Yangiliklar Ibodullayev ensiklopediyasi UMURTQA POG‘ONASINING UMUMIY TUZILIShI

UMURTQA POG‘ONASINING UMUMIY TUZILIShI


Umurtqa pog‘onasi bir-birining ustida joylashgan 24 ta umurtqa suyagidan (keyinchalik umurtqa) tashkil topgan. Umurtqa pog‘onasining o‘rtasida umurtqa kanali joylashgan bo‘lib, undan orqa miya o‘tadi.

Ushbu rasmdan ko‘rinib turganidek, umurtqa pog‘onasi bo‘yin va bel qismlarida yoysimon shaklda biroz oldinga, ko‘krak qismida esa orqaga egilgan bo‘ladi. Umurtqa pog‘onasining fiziologik egilishlari sagital tekislikdan qarab aniqlanadi (4.1-rasm).

 

4.1-rasm. Sog‘lom odamning umurtqa pog‘onasi va spinal nervlar.

 

Bo‘yin lordozi – barcha bo‘yin umurtqalari va 1-ko‘krak umurtqasining biroz oldinga egilishi. Ol­dinga egilgan bo‘yin umurtqalarining eng bo‘rtib turgan qismi S5 va S6 umurtqalarga to‘g‘ri keladi.

Ko‘krak kifozi – umurtqa pog‘onasi ko‘krak qismining biroz orqa tomonga egilishi. Maksimal egilish Th5–Th6 umurtqalarga to‘g‘ri keladi. Sog‘lom odamda kifoz faqat umurtqa pog‘onasining ko‘krak qismida bo‘ladi va u sagital tekislikka nisbatan 40° dan oshmaydi. Agar kifoz bu ko‘rsatkichdan oshsa, patologiya hisoblanadi. Shuningdek, kifozning bo‘yin va bel qismida aniqlanishi ham patologiyadir.

Bel lordozi – umurtqa pog‘o-nasining bel qismida biroz oldinga egilishi. Bel lordozini Th11–Th12 va L1–L5 umurtqalari hosil qiladi (4.2-rasm).

Bo‘yin va bel lordozi sagital te­kislikka nisbatan 40° dan oshsa, bun­ga giperlordoz deyiladi. Agar bo‘yin va bel lordozi yaxshi rivojlanmagan bo‘lsa, bu holat silliq orqa sindromi deb aytiladi.

Umurtqa pog‘onasining 4 qismi farqlanadi: bo‘yin, ko‘krak, bel va dumg‘aza. Umurtqa pog‘onasining bo‘yin qismi 7, ko‘krak qismi 12, bel qismi 5 ta umurtqadan iborat. Umurtqa pog‘onasining pastki qismida dumg‘aza suyagi joylashgan bo‘lib, u bir-biriga birikib ketgan umurtqalardan iborat yagona suyakdir.

 

4.2-rasm. Sog‘lom odamda umurtqa pog‘onasi 5-simon shaklga ega. 

  1. Umurtqa pog‘onasining bo‘yin qismi. Umurtqa pog‘onasining bo‘yin qismi 7 ta umurtqa suyagidan tashkil topgan bo‘lib, bo‘yinning old tomoniga qarab biroz egilgan bo‘ladi. Bo‘yin qismi umurtqa pog‘onasining eng harakatchan qismidir. Birinchi bo‘yin umurtqasiga atlant, ikkinchi bo‘yin umurtqasiga aksis deb aytiladi.

 4.3-rasm. Umurtqa pog‘onasining fiziologik egilishlari.

  

Atlant va aksisning tuzilishi boshqa bo‘yin umurtqalaridan kes­kin farq qiladi va juda harakatchan bo‘ladi. Aynan mana shu umurtqalar hisobiga odam boshini turli tomonlarga harakatlantiradi. Atlantning tanasi bo‘lmaydi. U oldingi va orqa yarim aylanasimon suyaklardan (ravoqlar) tashkil topgan (4.4-rasm).

 

4.4-rasm. Birinchi bo‘yin umurtqasi (atlant). Yuqoridan ko‘rinishi. 1-tuberculum posterius; 2-arcus posterior; 3-foramen vertebrale; 4-sulcus arteriae vertebralis; 5-fovea articularis superior; 6-foramen transversarium; 7-processus transversus; 8-massa lateralis; 9-fovea dentis; 10-tuberculum anterius; 11-arcus anterior.

 

Aksisning oldingi qismida bo‘rtib turgan tishsimon o‘siqcha bor. Ushbu tishsimon o‘siqcha atlantning yon teshigiga kirib turadi va atlantning o‘z o‘qi atrofida aylanishi, ya’ni boshning turli tomonlarga qayrilishini ta’minlaydi. Bo‘yin umurtqalari, ya’ni S3–S6 umurtqalarning ko‘ndalang o‘siqchalaridagi teshikdan umurtqa arteriyasi (a. vertebralis) o‘tadi. Shu bois, bu teshikni canalis vertebralis deb atashadi. Atlant va aksisda bunday teshik yo‘q.

Umurtqa pog‘onasining bo‘yin qismi eng ko‘p jarohatlanadigan sohadir. Bo‘yin osteoxondrozida degenerativ jarayonlar bo‘yin qismining pastki umurtqalarida ko‘p kuzatiladi. Umurtqalararo disklar (keyinchalik disklar) degeneratsiyasi S5–S6, S6–S7 orasidagi disklarda ko‘p uchraydi.

 

4.5-rasm. Bo‘yin umurtqalari va magistral arteriyalar topografiyasi. 

  1. Umurtqa pog‘onasining ko‘krak qismi. Umurtqa pog‘onasining ko‘krak
    qismi 12 ta umurtqadan iborat bo‘lib, u kamonsimon shaklda orqaga biroz egilgan bo‘ladi.

Bunga fiziologik kifoz deb aytiladi. Ko‘krak umurtqalari ko‘krak qafasining orqa devorini hosil qiladi. Ko‘krak umurtqalari tanasi va ko‘ndalang o‘siqchalariga qovurg‘alarning orqa qismi birikadi. Qovurg‘alarning oldingi qismi to‘sh suyagiga (sternum) tutashadi. Umurtqa pog‘onasining ko‘krak qismida umurtqalararo yoriq past bo‘ladi. Shu sababli umurtqa pog‘onasining bu qismida harakat chegaralangan. Ko‘krak umurtqalariga qovurg‘alar birikkanligi ham ularning harakatini chegaralaydi. Umurtqa kanali ham bu sohada ingichkadir. Shu bois, bu sohada kuzatiladigan o‘smalar va disk churralari orqa miya va uning ildizchalarini darrov ezib qo‘yadi.

  1. Umurtqa pog‘onasining bel qismi. Umurtqa pog‘onasining bel qismi 5 ta yirik umurtqadan iborat (4.6-rasm).

Ba’zi odamlarda 6 ta bel umurtqasi bo‘lib, bu holatga lyumbalizatsiya deb aytiladi. Buning sababi – birinchi dumg‘aza umurtqasining bel umurtqalari tarkibiga o‘tishidir. Natijada bel umurtqalari 6 ta, dumg‘aza umurtqalari esa 4 ta bo‘lib qoladi. Umurtqa pog‘onasining bel qismi yuqoridan kamharakatchan ko‘krak qismi, pastdan umuman harakatlanmaydigan dumg‘aza qismi bilan birlashgan. Gavdaning asosiy og‘irligi umurtqa pog‘onasining bel qismiga, aniqrog‘i, uning pastki umurtqalariga (L4– L5) tushadi. Shuning uchun ham bu sohada disk churrasi ko‘p uchraydi.

 

4.6-rasm. Umurtqa pog‘onasining bel qismi va dumg‘aza. 

  1. Umurtqa pog‘onasining dumg‘aza qismi. Umurtqa pog‘onasining dumg‘aza qismi 5 ta umurtqadan iborat bo‘lib, ular 18–25 yoshlarga kelib o‘zaro tutashib, bitib ketadi. Buning natijasida bir butun yagona suyak, ya’ni dumg‘aza suyagi (os sacrum) shaklla­nadi (4.7-rasm). Ayollar dumg‘azasi erkaklarnikiga qaraganda kalta, keng va yassi bo‘ladi.

Dumg‘aza umurtqalarining o‘zaro birlashib ketishi odamning filogenetik rivojlanish davrida gavda og‘irligining, asosan, dumg‘aza umurtqalariga tushishi bilan bog‘liq. Dumg‘aza suyagining tepa qismi, ya’ni S1 umurtqa tog‘ay to‘qimalari yordamida L5 umurtqaga birlashadi. Ba’zi odamlarda L5 umurtqa dumg‘aza suyagiga qo‘shilib ketadi va bel umurtqalari soni 4 ta, dumg‘aza umurtqalari so­ni 6 ta bo‘lib qoladi. Beshinchi bel umurtqasining dumg‘aza umurtqalari tarkibiga qo‘shilishiga sak­ralizatsiya deb aytiladi.

 

4.7-rasm. Dumg‘aza.

 

A - dumg‘aza (oldindan ko‘rinishi):

1 - basis ossis sacri; 2 - lineae transversae; 3 - apex ossis sacri; 4 - for. sacralia anteriora; 5 - pars laieralis.

B - dumg‘aza (orqadan ko‘rinishi):

1 – processua articulares superiores; 2 - canalis sacralis; 3 - facies auricularis; 4 - crista sacralis lateralis; 5 - crista sacralis intermedia; 6 - hiatus sacralis; 7 - for. sacralia dorsalia; 8 - cristasacralis mediana. V - dum: 1 - cornua coccygea; 2 - vertebrae coccygeae.

 

Dumg‘azaning ikkala yon qismida quloqsimon yuzalari bo‘lib, ular yordamida dumg‘aza tos suyagi bilan birlashadi. Dumg‘aza suyagining o‘rtasida dumg‘aza kanali (canalis sacralis) joylashgan bo‘lib, u umurtqa kanalining davomi hisoblanadi (4.8-rasm).

Dumg‘aza kanalining yon tomonlarida 4 juft teshik (foramina intervertebmlia) joylashgan. Bu teshiklar dumg‘azaning oldingi (foramina anteriora sacralia) va orqa teshiklari (foramina sacralia dorsalia) bilan tutashadi. Bu teshiklar ham 4 juftdan iborat. Dumg‘aza kanalida joylashgan ot dumining sakral qismi ildizchalari foramina intervertebmlia ga kirib, dumg‘azaning oldingi va orqa teshiklaridan chiqadi. Dumg‘azaning oldingi teshiklaridan chiquvchi ildizchalar (S1–S4) quymich nervini (n. ischiadicus) hosil qilishda ishtirok etadi. Dumg‘aza kanalining pastki qismi ham teshik (hiatus sacralis) bilan tugaydi.

Dum suyagi. Dumg‘azaning pastki qismiga dum suyagi (os coccygiss) birlashgan bo‘lib, u rivojlanmay qolgan umurtqalardan iborat. Dum suyagining 1-umurtqasi dumg‘aza uchiga qo‘shilgan. Dum suyagining ikkala yon shoxi bo‘g‘im hosil qilib, dumg‘aza o‘siqchalariga birikib ketgan.

Endi umurtqa pog‘onasini tashkil qiluvchi anatomik tuzilmalar to‘g‘risida to‘xtalib o‘tamiz.

Umurtqa suyagi tuzilishi. Umurtqa pog‘onasini hosil qiluvchi suyakka umurtqa deb aytiladi (4.9-rasm).

 

4.9-rasm. Umurtqa suyagi va uning o‘siqchalari.

 

Umurtqaning oldingi qismi tsilindr shakliga ega bo‘lib, umurtqa tanasi (corpus vertebrae) nomini olgan. Gavdaning asosiy og‘irligi umurtqa tanasiga tushadi. Umurtqaning orqa qismi yarim aylanasimon suyakdan iborat bo‘lib, unga umurtqa ravog‘i (arcus vertebrae) deyiladi. Umurtqaning bar­cha o‘siqchalari umurtqa ravog‘idan chiqadi: o‘tkir qirrali o‘siqcha (processus spinosus), bir juft ko‘ndalang o‘siqcha (processus transversus), ustki va past­ki bo‘g‘imli o‘siqchalar (processus articularis superior et inferior). Bo‘g‘imli o‘siqchalar fasetkali o‘siqchalar (sinonimlari: ravoq o‘siqchalari, bo‘g‘imli o‘siqchalar) deb ham ataladi. Bu o‘siqchalar umurtqa ravog‘ining ikkala yon tomonida simmetrik tarzda joylashgan bo‘lib, ular ikkala umurtqani (ustki va pastki) bir-biriga biriktirib turadi.

O‘tkir qirrali va ko‘ndalang o‘siqchalarga muskullar va umurtqa pog‘onasi boylamlari birikadi, bo‘g‘imli o‘siqchalar esa fasetkali bo‘g‘imlarni hosil qilishda ishtirok etadi. Fasetkali o‘siqchalar umurtqa suyaklarining bir-biriga nisbatan harakatini ta’minlashda bevosita ishtirok etadi (4.10-rasm).

 

4.10-rasm. Fasetkali o‘siqchalar va umurtqa suyagining yuqoriga va pastga harakati.

  

Bo‘g‘imli (fasetkali) o‘siqchalarning birikishidan hosil bo‘lgan bo‘g‘imga fasetkali bo‘g‘im deb ayti­ladi (4.11-rasm).

 

4.11-rasm. Fasetkali bo‘g‘im.

 

Bo‘g‘imli o‘siqchalar yuzasi tog‘ay to‘qima bilan qoplangan. Fasetkali bo‘g‘imning tog‘ay to‘qimasi yumshoq, silliq va sirpanchiq bo‘ladi. Ushbu bo‘g‘im biriktiruvchi to‘qimadan iborat germetik qopcha bilan o‘ralgan va unga bo‘gim kapsulasi deb aytiladi. Bo‘g‘im kapsulasining ichki yuzasi (sinovial membrana) sinovial suyuqlik ishlab chiqaradi. Sinovial suyuqlik bo‘g‘im to‘qimalari ozuqasi va harakatlanishi uchun o‘ta muhim vazifani o‘taydi. Spondiloartrozda, asosan, fasetkali bo‘g‘imlar zararlanadi.

Umurtqalararo (foraminal) teshik. Umurtqa tanasi bilan uning lateral o‘siqchalari orasida paydo bo‘lgan va umurtqa pog‘onasining ikkala yon tomonida joylashgan teshikka umurtqalararo yoki foraminal teshik deb aytiladi.

Foraminal teshiklar orqali umurtqa kanalidan spinal ildizchalar va venalar chiqadi, arteriyalar esa umurtqa kanaliga kiradi. Umurtqa tanasi bilan uning ravog‘i o‘rtasida umurtqa teshigi (foramen vertebrale) bor. Bir-birining ustida joylashgan umurtqa suyaklari umurtqa pog‘onasini hosil qiladi. Uning o‘rtasidagi umurtqa teshiklari esa umurtqa kanalini (canalis vertebralis) shakllantiradi. Umurtqa kanalida orqa miya va uning ildizchalari joylashgan (4.12-rasm).

 

4.12-rasm. Umurtqa kanali, foraminal teshiklar va orqa miyaning joylashuvi.

 

Umurtqa pog‘onasi boylamla­ri. Umurtqalarni bir-biri bilan mustahkam bog‘laydigan pay tolalariga o‘xshash boylamlar mavjud bo‘lib, ular turli harakatlar payti­da umurtqalarning bir-biriga nisbatan ortiqcha siljib ketishiga yo‘l qo‘ymaydi. Umurtqa kanalida umurtqa tanasining orqa tomoni bo‘ylab orqa uzun boylam (lig. longitudinale posterius) o‘tgan (4.13-rasm).

 

4.13-rasm. Umurtqa pog‘onasi boylamlari.

 

Orqa uzun boylam bo‘yinning 2-umurtqasi (S2) tanasidan boshlanib, dumg‘azaning birinchi umurtqasiga (S1) etmasdan tugaydi. Umurtqa tanasining oldingi yuzasi bo‘ylab oldingi uzun boylam (lig. longitudinale anterius) o‘tadi. U atlantning oldin­gi ravog‘i bo‘rtig‘idan boshlanib, pastga tushib keladi va dumg‘aza suyagining tos yuzasida tugaydi. Oldingi uzun boylam orqa uzun boylamning antagonistidir. Orqa uzun boylam umurtqa kanali ichiga diskning siljib tushishiga to‘sqinlik qilsa, oldingi uzun boylam umurtqa pog‘onasining orqaga haddan ziyod bukilib ketishiga yo‘l qo‘ymaydi.

Umurtqa kanalida umurtqa ravog‘ining ichki qismi bo‘ylab joylashgan uzun boylam esa sariq boylam nomini olgan. Sariq boylam sariq pigmentga ega bo‘lganligi uchun ham shu nom bilan ataladi. Orqa uzun boylam umurtqa tanalarini, sariq boylam esa umurtqa ravog‘ini bir-bi­ri bilan bog‘lab turadi va umurtqa pog‘onasi uchun tayanch vazifasini o‘taydi. Umurtqalararo disk parchalansa va umurtqa bo‘g‘imlari zararlansa, umurtqa boylamlari gipertrofiyaga uchraydi. Orqa uzun boylam va sariq boylamning gipertrofiyasi umurtqa kanalining torayishiga sabab bo‘ladi. Umurtqa kanalining torayishiga umurtqa kanali stenozi deb aytiladi. Umurtqa kanali stenozida kanal ichida joylashgan orqa miya, uning ildizchalari va qon tomirlar siqiladi (4.14-rasm).

 

4.14-rasm. Umurtqa pog‘onasi kanali.

 

Umurtqa kanali tomon o‘sgan osteofitlar va medial disk churralari ham umurtqa kanali stenoziga olib keladi. Umurtqa kanalini faqat operativ yo‘l bilan kengaytirish mumkin.

Umurtqalararo disk

Umurtqalararo disk yassi dumaloq shaklga ega bo‘lib, u umurtqalar orasida joylashgan. Bo‘yinning 1-(atlant) va 2-(aksis) umurtqalari orasida disk yo‘q, chunki atlantning tanasi bo‘lmaydi. Bo‘yinning 2- va 3-umurtqalari orasidan boshlab pastdagi barcha umurtqalar orasida disk bo‘ladi. Disklar pastga tushgan sayin qalinlashib va yo‘g‘onlashib boradi. Umurtqalararo oxirgi disk L5–S1 orasida joylashgan. Dumg‘aza umurtqalari orasida disklar 17 yoshgacha bo‘ladi va keyin bitib yo‘qolib ketadi. Dum umurtqalari orasida disk bo‘lmaydi.

Disk umurtqalarni bir-biri bilan bog‘lab turadi va ular orasida amortizatsiya vazifasini o‘taydi. Disk qon tomirlarga ega emas, u diffuz yo‘l bilan oziqlanadi. Diskning tashqi qismini simpatik tolalarga boy sinuvertebral nerv (n.sinuvertebralis) innervatsiya qiladi. Disk 2 qismdan iborat: 1) pulpoz yadro (nucleus pulposus); 2) fibroz halqa (annulus fibrosus) (4.15-rasm).

 

4.15-rasm. Umurtqalararo disk tuzilishi.

 

A) Pulpoz yadro. Pulpoz yadro diskning o‘rtasida joylashgan bo‘lib, uni fibroz halqa tolalari o‘rab turadi. Pulpoz yadro ellips shakliga ega. Uning tarkibida biriktiruvchi va tog‘ay to‘qima hujayralari hamda kollagen tolalar mavjud. Pulpoz yadro mukopolisaxaridlar, gialuron kislotasi, proteinlar va boshqa shu kabi bir qator mikroelementlarga boy. Pulpoz yadro gidrofil to‘qimadir, ya’ni u suyuqlikni diffuz yo‘l bilan o‘ziga shimish xususiyatiga ega. Suyuqlik konsistentsiyasi xuddi bo‘g‘imlardagi si­novial suyuqlikka o‘xshaydi. Bolalik va o‘smirlik davrida pulpoz yadro o‘z tarkibida juda ko‘p miqdorda suyuqlik saqlaydi, katta yoshdagilarda esa undagi suyuqlik miqdori kamaya boradi. Masalan, chaqaloqlarda pulpoz yadro o‘z tarkibida 85–90 %, yoshi kattalarda esa 65–70 % suyuqlik saqlaydi. Yosh o‘tgan sayin pulpoz yadro hajmi kichraya boradi. Masalan, 50 yoshdan keyin odamning bo‘yi pasayib borishi (ba’zida 7–8 sm ga) ham shu jarayon bilan bog‘liq. Pulpoz yadro o‘z shaklini o‘zgartirib turadi: odam tik turganda ellips shaklidagi disk yanada yassilashadi, gorizontal holatda biroz dumaloq shaklni oladi.

B) Fibroz halqa. Pulpoz yadroni biriktiruvchi to‘qima tolalaridan iborat qatlam o‘rab turadi. Bu tolalar elastik xususiyatga ega. Xuddi arqon tolalari kabi bir-biri bilan o‘ralashib ketgan bu halqaga fibroz halqa deb aytiladi. Fibroz halqa o‘ta mustahkam bo‘lib, pulpoz yadroni markazda ushlab turadi va uning yon tomonlarga siljib chiqishiga hamda umurtqalarni o‘z o‘rnidan silji­shiga yo‘l qo‘ymaydi. Fibroz halqaning markaziy tolalari pulpoz yadroning kapsulasini tashkil qiladi, periferik tolalari esa umurtqa kanalining oldingi devorini hosil qiluvchi orqa uzun boylam bilan tutashadi. Oldingi uzun boylam esa fibroz halqa tolalari bilan birikmasdan umurtqa tanasi bilan qo‘shilib ketadi.

Umurtqa pog‘onasi osteoxondrozida degenerativ-distrofik o‘zgarishlar pulpoz yadroda ham, fibroz halqada ham ro‘y beradi. Bu jarayon pulpoz yadro­ning suvsizlanishi, egiluvchanlik xususiyatining yo‘qolishi va mo‘rtlashib borishi bilan kechadi. Fibroz halqa tolalari ham elastikligini yo‘qotadi va mo‘rtlashadi, ularda yoriqlar va chandiqlar paydo bo‘ladi. Buning oqibatida fibroz halqa patologik o‘zgargan pulpoz yadroni markazda ushlab tura olmay­di va paydo bo‘lgan yoriqlardan siljib tashqariga chiqadi. Agar odam birdan og‘ir narsa ko‘tarsa pulpoz yadro parchalanib, fibroz halqa yirtilib ketadi va unda paydo bo‘lgan katta yoriqlardan pulpoz yadro siljib umurtqa kanaliga tushadi. To‘satdan paydo bo‘lgan disk churrasi ana shunday rivojlanadi.

Odam ko‘taradigan yukning og‘irlik darajasi gavdani oldinga engashtirsa bir necha barobarga oshadi va ularning diskka ko‘rsatadigan bosimi ham oshib ketadi. Odam og‘ir narsani har doim oldinga engashib ko‘taradi. Shu­ning uchun ham disk churrasi ko‘pincha engashib yuk ko‘tarayotganda ro‘y beradi.

Orqa miya, uning pardalari va spinal ildizchalar. Markaziy nerv sistemasining umurtqa kanali ichida joylashgan qismi orqa miya deb aytiladi (4.16-rasm).

  

4.16-rasm. Orqa miya, uning pardalari va spinal ildizchalar.

 

Orqa miyaning yuqori qismi birinchi bo‘yin umurtqasiga (atlantga) to‘g‘ri keladi, pastki qismi esa ikkinchi bel umurtqasiga etmasdan tugaydi. Orqa miya 3 ta parda bilan qoplangan: qattiq (dura mater), o‘rgimchak to‘risimon (arachnoidea) va yumshoq (pia mater). Qattiq parda biriktiruvchi to‘qimadan iborat bo‘lib, germetik tuzilishga ega. U orqa miya va spinal ildizchalarni tashqi tomondan qoplab turadi. Qattiq parda bilan umurtqa orasidagi bo‘shliq epidural bo‘shliq deb yuritiladi. Epidural bo‘shliq yog‘ qatlami va venoz chigallarga boy. Qattiq parda ostidagi bo‘shliqqa subdural bo‘shliq deb aytiladi. Demak, subdural bo‘shliq qattiq parda va araxnoidal pardalar orasida joylashgan.

Araxnoidal va yumshoq pardalar orasida subaraxnoidal bo‘shliq joylashgan bo‘lib, unda likvor aylanadi. Yumshoq parda qon tomirlarga boy va u orqa miyani bevosita o‘rab turadi. Ushbu to‘qimalar va spinal ildizchalar umurtqa kanali ichida joylashgan. Spinal ildizchalar umurtqa kanalidan foraminal teshiklar orqali chiqadi. Spinal ildizchalar tanani segmentar innervatsiya qiladi, ya’ni har bir segment tananing ma’lum bir qismi uchun javob beradi. Masalan, orqa miyaning bo‘yin qismi segmentla­ri – kraniotservikal sohani va qo‘llarni, ko‘krak segmentlari – ko‘krak va qorin sohasini, bel va dumg‘aza segmentlari – bel-dumg‘aza sohasi va oyoqlarni innervatsiya qiladi.

Tanadagi segmentar tipdagi buzilishlarni aniqlab, umurtqa pog‘onasi va orqa miyaning qaysi sohasi zararlanganini bilib olish mumkin. Buning uchun spinal ildizchalarning umurtqalar va tana qismlariga bo‘lgan topografiyasini aniq bilish zarur. Orqa miyaning bo‘yin va ko‘krakning yuqori seg­mentlari umurtqa suyaklaridan bir pog‘ona yuqorida, ko‘krakning o‘rta segmentlaridan 2 pog‘ona yuqorida, ko‘krakning pastki segmentlaridan (Th10, Thn, Th12) – 3 pog‘ona yuqorida joylashgan.

Paravertebral muskullar. Umurtqa pog‘onasi atrofida joylashgan muskullarga paravertebral muskullar deb aytiladi. Ular umurtqa pog‘onasining turli tomonlarga harakatini ta’minlaydi. Paravertebral muskullar umurtqa o‘siqchalariga birikadi. Muskullarning spastik qisqarishi nafaqat og‘riqlar bilan namoyon bo‘ladi, balki umurtqa pog‘onasining shaklini o‘zgartiradi, ya’ni skoliozni yuzaga keltiradi.

 Professor Zarifboy Ibodullaev



Ctrl
Enter
Хато топдизнигзми?
Матнни танланг ва Ctrl+Enter тугмачаларини босинг
MUHOKAMALAR
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Hech qanday izoh yo‘q. Siz birinchi bo‘lishingiz mumkin!
Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив