TIREOTOKSIK KRIZ


Tireotoksik kriz – gipertireoz belgilarining yanada kuchayishi bilan namoyon bo‘luvchi o‘tkir patologik holat.  Tireotoksik krizda (TK) deyarli har doim buyrak usti bezining o‘tkir etishmovchiligi kuzatiladi. TK tireotoksikoz bilan kasallanib yurgan bemorlarda o‘tkir stress, infektsion kasalliklar va ichib yurgan dorilarni to‘xtatib qo‘yishlarda ro‘y beradi. Gipertireoz qalqonsimon bezning giperfunktsiyasi bilan namoyon bo‘luvchi holat bo‘lib, ba’zida normal fiziologik jarayon hisoblanadi. Tireotoksikoz esa qonda tireoid gormonlarning oshib ketishi bilan namoyon bo‘luvchi patologik holatdir.

Klinikasi. Tana harorati to‘satdan 39-40 °S gacha ko‘tariladi, psixomotor qo‘zg‘alishlar, taxikardiya, gipergidroz, o‘ta kuchli xolsizlik, umumiy titrash, abdominal og‘riqlar, ko‘ngil aynish, ketma-ket qusish, og‘iz qurishi va diareya paydo bo‘ladi. Buning natijasida organizm suvsizlanadi. TK da tserebral falajliklar, oftalmopatiya, bulbar sindrom, koordinator buzilishlar va mialgiyalar ham kuzatiladi. Tiretoksikoz bilan og‘rigan bemor juda ozib ketadi. Kriz zo‘rayib boraversa, koma rivojlanadi.

Tashxis. Tashxis qo‘yishda bemorning diffuz toksik bo‘qoq bilan og‘rib yurganligi, stress holatlari, xirurgik operatsiyalar, dorilarni qabul qilib yurish tartibi, biokimyoviy ko‘rsatkichlar e’tiborga olinadi. Qonda tireoid gormonlar miqdori oshib ketgan bo‘ladi. UTD yordamida tekshirilgan qalqonsimon bezda patologik o‘zgarishlar aniqlanadi.

Davosi. TK da bemor zudlik bilan reanimatsiyaga yotqiziladi. Qonda tireoid gormonlar miqdorini kamaytirish, buyrak usti bezi etishmovchiligi va  organizmning suvsizlanishini bartaraf etish, yurak-qon tomir faoliyatini tiklash muolajalari zudlik bilan boshlanadi. Kortikosteroidlardan gidrokortizon kuniga 100-300 mg, yurak glikozidlaridan 1 ml korglikon yoki 1 ml strofantin glyukoza eritmasida venadan yuboriladi. Zaruratga qarab bu dorilarni bir kunda bir necha marotaba qilish mumkin. Taxikardiyani bartaraf etish uchun beta-adrenoblokatorlardan 0,25 % li 1 ml anaprilin (obzidan) v/i ga qilinadi. Organizmning suvsizlanishini bartaraf etish uchun 5 % li glyukoza eritmasi, reomakrodeks, elektrolitlar, kuniga 2 litr miqdorda quyiladi. Ajralib chiqayotgan kundalik siydik miqdori ham e’tiborga olinadi. Bemorning umumiy ahvoli va yo‘ldosh kasalliklari e’tiborga olinib boshqa zarur dorilar ham tavsiya qilinishi mumkin.

Profilaktikasi. Tireotoksik kriz, ko‘pincha qalqonsimon bezni operatsiya qildirganlarda (tireoidektomiya) rivojlanadi. Shuning uchun ushbu operatsiyani o‘tkazgan bemorlar, albatta, UAV nazoratida turishi kerak. Endokrinolog tavsiya etgan dorilarni bemor qay tarzda qabul qilib borayotganligidan UAV xabardor bo‘lishi lozim. Bunday bemorlar QVP yoki oilaviy polikliniklarda dispanser nazoratiga olinadi.

Professor Zarifboy Ibodullaev



Ctrl
Enter
Хато топдизнигзми?
Матнни танланг ва Ctrl+Enter тугмачаларини босинг
MUHOKAMALAR
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Hech qanday izoh yo‘q. Siz birinchi bo‘lishingiz mumkin!
Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив