ta kuchli hid ajratish qobiliyatiga ega bo‘lishini ham esda tutish lozim. Bunga patologiya sifatida qaramaslik kerak.
Professor Zarifboy Ibodullaev