Nevrogen qovuq sindromi
Nerv sistemasi zararlanishi sababli qovuqda siydik to‘plash va chiqarish faoliyatining buzilishiga nevrogen qovuq sindromi (NQS) deb ataladi. Fiziologik nuqtai nazardan olganda, siyish qovuqni ixtiyoriy bo‘shatish demakdir. Nerv sistemasining qaysi sohasi zararlanishidan qat’i nazar, agar u qovuq funktsiyasining buzilishi bilan namoyon bo‘lsa, “nevrogen qovuq sindromi” atamasi qo‘llaniladi. Demak, nevrogen qovuq sindromi – bir qancha nevrologik kasalliklarning klinik sindromi sifatida namoyon bo‘luvchi yig‘ma atama.
Etiologiyasi. NQS ko‘p etiologiyali sindrom. Markaziy, periferik hamda vegetativ nerv sistemalarining turli sohalari patologiyalarida NQS rivojlanadi.
Nevrogen qovuq sindromining asosiy sabablari.
- Periferik vegetativ etishmovchilik (PVE) – turli kasalliklarda qovuqni innervatsiya qiluvchi vegetativ yo‘llarning zararlanishi sababli rivojlanadigan nevropatiyalar. Masalan, diabetik, infektsion-toksik, idiopatik vegetativ nevropatiyalar va h.k.
- Spinal kasalliklar – mielit, intramedullyar o‘smalar, ot dumi o‘smalari, spinal insult va jarohatlar, tarqoq skleroz, tabes dorsalis, spinal anomaliyalar, orqa miyani siqib qo‘yuvchi disk churralari va shu kabi boshqa spinal patologiyalar. Orqa miya kasalliklarida nevrogen qovuq sindromi ko‘p uchraydi.
- Dientsefal va mezentsefal sohalar kasalliklari – entsefalit, o‘sma, arteriovenoz malformatsiya, neyroendokrin kasalliklar, travmatik jarohatlar va h.k.
Bosh miya katta yarim sharlari po‘stlog‘i va po‘stlog‘osti tuzilmalari kasalliklari – paratsentral soha o‘smalari va jarohatlari, oldingi biriktiruvchi arteriya anevrizmalari, diffuz kechuvchi kortikal atrofiyalar (Alsxaymer kasalligi, Pik kasalligi, senil dementsiya, oligofreniya), Parkinsonizm, psixoorganik sindromlar, epileptik xurujlar, toksik va metabolik entsefalopatiyalar, og‘ir gidrotsefaliya, ikki tomonlama insultlar va h.k.
Klinikasi. Qovuqda siydik to‘planishi va chiqarilishining turli xil buzilishlari mavjud. Ularning qay tarzda namoyon bo‘lishi patologik jarayonning qaysi sohada joylashganiga ko‘p jihatdan bog‘liq. To‘satdan paydo bo‘lgan spinal patologiyalarda (spinal insult, travma, o‘tkir mielit) orqa miyaning qaysi sohasi zararlanishidan qat’i nazar siydik tutilishi rivojlanadi. Spinal shok (diashiz) vujudga kelishi bilan kechadigan ushbu urgent holatlarda muskullar atoniyasi, arefleksiya va anesteziya ham kuzatiladi.
Siydik tutilishi orqa miyaning bo‘yin va ko‘krak qismining ko‘ndalang zararlanishlarida har doim uchraydi. Bu holat siyishning markaziy tipda buzilishi deb ataladi. Chunki siyishni reflektor tarzda bevosita amalga oshiruvchi spinal va tserebral markazlar orasida ikki tomonlama aloqa butunlay uziladi. Natijada siyishni markaz tomondan boshqarish izdan chiqadi va qovuqda siydik to‘planib qoladi. Bunday bemorlarda siyishga qistov paydo bo‘lmaydi, qovuqda siydik to‘planganini sezishmaydi, ixtiyoriy tarzda siya olishmaydi, siydirish uchun qo‘yilgan kateterni ham sezishmaydi. Qovuq siydikka to‘lgan sayin u kattalashib boradi va sfinkterlar ochila boshlaydi. Buning natijasida siydik kamkamdan tashqariga tomchilab chiqib turadi. Bu holat parodoksal ishuriya (ischuria parodoxa) deb ataladi. Agar bemorni kateter yordamida siydirmasa, qovuq juda kattalashib ketadi va kindikkacha boradi. Bunday bemorlar birdaniga siyib yuborishi ham mumkin, ya’ni qovuq avtonom tarzda ishlab ketsa. Biroq shunda ham qovuq to‘la bo‘shamaydi.
Bosh miya va orqa miyada joylashgan vegetativ markazlarni o‘zaro bog‘lovchi yo‘llar zararlansa, siyishga imperativ qistovlar sindromi rivojlanadi. Ularda qovuq siydikka to‘lib ulgurmasdan, siyishga qistovlar kuzatilaveradi. Siyishga bo‘lgan qistovni bemor ixtiyoriy tarzda ushlab tura olmaydi. U, albatta, qovuqni bo‘shatishga majbur. Shu bois bu holat “siyishga imperativ qistov” deb ataladi. Go‘yoki qovuq “meni tezroq bo‘shat” deb o‘z egasiga buyruq berayapti. Bunday bemorda qovuqdagi siydik miqdori 100-200 ml ga etmasdan siyish qistovi tutadi. Agar sog‘lom odam bir kunda o‘rtacha 6 marotaba siyishga qatnasa, ular kuniga 15–20 marotaba qatnashadi.
Qovuqning siydikka to‘planishiga nisbatan reaktsiyasiga qarab, quyidagi fiziologik va patologik holatlar farqlanadi.
- Normoreflektor qovuq – qovuqdagi siydik miqdori 200-400 ml ga etganda siyish refleksi yuzaga keladi. Bu holat sog‘lom odamlar uchun xos.
- Giperreflektor qovuq – qovuqdagi siydik miqdori 100-200 ml ga etmasdan siyish refleksi yuzaga kelaveradigan holat. Bu holat spinal va tserebral markazlarni o‘zaro bog‘lovchi yo‘llar zararlanganda kuzatiladi. Masalan, orqa miyaning bo‘yin va ko‘krak segmentlari zararlanganda (intramedulyar o‘smalar, tarqoq skleroz va h.k.) siyishga tez-tez qistovlar yuzaga keladi.
- Giporeflektor qovuq – qovuqdagi siydik miqdori 400 ml dan oshib ketsa ham siyish refleksi paydo bo‘lmaydigan holat. Bu holat detruzorni innervatsiya qiluvchi parasimpatik spinal markazlar (S2–S4), ot dumi, chanoq nervlari va chigallari zararlanganda kuzatiladi.
Periferik vegetativ etishmovchilik bilan namoyon bo‘ladigan turli nasliy kasalliklar ham giporeflektor qovuq sindromini yuzaga keltiradi. Bu sindrom qandli diabetning og‘ir turlarida ham rivojlanadi. Demak, siydikni qovuqdan haydab chiqaruvchi detruzor muskullarning qisqarish faoliyati izdan chiqsa, giporeflektor qovuq sindromi kuchayadi. Detruzorning gipotoniyasi sababli bunday bemorlar abdominal muskullarning qisqarishi hisobiga siyadi, xolos. Ular ba’zida qovuqning ustiga mushti bilan bosib ham siyishga urinishadi.
Areflektor qovuq – spinal diashizni yuzaga keltiruvchi o‘tkir spinal kasalliklarda rivojlanadigan holat. Giporeflektor qovuqni yuzaga keltiruvchi barcha patologik holatlar areflektor qovuq sindromini ham yuzaga keltiradi. Bu, ayniqsa, og‘ir kasalliklarda kuzatiladi. Areflektor qovuq sindromi juda og‘ir holat bo‘lib, bemorda siyishga bo‘lgan refleks butunlay so‘nadi, qovuq siydikka to‘lib kattalashib ketadi, qovuq atoniyasi yuzaga keladi. Ko‘p o‘tmasdan qovuq devori yallig‘lanib, unda sklerotik o‘zgarishlar rivojlanadi, qovuqning elastiklik xususiyati pasayib bujmayib qoladi. Bunday bemorlarda yiringli tsistit rivojlanib, sepsis xavfi paydo bo‘ladi. Umuman olganda, qovuqning siydik haydash funktsiyasining buzilishi – urogenital infektsiyalar manbaidir.
Patologik jarayon orqa miyaning simpatik markazlari sohasida (L1–L3) joylashsa, siydik tuta olmaslik rivojlanadi. Chunki bunda siydik chiqishini ushlab turuvchi ichki sfinkter zararlanadi. Qovuqda siydik to‘planmasdan tashqariga tomchilab chiqib turadi. Bemorning qovug‘i doimo bo‘sh bo‘ladi. Bu holat siydikni haqiqiy ushlab tura olmaslik deb ataladi. Ushbu sindrom spinal insult va jarohatlar, ot dumi o‘smalari, spinal anomaliyalar, vegetativ nevropatiyalar va shu kabi bir qator spinal kasalliklarda rivojlanadi.
Qovuqning nevrogen disfunktsiyasi bolalarda ham ko‘p uchraydi. Qovuqning markaziy va periferik innervatsiyasi morfofunktsional jihatdan etilmay qolishi yoki uning kechikib rivojlanishi bolalarda qovuq disfunktsiyasini yuzaga keltiradi. Asosan, siydik ushlay olmaslik bilan namoyon bo‘ladigan bu holatlar ba’zida balog‘at yoshigacha saqlanib qoladi.
NQS ning yana bir sababi – bu bosh miya kasalliklari. Og‘ir tserebral kasalliklar sababli rivojlangan NQS da qovuqqa to‘plangan siydikni ushlab tura olmaslik kuzatiladi. Qovuq siydikka to‘lmasdan turib siyish qistovi tutadi, bemor uni ixtiyoriy ravishda ushlab tura olmaydi. Buning sababi – qovuq funktsiyasini ixtiyoriy, ya’ni ongli tarzda boshqaradigan tserebral markazlar ishining izdan chiqishidir. Chunki tserebral markazlarning spinal markazlarni tormozlab turish funktsiyasi buziladi. Bunday bemorlar hojatxonaga borishga ham ulgurmay qolishadi. Tserebral atrofiya qancha kuchli ifodalangan bo‘lsa, siydik ushlab tura olmaslik ham shuncha yaqqol namoyon bo‘ladi. Bu holat, ayniqsa, peshona bo‘lagi zararlanishlarida ko‘p kuzatiladi. Tserebral atrofiya bilan kechadigan kasalliklarga Alsxaymer va Pik kasalligi, frontotemporal dementsiya va Parkinson kasalliklarini misol qilib keltirish mumkin.
Tashxis. NQS tashxisini qo‘yish unchalik qiyinchilik tug‘dirmaydi. Asosiy muammo ushbu sindromni yuzaga keltirgan sababni aniqlash va topik tashxisni qo‘yish bilan bog‘liq.
Tashxis qo‘yish algoritmi
- Siyish buzilishlari qachon va nimadan keyin paydo bo‘lganligi hamda qay tarzda namoyon bo‘lishini so‘rab-surishtirish.
- Bemorning bolalik davridan boshlab hayot anamnezini o‘rganish.
- Nevrologik kasalliklar mavjudligi va ularning qovuq disfunktsiyasi bilan bog‘liqlik darajasini aniqlash.
- Urologik kasalliklarni inkor qilish.
- Anogenital soha sezgirligi, anal va bulbokavernoz reflekslarni tekshirish.
- Tsistometriya – qovuqning ichki bosimini o‘lchash. Buning uchun kateter orqali qovuqqa katta miqdorda suv yuboriladi va uning bosimi manometr yordamida o‘lchab boriladi.
- Ekskretor urografiya, radioizotop renografiya, tsistoskopiya, urofloumetriya tekshiruvlari.
- Siyishda ishtirok etuvchi muskullarni EMG yordamida tekshirish.
Davosi. Davolashdan asosiy maqsad – qovuqning siydik to‘plash va uni chiqarish funktsiyasini tiklash hamda NQS ni yuzaga keltirgan asosiy kasallikni bartaraf etish.
Siydik tuta olmaslik va imperativ qistovlarda quyidagi dorilar tavsiya etiladi.
Driptan 5 mg kuniga 2-4 mahal, spazmeks 15 mg kuniga 2 mahal, propantelin 30 mg kuniga 4 mahal, detruzitol 2 mg kuniga 2 mahal, oksibutin 5 mg kuniga 2-3 mahal, tolterodin 2 mg kuniga 2 mahal, metantelin 50 mg kuniga 4 mahal, amitriptilin 25 mg kuniga 3-4 mahal, imipramin 25 mg kuniga 3-4 mahal ichishga buyuriladi.
Siydik tutilib qolishida quyidagi dorilar tavsiya etiladi.
- Kaltsiy antagonistlari – nifidepin 10 mg (2-3 mahal), terodilin 12,5 mg (2-3 mahal);
- Miorelaksantlar – midokalm 50 mg (2-4 mahal), baklofen 5 mg (2-4 maxal), sirdalud 2 mg (3-4 mahal).
- Antixolinesteraz dorilar – kalimin 60 mg (2-3 mahal), prozerin 15 mg (2-3 mahal), neyromidin 20 mg (2-3 mahal).
Siydik tutilib qolishlarida qorinning pastki qismiga musht bilan bosish (Krede usuli) ham mumkin. Agar bu usullar yordam bermasa, bemor kateter bilan siydiriladi. Kateterni har doim qo‘yib qo‘yish siyish refleksini izdan chiqaradi. Shuning uchun kateterni zarur paytda ishlatish lozim. Qovuqda qolgan siydik miqdori 100 ml dan oshmasligi kerak. NQS ning atonik turlarida elektrostimulyatsiya qo‘llaniladi. Bemorni davolashda, albatta urolog maslahati zarur. Urogenital infektsiyalarning oldini olish uchun uroseptiklar ham tavsiya etiladi. Ba’zida xirurgik davolash usullari (sakral rizotomiya, periferik denervatsiya, tsistotomiya) o‘tkazishga to‘g‘ri keladi.
Prognoz. NQS ni keltirib chiqargan kasallik turi, og‘irlik darajasi va ikkilamchi asoratlarga bog‘liq.
Professor Zarifboy Ibodullaev