SPIRTLI IChIMLIKLARDAN MASTLIK
Spirtli ichimliklarni ist’emol qilish barcha halqlar va elatlar orasida turli darajada tarqalgan. Bu yomon illatga qarshi kurashish har doim ham ko‘zlangan natijani beravermaydi. Kam dozada qabul qilingan spirtli ichimlik ruhiy taranglikni pasaytirib kayfiyatni ko‘taradi. Odam go‘yoki turli g‘am-g‘ussalardan ozod bo‘ladi. Spirtli ichimliklar qabul qilganda yuzaga keladigan eyforiya holati – alkogolizm tomon qo‘yilgan dastlabki qaltis qadamlardan biridir.
Ichkilikni erta boshlagan (masalan, 20 yoshgacha) odamda alkogolizmning surunkali tus olishi vaqtli rivojlanadi. Bir necha muddat o‘tmasdan unda o‘zini nazorat qilish va o‘ziga nisbatan tanqidiy munosabat sustlasha boradi. Bir so‘z bilan aytganda, uning hulq-atvori o‘zgarib shaxsiyati parchalana boshlaydi va u boshqa odamga aylanib qoladi. Arzimagan narsa yoki voqeaga jahl qilish, kayfiyatning tushib ketishi, atrofdagilarga agressiv munosabatda bo‘lish bunday bemorlar uchun juda xos. Ba’zi bemorlar depressiyaga ham tushib qoladi. Bu esa ularning ichkilikka yanada ruju qo‘yishiga sabab bo‘ladi. Disforiya bunday bemorlarning doimiy hamrohi bo‘lib, ularda affektiv holatlar tez-tez ro‘y beradi. Ular turli qaltis ishlarga qo‘l urishadi, o‘z yaqinlari yoki begonalarga tan jarohati etkazishadi va hatto ularning joniga qasd qilishgacha borishadi. Ichkilikni muttasil ravishda qabul qilish unga ham psixologik, ham jismonan bog‘lanib qolishni yuzaga keltiradi. Ichilgan ichimlikning deyarli 10 % i organizmdan o‘pka, buyrak va teri orqali chiqariladi. Qolgan qismi jigarda metabolizmga uchraydi. Sog‘lom odamning organizmida bir marta ichilgan spirtli ichimlik izlari 2 hafta mobaynida saqlanib qoladi.
Oshqozon-ichak sistemasiga tushgan spirtli ichimlik qon tomirlarga so‘riladi va qon orqali barcha a’zolarga, shu jumladan MNS ga etib boradi. Ichimlik bosh miya katta yarim sharlari va miyacha tuzilmalarida ko‘proq to‘planadi. Po‘stloq spirtli ichimlikka juda sezgir. Katta dozalarda qabul qilingan ichimlik bosh miya katta yarim sharlari po‘stlog‘i va miya ustunida joylashgan hayotiy muhim markazlarni tormozlaydi. Ko‘p miqdorda spirtli ichimlik ichgandan o‘lib qolish holatlari – bu yurak-qon tomir va nafas olish markazlari faoliyatining birdan to‘xtashi bilan bog‘liq.
Mast bo‘lish turli odamlarda turlicha kechadi: ba’zi odamlar 100 gramm aroqdan mast bo‘lib qolishsa, boshqa birovlar 0,5-1 litr aroq ichgandagina mast bo‘lishadi. Bu esa nerv sistemasi tipi va organizmning umumiy holatiga bog‘liq. Ruhan va jismonan nimjon odamlar tez mast bo‘lib qolishadi. Shuningdek, och qoringa yoki havo issiq kunlari ichkilik ichish ham tez mast bo‘lishga sababchi bo‘ladi. Bolalar, qariyalar, yurak, jigar va buyrak kasalliklari bilan og‘riydiganlar ham spirtli ichimliklarga juda sezgir.
Mastlikning shartli ravishda 3 xil darajasi farq qilinadi: engil, o‘rtacha va og‘ir. Bundan og‘ir holatlarda alkogoldan zaharlanish ro‘y beradi va bemor komaga tushadi.
Engil darajadagi mastlik. Bu holat kam miqdorda ichkilik ichganda kuzatiladi. Odamning kayfiyati ko‘tariladi, atrofdagilar bilan tez muloqotga kirishib ketadi. Diqqat ozgina sustlashadi, o‘z imkoniyatlarini yuqori baholay boshlaydi, qilayotgan ishlari bilan faxrlanib so‘zlaydi. Gap-so‘zlarida ketma- ketlik biroz izdan chiqadi. Ob’ektiv tekshiruvlarda yuz-ko‘zlar, bo‘yin terisi, kaftlari engil qizargan bo‘ladi, engil ter bosadi. Uning ko‘zlari yonib turadi (baxtiyor odamning ko‘zlarini eslatuvchi holat). Bu holat teri va teri osti kapillyarlarining kengayishi, vegetativ markazlarning faollashuvi bilan bog‘liq. Engil bradikardiya yoki taxikardiya, AQB pasayishi, muskullar tonusining diffuz tarzda engil pasayishi, engil koordinator buzilishlar paydo bo‘ladi.
O‘rta darajadagi mastlikda kayfiyat boshqa tusda o‘zgara boshlaydi: shaxs o‘z xatti-harakatlari va so‘zlarini nazorat qila olmay qoladi, arzimagan narsa yoki so‘zga jahl qilib hafa bo‘ladi yoki urishib ketadi, norozichilik alomatlari vujudga keladi, o‘ziga yoqmaydigan odam bilan bir dasturxon atrofida o‘tirgan bo‘lsa, u bilan tortishaveradi, ba’zida yoqalashib ketadi. Jismoniy baquvvat bo‘lsa, kuchini ko‘rsatishga harakat qiladi. Jismonan va ruhan nimjon bo‘lsa, o‘zini ayblab yig‘layveradi yoki kulaveradi. Bunday odamlar birovlar bilishi shart bo‘lmagan oilaviy sirlarini aytib qo‘yishadi va ertasi kuni uyatga qolib yurishadi. Mastlik paytida xotira va fikrlash izdan chiqadi. Natijada o‘sha kuni aytilgan so‘zlar va kimlar bilan yoqalashganini ertasi kuni eslay olmaydi. Xatto atrofida kimlar bilan o‘tirganini ham unutib yuboradi. O‘tirgan joyda uxlab qolish ham ko‘p kuzatiladi. Uyg‘onganidan keyin mastlik belgilari biroz pasayadi, biroq kuchli bosh og‘rig‘i boshlanadi. Agar bemor ko‘p ovqat egan bo‘lsa, miya ustunidagi vegetativ markazlar qo‘zg‘alishi tufayli ko‘ngil aynish va qusishlar ro‘y beradi.
Ob’ektiv tekshiruvlarda koordinator funktsiyalar buzilganligi, muskullarning diffuz gipotoniyasi, taxikardiya va AQB oshganligi aniqlanadi. Bemorning yuz-ko‘zlari va butun tanasi qizargan bo‘ladi, ko‘p terlaydi. Bemor GK yoki AS bilan kasallangan bo‘lsa, unda gipertonik kriz, stenokardiya yoki TIA ro‘y berishi mumkin. Ba’zida infarkt yoki insult rivojlanadi. Miya tomirlari anevrizmasi bor odamlarda AQB oshishi natijasida anevrizma yorilib gemorragik insult rivojlanishi ehtimoli juda yuqori. Mastlikning turli bosqichlarida alkogolli psixozlar ro‘y berishini ham esda tutish lozim. Bunday psixozlar psixiatriya va narkologiya darsliklarida batafsil yoritilgan.
Mastlikning og‘ir darajasida bemorning xushi va oliy ruhiy funktsiyalar keskin buzila boshlaydi. Tashqi muhitni va o‘zini nazorat qilish butunlay izdan chiqadi, nutqi uzuq-yuluq bo‘ladi, to‘xtab-to‘xtab so‘zlaydi, tez-tez hiqichoq tutadi, g‘alati mimik harakatlar qiladi, ko‘zlari yumilib ketaveradi. Vestibulyar buzilishlar yaqqol namoyon bo‘ladi, ataksiya bilan birgalikda, kuchli bosh aylanishi, ko‘ngil aynish va ketma-ket qusishlar ro‘y beradi. Bu bosqichda bemor xushini yo‘qota boshlaydi va chuqur sopor rivojlanadi. Yurak-qon tomir faoliyati keskin buziladi, nafas olish ravonligi buziladi (bradipnoe yoki taxipnoe). Nafas olish va yurak-qon tomir ishini boshqaruvchi markazlar faoliyati to‘xtashi sababli bemor o‘lib qolishi mumkin. Spirtli ichimliklarni ko‘p miqdorda ist’emol qilganlarda o‘lim shu tarzda ro‘y beradi.
Tibbiy yordam ko‘rsatish. Tibbiy yordam, ko‘pincha mastlikning o‘rta va og‘ir darajalarida ko‘rsatiladi. Spirtli ichimlikning oshqozon-ichak sistemasidan so‘rilishini kamaytirish uchun bemorga 2-3 osh qoshiq faollashtirilgan ko‘mir kukuni ichiriladi. Oradan 10-15 daqiqa o‘tgach oshqozon soda solingan iliq suv bilan yuviladi, ya’ni ko‘p miqdorda (0,5-1 lirt) ichishga beriladi. Keyin qusish refleksi chaqiriladi. Ba’zi bemorlar bir kosa iliq suv ichgan zahoti qusa boshlashadi. Keyin bemorga novshadil spirti hidlatiladi yoki bir stakan iliq suvga 10 tomchi novshadil spirti tomiziladi va ichkaziladi. Ich kelishini jadallashtirish uchun 25 g magniy sulfat kukunini ichiriladi. Teri ostiga 10 % li 2 ml kofein yoki 2 ml kordiamin qilinadi. Shuningdek, 2 ml kordiaminni 40% li 10 ml glyukoza eritmasiga qo‘shib venadan sekin yuborish ham mumkin.
Og‘ir darajadagi mastlikda bemorni yaqinroq joylashgan shifoxonaga darhol etkazish va tibbiy yordamni zudlik bilan boshlash kerak. Bunday bemor sopor yoki koma holatida bo‘ladi, uning og‘zidan spirt burqsib turadi. Unda jarohatlar bor-yo‘qligini tekshiriladi, gemorragik insult, diabetik yoki uremik koma rivojlanmaganmi, degan savollarga darhol javob topish kerak bo‘ladi. Dastlab bemorning bo‘yin umurtqalari va kalla suyagini obdon tekshirib keyin faol davolash choralarini boshlash kerak. Diagnostik amallardan keyin bemorning oshqozonini zond orqali yuvishga kirishiladi. Buning uchun 300-500 ml iliq suvga natriy karbonat yoki kaliy permanganat qo‘shiladi va tayyor bo‘lgan eritma zond orqali oshqozonga yuboriladi. Oshqozon shu yo‘l bilan ketma-ket yuviladi. Bemorga novshadil spirti hidlatiladi. Qovuqqa kateter qo‘yiladi.
Shuningdek, 0,5 % li 10 ml bemegrid + 1 ml kordiamin + 20 % li 1 ml kofein 0,9% li 10 ml natriy xlor yoki 40 % li 10 ml glyukoza eritmasiga qo‘shib venadan sekin-asta yuboriladi. Bemegrid barbituratlarning antagonisti hisoblanib, ularning toksik ta’sirini kamaytiradi, nafas olish va qon aylanish markazlarini tetiklashtiradi. Kofein va kordiamin miya ustunida joylashgan hayotiy muhim markazlarni stimulyatsiya qiladi. Shu bois bu dorilar bitta shpritsda birgalikda qilinadi. Og‘iz bo‘shlig‘iga to‘plangan ovqat qoldiqlari va so‘laklar aspiratsiya qilinishi, vaziyat taqozo etsa, traxeya intubatsiyasi qilinishi kerak.
Og‘ir holda yotgan mast odamga tez tibbiy yordam etib kelgunga qadar quyidagi tarzda yordam ko‘rsatish mumkin: uning ikkala qulog‘ini kaftingiz bilan qizarib ketguncha kuchli ishqalang. Quloqlarga qonning oqib kelishi va aurikulyar nuqtalarning qo‘zg‘alishi mast odamni darrov xushiga keltiradi. U vrach bilan so‘zlashib boshlashi ham mumkin. Buning uchun bemor gorizontal holatda yotgan bo‘lishi, kalla suyagi va bo‘yin jarohatlari yo‘qligiga ishonch hosil qilish kerak. Bemor xushiga kelgach zarur ma’lumotlar yig‘ib olinadi va shifoxonaga olib boriladi.
Ichkilik bilan bog‘liq psixozlarda tez yordam
Spirtli ichimliklarni qabul qilganlarda turli xil psixozlar (deliriya, gallyutsinatsiya, oneyroid va h.k.) ro‘y beradi. Bunday paytlarda dastlab organik etiologiyali psixozlarni (ayniqsa, travmatik psixozni) inkor qilish kerak. O‘tkir alkogolli psixozlarni (deliriya) vaqtincha bartaraf etish uchun 100 ml aroq ichkaziladi.Intensiv infuzion terapiya bilan birgalikda quyidagi dorilardan biri zudlik bilan qilinadi. Seduksen 0,5 % li 2-4 ml v/i ga kuniga 2-3 mahal, 0,5 % li 1-2 ml galoperidol m/i ga, 2,5 % li 2 ml tizertsin yoki aminazin v/i ga yoki m/i ga qilinadi. Tiaprid (tioprosan) 100 mg kuniga 2 mahal ichishga buyuriladi. V1 vitamini 5 ml dan kuniga 3-4 mahal qilinadi.
Professor Zarifboy Ibodullaev