TIRSAK NERVI NEVROPATIYaSI
Etiologiyasi. Tirsak nervi (n. ulnaris) elka suyagi, tirsak bo‘g‘imi va qo‘lning distal qismi jarohatlarida ko‘p zararlanadi.
5.6-rasm. Tirsak nervi zararlanganda qush changalini eslatuvchi holat.
Klinikasi. Kaft muskullari atrofiyaga uchraydi. Ayniqsa, gipotenar va kaftning suyaklararo muskullari ozib ketadi. Tenar kamroq ozadi. Barmoqlarning asosiy falangalari orqaga qayrilgan, o‘rta falangalar esa bukilgan bo‘ladi, jimjiloq chekkaga surilib qoladi. Bu holat xuddi kush changalini eslatadi (5.6-rasm). N. medianus zararlanishi uchun "maymun panjasi" simptomi xos bo‘lsa, n. ulnaris zararlanishi uchun "qush changali" simptomi xos. Bu belgilar qiyosiy tashxis o‘tkazish uchun juda zarur hisoblanadi. Chunki n. ulnaris zararlanganda ham xuddi n. medianus zararlanishidagi kabi og‘riqlar paydo bo‘ladi. Bu esa dastlabki tashxis qo‘yishda vrachni ikkilantirib qo‘yishi mumkin. Biroq, n. ulnaris zararlanganda og‘riqlar kuchsiz bo‘ladi va ular, asosan, kaftda joylashadi.
Bemor 1-barmoqni 2-barmoqqa, 5-barmoqni 4-barmoqqa yaqinlashtira olmaydi. Kaftni bukish deyarli saqlanib qoladi. Chunki bu funktsiyani, asosan, n. medianus bajaradi.
Sezgi buzilishlari tirsak nervi innervatsiya qiladigan sohada kuzatiladi. Qo‘lning tirsak bo‘g‘imidan pastki qismining ichki yuzasi, kaftning ulnar qismi, 5-barmoqning hamda 4-barmoq yarmining old va orqa yuzalarida gipesteziya kuzatiladi.
Professor Zarifboy Ibodullaev