Til-halqum va sayyor nervlar
Nervlar haqida qisqacha ma’lumot. Til-halqum nervi (n.glossopharyngeus, IX nerv) va sayyor nerv (n. vagus, X nerv) umumiy yadro va funktsiyalarga ega bo‘lganligi bois, birgalikda o‘rganiladi. Ular quyidagi yadrolardan iborat:
- Harakat yadrosi (nucl. ambiguus) – yutqin, halqum, halqumusti, yumshoq tanglay muskullarini innervatsiya qiladi.
- Sezgi yadrosi (nucl. alae cinereae) – yutqin, yumshoq tanglay, halqum, traxeya va tashqi quloq terisi, ichki quloqning ichki qavati, nog‘ora parda, orqa kranial chuqurcha qattiq pardasini innervatsiya qiladi.
- So‘lak ajratish yadrosi (nucl. salivatorius inferior) – so‘lak bezlarini innervatsiya qiladi.
- Ta’m bilish yadrosi (nucl. solitarius) – tilning orqa 3/1 qismida ta’m sezishni ta’minlaydi.
Bu yadrolar miya ustunida joylashgan. Ulardan tashqari, X nerv o‘zining shaxsiy parasimpatik yadrosiga (nucl. dorsalis n. vagi) ham ega bo‘lib, uning tolalarini juda ko‘p ichki a’zolarda topish mumkin. Hayotiy muhim funktsiyalar, ayniqsa yurak va nafas olish faoliyati ushbu nervlarning normal faoliyat ko‘rsatishiga bevosita bog‘liq.
Tekshirish usullari
- Shikoyatlari. Suhbat chog‘ida ovoz jarangdorligi va tembriga e’tibor qaratiladi. Manqalanib gapirish, ovqat yutishda qalqib ketish, ovqatning burunga o‘tib ketishi, hiqichoq kabi holatlar bor-yo‘qligi o‘rganiladi.
- Yumshoq tanglay va tilcha holati. Bemordan og‘zini katta ochib baland ovozda «a-a-a» deyish so‘raladi. Normada yumshoq tanglay simmetrik qisqarib tepaga ko‘tariladi va tilcha o‘rta chiziqda turadi (33a-rasm). Harakat yadrosining bir tomonlama zararlanishida yumshoq tanglay o‘sha tomonda osilib qoladi, tilcha esa sog‘lom tomonga og‘adi (33b-rasm).
33 a-rasm. Normal holatda og‘izni katta ochib “A” deganda yumshoq tanglay simmetrik tarzda qisqaradi va tilcha o‘rta chiziqda turadi. |
33 b-rasm. Zararlangan tomonda yumshoq tanglay osilib qolgan, tilcha sog‘lom tomonga og‘gan. |
- Yumshoq tanglay va yutqin reflekslari. Bemordan og‘zini katta ochib turish so‘raladi. So‘ngra shpatel bilan galma-gal yumshoq tanglayning chap va o‘ng tomonlariga ohista tegiziladi. Normada yumshoq tanglay qisqarib tepaga ko‘tariladi. So‘ngra yutqin refleksi tekshiriladi. Buning uchun tomoqning orqa devorining chap va o‘ng tomonlariga shpatel bilan galma-gal tegiziladi. Bunda yutish, qusish yoki yo‘talish harakatlari paydo bo‘ladi. Bu reflekslar sog‘lom odamlarda juda yaxshi chaqiriladi. Biroq qariyalarda ushbu reflekslar birmuncha sust chaqirilishini esda tutish lozim. Bu reflekslarning bir tomonda chaqirilmasligi o‘sha tomonda IX va X nervlarning periferik tipda zararlanganligidan dalolat beradi.
- Ta’m bilish. Tilning orqa 3/1 qismida engil ta’mli moddalar tomizib tekshiriladi (tekshirish qoidasi V nerv yozilgan joyda keltirilgan).
Patologiyasi. IX va X nervlar zararlanganda yutish buzilishi (disfagiya), ovoz so‘nishi (disfoniya), ovoz chiqmay qolishi (afoniya), yumshoq tanglay va yutqin reflekslari chaqirilmasligi, manqalanib gapirish, tilning orqa qismida ta’m sezishning pasayishi (gipogevziya) yoki yo‘qolishi (agevziya) kabi simptomlar paydo bo‘ladi. Agar IX va X nerv yadrolari ikki tomonlama zararlansa, yurak faoliyati va nafas olish to‘xtab o‘lim ro‘y beradi.
Professor Zarifboy Ibodullaev