O‘RTA NERV NEVROPATIYaSI
Etiologiyasi. O‘rta nerv (n. medianus) elka va tirsak suyaklari jarohatlarida ko‘p zararlanadi. Shuningdek, qo‘l mehnati bilan shug‘ullanuvchi kasb egalari, ayniqsa, duradgor, temirchi va o‘ymakorlarda o‘rta nerv ko‘p zararlanadi. Shuningdek, kubital venaga in’ektsiya qilish paytida ham bu nerv zararlanishi mumkin.
Klinikasi. O‘rta nerv innervatsiya qiladigan sohada kauzalgiya tipidagi kuchli og‘riqlar, gipesteziya, muskullar atrofiyasi va kuchli vegetativ buzilishlar kuzatiladi. Bemor qo‘lini musht qila olmaydi, bosh va ko‘rsatkich barmoqlari bukilmaydi, 1- va 5-barmoqlar uchini bir-biriga tegiza olmaydi. Bilakni pronatsiya qilish qiyinlashadi. Bosh barmoq muskullari (tenar) atrofiyaga uchraydi va buning oqibatida kaft juda silliqlashib qoladi. M. opponens atrofiyasi sababli 1-barmoq osilib qolgan barmoqlar qatorida turadi. Kaftdagi bu o‘zgarishlar sababli qo‘l panjasi xuddi maymun panjasiga o‘xshab qoladi (5.5-rasm).
5.5-rasm. Bilak (1), tirsak (2) va o‘rta (3) nerv zararlanishi belgilari.
Sezgi buzilishlari og‘riq kuzatiladigan joylarga qaraganda kamroq joyni egallaydi. Chunki teri innervatsiyasi saqlanib qolgan boshqa nervlar hisobiga qoplanadi. Qo‘l panjasining radial yuzasi va 1-, 2-, 3-barmoqlar hamda 4-barmoq yarmining kaft yuzasida gipesteziya kuzatiladi.
Professor Zarifboy Ibodullaev