Yangiliklar Ibodullayev ensiklopediyasi KRANIAL POLINEVROPATIYa

KRANIAL POLINEVROPATIYa


Bir qancha kranial nervlarning zararlanishiga kranial polinevropatiya deb aytiladi. Kranial polinevropatiya, asosan, surunkali meningit, miya pardalari bazal qismining diffuz kartsinomatozi, sarkoidoz, sil, Giyen-Barre sindromi, Pedjet kasalligi, Shegren sindromi, vaskulitlar va turli ekzogen zaharlanishlarda rivojlanadi. Patologik jarayon miya asosining qaysi qismida joylashganiga qarab, kranial polinevropatiya turlicha namoyon bo‘ladi. Kranial polinevropatiya bilan namoyon bo‘luvchi ba’zi sindromlar haqida to‘xtalib o‘tamiz.

Garsen sindromi. Bir necha kranial nervlarning bir tomonlama zararlanishiga Garsen sindromi deb aytiladi. Kranial nervlar faqat bir tomonda zararlangani uchun Garsen sindromi gemikranial polinevropatiya nomini ham olgan. Ikkinchi tomondagi kranial nervlar zararlanmaydi. Garsen sindromi deyarli doimo kalla suyagining asosidan o‘sgan o‘smalarda rivojlanadi. Bular xondroma yoki xondrosarkomalar bo‘lib, ular burun-halqum sohasi, ponasimon suyak yoki chakka suyagi piramidasidan o‘sadi. Garsen sindromida, albatta, ushbu suyaklar destruktsiyasi ham kuzatiladi.

Og‘riqli oftalmoplegiya sindromi (Tolos-Xant sindromi). Bu sindrom kavernoz sinusning tashqi devori va ko‘z kosasi ustki qismining granulematoz yallig‘lanishlarida rivojlanadi. Ushbu sohadan o‘tuvchi bir qancha kranial nervlar, ya’ni ko‘zni harakatlantiruvchi nervlar, uch shoxli nervning birinchi tarmog‘i, ba’zida ko‘ruv nervi va shuningdek, IUA ning simpatik chigallari birgalikda zararlanadi. Kasallik klinikasi ko‘z kosasida "o‘yib oluv­chi", kuydiruvchi va achishtiruvchi og‘riqlar, oftalmoplegiya, ekzoftalm, ambliopiya, Gorner sindromi va ko‘z tubining dimlanishi bilan namoyon bo‘ladi.

Og‘riqli oftalmoplegiya sindromi bir necha kun yoki hafta davom etadi. Undan so‘ng to‘satdan remissiya davri boshlanadi. Lekin ba’zi nevrologik simptomlar saqlanib qoladi. Ba’zida bir necha oylar yoki yillar davom etgan remissiya davridan so‘ng kasallik yana qo‘zg‘aydi. MRT, karotid angiografiya va orbital venografiyalarda kavernoz sinus, ko‘z kosasi to‘qimalari va IUA ning kavernoz qismida granulematoz yallig‘lanish jarayonlari aniqlanadi. Kasallik patogenezi yaxshi o‘rganilmagan. Kortikosteroidlar bilan davolash samara berganligi bois og‘riqli oftalmoplegiya autoimmun kasalliklarning klinik bir ko‘rinishi, deb qaralmoqda. Tolos-Xant sindromiga o‘xshash patologik holat kavernoz sinus o‘smalari, IUA kavernoz qismi anevrizmasi va bazal paximeningitlarda ham kuzatiladi.

Sfenoidal yoriq sindromi (Jakob-Negri sindromi). Kalla suyagi bo‘shlig‘idan yuqori ko‘z yorig‘i (sfenoidal yoriq) orqali ko‘z kosasiga kiruvchi III, IV va VI nervlar hamda r. ophthalmicusning birgalikda zararlanishiga sfenoidal yoriq sindromi deb aytiladi. Kasallik belgilari bir tomonda kuzatiladi. Jakob-Negri sindromi burun-halqum sohasidan o‘rta kranial chuqurchaga o‘sib kirgan o‘smalar yoki birato‘la sfenoidal yoriq sohasida o‘sgan o‘smada, ichki uyqu arteriyasining kavernoz qismi anevrizmasida paydo bo‘ladi. Ushbu sindromning asosiy belgilari – zo‘rayib boruvchi oftalmoplegiya, ekzoftalm va peshona sohasida kuzatiluvchi trigeminal og‘riqlar.

Jeferson sindromi. Bu sindrom ichki uyqu arteriyasining kavernoz qismi anevrizmasida rivojlanadi. Uning asosiy belgilari – boshning bir tomonida kuchli shovqin, oftalmoplegiya, midriaz, ekzoftalm va fronto-orbital sohada kuchli og‘riq xurujlari. To‘g‘ri tashxis karotid angiografiya orqali qo‘yiladi.

Professor Zarifboy Ibodullaev



Ctrl
Enter
Хато топдизнигзми?
Матнни танланг ва Ctrl+Enter тугмачаларини босинг
MUHOKAMALAR
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Hech qanday izoh yo‘q. Siz birinchi bo‘lishingiz mumkin!
Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив