PSIXOSOMATIK SINDROM


Psixosomatik sindrom – o‘tkir va surunkali stresslar natijasida ichki a’zolar va sistemalarda rivojlangan funktsional buzilishlar majmuasi. Demak, psixosomatik sindrom psixogen etiologiyali funktsional buzilishlar bo‘lib, uning negizida markaziy nerv sistemasining disfunktsiyasi yotadi. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, terapevtik yo‘nalishdagi barcha kasalliklarning 70 % i – bular psixosomatik sindromlar, qolgan 30 % i organik kasalliklar, xolos. Bu esa har bir vrachdan psixosomatik buzilishlarni mukammal bilishni talab etadi.

Psixosomatik buzilishlarning turlari juda ko‘p bo‘lib, ularga psixogen tsefalgiya, psixogen bosh aylanishi, psixogen kardialgiya, psixogen astma, psevdorevmatizm, psixogen radikulalgiya, psixogen abdominalgiya, psixogen dizuriya, psixogen seksual buzilishlar, psixogen qichima, psixogen giperesteziya kabi bir qator sindromlar kiradi. Bu erdan ko‘rinib turibdiki, psixosomatik buzilishlar deyarli barcha ichki a’zolar va sistemalarning funktsional buzilishlari bilan namoyon bo‘ladi. Shu bois ularni deyarli har doim organiq sindromlar bilan qiyoslashga to‘g‘ri keladi. Avvalombor organik kasallikni inkor qilish – tibbiy psixologiyaning oltin qonuni.

Tibbiy amaliyotda niqoblangan depressiya atamasi ham keng qo‘llaniladi. Aslida depressiya negizida vujudga kelgan va boshqa kasalliklarning klinik simptomlariga o‘xshab namoyon bo‘luvchi sindromga niqoblangan depressiya deb aytiladi. Masalan, kuchli tsefalgiya IKG ga o‘xshab namoyon bo‘ladi, biroq klinik va paraklinik tekshiruvlar bemorda IKG yo‘qligini ko‘rsatadi. Tibbiy-psixologik tekshiruvlarda esa depressiya aniqlanadi. Unda bosh og‘rig‘i IKG niqobi ostida namoyon bo‘layapti.  

Davolash. Davolash tibbiy-psixologik usullarni qo‘llagan holda olib boriladi. Bunda asosiy urg‘u psixoterapiyaga beriladi. Shuningdek, antidepressantlar, trankvilizatorlar, sedativ dorilar, atipik neyroleptiklar, psixostimulyatorlar, fizioterapevtik davolash muolajalari, gipnoz, igna bilan davolash kabi muolajalar keng qo‘llaniladi. Psixosomatik buzilishlarni bartaraf etishda psixoanalitik terapiya va platseboterapiyaning ham o‘rni katta.

Psixosomatik buzilishlarni korrektsiya qilishda sulpirid (prosulpin) keng qo‘llaniladi. Bu dorida neyroleptik va antidepressantlarga xos xususiyatlar mavjud, lekin ular kuchli ifodalanmagan. Shuning uchun ham eglonilni qabul qilgan bemorlarda boshqa neyroleptiklarga xos bo‘lgan uyqusirash, koordinator va ekstrapiramidal buzilishlar kuzatilmaydi. Bu dorining antipsixotik ta’siri uning markaziy asab tizimiga  faollashtiruvchi ta’siri bilan namoyon bo‘ladi. Prosulpinning bu xususiyati uni ruhiy faoliyatning o‘ta pasayishi bilan kechuvchi turli kasalliklar, ya’ni ruhiy, nevrologik va psixosomatik kasalliklarda keng qo‘llash imkonini beradi. Prosulpin autizm, abuliya, adinamiya va xulq-atvorning buzilishlarini (ayniqsa, bolalarda) davolashda ham keng qo‘llaniladi. Prosulpin hiqichoqni, ko‘ngil aynishini, bosh aylanishni, qusishni ham kamaytiradi. Shuningdek, bu dori me’da va o‘n ikki barmoqli ichakning yara kasalligida ham tavsiya qilinadi, lekin u antatsid ta’sirga ega emas.

Engil psixotik buzilishlarda prosulpin (sulpirid) 1 tabl. (200 mg) 3 mahal, og‘ir buzilishlarda 2 tabletkadan (400 mg) 3-4 mahal tavsiya qilinadi. Surunkali psixozlar va psixosomatik sindromlarda bu dori 100-200 mg dan (2-4 kapsula) uzoq vaqt mobaynida (odatda, 1 oy) beriladi. Prosulpinning bolalarga tavsiya qilinadigan kundalik dozasi tana og‘irligining har kilogrammiga 5-10 mg dan to‘g‘ri kelishi kerak.

Prosulpin psixomotor qo‘zg‘alishlar, arterial qon bosim baland bo‘lgan holatlar va feoxromotsitomada tavsiya qilinmaydi, homiladorlik paytida kam miqdorda beriladi. Prosulpinni uzoq muddat qabul qilish ekstrapiramidal buzilishlarga olib kelishi mumkin. Bu buzilishlar dorini qabul qilishni to‘xtatgandan so‘ng o‘tib ketadi.

Professor Zarifboy Ibodullaev



Ctrl
Enter
Хато топдизнигзми?
Матнни танланг ва Ctrl+Enter тугмачаларини босинг
MUHOKAMALAR
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Hech qanday izoh yo‘q. Siz birinchi bo‘lishingiz mumkin!
Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив