Yangiliklar Ibodullayev ensiklopediyasi O‘ZIMGA-O‘ZIM PSIXOTERAPEVT! ShU MUMKINMI?

O‘ZIMGA-O‘ZIM PSIXOTERAPEVT! ShU MUMKINMI?


To‘g‘ri, o‘zing o‘zgarishni xohlamasang, Seni hech kim o‘zgartira olmaydi. Sen psixoterapevtga borishni xohlamaysanmi? U holda o‘zingni-o‘zing o‘zgartirishga harakat qilib ko‘r! Evropalik mutaxassislar fikriga ko‘ra, psixoterapevtga borishi shart bo‘lgan nevroz va depressiyaga chalingan 100 kishidan bor yo‘g‘i 44 kishi unga murojaat qilarkan. Qiziq! Evropada shu ahvol bo‘lsa, bizda qanday ekan? Shu bois ushbu kitobimda eng maqbul psixoterapevtik usullarni oddiyroq qilib yoritishga harakat qildim. Hech bo‘lmasa, o‘zingga-o‘zing psixoterapevt bo‘l va o‘zgar!

Ushbu 4 qoida ustida bir o‘ylanib ko‘r:

Birinchi qoida – “Aybdor Men emas, balki boshqalar”. Shuni bilginki, nevroz, xavotir, fobiya, depressiya va o‘zingdagi aybdorlik hissi Senga ruhiy jarohat etkazuvchi omillar va vaziyatlar sababli emas, balki Sening ushbu omillar va vaziyatlarga nisbatan shaxsiy munosabating tufayli yuzaga kelyapti. Masalan, kimdir Sening asabingni buzdi va bundan kayfiyating tushib ketdi, ruhan cho‘kib qolding. Ushbu vaziyatda Sen u odamni emas, balki o‘zingni aybdor deb hisoblaysan. Demak, Sen tanqidga loyiqsanki, u Seni shu ko‘yga soldi. Aslida unday emas! Ayb Senda emas, balki Seni shu ko‘yga solgan o‘sha odamda yoki tanqid muhiti yaratilgan o‘sha vaziyatda. Demak, “Aybdor Sen emas, balki boshqalar”.

Ikkinchi qoida – “Tanqid Mening kimligimni emas, balki Sening kimligiingni ifodalab beradi”. Bundan shunday xulosa kelib chiqadiki, Sen yomon emas, u yomon odam. Uning o‘zi omadsiz shaxs va tanqidga loyiq, shu bois alamini Sendan olayapti va Seni tanqid qiladigan muhitni yaratayapti. Demak, atrof-muhitda ro‘y berayotgan Sening asabingni buzadigan va hissiy zo‘riqishga majbur qiladigan voqea va hodisalar Senga qaratilgan emas, ular o‘z yo‘licha ro‘y beraveradi. Kim tomonidan ko‘rsatilishidan qat’i nazar Senga nisbatan bildirilayotgan ayblov va kamsitishlar aslida Sening haqiqiy shaxsingni ifodalab bermaydi, bu o‘sha odamning shaxsiy fikri. U o‘z dunyoqarishi va senga bo‘lgan munosabatidan kelib chiqib shu fikrda. Aslida unday emas!

Uchinchi qoida – “Senga azob berayotgan fikrlardan o‘zingni-o‘zing xalos et!”. Mana shu “Uchta kerak” qoidasiga hadeb amal qilishga urinaverish Seni doimiy xavotirda ushlaydi va nevrotik shaxsga aylanasan:

  1. Men shunday bo‘lishim kerakki, boshqalar menga tan bersin! Aks holda men hech kimman!
  2. Men qanday xohlasam, atrofdagilar meni shundayligimcha qabul qilishi kerak! Aks holda ular yomon odam va har qanday jazoga mahkum!
  3. Men nimani xohlasam, qachon xohlasam va qaerda xohlasam, shunga ega bo‘lishim kerak! Menga kerak bo‘lmagan narsalarga mening toqatim yo‘q!

To‘rtinchi qoida – “Hadeb o‘zingga va boshqalarga talab qo‘yaverma!”. Ushbu o‘gitlarga diqqat bilan quloq tut va vaziyatlarni tahlil qil:

1) o‘zingga hadeb talab qo‘yaverma (“Men unday bo‘lishim kerak, bunday bo‘lishim kerak”);

2) boshqalarning Senga hadeb talab qo‘yaverishi (“Sen unday bo‘lishing kerak, bunday bo‘lishing kerak”);

3) Sen ham boshqalarga hadeb talab qo‘yaverma (“Odamlar unday bo‘lishi kerak, bunday bo‘lishi kerak”).

Mana shu “Uchta kerak” tamoyili – xavotir va depressiya manbaidir.

Xulosa: Albatta, Sen etuk shaxs bo‘lib shakllanishni xohlaysan, u holda “Maqsad qo‘y va bajar!”. Bajara olmadingmi, hadeb o‘zingga va boshqalarga talab qo‘yaverma. O‘z imkoniyatingni to‘g‘ri baholashni o‘rgan, ana shunda sekin-asta Sening ochilmagan qirralaring ochilib boraveradi. Shoshilma! Birovlar Seni tan olishi uchun ishlama. Qilayotgan ishlaringdan o‘zing qoniqsang bo‘lgani. Chunki “Mehribonlik izlash – bu xudbinlikdir”. O‘yla, fikr yurgiz, niyatni yaxshi qil va ana shundan keyin biror ishga qo‘l ur! Sen o‘zingga keraksan, yaqinlaringga keraksan, boshqalarga emas! Avvalo, o‘zingni asra!

 Professor Zarifboy Ibodullaev



Ctrl
Enter
Хато топдизнигзми?
Матнни танланг ва Ctrl+Enter тугмачаларини босинг
MUHOKAMALAR
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Hech qanday izoh yo‘q. Siz birinchi bo‘lishingiz mumkin!
Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив