PARTsIAL (FOKAL) XURUJLAR
Bosh miya katta yarim sharlarida paydo bo‘lgan lokal epileptogen o‘choqlar sababli rivojlangan epileptik xurujlarga partsial epileptik xurujlar deb aytiladi. Partsial xurujlarda bosh miya katta yarim sharlari po‘stlog‘ida patologik o‘choq har doim aniqlanadi. Partsial xurujlar bosh miyaning lokal zararlanishlari sababli yuzaga kelganligi uchun ham u lokal (fokal) epileptik xurujlar deb ham ataladi. Partsial epileptik xurujlar barcha epileptik xurujlarning deyarli 60 % ini tashkil qiladi. Bugungi kun talabidan kelib chiqib, «partsial» va «lokal xurujlar» o‘rniga «fokal xurujlar» atamasini qo‘llaymiz.
Fokal xuruj turlari
- Oddiy fokal xurujlar – hushi saqlangan holda namoyon bo‘luvchi fokal xurujlar.
- Murakkab fokal xurujlar – hushning yo‘qolishi bilan namoyon bo‘luvchi fokal xurujlar.
- Ikkilamchi-tarqalgan xurujlar – oddiy yoki murakkab fokal xurujlar bilan boshlanib tarqalgan xurujlarga o‘tib ketuvchi holatlar.
Oddiy fokal xurujlar. Oddiy fokal xurujlar motor, sensor, vegetativ va ruhiy buzilishlar bilan namoyon bo‘ladi. Bemor hushini yo‘qotmaydi va bo‘layotgan xurujlarni o‘z ko‘zi bilan ko‘rib turadi. EEG da epileptogen o‘choq sohasida lokal epileptik faollik aniqlanadi. Biroq xurujlararo davrda epileptik faollik har doim ham kuzatilavermaydi. Asosiy bioelektrik faollik kasallik etiologiyasiga bog‘liq holda turli darajada o‘zgaradi.
Fokal motor xurujlar - oldingi markaziy pushta ta’sirlanganda kuzatilagan xurujlar. Harakat qo‘zg‘alishlari bilan namoyon bo‘luvchi oddiy fokal xurujlarga 1884 yili birinchi bor ingliz nevrologi Jekson e’tibor qaratgan. Jekson shunday deb yozadi: "Epilepsiyada tutqanaq xurujlari har daim ham bemorning hushi yo‘qalishi bilan namayon bo‘lavermaydi. Hush saqlangan halda ham ro‘y beradigan tutqanaq xurujlari barki, bunday xurujlar tananing faqat bir tamanida va ma’lum bir sahasida kuzatiladi". Fokal xurujlarning paydo bo‘lishini Jekson haqli ravishda oldingi markaziy pushta, ya’ni harakat markazining ta’sirlanishi bilan bog‘lagan. Shu bois, fokal xurujlar Jekson tipidagi xurujlar deb ataladi.
Fokal xurujlarning qay tarzda yuzaga kelishiga qarab patologik o‘choq bosh miya katta yarim sharlarining qaysi sohasida joylashganligini aniqlab olish mumkin. Agar o‘choq chap yarim shar oldingi markaziy pushtasining qo‘l proektsion sohasida joylashsa – klonik xurujlar o‘ng qo‘lda, oyoq proektsion sohasida joylashsa – o‘ng oyoqda kuzatiladi va h.k. Klonik xurujlarning chastotasi 2,5-3 Gts bo‘lib, qo‘l panjasining takroriy bukilib-ochilishi bilan namoyon bo‘ladi. Qo‘l va bosh proektsion sohalari yonma-yon joylashganligi uchun klonik xurujlar mimik mushaklarga ham tez o‘tadi. Bunday paytlarda bemorning lab burchagi yoki ko‘z atrofidagi mushaklar tortib-tortib qo‘yadi. Ba’zan klonik xurujlar bilan birgalikda yoki alohida tonik xurujlar, ya’ni mushaklarning xurujsimon tortishishlari kuzatiladi.
Fokal motor xurujlar bir joydan (masalan, barmoqlardan) boshlanib, so‘ngra tananing boshqa qismlariga bir necha soniya ichida tarqaladi. Bu esa epileptik faollikning po‘stloqdagi motor markazlar bo‘ylab tarqalishi bilan bog‘liq. Aksariyat hollarda xuruj kuzatilgan qo‘l yoki oyoqda o‘tib ketuvchi falajlik vujudga keladi. Epileptik xurujlardan so‘ng paydo bo‘ladigan falajliklarga Todd falajligi deb aytiladi. Xurujlar qaysi qo‘l yoki oyoqda kuzatilsa, falajlik ham o‘sha qo‘l yoki oyoqda ro‘y be-radi. Todd falajligi, odatda, bir necha soatgacha saqlanadi.
Ba’zan fokal xurujlar davomli kechadi. Fokal xurujlarning bu tarzda namoyon bo‘lishiga fokal xurujlar statusi deb ataladi. Odatda, bunday xurujlar bosh miyaning hajmli jarayonlari sababli yuzaga keladi. Biroq bosh miyada hajmli jarayon topilmasa ham fokal xurujlar ketma-ket takrorlanaverishi mumkin. Bu tarzda kechuvchi fokal xurujlarni bartaraf etish ancha mushkul. Fokal motor xurujlar hushning yo‘qolishi bilan namoyon bo‘luvchi katta tutqanoq xurujlariga o‘tib ketishi ham mumkin. Bunday paytlarda fokal motor xurujlarga motor auralar sifatida qaraladi. Bunday epileptik xurujlar motor auralar bilan boshlanuvchi ikkilamchi-tarqalgan epileptik xurujlardir.
Fokal sensor xurujlar – orqa markaziy pushta ta’sirlanganda ro‘y beradigan hurujlar. Bu xurujlar Jekson sensor xurujlari deb ataladi. Ular ham patologik o‘choqqa qarama-qarshi tomonda ro‘y beradi. Xuruj paytida bosh va tananing yarmi uvishib jimirlay boshlaydi, terida chumoli yurgandek sezgilar paydo bo‘ladi. Sensor xurujlar ham xuddi motor xurujlar kabi avval bir sohadan (yuz, qo‘l yoki oyoqdan) boshlanadi. Epileptogen o‘choq orqa markaziy pushtaning pastki qismida joylashsa, paresteziyalar yuzning yarmida paydo bo‘ladi va undan keyin qo‘l-oyoqlarga tarqaydi. Agar epileptogen o‘choq orqa markaziy pushtaning ustki qismida joylashsa, paresteziyalar oyoqda paydo bo‘ladi, keyin esa tananing yarmi, qo‘l va yuzga tarqaydi. Sensor xurujlar ham faqat bir tomonda, ya’ni qarama-qarshi tomonda kuzatiladi. Bu paytda bemor yuzining yarmini qo‘llari bilan ishqay boshlaydi, go‘yoki shu yo‘l bilan xurujni to‘xtatmoqchi bo‘ladi. Agar sensor xurujlar qo‘lda kuzatilsa, u qo‘lini ishqalay boshlaydi.
Orqa va oldingi markaziy pushtalarda yuzning proektsion sohasi qo‘l va oyoq proektsion sohalariga qaraganda katta sohani egallagani uchun sensor va motor xurujlar yuzda ko‘p kuzatiladi. Ba’zida fokal sensor xurujlar fokal motor xurujlar bilan birgalikda namoyon bo‘ladi. Bunday paytlarda sensomotor fokal xurujlar haqida so‘z ketadi.
Fokal vegetativ xurujlar – vegetativ paroksizmlar bilan namoyon bo‘luvchi xurujlar. Ular epileptogen o‘choq chakka bo‘lagining mediobazal sohasida joylashganda ko‘p kuzatiladi. Bu sohada limbik sistema tuzilmalari joylashgan. Xuruj paytida to‘satdan kuchli taxikardiya, kardialgiya, nafas olishning tezlashuvi, yuzning oqarib yoki qizarib ketishi, og‘iz qurishi, midriaz, qon bosimning oshib yoki tushib ketishi, epigastral sohada og‘riqlar, siyishga qistovning paydo bo‘lishi, chanqash va och qolish kabi vegetativ paroksizmlar paydo bo‘ladi. Xuruj paytida bemorning yuzi xuddi qo‘rqqan odamning yuzini eslatadi. Xurujlar 2-3 daqiqa davom etadi. Fokal vegetativ xurujlar mezotemporal epilepsiyaning (medial tipdagi chakka epilepsiyasi) asosiy klinik simptomlari hisoblanadi.
Fokal vegetativ xurujlar tibbiy amaliyotda har doim ham to‘g‘ri aniqlanavermaydi va ko‘pincha, "gipotalamik sindrom", "vegetativ-tomir distoniyasi", "paroksizmal taxikardiya" tashxislari qo‘yiladi. Natijada bemorga antikonvulsantlar emas, balki vegetotrop dorilar buyuriladi. Ba’zi vegetotrop dorilar epileptogen o‘choqni qo‘zg‘ab yuboruvchi xususiyatga ega. Fokal vegetativ xurujlar ba’zida katta tutqanoq xurujlariga o‘tadi. Bunday paytlarda vegetativ buzilishlarga vegetativ auralar sifatida qaraladi. Ushbu epileptik xurujlar vegetativ auralar bilan boshlanuvchi ikkilamchi-tarqalgan epilepsiya xurujlari toifasiga kiradi.
Fokal ruhiy xurujlar – ruhiy paroksizmlar bilan kechuvchi hurujlar. Xuruj paytida bemorning ruhiyati va xulq-atvori to‘satdan o‘zgarib qoladi. Unda uyqusimon holat, illyuziya, gallyutsinatsiya, derealizatsiya va depersonalizatsiya holatlari vujudga keladi. Bemorning kayfiyati birdan tushib ketadi, sababsiz urisha boshlaydi, o‘zini agressiv tutadi va ma’nosiz harakatlar (qiliqlar) qiladi. Ushbu affektiv buzilishlar qisqa muddat davom etadi va bir necha daqiqa ichida o‘tib ketadi. Ammo bemorda disforiya holati bir necha soatgacha saqlanishi mumkin. Oddiy fokal xurujlar ba’zida murakkab fokal xurujlar yoki ikkilamchi-tarqalgan xurujlarga o‘tadi. Bunday paytlarda oddiy fokal xuruj belgilari aura hisoblanadi.
Murakkab fokal xurujlar. Murakkab fokal xurujlar oddiy fokal xurujlarga o‘xshab boshlanadi va hushning buzilishi, ya’ni yo‘qolishi bilan namoyon bo‘ladi. Demak, murakkab fokal xurujlar formulasini quyidagicha ta’riflash mumkin:
MFX=OFX+XB,
bu erda: MFX - murakkab fokal xurujlar, OFX - oddiy fokal xurujlar, XB - hushning buzilishi (yo‘qolishi).
Yuqorida ta’riflab o‘tilgan barcha harakat, sezgi, vegetativ va ruhiy buzilishlar murakkab fokal xurujlarda birmuncha yaqqol ifodalanadi va hushning buzilishi bilan kechadi. Ayniqsa, vegetativ va ruhiy buzilishlar murakkab fokal xurujlarda ko‘p kuzatiladi.
Murakkab fokal xurujlar klinikasi turli-tuman bo‘lib, ularning qay tarzda namoyon bo‘lishi epileptogen o‘choq po‘stloqning qaysi sohasida joylashganligiga bog‘liq. Biroq oddiy fokal xurujlardan farqli o‘laroq, murakkab fokal xurujlar hushning buzilishi (yo‘qolishi) bilan namoyon bo‘ladi. Avval oddiy fokal xurujlar belgilari paydo bo‘ladi-yu, keyin bemor hushini yo‘qotadi. Demak, oddiy fokal xurujlarda kuzatiladigan sub’ektiv va ob’ektiv simptomlar murakkab fokal xurujlar uchun aura hisoblanadi. Agar epileptogen o‘choq dominant yarim sharda joylashsa, xuruj paytida bemor nutqini ham yo‘qotadi.
Xuruj o‘tgach, bemor o‘zida xuruj qanday kechganini aytib bera olmaydi, ko‘p hollarda uning ahvoli somnolent holatda qoladi. EEG xurujlararo davrda o‘zgarmaydi, biroq, pik va o‘tkir to‘lqinlar aniqlanishi mumkin. Murakkab fokal xurujlar, ko‘pincha peshona va chakka bo‘laklarining mediobazal tuzilmalari zararlanganda kuzatiladi. Chunki bu sohalar ong faoliyatini ta’minlashda muhim ahamiyatga ega.
Ikkilamchi-tarqalgan xurujlarga o‘tuvchi fokal xurujlar. Fokal xurujlarni yuzaga keltirgan epileptik faollik ikkala yarim sharga ham tarqalsa, katta epileptik xuruj yuzaga keladi. Bunday xurujlar ikkilamchi-tarqalgan xurujlar hisoblanadi. Yuqorida ta’kidlab o‘tilganidek, avval oddiy fokal xurujlar paydo bo‘lib, uning ketidan birato‘la tarqalgan xurujlar rivojlansa, bunday xurujlar ikkilamchi tarqalgan epileptik xurujlar deb ataladi. Ayniqsa, epileptogen o‘choq peshona sohasida joylashganda oddiy fokal xurujlarning ikkilamchi-tarqalgan xurujlarga o‘tib ketishi ko‘p kuzatiladi.
Professor Zarifboy Ibodullaev