RENTGENOLOGIK TEKShIRUVLAR
Rentgenologik tekshiruvlar neyrodiagnostikada muhim ahamiyatga ega. Kompyuter tomografiya va magnitli-rezonans tomografiyaning tibbiyotga kirib kelishi rentgenologik tekshiruvlarni qo‘llashni chegaralab qo‘ydi. Biroq, rentgenologik tekshiruvlar neyrotravmatologiya amaliyotida juda keng qo‘llaniladi va yuqori darajada diagnostik ahamiyatga ega. Chunki suyak-tog‘ay to‘qimasi jarohatlari ko‘p hollarda nerv sistemasi patologiyasi bilan namoyon bo‘ladi.
Rentgen tekshiruvlarini o‘tkazish uchun asosiy ko‘rsatmalar
- Kalla suyagi jarohatlari;
- Umurtqa pog‘onasi jarohatlari;
- Ko‘krak qafasi jarohatlari;
- Elka va qo‘l suyaklari jarohatlari;
- Tos va oyoq suyaklari jarohatlari;
- Metabolik va endokrin buzilishlarda suyaklar holatini o‘rganish;
- Suyak-tog‘ay to‘qimasi o‘smasi, anomaliyasi va patologik deformatsiyalari.
Tekshiruvga monelik qiluvchi holatlar
- Homiladorlikning dastlabki 3 oyi.
- Psixomotor qo‘zg‘alishlar (tinchlantirilgandan so‘ng qilinadi).
Tekshiruvga tayyorlash. Dastlab bemorga tekshiruv qonun-qoidalari haqida ma’lumot beriladi. Diagnostika maqsadida qo‘llaniladigan rentgen nurlari odamga havfsizligi va tekshiruv bor-yo‘g‘i bir necha daqiqa davom etishi tushuntiriladi. Tekshiruv paytida hech qanday noxush holatlar kuzatilmasligini ham albatta aytib o‘tish lozim. Bemorni kuzatib kelgan odamga boshqa xonada kutib turish tavsiya etiladi. Tekshiruv o‘tkaziladigan sohadagi metall buyumlar, ko‘zoynak, tish protezlari va taqinchoqlar echib qo‘yiladi. Chunki ushbu buyumlar rentgenologik rasmlarda aks etib noto‘g‘ri ma’lumot sababchisi bo‘lishi mumkin.
Tekshiruvni o‘tkazish. Tekshiruv bemorni rentgenologik stolda yotqizib, tik turg‘azib yoki stulda o‘tqazgan holatlarda o‘tkaziladi. Bemorga tekshiruv paytida qimirlamaslik aytiladi va tekshiriladigan sohalar immobilizatsiya qilinadi. Rentgenologik rasmlar vrach ko‘rsatmasiga binoan turli proektsiyalarda qilinadi. Rasmlar tayyor bo‘lgunga qadar bemor rentgen xonasini tark etmasligi lozim. Rentgenolog rasmlar sifatli chiqqanligiga amin bo‘lgach, unga xulosa yoziladi. Xulosa yozishda bemorning yoshi albatta e’tiborga olinadi.
Rentgenologik xulosalar. Nevrologiyada kalla suyagi rentgenografiyasi (kraniografiya) i umurtqa pog‘onasi rentgenografiyasi (spondilografiya) alohida ahamiyat kasb etadi. Xulosa yozayotganda kalla suyagi shakli, hajmi, qalinligi, zichligi, kalla suyaklarining joylashuvi, ular orasidagi choklar holati (ayniqsa, bolalarda), qon tomirlar soyasi, turk egari, kranial bo‘shliqlar va sinuslar holati aks etishi kerak.
Kraniografiya. Kraniografiya o‘tkazish uchun asosiy ko‘rsatmalardan biri – bu kraniotserebral jarohatlardir. Kraniografiya KTsJ ro‘y bergan kuniyoq o‘tkazilishi talab etiladi. KTsJ da, ko‘pincha, kalla suyagi gumbazi va asosida darz ketishlar yoki sinishlar aniqlanadi. Kraniografiya yon va to‘g‘ri proektsiyalarda qilinadi. Ana shunda to‘liq ma’lumotga ega bo‘lish mumkin. Agar kalla suyagi zichligi yuqori bo‘lsa, kichik sinishlar va darz ketishlar aniqlanmay qolishi mumkin.
Kraniografiya yordamida kalla suyagining tug‘ma anomaliyalari va patologik deformatsiyalar ham yaxshi aniqlanadi. Masalan, meningioma, kraniofaringioma, gipofiz adenomasi, mielom kasalliklarda kalla suyagi deformatsiyasi kuzatiladi. Ayniqsa, turk egari yupqa va mo‘rt bo‘lganligi bois intrakranial jarayonlarda tez deformatsiyaga uchraydi. Masalan, IKG da turk egari yanada yupqalashadi, mo‘rtlashadi (osteoporoz) va unga kirish sohasi kengayadi. Agar turk egari juda kattalashib ketgan va deformatsiyaga uchragan bo‘lsa, bu holat gipofiz adenomasi yoki shu joydan o‘sayotgan kraniofaringioma bilan bog‘liq.
Kalla suyagiga yaqin joylashgan patologik jarayonlarda (meningioma, kraniofaringioma, surunkali epidural va subdural gematomalar) lokal giperostoz va kaltsifikatlar aniqlanadi. Pedjet kasalligida kalla suyagining ko‘p joylarida giperostoz vujudga keladi. Ba’zida beozor kaltsifikatlar kalla suyagi va xatto bosh miyaning turli sohalarida (masalan, epifizda) aniqlanishi mumkin. Bu holat, odatda, kaltsiy almashinuvining buzilishi bilan bog‘liq.
Bolalarda uchraydigan gidrotsefaliyada kalla suyagi yupqalashib, uning xajmi kattalashib ketadi. Kuchli ifodalangan IKG da ham kalla suyagi yupqalashadi, osteoporoz shakllanadi, turk egari kengayadi, qon tomirlar soyasi va “barmoq izlari” paydo bo‘ladi. Bemor qancha yosh bo‘lsa, kraniogrammada IKG belgilari shuncha yaqqol namoyon bo‘ladi.
Spondilografiya. Umurtqa pog‘onasi rentgenografiyasi yordamida umurtqalarning bir-biriga nisbatan joylashuvi, deformatsiyasi, jarohatlari, o‘smalar, umurtqa sili, umurtqalararo yoriqlar holati, umurtqa zichligi, shakli, xajmi va undagi osteofitlar aniqlanadi.
Spondilografiyada umurtqa pog‘onasining 5 ta anatomik qismi farqlanadi: bo‘yin, ko‘krak, bel, dumg‘aza va dum qismi. Bo‘yin umurtqalari kichikroq, bel-dumg‘aza umurtqalari esa yirikroq xajmga ega. Spondilografiya vrach tavsiyasiga ko‘ra bo‘yin, ko‘krak yoki bel-dumg‘aza sohasida o‘tkaziladi. Tekshiruv o‘tkazilayotganda nafas olib uni ushlab turish tavsiya etiladi. Chunki ko‘krak qafasining qimirlab turishi, rentgenologik rasmlar sifatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Umurtqa pog‘onasi rentgeni, odatda, to‘g‘ri va yon proektsiyalarda qilinadi. Vrach tavsiyasiga ko‘ra boshqa proektsiyalar ham tanlanishi mumkin. Agar bemor kuchli og‘riqlar bilan olib kelingan bo‘lsa, rentgen tekshiruvlar o‘tkazishdan oldin analgetiklar qilinadi. Bemor umurtqa pog‘onasi jarohatlari sababli immobilizatsiya qiluvchi taxtakachlar bog‘langan holatda olib kelinsa, rentgenologik tekshiruvlar dastlab ularni echmasdan o‘tkaziladi.
Umurtqa pog‘onasi normada quyidagi egilishlarga ega: bo‘yin va bel qismida biroz oldinga, ko‘krak va dumg‘aza qismida biroz orqaga egilgan bo‘ladi. Bu holat bo‘yin va bel lordozi, ko‘krak va dumg‘aza kifozi deb aytiladi (58-rasm).
60-rasm. Norma. Bel umurtqalari rentgenogrammasi to‘g‘ri proektsiyada (a) va yon proektsiyada (b). 1 – umurtqa tanasi; 2 – bo‘g‘im o‘sig‘i; 3 – ko‘ndalang o‘siq; 4 – o‘tkir o‘siq; 5 – umurtqalararo disk bo‘shlig‘i; 6 – umurtqa tanasini tutashtiruvchi yuqori parda; 7 – qovurg‘a; 8 – yonbosh-dumg‘aza bo‘g‘imi; 9 – dumg‘aza.
61-rasm. Kalla suyagi rentgeni. Norma. (a – to‘g‘ri proektsiya, b – lateral proektsiya).1 – peshona suyagi; 2 – tepa suyagi; 3 – ensa suyagi; 4 – chakka suyagi; 5 – ponasimon suyak, 6 – g‘alvirsimon suyak; 7 – qo‘z kosasi; 8 – yuqori jag‘ va uning sinusi; 9 – burun to‘sig‘i; 10 – pastki jag‘.
62-rasm. Kalla suyagi va bo‘yin umurtqalari. Norma. 1 — chakka suyagi; 2 — pastki jag‘ning yuqori o‘siqchasi; 3 — pastki jag‘; 4 — ensa suyagi; 5 — atlant (bo‘yinning 1- umurtqasi); 6 — aksiz (bo‘yinning 2-umurtqasi); 7 — bo‘yinning 3-umurtqasi; 8 — 5-umurtqaning o‘tkir o‘sig‘i; 9 — 6-umurtqaning ko‘ndalang o‘sig‘i; 10 — foraminal teshik; 11 — 7-umurtqaning o‘tkir o‘sig‘i; 12 — o‘mrov suyagi; 13 — to‘sh; 14 — bo‘yin-ensa bo‘g‘imi; 15 — I va II bo‘yin umurtqalari; 16 — bo‘yinning 2-umurtqasi; 17 — bo‘yinning 4-umurtqasi; 18 — bo‘yinning 5-umurtqasi; 19 — bo‘yinning 6-umurtqasi; 20 — bo‘yinning 7-umurtqasi
Demak, skoliozdan farqli o‘laroq, engil kifoz va lordoz normal holat. Biroq kuchli kifoz va lordoz patologiya hisoblanadi. Umurtqa pog‘onasining yon tomonlarga (ya’ni frontal kesimda) qiyshayishiga skolioz deb aytiladi.
Umurtqa pog‘onasi patologiyasi. Turli proektsiyalarda o‘tkazilgan rentgenografiyada umurtqa pog‘onasi patologiyasini bemalol aniqlash mumkin. Rentgenogrammada osteofitlar, darz ketishlar, sinishlar, osteoporoz, umurtqa pog‘onasi o‘smalari, tug‘ma va orttirilgan anomaliyalar, deformatsiyalar, Klippel-Feyl sindromi, revmatoid artrit, sakralizatsiya, lyumbalizatsiya, spondilolistez (umurtqalarning bir-biriga nisbatan siljishi), spondilez (umurtqa pog‘onasining deformatsiyasi bilan namoyon bo‘luvchi surunkali kasallik), spondilit (umurtqa pog‘onasi yallig‘lanishi), Bexterev kasalligi, Pedjet kasalligi va shu kabi patologik holatlar aniqlanadi.
63-rasm. Ko‘krak umurtqalarini yotgan holatda rengen qilish usuli. |
Rentgenologik tekshiruvlar natijalariga qarab, qo‘shimcha ravishda KT va MRT tekshiruvlari o‘tkaziladi.
Professor Zarifboy Ibodullaev