UCh ShOXLI NERV ShAMOLAShI YoKI YuZDAGI SANChUVChI OG‘RIQLAR
Uch shoxli nerv nevralgiyasi – yuzning bir tomonida o‘tkir xurujsimon og‘riqlar bilan namoyon bo‘luvchi kasallik. Bu kasallik keng tarqalgan.
Uning sabablari. Virusli infektsiyalar yoki xalq tili bilan aytganda “shamollashlar” hisoblanadi. Shuningdek, burun atrofi bo‘shliqlari shamollashlari (gaymorit, frontit), tish kasalliklaridan so‘ng ham ko‘pchilikda nevralgiya rivojlanadi. Uch shoxli nerv joylashgan joyda bosh miya qon tomirlari ham o‘tadi. Agar ushbu qon tomirlari uch shoxli nervni bosib qo‘ysa ham nevralgiya rivojlanadi. Arteriyaning patologik cho‘zilishi va shu sababli uch shoxli nervning bosilib qolishi uzoq davom etuvchi qon bosimi bilan bog‘liq. Qandli diabet bilan kasallanganlar va uzoq yillar spirtli ichimlik iste’mol qilganlarda ham uch shoxli nerv nevralgiyasi uchrab turadi.
Kechishi. Uch shoxli nerv nevralgiyasi ba’zilarda engil kechib, tez kunlarda o‘tib ketsa, boshqalarda uzoq yillar davom etadi. Xurujlar sovuqda yoki shamollashlarda (gripp, gaymorit, frontit) qo‘zg‘ab turadi.
Davosi. Avvalo, kasallik sababi yo‘qotiladi. Agar vrach kasallik sababini aniqlamasdan davolash muolajalarini boshlasa, bu urinishlar samarasiz ketadi. Davolash maxsus dastur asosida olib boriladi va bu jarayon bir necha oyga cho‘zilishi mumkin. Davolash muolajalari tugaganidan so‘ng bemor finlepsin (karbamazepin, tegretol) qabul qilib yurishi kerak. Bu dori nafaqat bizda, balki barcha rivojlangan davlatlarda ham keng qo‘llaniladi. Chunki finlepsin uch shoxli nerv nevralgiyasida eng samarali doridir. Bu dorining dozasi va qancha vaqt qabul qilish kerakligini davolovchi vrachning o‘zi hal qiladi. Dorini etarli dozada belgilangan muddatgacha qabul qilgan va har xil shamollashlardan o‘zini asragan bemorda kasallik tez o‘tib ketadi. Kasallikning og‘ir turida neyroxirurgik davolash muolajalari qo‘llaniladi.
Professor Zarifboy Ibodullaev