Yangiliklar Ibodullayev ensiklopediyasi SURUNKALI ChARChASh SINDROMI

SURUNKALI ChARChASh SINDROMI


Surunkali charchash sindromi – surunkali tarzda kuzatiladigan umumiy charchoq bilan namoyon bo‘luvchi holat. Charchoq bir necha oylar davom etadi va bemorning normal ish faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. "Surunkali charchash sindromi" atamasi 1988 yili AQSh olimlari tomonidan taklif etilgan. 1988 yilgacha surunkali charchash sindromiga o‘xshash holatlar nevrasteniya, psixasteniya, isteriya, vegetativ tomir distoniyasi, psixosomatik sindrom, somatonevroz, surunkali stress asorati, o‘tkazilgan neyroinfektsiyalar asorati, neyromialgik sindrom va shu kabi boshqa tashxislar bilan atalgan. Surunkali charchash sindromi har qanday yoshda uchraydi.

Etiologiyasi va patogenezi. Surunkali charchash sindromining asosiy etiologik omillaridan biri – bu o‘tkazilgan virusli infektsiyalar. Ma’lumki, har qanday virusli infektsiya dastlab immunitetni nishonga oladi. Shu bois organizmda qo‘zg‘algan barcha virusli infektsiyalarda umumiy holsizlik kuzatiladi. Surunkali charchash sindromi og‘ir somatik kasalliklardan tuzalib chiqqan bemorlarda ham rivojlanadi. Ularda o‘tkazilgan kasallik belgilari barham topsa-da, avvalgi jismoniy faollik to‘la qayta tiklanmaydi. Bu holat, ayniqsa jismonan ojiz, depressiyadan aziyat chekadigan va immunologik statusi sust bo‘lgan shaxslarda rivojlanadi. Ular uzoq vaqt avvalgi ish faoliyatini tiklay olmay yurishadi va tez charchab qolishaveradi. Surunkali charchash sindromi o‘tkazilgan kuchli stresslardan so‘ng ham rivojlanadi.

Klinikasi. Sindromning asosiy belgisi – uzoq davom etuvchi umu­miy charchoq. Charchoq jismoniy harakatlardan so‘ng kuchayadi, dam olgandan keyin ham o‘tib ketavermaydi, bemorning xoli qochib yotaveradi. Albatta, bu holsizlik bemorning aqliy faoliyatiga ham ta’sir ko‘rsatadi. Bemor biror-bir materialni o‘qib o‘zlashtira olmaydi, ishi ham unumsiz bo‘ladi va natijada o‘z kasbini to‘laqonli bajara olmaydi. Ushbu holatlar bemorni ortiqcha asabiylashtiradi, jizzaki qilib qo‘yadi, diqqatini buzadi va uning normal ish faoliyati izdan chiqadi. Ba’zida ular asossiz ravishda ishyoqmas, dangasa, bahonachi, yalqov va mug‘ombir laqablarini olishadi. Bu holat oilaviy janjallar sababchisi ham bo‘ladi.

Bu bemorlarda bosh og‘rig‘i, bosh aylanishi, uyqu buzilishi, ishtaha yo‘qolishi, kayfiyatning tez-tez o‘zgarib turishi, parishonxotirlik kabi simptomlar ham ko‘p kuzatiladi. Shuningdek, kardialgiya, abdominalgiya, tsistalgiya, mialgiya kabi psixosomatik buzilishlar ham yuzaga kelishi mumkin. Virusli infektsiyalardan so‘ng rivojlangan surunkali charchash sindromida limfatik tugunlar ham kattalashadi. Kasallik surunkali charchash sindromi deb atalsa-da, uning simptomlari ko‘p hollarda o‘tkir boshlanadi. Bu esa o‘z vaqtida tashxis qo‘yishni ancha qiyinlashtiradi. Bu patologik holat uchun spetsifik simptomlarning yo‘qligi va kasallik sababini aniqlash qiyinligi bemorni ham, vrachlarni ham ancha sarson qilib qo‘yadi. Uzoq tekshiruvlar, chuqur anamnestik ma’lumotlar va boshqa kasalliklarning yo‘qligiga asoslanib vrach bemorga surunkali charchash sindromi tashxisini qo‘yishi mumkin. Psixoeotsional stresslar kasallik kechishini og‘irlashtiradi. Kasallik uzoq davom etaversa, ketma-ket tekshiruvlar o‘tkazilaversa, bemorda apatiya va reaktiv depressiya holati vujudga keladi. Kasallik kechishi temperament tipiga bog‘liq bo‘lib, melanxoliklarda og‘irroq kechadi va uzoq davom etadi. Sangviniklar bu kasallikdan tezroq tuzalishadi.

Davolash. Avvalombor bemorning atrofida sog‘lom psixologik muhit yaratish lozim. Tashxis qo‘yilgach bemorga bu og‘ir kasallik emasligi, balki umumiy charchoq holati ekanligi haqida tushuntirish beriladi. Bu holatdan to‘la tuzalib ketajakligi tushuntiriladi. Bunday ma’lumotlar, albatta, bemorga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Davolashda psixoterapiya, fizioterapevtik muolajalar, ignaterapiya, uqalash va umumiy tonusni oshiruvchi dorilar katta yordam beradi. Bemorga ichish, chekish kabi yomon odatlardan voz kechish, sog‘lom turmush tarziga rioya qilish va dam olish sihatgohlariga borib turish tavsiya etiladi.

Prognoz. Har doim yaxshi.

Professor Zarifboy Ibodullaev



Ctrl
Enter
Хато топдизнигзми?
Матнни танланг ва Ctrl+Enter тугмачаларини босинг
MUHOKAMALAR
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Hech qanday izoh yo‘q. Siz birinchi bo‘lishingiz mumkin!
Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив