KOLLAPS
Kollaps — arterial va venoz bosimning keskin tushib ketishi bilan namoyon bo‘luvchi o‘tkir qon-tomir etishmovchiligi. Kollaps yuzaga kelishi yurakdan chiquvchi va tsirkulyatsiya qiluvchi qon hajmining to‘satdan kamayib ketishi hamda arteriyalar tonusining keskin tushib ketishi bilan bog‘liq. Kollaps barcha a’zo va to‘qimalar gipoksiyasi, moddalar almashinuvining keskin sustlashuvi va hayotiy muhim funktsiyalarning izdan chiqishi bilan kechadi.
Etiologiyasi. Kollapsning asosiy sabablari – miokard infarkti va o‘tkir qon yo‘qotishlar. Ayniqsa, katta o‘choqli infarkt va katta miqdorda qon yo‘qotishlarda kollaps tez rivojlanadi. Shuningdek, o‘pka arteriyalari tromboemboliyasi, turli etiologiyali shoklar, tananing katta sohasini egallovchi kuyishlar, o‘tkir zaharlanish va intoksikatsiyalar, neyroendokrin kasalliklar, ganglioblokatorlar, neyroleptiklar va simpatolitiklar dozasining oshib ketishi kollaps rivojlanishiga sababchi bo‘ladi.
Klinikasi. Kollaps rivojlanganda bemorning rangi oqarib ketadi (kardiogen kollapsda tsianoz), sovuq ter bosadi va boshi aylanib ketib o‘tirib oladi yoki yotadi. Bemorning butun badani titray boshlaydi, oyoq-qo‘llari muzlab xolsiz bo‘lib qoladi. Hushi hali saqlangan bo‘lsa-da, atrofdagilar bilan muloqotga kirisha olmaydi. Havo etishmay tez-tez nafas oladi, bezovtalanib kuchli qo‘rquv bosadi. Ko‘z oldi qorong‘ilashib ketadi va ko‘rishi sustlashadi. Korachiqlar kengayib, ularning yorug‘liqqa reaktsiyasi pasayadi. Quloqlari bitib qoladi, ba’zida ularda kuchli shovqin paydo bo‘ladi. Tomir urishi bilinar-bilinmas va yumshoq bo‘ladi, taxikardiya aniqlanadi. Sistolik AQB 80-60, diastolik AQB 60-40 mm sim ust. ga tushadi. Arterial gipertenziya bilan xastalangan bemorlarda kollaps paytidagi AQB ko‘rsatkichlari biroz yuqori bo‘lishi mumkin. Tana harorati ham pasayadi.
Nevrologik statusda muskullar gipotoniyasi va pay reflekslari pasayishi aniqlanadi. Agar bemorga tez yordam ko‘rsatilmasa, u xushini yo‘qota boshlaydi. Bunday paytlarda kollaps komaga o‘tadi va bemor halok bo‘lishi mumkin. Har qanday etiologiyali kollapsda qon quyuqlashadi, azotemiya va oliguriya kuzatiladi.
Kollaps klinikasi uni yuzaga keltirgan etiologik omillarga ham bog‘liq. Masalan, kardiogen etiologiyali kollapsda yurakning o‘tkir etishmovchiligi va o‘pka shishi simptomlari kuzatiladi. Infektsion etiologiyali kollaps septik shok paytida rivojlanadi va bunda tana harorati tushib ketadi, butun teri nam bo‘ladi, ya’ni bemor yotgan choyshab jiqqa xo‘l bo‘ladi. Ortostatik kollaps uzoq kunlar gorizontal holatda yotgan bemor o‘rnidan turgan paytda ro‘y beradi. Ortostatik kollaps odatda engil kechadi va bemor yana o‘rniga yotib olsa, ahvol yaxshilanadi. Turli zaharlanishlar sababli rivojlangan toksik kollapslar ko‘ngil aynish, ketma-ket qusish, diareya va organizmning umumiy suvsizlanishi bilan kechadi.
Tashxis. Tashxis zudlik bilan aniqlanishi kerak. Chunki bunday bemorlar hayoti doimo havf ostida bo‘ladi. Kollaps tashxisi, asosan klinik simptomlar va AQB darajasiga qarab qo‘yiladi. Ushbu kasallikka xos klinik belgilar, AQB pasayib ketishi va gematokrit ko‘rsatkichlari tashxis qo‘yishda qiyinchilik tug‘dirmaydi. Qiyosiy tashxis sinkope bilan o‘tkaziladi. Sinkope kollapsga qaraganda ancha engil holat. Sinkopeda xush qisqa vaqtga yo‘qoladi, AQB keskin tushib ketmaydi va bemor tezda o‘ziga keladi. Masalan, bemorning yuziga sovuq suv sepganda, novshadil hidlatganda va yana gorizontal holatga yotqizganda tezda xushiga keladi.
Kollaps turli etiologiyali shoklarning ajralmas qismidir. Shokda ham AQB keskin tushib ketadi va kuchli gemodinamik buzilishlar ro‘y beradi (“Shok” yozilgan joyga qarang).
Tez yordam. Kollapsda tez yordam zudlik bilan ko‘rsatilishi kerak. Kollaps qaerda ro‘y berishidan qat’iy nazar unga tez yordam ko‘rsatilib, zudlik bilan shifoxonaga olib boriladi. Har qanday etiologiyali kollapsda bemor gorizontal holatga yotqiziladi va ikkala oyog‘ining tagiga yostiq qo‘yiladi. Bemor yotgan joy sovuq bo‘lmasligi va kislorodga boy bo‘lishi kerak. Uning ustiga odeyal yopiladi. Teri ostiga darrov 10 % li 2 ml kofein-benzoat natriy qilinadi. Agar ortostatik kollaps ro‘y bergan bo‘lsa, ushbu muolajalarning o‘zi etarli bo‘lib, bemor tezda o‘ziga keladi.
Infektsion etiologiyali kollapsda qo‘shimcha ravishda elektrolitlar (natriy bikorbanat, atsesol, disol) va kolloid eritmalar (reopoliglyukin, reosorbilakt) venadan tomchilatib yuboriladi. Kollaps darajasiga qarab bu dorilar 1000-2000 ml miqdorda oz-ozdan quyiladi. Volemik eritmalar tsirkulyatsiya qiluvchi qon xajmini oshiradi va yurak faoliyatini qayta tiklaydi. Shu bois ular turli etiologiyali kollapslarda qilinadi. Kollapslarda natriy xloridning gipertonik eritmalari ham beriladi.
Qon yo‘qotishlar sababli ro‘y bergan kollapsda qon ketayotgan joy aniqlanib, u darrov to‘xtatiladi. Bemorga qon va plazma quyilishi shart. Toksik etiologiyali kollapsda qo‘shimcha ravishda antidot terapiya o‘tkaziladi. Kardiogen etiologiyali kollapsda deyarli har doim yurak aritmiyasi rivojlanadi yoki ular avvaldan mavjud bo‘ladi. Bunday bemorlar birinchi yordamdan so‘ng zudlik bilan kardioreanimatsiya bo‘limiga yotqiziladi va zarur muolajalar o‘sha joyda davom ettiriladi.
AQB ni ko‘tarish uchun venadan vazopressorlar (dopamin, noradrenalin) yuboriladi. Dopamin bir daqiqaga 200 mkg tezlikda venadan qilinadi yoki 0,2 % li 1-2 ml noradrenalin 150–200 ml 5 % li glyukoza yoki natriy xloridning izotonik eritmasida venadan bir daqiqaga 20 tomchi tezlikda yuboriladi. Deyarli barcha holatlarda kislorod ham beriladi.
Prognoz. Kollaps prognozi uni keltirib chiqargan etiologik omil va tez tibbiy yordamning qay darajada ko‘rsatilishiga bog‘liq. Miokard infarkti, o‘pka arteriyalari trombozi va ko‘p qon yo‘qotishlar sababli rivojlangan kollapslarda prognoz o‘ta murakkab. Qolgan holatlarda AQB va tsirkulyatsiya qiluvchi qon xajmini zudlik bilan tiklash yaxshi natijalarga olib keladi.
Professor Zarifboy Ibodullaev