HIQIChOQ


Hiqichoq – diafragma va qovurg‘alararo muskullarning ixtiyorsiz qisqarishlari sababli yuzaga keluvchi mioklonik harakatlar. Hiqichoq to‘yib ovqatlangan sog‘lom odamlarda ham uchrab turadi. Shuningdek, katta miqdorda spirtli ichimliklar, sovuq gazli suvlar ichganda, hayojonlanganda ham hiqichoq kuzatiladi. Biroq bunday hiqichoqlar vaqtincha bo‘lib, o‘tib ketadi.

Uzoq davom etuvchi hiqichoqlar markaziy nerv sistemasining turli kasalliklarida rivojlanadi. Miya ustuni entsefaliti, miya asosida joylashgan o‘sma, KTsJ, arteriovenoz malformatsiya,  vertebrobazilyar insult, metabolik (diabetik, uremik, jigar, alkogol) entsefalopatiya, neyrointoksikatsiya va gipoksik-ishemik entsefalopatiyalar doimiy tarzda davom etuvchi hiqichoqlar sababi bo‘lishi mumkin. Psixogen etiologiyali hiqichoq ham bo‘ladi. Har bir vrach doimiy tarzda davom etuvchi hiqichoqlarga jiddiy e’tibor qaratishi lozim. Chunki, bunday hiqichoqlar og‘ir bir kasallik sababli yuzaga kelayotgan bo‘lishi mumkin. Bizga R. ismli 58 yoshli bemor tinmay davom etayotgan hiqichoq bilan murojaat qildi. Boshqa hech qanday belgilar yo‘q edi. U terapevtlarda samarasiz davolangan. Hiqichoq bir to‘xtab, bir to‘xtovsiz davom etaveradi. Bemorda “psixogen hiqichoq” bo‘lsa kerak, deb bizga konsultatsiyaga yuborishadi. O‘tkazilgan klinik-nevrologik tekshiruvlar uning “sog‘lom” ekanligini ko‘rsatdi. Bemorning hayot va kasallik anamnezini chuqur o‘rganib chiqdik. Ma’lum bo‘lishicha, unda hiqichoq bilan birgalikda bosh og‘riq xurujlari ham bo‘lib turgan. Bemorga MRA (magnitli rezonans angiografiya) tekshiruvini o‘tkazganimizda hiqichoq sababi aniqlandi. Unda a. basilaris ning Varoliy ko‘prigi sohasi tomirlaridan birida anevrizma aniqlandi. Bemor neyroxirurg ko‘rigiga yuborildi.

Hiqichoq orqa kranial chuqurcha o‘smalarida (ayniqsa, IV qorincha) ko‘p kuzatiladi. Shuningdek, bo‘yin va ko‘krak qafasi o‘smalari, aorta deformatsiyasi, mediastenit, diafragmal abstsess, qizilo‘ngach o‘smasi, qizilo‘ngach divertikuli, reflyuks-ezofagit, C4 spinal nervning disk churrasi sababli ezilishi, limfogranulematoz, sarkoidoz, yuqori nafas yo‘llari kasalliklari, oshqozon va 12 barmoqli ichak yarasi, pankreatit, xoletsistit kabi kasalliklarda ham hiqichoq kuzatiladi.

Tashxis. Hiqichoq polietiologik sindrom bo‘lganligi sababli, ko‘p tekshiruvlarni o‘tkazishga to‘g‘ri keladi. Klinik tekshiruvlardan tashqari, ko‘krak qafasi renttgenografiyasi, ezofagogastroduodenoskopiya, gumon qilingan a’zolarda UTD, KT yoki MRT tekshiruvlari qilinadi. Albatta hiqichoq sababi aniqlansa, ortiqcha tekshiruvlarga hojat yo‘q.

Davolash. Hiqichoqni yuzaga keltirgan omilni izlab topilishi va bartaraf etilishi lozim. Jiddiy sabablarsiz paydo bo‘lgan hiqichoqni ba’zi bir usullar bilan to‘xtatish mumkin. Masalan, bemorga chuqur nafas olib burunni bekitib boshni orqaga qayirib 2 daqiqa mobaynida nafas olmay turish tavsiya etiladi. Bu usul hiqichoqni darrov to‘xtatadi. O‘mrov suyagining ustida, ya’ni to‘sh-o‘mrov-so‘rg‘ichsimon muskul boshlanadigan joyda diafragmal nerv chiqadi. Ushbu sohani barmoq bilan bosib tursa ham hiqichoq to‘xtaydi. Shuningdek, suvni qultim-qultim qilib ichish ham hiqichoqni to‘xtatadi. Og‘iz bo‘shlig‘iga mahalliy anestetiklarni ingalyatsiya qilish ham samara beradi. Agar bu muolajalar yordam bermasa, 10-20 mg  tserukal v/i yoki m/i ga qilinadi. Keyin tserukal 10 mg dan yoki motilium 20 mg dan kuniga 3 mahal, ranitidin 150 mg dan kuniga 2 mahal  ichishga buyuriladi. Teri ostiga 0,5 ml atropin ham qilish mumkin.

Amitriptilin kuniga 50-75 mg,  pipolfen 50-100 mg v/i yoki m/i ga qilinadi. Shuningdek karbamazepin 200 mg dan kuniga 2-3 mahal ichishga buyuriladi. Bu dorilar yordam bermasa, neyroleptiklar, ya’ni galoperidol 2,5 mg yoki aminazin 25 mg v/i yoki m/i ga qilinadi. Keyinchalik bemor bu dorilarni ichib yuradi. Agar hiqichoq o‘tib ketavermasa, diafragmal nerv atrofiga novokain yuboriladi.

 

 Professor Zarifboy Ibodullaev



Ctrl
Enter
Хато топдизнигзми?
Матнни танланг ва Ctrl+Enter тугмачаларини босинг
MUHOKAMALAR
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Hech qanday izoh yo‘q. Siz birinchi bo‘lishingiz mumkin!
Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив