Yangiliklar Ibodullayev ensiklopediyasi KRANIAL NEVROPATIYaLAR

KRANIAL NEVROPATIYaLAR


KO‘RUV NERVI NEVROPATIYaSI

 

Ko‘ruv nervi zararlanishi ko‘p uchraydi. Chunki u turli salbiy ta’sirotlarga o‘ta sezgir hisoblanadi. Bularning ichida qandli diabet, ateroskle­roz, arterial gipertoniya, turli etiologiyali tserebrovaskulyar kasalliklar, bosh miya o‘smalari, ekzogen va endogen intoksikatsiyalar, avitaminozlar, vi­rusli infektsiyalar, kollagenozlar va nasliy-degenerativ kasalliklarni alohida ta’kidlab o‘tish lozim. Bu kasalliklar, asosan, ko‘ruv nervining ikki tomonlama zararlanishi bilan namoyon bo‘ladi. Bu nervning bir tomonlama zararlanishi kam uchraydi va, asosan, o‘smalar (nevrinoma), jarohatlar va yallig‘lanish kasalliklari va a. ophtalmica trombozida kuzatiladi. Ko‘ruv nervi zararlanishi bilan kechadigan barcha kasalliklarda ko‘rish pasayishi (ambliopiya) yoki butunlay yo‘qolishi (amavroz) yuzaga keladi.

Ko‘ruv nervi funktsiyasi buzilishi bilan bog‘liq bo‘lgan simptomlarni o‘rganish nafaqat uning patologiyasini aniqlashda, balki nerv sistemasi­ning bir qator kasalliklariga to‘g‘ri tashxis qo‘yishda ham o‘ta muhimdir. Masalan, Foster-Kennedi sindromi bir tomonda ko‘ruv nervining birlamchi atrofiyasi, ikkinchi tomonda diskning dimlanishi bilan namoyon bo‘ladi. Ko‘ruv nervi atrofiyasi o‘sma bor tomonda kuzatiladi.

Ko‘ruv nervining zararlanishi bilan namoyon bo‘ladigan kasalliklar haqida to‘xtalib o‘tamiz.

Sekin rivojlanuvchi bir tomonlama ambliopiya yoki amavroz sabablari

  • Katarakta, glaukoma, makula degeneratsiyasi.
  • Ko‘ruv nervi o‘smasi (glioma), gipofiz adenomasi, meningioma.
  • Ichki uyqu arteriyasi anevrizmasi va boshqa sabablar.

Sekin rivojlanuvchi ikki tomonlama ambliopiya yoki amavroz sabablari

  • Ko‘ruv nervining nasliy atrofiyalari (makulyar degeneratsiya, Leber sindromi, Volfram sindromi, Refsum sindromi).
  • Xiazma sohasi o‘smalari (glioma, gipofiz adenomasi, kraniofaringioma).
  • Optikoxiazmal leptomeningit, IKG, obstruktiv gidrotsefaliya;
  • Qandli diabet va boshqa dismetabolik buzilishlar.
  • Avitaminoz (V V12 va folat kislotasi etishmovchiligi).
  • Tserebrovaskulyar kasalliklar, ekzogen va endogen intoksikatsiyalar va boshqa sabablar.

Tez rivojlanuvchi bir tomonlama ambliopiya yoki amavroz sabablari

  • Ichki uyqu arteriyasi stenozi, ko‘z arteriyasi trombozi yoki emboliyasi, chakka arteriiti, retinaning markaziy arteriyasi okklyuziyasi;
  • Ko‘ruv nervi jarohatlari (oldingi kranial chuqurcha sohasida);
  • O‘tkir retrobulbar nevrit (tarqoq skleroz, o‘tkir tarqoq entsefa­lomielit va boshqa sabablar);
  • OITS, zaxm, borrelioz, boshqa infektsiyalar va turli sabablar.

Tez rivojlanuvchi ikki tomonlama ambliopiya yoki amavroz sabablari

  • O‘tkir tarqoq entsefalomielit, tarqoq skleroz, Devik optikomieliti.
  • Optikoxiazmal soha abstsessi va bosh miya jarohatlari.
  • OITS, zaxm, borrelioz va shu kabi boshqa infektsiyalar.
  • O‘tkir zaharlanishlar, toksik nevropatiyalar.
  • Tez rivojlanuvchi intrakranial gipertenziya.
  • Migren xuruji.
  • Bazilyar arteriyada yoki a. cerebri posterior havzasida qon aylanish­ning o‘tkir buzilishi, ensa bo‘lagida gemorragik insult va boshqa sabablar.
Professor Zarifboy Ibodullaev



Ctrl
Enter
Хато топдизнигзми?
Матнни танланг ва Ctrl+Enter тугмачаларини босинг
MUHOKAMALAR
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Hech qanday izoh yo‘q. Siz birinchi bo‘lishingiz mumkin!
Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив