Uch shoxli nerv


Nerv haqida qisqacha ma’lumot. Uch shoxli nerv (n.trigeminus, V nerv) aralash nerv bo‘lib sezgi va harakat tolalaridan iborat. Biroq nervning eng katta qismini sezgi tolalari tashkil qiladi. V nervning sezgi tolalari yuz va boshning oldingi qismi terisi, og‘iz-burun bo‘shlig‘ining shilliq qavati hamda tishlarni innervatsiya qiladi (20-rasm).

 20-rasm. Uch shoxli nerv innervatsiya qiladigan sohalar

 

Tilning oldingi 3/2 qismida ta’m sezishni ham ushbu nerv ta’minlaydi. Harakat tolalari esa chaynov muskullarini (biroq mimik muskullar emas) innervatsiya qiladi.

Tekshirish usullari

    a) Sezgi funktsiyasini tekshirish;

     b) Ta’m bilishni tekshirish;

     v) Harakat funktsiyasini tekshirish;

     g) Reflekslarni tekshirish.

A. Sezgi funktsiyasini tekshirish

  • Shikoyatlarini o‘rganish. Dastlab bemordan yuz sohasida og‘riqlar bor-yo‘qligi so‘rab surishtiriladi. Odatda, bu nerv zararlanishi uchun bir zumda o‘tib ketuvchi tok urgandek lokal og‘riqlar xos. Og‘riqlar kuchli namoyon bo‘ladigan joylar trigger sohalar deb aytiladi.
  • Og‘riq sezgisini tekshirish. Og‘riq nuqtalarini aniqlash uchun uch shoxli nerv shoxchalari chiqadigan joylar bosib tekshiriladi (21-rasm).

a

b

v

21-rasm. Uch shoxli nervning birinchi (a-rasm), ikkinchi (b-rasm) va uchinchi (v-rasm) shoxchalari chiqadigan nuqtalarni bosib tekshirish. Bu nuqtalar Valle nuqtalari deb ataladi.

 

Bular for. supraorbitalis (1-shoxcha), for. Infraorbitalis (2-shoxcha) va for. mentalis (3-shoxcha). Bu paytda bemor ko‘zlarini yumib o‘tirishi kerak. Og‘riq sezgisi chap va o‘ng tomonda V nervning birinchi, ikkinchi va uchinchi shoxchalari innervatsiya qiladigan sohalarga nina sanchib tekshiriladi (22-rasm).

 

a

 

b

 

v

22-rasm. Uch shoxli nervning 1-shoxchasi (a-rasm), 2-shoxchasi (b-rasm) va 3-shoxchasi (v-rasm) innervatsiya qiladigan sohalarda og‘riq sezgisini tekshirish.

 

Normada sezish o‘tkirligi hamma joyda bir xil bo‘lishi kerak. Shuningdek, og‘riq sezgisi ichki, o‘rta va tashqi Zelder sohalarida ham tekshiriladi. Zelder sohalarida sezgi buzilishi V nervning miya ustunida joylashgan spinal yadrosi zararlanishida kuzatiladi.

  • Harorat sezgisini tekshirish. Bu maqsadda iliq va sovuq (biroq juda sovuq emas) suv solingan ikkita probirkadan foydalaniladi. Bemor ko‘zlarini yumib o‘tiradi. Ikkala probirka bir joyning o‘ziga ketma-ket tegizib bemordan “Qay biri iliq, qay biri sovuq” deb so‘raladi. Bemor ularning farqini aytib berishi kerak. Odatda og‘riq sezgisi buzilgan joyda harorat sezgisi ham buziladi. Shuning uchun tibbiy amaliyotda harorat sezgisi kam tekshiriladi.
  • Taktil sezgini tekshirish. Ushbu sezgi momiq paxta yordamida tekshiriladi. Bunda ham bemor ko‘zlarini yumib o‘tiradi. Tekshirish usuli xuddi og‘riq va harorat sezgilarini tekshirish qoidasi kabi olib boriladi. Paxta tekkan joylarga bemor “bir xil sezildi, sezilmadi, past sezildi” deb javob beradi.

B. Ta’m bilishni tekshirish. Ta’m bilish tilning oldingi 3/2 qismida tekshiriladi. Avval qog‘ozga nordon, shirin, sho‘r va achchiq degan so‘zlar katta harflar bilan yozib qo‘yiladi. Bemordan tilini chiqarib turish so‘raladi. Vrach tomizg‘ich orqali ma’lum ta’mga ega moddalarni tilning bir tomoniga tomizadi (23-rasm).

 23-rasm. Ta’m sezishni tekshirish usuli

Bemor tilini ichkariga tortmay turib qog‘ozda yozilgan ta’mlardan birini ko‘rsatib berishi kerak. Keyin bemor og‘zini suv bilan chayib tashlaydi. Vrach tilning ikkinchi tomonida boshqa ta’mga ega moddani tomizib ta’m bilishni tekshiradi. Demak, ta’m bilish tilning chap va o‘ng tomonlarida alohida-alohida tekshiriladi. Olingan ma’lumotlar qog‘ozga qayd qilinadi.

   

V. Harakat funktsiyasini tekshirish

  • Chaynov harakatlarini tekshirish. Buning uchun bemordan og‘zini ochib-yumish, pastki jag‘ni chap va o‘ng tomonlarga harakatlantirib ko‘rish so‘raladi. Sog‘lom odamda og‘iz og‘riqsiz bemalol ochib-yumiladi, pastki jag‘ yon tomonlarga bemalol harakatlanadi. Keyin undan pastki va ustki jag‘larni bir-biriga qattiq siqib turish so‘raladi. Bu paytda chaynov muskullari ikkala tomonda ham bir xil taranglashadi.
  • Chaynov muskullari tarangligini tekshirish. Ikkala tomonda temporalis va m. masseter tarangligi tekshiriladi. Buning uchun vrach barmoqlarini ushbu muskullar ustiga qo‘yib turadi va bemordan chaynov harakatlarini bajarish so‘raladi. Shu yo‘l bilan chaynov muskullari holati, ya’ni tarangligi, tonusi, trofikasi va harakatlanishi tekshiriladi. Chaynov muskullari bir tomonda atrofiyaga uchrasa, pastki jag‘ og‘izni ochganda o‘sha tomonga og‘adi. Meningit, subaraxnoidal qon quyilishi, qoqshol va epileptik xurujlar paytida chaynov muskullari qattiq tortishib pastki va ustki jag‘ bir-biriga siqilib qoladi. Bu holatga trizm deyiladi. Trizm paytida bemor og‘zini ocholmay qoladi. Chaynov muskullari bilan mimik muskullarni adashtirmaslik kerak. Chaynov muskullarini V nerv innervatsiya qilsa, mimik muskullarni VII nerv innervatsiya qiladi.

G) Reflekslarni tekshirish

  • Shox parda (korneal) refleksini tekshirish. Korneal refleksni tekshirish uchun bemordan yuqoriga va chetga qarab turish so‘raladi. So‘ngra buralgan toza qog‘ozning uchi shox pardaga (qorachiqqa emas) tegiziladi (24-rasm).
 24-rasm. Korneal refleksni tekshirish usuli.

 

Bunga javoban ko‘z yumiladi. Bu refleks sog‘lom odamlarda har doim chaqiriladi. Korneal refleksning sensor qismini V nerv, harakat qismini VII nerv tarmoqlari ta’minlaydi. Shuning uchun ikkala nerv tarmoqlari zararlanganda ham korneal refleks pasayadi yoki yo‘qoladi.

  • Qosh usti refleksini tekshirish. Bemor ochiq turgan ko‘zlari bilan chekkaga qarab turadi. Vrach nevrologik bolg‘achani boshni tepasida ushlab turib qosh ustining ichki tomonidan sekin uradi (25-rasm).
 25-rasm. Qosh usti refleksini tekshirish usuli.

 

Bunga javoban o‘sha tomonda yuqori va pastki qovoqlar qisqaradi. Agar nevrologik bolg‘acha bilan peshonaning o‘rtasiga ursa, qovoqlar qisqarishi ikkala tomonda ham ro‘y beradi. Reflektor yoyning afferent (sensor) qismini V nerv, efferent (harakat) qismini VII nerv tarmoqlari tashkil qiladi.

  • Pastki jag‘ (mandibulyar) refleksini tekshirish. Buning uchun bemordan og‘zini biroz ochib turish so‘raladi. So‘ngra iyag ustiga nevrologik bolg‘acha bilan sekin uriladi (26-rasm).
 26-rasm. Mandibulyar refleksni chaqirish usuli.

 

Bunga javoban chaynov muskullari qisqarib pastki jag‘ biroz ko‘tariladi. Bu refleks normada har doim chaqirilavermaydi. Mandibulyar refleksning ham afferent (sensor), ham efferent (harakat) qismini   V nerv tashkil qiladi. Psevdobulbar falajlikda bu refleks keskin oshgani yaqqol ko‘rinadi.

 



Ctrl
Enter
Хато топдизнигзми?
Матнни танланг ва Ctrl+Enter тугмачаларини босинг
MUHOKAMALAR
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Hech qanday izoh yo‘q. Siz birinchi bo‘lishingiz mumkin!
Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив