Postural ortostatik taxikardiya sindromi
Gorizontal holatda yotgan bemor o‘rnidan turganda yurak urishi juda tezlashib ketsa, postural ortostatik taxikardiya sindromi tashxisi qo‘yiladi. Bunday paytlarda yurak urishi uning normal ko‘rsatkichlaridan 30-40 % ga oshadi. Yurak bir daqiqada 120 marotaba ura boshlaydi yoki undan ham oshib ketadi. Yurak urishi yana avvalgi holiga qaytishi uchun bemor uzoq vaqt (ba’zida 1 soatgacha) gorizontal holatda yotishi kerak. Ushbu sindrom ayollarda erkaklarga qaraganda 5 barobar ko‘p uchraydi. Postural ortostatik taxikardiya sindromi turli yoshda uchrasa-da, uning eng ko‘p kuzatiladigan davri – bu o‘smirlik davri. Asosiy klinik belgilari – ko‘z oldining qorong‘ilashib ketishi, bosh aylanishi, nafas etishmovchiligi, epigastral sohada og‘riq paydo bo‘lishi, oyoq-qo‘llar titrashi, sovuq ter bosishi va holsizlanib gandiraklab ketish.
Bu sindrom, asosan, passiv turmush tarzi kechiruvchilar, virusli infektsiyalarga tez-tez chalinadiganlar, homilador ayollar, AQB doimo past yuruvchilar, surunkali intoksikatsiya va metabolik buzilishlarda ko‘p kuzatiladi. Kasallik, odatda og‘ir kechmaydi. Uni yuzaga keltirgan sabablar aniqlansa, bemor sog‘lom turmush tarziga rioya qilsa va jismoniy mashqlar bilan shug‘ullansa, bu holat asoratsiz o‘tib ketadi.
Davosi. Taxikardiyani bartaraf etish uchun beta-adrenoblokatorlar kam dozada tavsiya etiladi. Buning uchun propranolol kuniga 10-40 mg dan ichishga buyuriladi.
Professor Zarifboy Ibodullaev