Reyno sindromi


Reyno sindromi – periferik arteriyalarning paroksizmal spazmi sababli qo‘l panjalarida (kam hollarda, oyoq panjalarida) paydo bo‘ladigan ishemik sindrom. Periferik arteriyalar spazmi, asosan, sovuq ta’sirida yoki emotsional stress sababli paydo bo‘ladi. Spazm paytida panja va barmoqlar oqarib ketadi. Spazm o‘tib ketgandan so‘ng tsianoz rivojlanadi. Tsianoz rivojlanishi kapillyar va venalarning kengayishi bilan bog‘liq.  Reyno sindromining tarqalganligi umumiy populyatsiyada 3-5 % ni tashkil qiladi. Kasallik 20-40 yoshlarda, ba’zida o‘smirlik yoshida ham boshlanadi. Erkaklarga qaraganda ayollar 5 barobar ko‘p kasallanishadi.

Etiologiyasi va patogenezi. Reyno sindromining idiopatik va simptomatik turlari farqlanadi. Idiopatik Reyno sindromi 70-80 % ni tashkil qiladi va u Reyno kasalligi deb ataladi Reyno kasalligi sababi hanuzgacha noma’lum. Uning rivojlanishida nasliy omillarga katta urg‘u beriladi. Reyno kasalligida periferik arteriyalar zararlanmaydi, balki ularni innervatsiya qiluvchi vegetativ markazlar disfunktsiyasi kuzatiladi.

Simptomatik (ikkilamchi) Reyno sindromi boshqa bir kassalliklarning klinik sindromi sifatida namoyon bo‘ladi. Simptomatik Reyno sindromi 20-30 % ni tashkil qiladi. Bu sindrom, ko‘pincha biriktiruvchi to‘qima kasalliklari (SQB, sklerodermiya) va periferik arteriyalar patologiyasi (obliteratsiyalovchi arteriit), spetsifik virusli infektsiyalar, tunnel sindromlar, endokrin kasalliklar va vibratsion kasallik sababli rivojlanadi. Qon tomirlarni innervatsiya qiluvchi simpatik markazlar yoki periferik arteriyalarning bevosita zararlanishi bilan kechuvchi har qanday kasalliklar Reyno sindromini yuzaga keltirishi mumkin. O‘mrovosti yoki elka arteriyalari stenozi bir tomonlama Reyno sindromiga sababchi bo‘ladi.

Klinikasi. Reyno sindromi xurujlari 3 bosqichda namoyon bo‘ladi.

1-vazospazm xurujlari bosqichi. To‘satdan paydo bo‘lgan vazospazm sababli qo‘l panjalari va barmoqlar oqarib ketadi va juda sovuq bo‘ladi. Vazospazm xurujini bemor quyidagicha ta’riflaydi: “Qo‘llarim to‘satdan oq marmardek oqarib, muzlab qoladi va uvishib qattiq og‘riydi. Qo‘llarimni sovuq suvga ursam, bu xurujlar darrov paydo bo‘ladi”. Bemorning bunday shikoyatlari Reyno sindromi uchun juda xos. Simptomlar simmetrik tarzda namoyon bo‘ladi. Vazospazm xurujlari oyoq panjalari, burun-lab atrofi va quloqlarda ham kuzatiladi. Ular qaerda kuzatilsa, o‘sha erda og‘riq va paresteziyalar paydo bo‘ladi. Vazospazm xuruji 15-30 daqiqa davom etadi, ba’zida bir soatgacha cho‘ziladi. 

2-mahalliy tsianoz bosqichi. Vazospazm bosqichi o‘tgach, mahalliy qon aylanish yana tiklanadi, og‘riq va paresteziyalar barham topadi. Biroq vazospazm xuruji paytida rivojlangan ishemik gipoksiya va teriosti venalari parezi saqlanib qoladi. Buning natijasida avval oqargan joylarda tsianoz paydo bo‘ladi, ya’ni teri ko‘kimtir-siyohrang tusga kiradi.

3-giperemiya bosqichi. Biroz vaqt o‘tgach, teri ko‘kimtir-siyoh rangdan ko‘kimtir-qizg‘ish tusga kiradi, ya’ni mahalliy giperemiya rivojlanadi. Buning sababi – arteriyalarning kengayishi va kislorodga boy bo‘lgan qonning oqib kelishidir. Giperemiya kuzatilgan sohalarda pulsatsiya qiluvchi og‘riqlar vujudga keladi.

Shunday qilib, Reyno sindromi xurujlari teri rangining 3 bosqichli o‘zgarishlari bilan namoyon bo‘ladi, ya’ni oqarish – ko‘karish – qizarish. Tipik tarzda kechuvchi Reyno sindromida teri rangi 3 bosqichda o‘zgaradi. Hatto teri rangining 3 bosqichli o‘zgarishiga qarab, Reyno sindromi tashxisi hech qanday gumonsiz qo‘yiladi:

  • sovuq ta’siri ostida dastlab teri rangi oqarsa (1-bosqich), keyin tsianotik tusga kirsa (2-bosqich) va undan so‘ng giperemiya (3-bosqich) rivojlansa – bu aniq Reyno sindromi.
  • sovuq ta’siri ostida dastlab teri rangi oqarsa (1-bosqich), keyin tsianotik tusga kirsa (2-bosqich) yoki faqat oqarish kuzatilsa – bu Reyno sindromi bo‘lishi mumkin.

Qiyosiy tashxis. Qiyosiy tashxis, asosan, obliteratsiyalovchi endarteriit, qorin aortasi kasalliklari, vaskulitlar, vegetosensor polinevropatiyalar, periferik vegetativ etishmovchilik, toksik-metabolik angioneyropatiyalar va biriktiruvchi to‘qimaning sistem kasalliklari bilan o‘tkaziladi. Reyno sindromi ushbu kasalliklarning klinik sindromi sifatida namoyon bo‘lishi ham mumkin.  

Davosi. Reyno sindromi etiologiyasi qanday bo‘lishidan qat’i nazar bemorlarga quyidagi ko‘rsatmalar beriladi.

  • Sovuqda qolib ketmaslik, yashaydigan va ishlaydigan joylarning issiq bo‘lishini ta’minlash. Sovuq suvga qo‘l urmaslik, soy yoki sovuq hovuzlarda cho‘milmaslik.
  • Issiq kiyinish, issiq paypoq kiyish va qo‘lqop taqib yurish.
  • Chekish, spirtli ichimliklar va kofein saqlovchi ichimliklardan voz kechish.
  • Emotsional stresslardan o‘zini ehtiyot qilish.
  • Vazospazm xuruji paytida qo‘llarni iliq suvda yuvish yoki bir-biriga ishqalash yoki qo‘ltiq ostiga tiqib isitish va h.k.
  • Vazokonstriktsiya chaqiruvchi dorilar, ya’ni simpatomimetiklar, klonidin, ergotaminlarni qabul qilmaslik.

Bemor yuqorida ko‘rsatilgan tavsiyalarga amal qilsa, Reyno sindromi xurujlari ancha engil kechadi.

Dorilar bilan davolash. Asosan, vazodilatatorlar va gemokoagulyatsiyani yaxshilovchi dorilar tavsiya etiladi. Kaltsiy kanallarini qamalga oluvchi dorilar yuqori darajada vazodilatatsiya ta’siriga ega. Bu maqsadda nifedipin va amlodipin kabi dorilar tanlanadi. Nifedipinni 10-20 mg dan kuniga 3 mahal ichish buyuriladi. Nifedipin tez ta’sir qiluvchi xususiyatga ega. Bu dori vazospazmni 15-20 daqiqa ichida bartaraf etadi. Nifedipinni profilaktik dozalarda qabul qilib yurish sovuq ta’siri ostida yuzaga keladigan vazospazm xurujlarining oldini oladi.

. Shuningdek, amlodipin 5-10 mg, isradipin 2,5-5 mg va felodipin 10 mg kabi dorilar ham samaralidir. Vazokonstriktsiyani bartaraf etish uchun simpatolitiklardan (prazozin) ham foydalaniladi. Prostaglandinlar (alprostadil, iloprost) ham antiagregant, antioksidant va vazodilatatsiya qiluvchi ta’sirga ega bo‘lganligi uchun Reyno sindromida ko‘p qo‘llaniladi. Alprostadil (vazaprostan) 20-40 mkg miqdorda natriy xlorning 200 ml fiziologik eritmasida 10 kun mobaynida venadan tomchilatib yuboriladi. Vazoprostan uzoq vaqtgacha vazokonstriktsiyani bartaraf etadi va oldini oladi.

Pentoksifillin (trental) kuchli antiagregatsiya va engil vazodilatatsiya xususiyatiga ega. Pentoksifillin 200-300 mg dan natriy xlor yoki glyukozaning fiziologik eritmasida venadan tomchilatib yuboriladi. Keyin uni 1-2 oy mobaynida ichish uchun buyuriladi. 

Reyno sindromida, umuman periferik arteriyalar spazmida ksantinol nikotinat ham ko‘p qo‘llaniladi. Bu dori venadan tomchilatib yuborilishi, mushak ichiga qilinishi yoki tabletka ko‘rinishida uzoq vaqt ichish tavsiya etilishi mumkin. Ksantinol nikotinat vazospazmni bartaraf etadi, periferik qon aylanishni me’yorlashtiradi, arteriyalar metabolizmini yaxshilaydi. Dori 10-15 kun mobaynida in’ektsiya ko‘rinishida tavsiya etiladi, keyin esa 150 mg li tabl. kuniga 3 mahal ichishga buyuriladi.

Xirurgik davolash. Konservativ davolash muolajalari samarasiz bo‘lsa, xirurgik usullar, ya’ni lokal digital simpatektomiya o‘tkaziladi. Biroq simpatektomiya har doim ham ko‘zlangan natijani bermaydi.

Prognoz. Biroq birlamchi va ikkilamchi Reyno sindromlarida prognoz  turlicha bo‘lishi mumkin. Reyno sindromi uzoq yillar davom etuvchi surunkali kasallik bo‘lib, bemorning normal hayot kechirishi uchun ancha qiyinchilik tug‘diradi. Sog‘lom turmush tarziga amal qilib, vrach nazoratida turgan bemorda kasallik engil kechadi.

Professor Zarifboy Ibodullaev



Ctrl
Enter
Хато топдизнигзми?
Матнни танланг ва Ctrl+Enter тугмачаларини босинг
MUHOKAMALAR
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Hech qanday izoh yo‘q. Siz birinchi bo‘lishingiz mumkin!
Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив