SURUNKALI ChARChASh SINDROMI
Surunkali charchash sindromi doimiy tarzda kuzatiladigan kuchli charchoq holati bo‘lib, uning kelib chiqishini biron-bir kasallik bilan izohlab bo‘lmaydi. Charchoq bir necha oylab davom etadi va bemorning normal ish faoliyatiga ta’sir ko‘rsatadi. “Surunkali charchash sindromi” atamasi 1988 yili AQSh olimlari tomonidan taklif etilgan. Avvallari bunday holatga nevrozning bir turi deb qaralgan. Surunkali charchash sindromi har qanday yoshda uchraydi.
Sabablari qanday? Doimiy stress holatida yuradiganlar, tez-tez kasallanadiganlar, immuniteti past odamlar, badantarbiya bilan shug‘ullanmay, faqat o‘troq turmush tarziga o‘rganib qolganlar, doimiy depressiyada yuradiganlarda surunkali charchash sindromi ko‘p uchraydi.
Belgilari qanday? Bu sindromning asosiy belgisi uzoq davom etuvchi umumiy charchoqdir. Charchoq jismoniy harakatlardan so‘ng kuchayadi, dam olgandan keyin ham o‘tib ketavermaydi, bemor xolsizlanib yotaveradi. Albatta, bu holsizlik bemorning aqliy faoliyatiga ham ta’sir ko‘rsatadi. U biror-bir materialni o‘qib o‘zlashtira olmaydi, ishi unumsiz bo‘ladi va natijada o‘z vazifasini to‘laqonli bajara olmaydi. Ushbu holatlar bemorni ortiqcha asabiylashtiradi, jizzaki qilib qo‘yadi, diqqatini buzadi va uning normal ish faoliyati izdan chiqadi. Ba’zida bemor asossiz ravishda ishyoqmas, dangasa, bahonachi, yalqov va mug‘ambir laqablarini oladi. Shu bois, bu holat oilaviy janjallar sababchisi bo‘ladi. Bunday bemorlarda bosh og‘rig‘i, bosh aylanishi, uyqu buzilishi, ishtaha yo‘qolishi, kayfiyatning tez-tez o‘zgarib turishi, parishonxotirlik, yurak sanchishi, qorin sohasida noxush sezgilar, qovuq og‘riqlari va tananing (ayniqsa, bo‘g‘imlarning) turli joylarida yoqimsiz sezgilar va og‘riqlar kuzatiladi. Virusli infektsiyalardan so‘ng rivojlangan surunkali charchash sindromida limfa tugunlari ham kattalashadi. Turli xil stresslar kasallik kechishini og‘irlashtiradi. Kasallik uzoq davom etaversa, ketma-ket tekshiruvlar o‘tkazilaversa, bemorda apatiya va depressiya holati vujudga kelishi mumkin. Uning kechishi temperament tipiga ham bog‘liq bo‘lib, melanxoliklarda og‘irroq kechadi va uzoq davom etadi. Sangviniklar bu kasallikdan tezroq tuzalishadi.
Davolash qanday o‘tkaziladi? Avvalombor, bemorning atrofida sog‘lom psixologik muhit yaratish lozim. Tashxis qo‘yilgach, bemorga bu og‘ir kasallik emas, balki umumiy charchoq holati ekanligi haqida tushuntirish beriladi. Bunday ma’lumotlar, albatta, bemorga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Davolashda psixoterapiya, fizioterapevtik muolajalar, igna bilan davolash, uqalash va umumiy tonusni oshiruvchi dorilar katta yordam beradi. Bemorga ichish, chekish kabi yomon odatlardan voz kechish, sog‘lom turmush tarziga rioya qilish va dam olish sihatgohlariga borib turish tavsiya etiladi. Prognoz har doim yaxshi.
Professor Zarifboy Ibodullaev