Yangiliklar Ibodullayev ensiklopediyasi SPETsIFIK EPILEPTIK SINDROMLAR

SPETsIFIK EPILEPTIK SINDROMLAR


Spetsifik epileptik sindromlarga turli vaziyatlar va maxsus omillar ta’sirida rivojlangan epileptik xurujlar kiradi. Ushbu xurujlarni maxsus konvulsogen omillar yuzaga keltiradi. Agar ular bo‘lmasa, epileptik xurujlar rivojlanmaydi. Shuning uchun ham bu xurujlar alohida guruhga ajratilgan. Aksariyat hollarda ularning etiologiyasi aniq bo‘ladi. Shu bois bu sindromlar etiologik tamoyilga asoslanib ajratilgan. Gipertermiya, o‘tkir intoksikatsiya, o‘tkir metabolik buzilishlar, o‘tkir gipoksiya, konvulsiyani yuzaga keltiruvchi dorilar, noketogen giperglikemiya, ichkilikbozlik, hayz ko‘rish, fotosensitiv holatlar, piridoksin etishmasligi spetsifik epileptik sindromlarga olib keladi. Spetsifik epileptik sindromlarning klinik belgilari tarqalgan va fokal xurujlarga o‘xshab namoyon bo‘ladi.

Spetsifik epileptik sindromlarning asosiy turlari

  1. Febril xurujlar.
  2. Piridoksin etishmovchiligi sababli rivojlangan epilepsiya.
  3. Menstrual epilepsiya.
  4. Senil epilepsiya.
  5. Fotosensitiv epilepsiya va h.k.

  FEBRIL  XURUJLAR

 

Febril xurujlar – tana harorati ko‘tarilgan paytda kuzatiluvchi tarqalgan tutqanoq xurujlar. Febril xurujlar 6 oylikdan 5 yoshgacha bo‘lgan bolalarda uchraydi. Kasallik eng ko‘p uchraydigan davr – bu 1-2 yoshlar.

 

Eslatma. Febril xurujlar faqat tana harorati oshgan bola­larda ro‘y beradi. Agar tana harorati ko‘tarilmasa, tutqanoq xu­rujlari bo‘lmaydi.

 

Tana haroratining ko‘tarilishi, ko‘pincha, yuqori nafas yo‘llari infektsiyasi bilan bog‘liq. Tana haroratini tushiruvchi dorilar qo‘llanilsa, tutqanoq xurujlari ham to‘xtaydi.

Febril xurujlar tonik-klonik xurujlar bilan namoyon bo‘ladigan birlamchi-tarqalgan epileptik xurujlardir. Shunday bo‘lsa-da, ular engil kechadigan epileptik xurujlar sirasiga kiradi. Chunki, bu kasallikda prog­noz deyarli har doim yaxshi. Fokal xurujlar uning uchun xos emas. Febril xu­rujlar qancha erta boshlansa, shuncha erta yo‘q bo‘lib ketadi. Bola yoshi kattalashgan sayin febril xurujlar soni kamayib boraveradi. Odatda, febril xurujlar bola 6 yoshga etmasdan o‘tib ketadi. Ba’zida epileptik status rivojlanib bolaning hayoti xavf ostida qoladi.

Febril xurujlar keyinchalik boshqa epileptik xurujlarga o‘tishi mumkinligi haqida yagona fikr yo‘q. Agar febril xurujlar kuzatilayotgan bemorda bosh miyaning struktur o‘zgarishlari va nevrologik buzilishlar aniqlansa, avlodda epileptik xurujlar bilan kasallanganlar bo‘lsa, xurujlar takror-takror kuzatilaversa, keyinchalik epilepsiyaning boshqa turlari rivojlanishi ehtimoli bor. Bunday bemorlarda, ko‘pincha, gippokamp sklerozi aniqlanadi. Ularda febril xurujlar Lennoks-Gasto sindromiga o‘tib ketishi mumkin.

 

MENSTRUAL EPILEPSIYa

 

Menstrual epilepsiya – hayz tsiklining ma’lum bir davrida kuzatiladigan epileptik xurujlar bilan namoyon bo‘luvchi klinik sindrom. Menstrual epilepsiya, odatda, pubertat davrda rivojlanadi. Epileptik xurujlar hayz kelishi bilan paydo bo‘ladi yoki ko‘payadi, hayz o‘tib ketgach esa kamayadi yoki yo‘qoladi. Bu esa antikonvuslantlar bilan rejali tarzda davolash va terapevtik dozani to‘g‘ri aniqlashni ancha qiyinlashtiradi. Menstrual epilep­siya epilepsiyaning alohida klinik turi emas. Unga alohida urg‘u berilishiga sabab epileptik xurujlar kuchayishi yoki kamayishining estrogenlar va shu kabi boshqa gormonlar miqdoriga bog‘liqligidir. Demak, menstrual epilepsiya har qanday turdagi, ya’ni idiopatik, simptomatik yoki kriptogen epilepsiya bo‘lishi mumkin. Menstrual epilepsiyada turli toifadagi epilep­tik xurujlar bilan bir qatorda vegetativ paroksizmlar ham ko‘p uchraydi.

Menstrual epilepsiyada gormonal buzilishlarni me’yorlashtirish uchun hayz boshlanishidan bir hafta oldin pregnin 10 mg dan kuniga 3 mahal til ostiga tashlash tavsiya etiladi. Bu dorini bemor hayz tugagunga qadar qabul qilib yurishi kerak.

Professor Zarifboy Ibodullaev



Ctrl
Enter
Хато топдизнигзми?
Матнни танланг ва Ctrl+Enter тугмачаларини босинг
MUHOKAMALAR
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Hech qanday izoh yo‘q. Siz birinchi bo‘lishingiz mumkin!
Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив