UYQU BUZILIShI


Uyqu buzilishi sabablari juda ko‘p. Oddiy psixoemotsional zo‘riqish yoki jismoniy charchashdan tortib, to MNS ning og‘ir kasalliklarigacha uyqu buzilishiga olib kelishi mumkin. Uyqu buzilishlari sog‘lom odamlarda ham ko‘p uchraydi, biroq uzoq davom etmaydi.

Uyqu buzilishining quyidagi turlari farqlanadi:

  • insomniya – uyqu qochishi, ya’ni uyqusizlik, uyquga qoniqmaslik;
  • gipersomniya – ortiqcha uyquchanlik, ya’ni ko‘p uyqu bosishi;
  • parasomniya – uyqu bilan bog‘liq psixomotor qo‘zg‘alishlar.

A) Insomniya. Insomniya belgilari uyquga ketishning qiyinligi, tez uyg‘onib ketaverish, erta uyg‘onish va uzoq uxlasa-da uyqudan to‘ymaganlik hissi bilan namoyon bo‘ladi. Bunday holatni bemor oddiy so‘z bilan “uyqusizlik” deb baholaydi. Tunda uxlay olmagan bemorni kunduz kuni uyqu bosadi, o‘zini loxas sezadi va natijada uning ish faoliyati sustlashadi. U biror joy topib uxlab olishga harakat qiladi. Agar buning imkoni topilsa, bemor yana tetiklashadi. Kunduz kuni uxlaydigan ba’zi odamlar tunda uxlay olmay chiqishadi. Shu bois ular kunduzi uxlamaslikka harakat qilishadi. Albatta tungi uyqu kunduzgi uyquga qaraganda kishiga ko‘proq orom beradi. Shu bois tunda uxlay olmaydiganlar ertasi kuni bezovta bo‘lib yurishadi. Uyquning bu tarzda buzilishlariga psixofiziologik insomniya deb ataladi. Bunday holat har qanday sog‘lom odamda uchrashi mumkin.

Psixofiziologik insomniyaning sabablari bir nechta. Ular – nevrasteniya, psixasteniya, stress, uzoq joyga borish, tunda ishlash va h.k. Psixofiziologik insomniya, odatda uzoq davom etmaydi va bir necha kunlardan so‘ng tungi uyqu qayta tiklanadi. Agar bu holat uzoq davom etaversa, insomniyaning boshqa sabablarini izlash kerak. Hech qanday sababsiz uzoq yillar (ba’zida umrining oxirigacha) davom etadigan uyqusizlik idiopatik insomniya deb nomlanadi. Bunday odamlarni halq tilida “uxlamaydigan odamlar” deb atashadi. Ular bolalik davridan buyon uyqu nimaligini bilishmaydi, kunduz kuni ham tetik yurishadi va ish qobiliyatini yo‘qotishmaydi. Ular haqida halq orasida turli afsonalar yuradi. Buyuk hoqonlar sira uxlamaydigan odamlarni izlab topishga farmonlar chiqarishgan va ularni o‘zlariga tansoqchi qilib qo‘yishgan. Somnologlar fikricha, sira uxlamaydigan odamlar bo‘lmaydi, ular qisqa muddat bo‘lsa-da, mizg‘ib olishadi.

Uzoq muddat, ya’ni bir necha hafta yoki oylab uyquning yo‘qolishi surunkali davom etuvchi jiddiy kasalliklarda kuzatiladi. Bunday bemorlar uxlashni hoxlashadi, biroq mavjud kasallik bunga yo‘l qo‘ymaydi. Tanadagi doimiy og‘riqlar bilan kechuvchi kasalliklarni bunga misol qilib ko‘rsatish mumkin. Ular og‘riq qoldiruvchi va uxlatuvchi dorilar bilan uxlatiladi. Yana bir qator patologik holatlar va kasalliklar surunkali uyqusizlikka sababchi bo‘ladi. Bular – maniakal-depressiv psixozning maniakal bosqichi, xavotirli-fobik sindrom, tunda qo‘zg‘aydigan “bezovta oyoqlar” sindromi, nevrogen qichima, astma, yo‘tal, buyrak va jinsiy a’zolar kasalliklari va h.k. Bu tarzda davom etuvchi tungi uyqusizliklar bemorni juda xolsiz qilib qo‘yadi, u parishonxotir, jizzaki va o‘ta loxas bo‘lib qoladi. Bu holat, albatta, asosiy kasallikning kechishiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Surunkali tarzda uyquni qochiruvchi dorilarni (psixostimulyatorlar, kofein) ist’emol qilib  yuradiganlarda ham insomniya kuzatilishini esda tutish lozim. Tamaki chekadiganlar ham doimo uyqu buzilishidan aziyat chekishadi. Ayniqsa, sigaretni kechqurunlari chekish tungi uyquni yo‘qotadi. Chunki, tamaki tarkibidagi nikotin uyquni qochiradi.

Chaqaloqlarda intrakranial jarayonlar uyqusizlik va ortiqcha yig‘loqilikka sabab bo‘ladi. Uxlamasdan tinmay yig‘layveradigan chaqaloqni obdon tekshirish zarur. Ko‘p hollarda chaqaloqning uxlamasdan yig‘layverishi ichning dam bo‘lishi va qorindagi og‘riqlar bilan bog‘liq.

Insomniyada davolash ushbu holatni yuzaga keltirib chiqargan asl sabablarni bartaraf etishdan boshlanadi. Buning uchun bemorning hayot tarzi, ya’ni oilaviy sharoiti, kasbi va ish faoliyati, tungi ishlari, ist’emol qilayotgan dorilari, mavjud kasalliklari, zararli odatlari (giyohvandlik, alkogolizm, ko‘p sigaret chekish) o‘rganib chiqiladi. Bemor bilan suhbatlashayotgan vrach uyqu qochishiga sababchi bo‘luvchi har qanday omilni (qarz oldi-berdilar va h.k.) o‘rganib chiqishi kerak. 

Uyqu buzilishlarini bartaraf etish dastlab bemor bilan psixoterapevtik suhbatlar o‘tkazishdan boshlanadi. Masalan, psixofiziologik tipdagi uyqu buzilishlarida (odatiy uyqu buzilishlari) uyquni normal holatga qaytarish uchun sog‘lom turmush tarziga rioya qilish tavsiya etiladi. Bular – vaqtida uxlash va turish, kechasi engil hazm bo‘luvchi ovqatlar ist’emol qilish, chekish va ichkilikdan voz kechish, qo‘rqinchli va hayojonli filmlar ko‘rmaslik (ayniqsa, bolalar), uyquga ketishdan oldin ko‘chada biroz sayr qilish, qahva va achchiq choy ist’emol qilmaslik, issiq dush qabul qilish yoki ikkala oyoqni iliq suvga solib o‘tirish va h.k. Ushbu qoidalarga amal qilinsa, uyquning biologik ritmi izga tushadi va uyqu qayta tiklanadi. Ba’zi odamlarda 3-4 kun uyqu qochsa vahimaga tushishadi, endi kasal bo‘lib qolaman, deb qo‘rqishadi. Buning natijasida uyqusizlik yana davom etadi. Bunday bemorlar bilan suhbatlashib, ularni tinchlantirish va uxlamaslikning odamga ziyoni yo‘qligini aytish kerak. Siz hozir uxlamayotgan ekansiz, demak miya buni hoxlamayapti, vaqti kelib uyqungiz yana tiklanadi va Siz uxlay boshlaysiz, kabi iboralar bilan bemor tinchlantiriladi. Unga darrov uxlatuvchi dorilar tavsiya etish shart emas. Masalan, bemorni quyidagi iboralar bilan tinchlantirish mumkin: “Uyqu go‘yoki yoningizda turgan qush. U sizniki va uzoqqa uchib ketmaydi. Unga qancha yaqinlashsangiz, u ham Sizdan shuncha uzoqlashaveradi. Ushbu qushga ega bo‘lishni istasangiz kaftingizni ochib indamay turing. Vaqti kelib uning o‘zi Sizning qo‘lingizga kelib qo‘nadi”. Albatta, bu iboralar uyqusi qochgan odamga katta ijobiy ta’sir ko‘rsatadi va vaqti kelib uning uyqusi tiklanadi.

O‘rta yoshdagilar uchun 6-8 soatlik (yoz oylarida 4-5 soat) tungi uyqu etarlidir. Yosh bolalar esa ko‘p uxlashadi. Keksalik davrida uxlash davri ancha qisqaradi. Agar qariyalar kam uxlashlariga shikoyat qilishsa, ularga buning tabiiy xol ekanligi tushuntiriladi. Aksincha, hadeb uyquga ketaveradigan qariyalarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish lozim. Yosh bolalarda kam uxlash biror bir kasallik alomati bo‘lsa, qariyalarda ko‘p uxlash qaysidir bir kasallik alomati bo‘lishi mumkin.  

Uyqusizlik uzoq davom etaversa, kuchli ta’sirga ega uyqu dorilariga o‘tish shart emas. Aksariyat hollarda engil toifadagi tinchlantiruvchi dorilarni kechqurun qabul qilish ham uyquni keltiradi. Masalan, kechasi 1 tabl. (25 mg) tsinnarizin ichib yotishning o‘zi etarli bo‘lishi mumkin. Nevroz va xavotirli-fobik sindromlar bilan bog‘liq uyqu qochishlarida kechasi 1 tabl. (25 mg) amitriptilin qabul qilish normal uyquni tiklaydi. Amitriptilinni bemor kam dozalarda kunduz kuni ham ichib yurishi mumkin. Engil nevrotik holatlarda uyqu keltirish uchun tarkibida valerian ekstrakti, arslonquyruq va brom saqlovchi dorilardan foydalaniladi. Qo‘shimcha ravishda bo‘yin-elka sohasiga natriy brom bilan elektroforez qilish, igna bilan davolash, iliq mineral vannalar qabul qilish va umumiy uqalashlar qo‘llaniladi.

Agar anksiolitiklar, sedativ dorilar va reflektor davolash muolajalari ko‘zlangan natijani bermasa, biroz kuchliroq ta’sirga ega uxlatuvchi dorilarga o‘tiladi. Bu maqsadda dastlab trankvilizatorlardan (tazepam, fenazepam) foydalaniladi. Ular doimiy tarzda emas, balki kam-kam kurslar bilan tavsiya etiladi. Masalan, uxlatuvchi dori 3-5 kun mobaynida yotishdan oldin ichishga buyuriladi. So‘ngra bemor 2-3 kun dori ichishni to‘xtatib, o‘zi uxlashga harakat qilishi kerak. Bu usul aksariyat hollarda tungi uyquni yana tiklaydi. Uxlatuvchi ta’sirga ega dorilar 19-jadvalda keltirilgan.

 

19–jadval

Uxlatuvchi ta’sirga ega dori vositalari (D.R. Shtulman, O.S. Levin, 2008)

Farmakologik nomi

Firma bo‘yicha nomlanishi

Dozasi, mg

Qisqa muddat ta’sir qiluvchi benzodiazepinlar

Midazolam

Dormikum

7,5 –15,0

Triazolam

Xaltsion

0,125 – 0,250

Uzoqroq muddat ta’sir qiluvchi benzodiazepinlar

Oksazepam

Tazepam

5 –10

Lorazepam

Merlit

1

Alprazolam

Ksanaks

0,5 –1

Bromazepam

Leksotan

1,5 –3,0

Flunitrazepam

Rogipnol

0,5 –1,0

Nitrazepam

Radedorm

5 –10

Uzoq ta’sir qiluvchi benzodiazepinlar

Flurazepam

Benazil

15

Diazepam

Relanium

5 – 10

Xlordiazepoksid

Elenium

10

Fenazepam

fenazepam

0,25 – 1

Antidepressantlar

Amitriptilin

Triptizol

12,5 – 75

Agomelatin

Valdoksan

25 – 50

Mirtazapin

Remeron

7,5 – 30

Trazodon

Trittiko

25 – 100

Benzodiazepin retseptorlari agonistlari

Zolpidem

Ivadal

5 – 10

Zopiklon

Imovan, Somnol

3,75 – 7,5

Zaleplon

Andante, Sonata

5 – 20

Boshqa dorilar

Doksilamin

Donormil

15 – 30

Klometiazol

Geminevrin

600 – 900

Gidroksizin

Ataraks

10 – 50

Melatonin

Melaksen

1,5 – 3,0

Tsinnarizin

Tsinnarizin

25 – 50

Levomepromazin

Tizertsin

25 – 50

Izoh: Qariyalarga kam dozalarda buyuriladi.

 

Uxlatuvchi dorilar ichida benzodiazepinlar keng qo‘llaniladi. Uyquga ketish qiyin bo‘lgan holatlarda  qisqa muddat ichida ta’sir qiluvchi dorilar tavsiya etiladi. Uxlagandan keyin tez-tez uyg‘onib ketishlar va turli bezovtaliklarda uzoqroq muddat ta’sir etuvchi dorilar (tazepam, fenazepam, rogipnol, relanium) buyuriladi. Ruhiy kasalliklar bilan bog‘liq (endogen depressiyalar) insomniyalarda uxlatuvchi neyroleptiklar (tizertsin) albatta tavsiya etilishi kerak.

B) Gipersomniya.  Gipersomniya, ya’ni ortiqcha uyquchanlik juda ko‘p nevrologik, ruhiy va somatik kasalliklarda sababli rivojlanadi. Po‘stlog‘osti entsefalitlari (Ekonomo letargik entsefaliti), surunkali IKG, III qorincha va gipotalamus sohasi o‘smalari, vertebrobazilyar etishmovchilik, endokrin buzilishlar (gipotireoz), nerv sistemasi intoksikatsiyalari, toksik va metabolik entsefalopatiyalar gipersomniyaga sababchi bo‘ladi. Shuningdek, turli dorilarni qabul qilib yurish ham uyquchanlik holatlarini yuzaga keltiradi. Masalan, antikonvulsantlar, antidepressantlar (ayniqsa, amitriptilin), antigistamin dorilar (ayniqsa, pipolfen), neyroleptiklar (ayniqsa, tizertsin, aminazin) qabul qilib yuradiganlarda kunduz kunlari ham uyqu bosaveradi. Demak, insomniyaga qaraganda gipersomniya holati ko‘p uchraydi va uning sabablari ko‘p. Ba’zi odamlar qattiq stress yoki qurquvdan keyin bir necha kunlab uyquga ketadi. Shizofreniyaning ba’zi turlarida ham uyquchanlik ko‘p kuzatiladi.

Endi gipersomniyaning turli klinik ko‘rinishlari bilan tanishib chiqamiz.

Idiopatik gipersomniya – kunduz kuni uyqu bosishi bilan namoyon bo‘ladigan patologik sindrom. Gipersomniya monosimptom sifatida namoyon bo‘ladi, ya’ni boshqa nevrologik va psixotik buzilishlar kuzatilmaydi. Ular tunda qattiq uyquga ketadi va ertalab uyg‘otmasa, kunduzi soat 12 gacha uxlab qolishadi. Sababi noaniq bo‘lgan ushbu sindrom, ko‘proq yoshlarda kuzatiladi. Bu holatni pasaytirish uchun psixostimulyatorlar tavsiya etiladi yoki kunduz kungi jismoniy mehnatga jalb etiladi.

Narkolepsiya – kunduz kuni to‘satdan uxlab qolish, muskullar tonusining birdan yo‘qolishi va keskin psixoemotsional buzilishlar bilan namoyon bo‘luvchi patologik sindrom. Har qanday yoshda kuzatiladigan bu sindromning etiopatogenezi to‘la o‘rganilmagan. Uning kelib chiqishida asosiy urg‘u nasliy omillarga beriladi.

Narkolepsiya kunduz kunlari kuchli darajada uyqu bosishi, katapleksiya, gipnogogik holatlar, nutq buzilishlari (gapira olmay qotib qolish) va kuchli emotsional reaktsiyalar (xoxolab kulib yuborish, yonidagi odamga ajablanib yoki o‘ta qahr ila qarash) bilan namoyon bo‘ladi. Shunday bo‘lsa-da, ular birovga tan jarohati etkazishmaydi. Bu holat bir necha daqiqalar yoki soatlar davom etib o‘tib ketadi. Shu bois uni isterik xurujlar bilan adashtirishadi va diagnostik xatoliklar sababchisi bo‘ladi. Katapleksiya – muskullar tonusining birdan yo‘qolishi bilan namoyon bo‘luvchi holat. Shu sababli bemor yiqilib tushadi va bir necha soniya (yoki daqiqalar) mobaynida oyoq-qo‘llarini qimirlata olmay yotadi. Biroq uning xushi saqlangan bo‘ladi. Agarda katapleksiya jag‘ muskullarida ro‘y bersa, bemorning pastki jag‘i osilib qoladi. Bunday holatlar, ko‘pincha qattiq kulganda ro‘y beradi.

Narkolepsiyada kunduz kungi gipersomniya kuzatilsa-da, kechasi tez-tez uyg‘onib ketishlar ro‘y berib turadi. Agar bemor uyg‘onib qolsa, ko‘zini ochadi-yu, oyoq-qo‘llarini qimirlata olmay yotadi. Bunday holatlar qattiq qo‘rqib uyg‘onib ketgan sog‘lom shaxslarda ham kuzatilib turadi (ayniqsa, o‘smirlarda).

Tashxis kasallikka xos klinik simptomlar, uning kechishi va polisomnografiya tekshiruvlari yordamida qo‘yiladi. Narkolepsiyani bartaraf etish birmuncha qiyin bo‘lib, har doim ko‘zlangan natijalarni beravermaydi. Narkolepsiya patogenezi noaniqligi bois, simptomatik terapiyadan foydalaniladi. Kunduz kungi uyquchanlikni pasaytirish uchun psixostimulyatorlar, psixotik buzilishlarni kamaytirish uchun antidepressantlar (fluoksetin, prozak) tavsiya etiladi. Spirtli ichimliklar ist’emol qilish, to‘yib ovqatlanish, og‘ir ishlarda ishlash taqiqlanadi. Stressli vaziyatlardan asranish lozim. Engil holatlarda o‘z-o‘zidan tuzalib ketish ro‘y beradi.

Uyqu paytidagi apnoe – uxlab yotgan odamda 10 soniya mobaynida nafas to‘xtashi bilan namoyon bo‘luvchi holat. Uyqu paytidagi apnoe (UPA) sabablari bir qancha. Ular limbiko-retikulyar kompleks disfunktsiyasini yuzaga keltiruvchi patologik holatlar, ya’ni surunkali alkogolizm, giyohvandlik, gipotireoz, semizlik, nafas olish markazi faoliyatini susaytiruvchi dorilar, toksinlar, metabolitlar va h.k. UPA shuningdek, yuqori nafas yo‘llari kasalliklari, ya’ni burun bo‘shlig‘idagi to‘siqlar, surunkali rinit, etmoidit, tonzillit, faringit, laringit, bronxitlarda ham ko‘p kuzatiladi. Bu holat bolalarda ko‘proq uchraydi.

UPA klinikasi quyidagi simptomlardan iborat. Nafas olish ritmi buzilishidan tashqari, chuqur-chuqur shovqinli nafas olib uxlash, kuchli xurrak otish, uyqu paytidagi bezovtaliklar va tez-tez uyg‘onib ketishlar ro‘y beradi. Bu holat, albatta bosh miyada venoz qon aylanish sistemasida turg‘un holatlarni yuzaga keltiradi, likvor aylanishiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Bunday odamlar ertalab boshi og‘ir bo‘lib, yuz-ko‘zlari biroz shishib, uyqudan qoniqmay uyg‘onishadi. Kunduz kuni esnab lanj bo‘lib yurishadi. Hadeb esnayverish – miyada gipoksiya belgisidir. UPA va tinmay xurrak otishlar ishemik gipoksiya va surunkali tserebrovaskulyar buzilishlarni kuchaytiradi. Ayniqsa, arterial gipertenziya, ateroskleroz, yurak aritmiyasi, yurak klapanlari etishmovchiligi bilan og‘rigan bemorlarda UPA paytida ishemik insult ro‘y berishi yoki YuIK ko‘zishi mumkin. Spirtli ichimliklarni ist’emol qilib mast holatda uxlab qolganlarda tunda ro‘y beradigan ishemik insultlar, ko‘pincha, UPA paytida kuzatiladi. Chunki, alkogol nafaqat giperkoagulyatsiya, gipoksiya va ishemiya holati, balki nafas olishda ishtirok etuvchi yuqori nafas muskullari tonusini ham pasaytiradi. Shu sababli mast holatda uxlab qolganlarda xurrak otish kuchayib ketadi.   Demak, UPA va tinmay xurrak otishlarni ishemik insultga olib keluvchi xatarli omillar sirasiga kiritish mumkin.

UPA ni bartaraf etish bir qator tadbirlarlarni amalga oshirishdan boshlanadi. Dastlab kasallik sababi aniqlanadi. Yuqori nafas yo‘llari kasalliklari aniqlansa, ular bartaraf etiladi. Spirtli ichimliklarni ist’emol qilish to‘xtatiladi, ortiqcha tana vazni me’yorga keltiriladi, yurak-qon tomir kasalliklari davolanadi va h.k. Shuningdek, nafas olish faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi dorilarni qabul qilish cheklanadi. Agar bolalik davridayoq yuqori nafas yo‘llaridagi to‘siqlar bartaraf etilmasa, bola nimjon bo‘lib o‘sadi.

V) Parasomniya. Uyqu paytida ro‘y beradigan turli xil psixomotor qo‘zg‘alishlarga parasomniya deb aytiladi. Bu qo‘zg‘alishlar epileptik xususiyatga ega emas. Uni tungi epileptik xurujlar bilan adashtirmaslik kerak. Parasomniyalarga uyqu paytida oyoq-qo‘llar, bosh va tanani qimirlatib yotish, titrab ketish, tishlarni g‘ijirlatish, tungi qo‘rquvlar va turib yurishlar, katapleksiya (oyoq-qo‘llarning qimirlamay qolishi) kiradi. Bunday holatlar sog‘lom odamlarda ham kuzatiladi va maxsus davolashni talab qilmaydi. Faqat tez-tez qo‘rqib uyg‘onishlar va psixomotor qo‘zg‘alishlarda yotishdan oldin sedativ dorilar yoki trankvilizatorlar tavsiya etiladi. 

 Professor Zarifboy Ibodullaev



Ctrl
Enter
Хато топдизнигзми?
Матнни танланг ва Ctrl+Enter тугмачаларини босинг
MUHOKAMALAR
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Hech qanday izoh yo‘q. Siz birinchi bo‘lishingiz mumkin!
Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив