QO‘ShIMChA NERV NEVROPATIYaSI
Qo‘shimcha nerv (n. accessorius) faqat harakat tolalaridan iborat bo‘lib, bo‘yintiriq teshik (foramen jugulare) orqali kalla bo‘shlig‘idan tashqariga chiqadi va to‘sh-o‘mrov-so‘rg‘ichsimon muskul (m. sternocleidomastoideius) bilan trapetsiyasimon (m. trapezius) muskulni innervatsiya qiladi. Qo‘shimcha nerv yadrosining kranial qismi po‘stloqdan ikki tomonlama innervatsiya oladi va uning aksonlari boshni yon tomonlarga buruvchi m. sternocleidomastoideius-ga boradi. Yadroning spinal qismi (S1–S5) po‘stloqdan bir tomonlama (qarama-qarshi tomondan) innervatsiya oladi va uning aksonlari elka kamarini (kurak va o‘mrov suyaklarini) ko‘tarishda ishtirok etuvchi m. trapezius boradi.
Qo‘shimcha nerv, asosan, kana entsefaliti, kraniospinal o‘smalar, yon amiotrofik skleroz, siringomielobulbiya, motoneyron kasalliklari, kraniovertebral anomaliyalar, yallig‘lanish kasalliklari, bo‘yin-ensa sohasi jarohatlari va ushbu sohada limfa tugunlaridan biopsiya olganda zararlanadi. Qo‘shimcha nerv innervatsiya qiluvchi muskullar miasteniya, distrofik miotoniya, polimiozitlarda ham zararlanadi. Ba’zida nevropatiya sababi aniqlanmay qoladi va bunday holatlar idiopatik nevropatiya deb yuritiladi.
Zararlanish simptomlari. Qo‘shimcha nerv bir tomonda zararlansa, bosh o‘sha tomonga og‘adi va pastga bukiladi, bemorning elkasi ham osilib qoladi. Bemor boshini sog‘lom tomonga burish va tepaga ko‘tarishda juda qiynaladi, elkasini yuqoriga ko‘tara olmaydi. Biroz vaqt o‘tgach, m. sternocleidomastoideius va m. trapezius da atrofiya rivojlanadi. Qo‘shimcha nerv yadrosi ikkala tomond ham zararlansa, bemorning boshi pastga bukilib osilib qoladi, u boshini yon tomonlarga bura olmaydi. Bu holat kana entsefaliti uchun juda xos.
Professor Zarifboy Ibodullaev