Klaster (tutamli) bosh og‘riq
Klaster (tutamli) bosh og‘riq – boshning bir tomonida, ya’ni periorbital va peshona-chakka sohasida kuzatiluvchi o‘ta kuchli bosh og‘riq xurujlari. Klaster tsefalgiya Xorton sindromi deb ham ataladi. Bu kasallik erkaklarda juda ko‘p uchraydi. Kasallik o‘rtacha 30 yoshlarda boshlanadi.
Og‘riq xurujlari boshning ma’lum bir qismida, ya’ni bir joyga to‘planib kuzatilganligi uchun “tutamli” atamasi qo‘llaniladi. Demak, klaster tsefalgiyada og‘riqlar bir joyga to‘plangan va chegaralangan bo‘ladi. Og‘riq xurujlari to‘satdan boshlanadi, 10–15 daqiqa ichida kuchayib ketadi va 1-2 soat to‘xtovsiz davom etadi. Og‘riqlar har doim bir tomonda vujudga keladi. Ular ko‘proq paraorbital, retroorbital va peshona-chakka sohalarida kuzatiladi. Og‘riq shu darajada kuchli bo‘ladiki, og‘riyotgan joyga o‘tkir tishli va kuydiruvchi temirni tiqib buragandek tuyuladi. Bu azobga chida olmay bemor og‘rigan joyini kafti bilan yopib o‘tirib qoladi. Og‘riq xurujlari bir kunda 3-4 marta takrorlanadi va asosan kunning ikkinchi yarmida kechga yaqin qo‘zg‘aydi. Ba’zan bemor tungi uyqu paytida og‘riq xurujidan uyg‘onib ketadi, ba’zida esa og‘riq xuruji ertalab uyg‘onganda ushlaydi. Og‘riq xuruji paytida bemorning bir ko‘zi qizarib ketadi, yosh oqaveradi, burni bitadi va rinoreya kuzatiladi. Bu belgilar xuruj tutgan tomonda paydo bo‘ladi. O‘sha tomonda mioz va ba’zida poluptoz kuzatiladi. Og‘riq xurujlari spirtli ichimliklar ichganda, nitroglitserin yoki boshqa vazodilalator qabul qilganda tez qo‘zg‘aydi.
Tashxis va qiyosiy tashxis. Tashxis qo‘yishda kasallikning kechish xususiyatiga e’tibor qaratiladi. Qiyosiy tashxis migren, uch shoxli nerv nevralgiyasi, glaukoma xuruji, chakka arteriiti va boshqa gemikranialgiyalar bilan o‘tkaziladi. Kasallikni bosh miyaning organik kasalliklari bilan ham qiyoslash zarur. Bunday bosh og‘riqlar, ayniqsa, oldingi va o‘rta kranial chuqurcha o‘smalari (meningioma, nazofaringeal kartsinoma, gipofiz o‘smalari), ichki uyqu arteriyasi kavernoz qismi anevrizmalarida ham paydo bo‘ladi. Uch shoxli nerv ildizi chiqadigan sohada bazilyar arteriya anevrizmalari shunga o‘xshash og‘riqlarni yuzaga keltiradi. Ular yuz va boshning to‘la yarmida kuzatiladi. Bu kasalliklarni aniqlash yoki inkor qilish uchun MRT va MRA tekshiruvlari o‘tkaziladi.
Klaster tsefalgiyada davolash. Og‘riq xuruji paytida kislorod ingalyatsiyasi beriladi. Bemor 10-20 daqiqa mobaynida maxsus kislorod qopchasi yordamida nafas oladi. Kislorod ingalyatsiyasi og‘riq xurujlarini kamaytiradi.
Har doim esda tuting! Migren va klaster tsefalgiyada qon tomirni kengaytiruvchi dorilar (masalan, kavinton) tavsiya etilmaydi. Ular og‘riq xurijini yanada kuchaytirib yuboradi.
Klaster tsefalgiyani bartaraf etish uchun deyarli migrenda qo‘llaniladigan dorilar tavsiya etiladi. Bu maqsadda sumatriptan 20 mg miqdorda ikkala burunga purkaladi. Sumatriptan 6 mg miqdorda teri ostiga qilinishi ham mumkin. Agar buning imkoni bo‘lmasa, tramadol 50-100 mg (1-2 ampula) v/i ga tomchilatib yuboriladi. Tramadolni ushbu dozada t/o ga yoki m/i ga yuborsa ham bo‘ladi. Tramadol venadan yuborilgach, 10 daqiqa ichida og‘riq kamaya boshlaydi. Og‘riq xurujlari paytida 60 mg prednizolon v/i ga qilinadi. Prednizolonni ushbu dozada 3-5 kun mobaynida qilish tavsiya etiladi.
Og‘riqlar tez-tez qo‘zg‘ab turadigan paytlarda tramadol 50 mg (1 kaps.) dan kuniga 3 mahaldan ichishga buyuriladi yoki tramadolning rektal shag‘ami (100 mg) qo‘llaniladi. Shuningdek, indometatsin 25-50 mg, verapamil 40 mg dan 3 mahal, litiy karbonat 300 mg dan 2 mahal, topiramat 100 mg yoki valproat natriy (depakin) 500 mg dan kuniga 3 mahal tavsiya etiladi.
Professor Zarifboy Ibodullaev