Tilosti nervi
Nerv haqida qisqacha ma’lumot. Tilosti nervi (n.hypoglossus, XII nerv) harakat nervi hisoblanadi va til muskullarini innervatsiya qiladi. Bu nervning ponasimon shaklga ega yadrosi uzunchoq miyaning pastki qismidan boshlanib 3-spinal segmentgacha etib boradi (27-rangli rasm). Tilosti nervining uzunchoq miyadan va yuqori spinal segmentlardan chiqqan aksonlari o‘zaro qo‘shilib yagona nervni (n.hypoglossus) hosil qilib kranial bo‘shliqdan canalis hypoglossi orqali chiqadi. Yadro faqat bir tomonlama kortiko-nukulear innervatsiyaga ega: chap tomondagi yadro bosh miya katta yarim sharlarining o‘ng tomonidan, o‘ng tomondagi yadro esa chap yarim shardan innervatsiya qilinadi.
Tekshirish usullari
Buning uchun bemordan tilini chiqarish so‘raladi. Normada til o‘rta chiziqda turadi va hech tomonga og‘maydi. Sog‘lom odamda tilning chap va o‘ng tomoni bir xil va simmetrik bo‘lib, tebranishlar kuzatilmaydi (37a-rasm).
37 a-rasm. Normada til o‘rta chiziqda turadi.
37 b-rasm. Tilosti nervi chap tomonda zararlangan. Shu tomonda til atrofiyaga uchrab o‘sha tomonga og‘gan.
Tilosti nervining periferik va markaziy falajliklari farqlanadi. XII nerv yadrosi va uning ildizchalari zararlansa periferik falajlik rivojlanadi. Periferik falajlikda til zararlangan tomonga og‘adi, shu tomonda atrofiya kuzatiladi va fastsikulyatsiyalar (“qaynayotgan til” simptomi) paydo bo‘ladi. Nutq ham buziladi. Tilosti nervi zararlanishi sababli yuzaga kelgan nutq buzilishiga dizartriya deb aytiladi. Agar tilosti nervi ikkala tomonda ham zararlansa, anartriya rivojlanadi. Bunda artikulyatsiya butunlay izdan chiqadi.
Tilosti nervining markaziy falajligi kortiko-nuklear yo‘llar zararlanganda kuzatiladi. Bunda til qarama-qarshi tomonga og‘adi, biroq atrofiya va fastsikulyatsiyalar bo‘lmaydi. Bu holatni insult ro‘y bergan bemorlarda ko‘p kuzatish mumkin.
Professor Zarifboy Ibodullaev