PSIXOPAT – U QANDAY ODAM?
Shaxsning patologik tipda o‘zgarishiga psixopatiya deb aytiladi. Psixopatiya kasallik emas, balki xulq-atvorning patologik o‘zgarishidir. Psixopat – har qanday vaziyatda ham o‘z shaxsini o‘ta sevadigan va o‘zini birovlardan ustun qo‘yadigan odam. Psixopat o‘zini shu qadar sevadiki, uni maqtagan odamni ko‘klarga ko‘taradi, yomonlagan odamni esa erga urib, yakson qilib tashlaydi. Uning uchun fanatizm juda xos. Psixopat biror narsaga qiziqsa, shuni amalga oshirmasdan qo‘ymaydi. Uning bu ishini birov tanqid qilsa, uni ko‘rarga ko‘zi yo‘q. Psixopatlar aqlan zaif emas, balki ruhan zaif odamlardir. Ulardan kuchli rassom, matematik, shoir yoki harbiy sarkardalar etishib chiqadi. Psixopat o‘ziga va boshqalarga juda talabchan bo‘ladi, o‘ta toza va chiroyli kiyinishga intiladi. Uning xulq-atvorida o‘ta ishchanlik va o‘ta yalqovlik, o‘ta mehribonlik va kuchli qahr kabi bir-biriga zid bo‘lgan xislatlar birgalikda namoyon bo‘ladi.
Psixopat har doim o‘zini maqtashga sabab izlaydi, birovlar uni maqtasa, dunyoda eng baxtiyor odamga aylanadi. Birovlarning ustidan hukmronlik qilish uning eng yaxshi ko‘rgan xobbisi hisoblanadi. Shu bois psixopat har doim mansabga intiladi. Oilada u baxtsiz odamdir. Psixopat rafiqasi va farzandlari bilan hech chiqisha olmaydi. Biroq ishda uning oshig‘i olchi. U ishga butun vujudi bilan kirishib ketadi, hatto u erda yotib qoladi. Psixopatning do‘stiga aylanmoqchi bo‘lsangiz – uni maqtang, dushmaniga aylanmoqchi bo‘lsangiz – tanqid qiling. Demak, psixopatning eng nozik joyi – maqtov va tanqid. Psixopatlar qasd olishga o‘ch odamlar ekanligini unutmang.
Psixopatning bolaligi qanday kechgan bo‘ladi? Psixopatiya belgilari ko‘proq 12-14 yoshlarda avj ola boshlaydi. Bu davrda bola og‘ir ruhiy jarohat olsa, ya’ni uning shaxsiga aloqador o‘ta kuchli kamsitish va haqoratomuz holat ro‘y bersa, u alamzada bo‘lib o‘sadi, odamlarni yomon ko‘radi, ulardan qasdini olsa, huzur qilaveradi. Mana shu alamzadalik umrining oxirigacha davom etishi mumkin. Bosh miyaga olingan jarohatlar ham bolaning ruhiy rivojlanishiga jiddiy ta’sir ko‘rsatadi (masalan, ota-ona bolaning boshiga ko‘p ursa).
Ba’zida psixopatiya nasliy xususiyatga ega. Odatda, uydagi nosog‘lom muhit boladagi psixopatik o‘zgarishlarni yanada kuchaytirib yuboradi. Bunday paytlarda psixologning bola bilan ishlashi befoydaligini ota-onalar unutmasligi kerak. Shuning uchun ham psixologik suhbatga oilaning barcha a’zolari jalb qilinishi lozim. Bu o‘ta murakkab muammo! Biroq uni echmasdan turib, psixopatiya rivojlanishining oldini olib bo‘lmaydi. Bola ota-ona mehriga to‘yib o‘sishi kerak. Bolaga 5 yoshgacha mehr berish, undan keyin qattiqqo‘l bo‘lish kerak degan naql mutlaqo noto‘g‘ri. Bola 40 yoshga kirsa ham ota-ona tirik ekan, bolasidan mehrini ayamasligi kerak. Ana shunda u birovdan mehr izlamaydi, birovga tobe bo‘lmaydi.
Professor Zarifboy Ibodullaev