ISITMA


Isitma — tana haroratining 37°S dan ko‘tarilishi bilan namoyon bo‘luvchi organizmning himoya-moslashuv reaktsiyasi. Isitma polietiologik sindrom bo‘lib, ularning ichida turli infektsiyalar etakchi o‘rinni egallaydi. Isitma mexanizmi gipotalamusda joylashgan termoregulyatsiya markazining qo‘zg‘alishi bilan bog‘liq.

Etiologiyasi va patogenezi. Termoregulyatsiya markazini qo‘zg‘ovchi pirogen omillar ichida viruslar, bakteriyalar va ulardan ajralib chiqqan toksinlarning o‘rnini alohida ko‘rsatib o‘tish lozim. Shuningdek, turli neyroendokrin kasalliklar, pirogen xususiyatga ega dorilar va  toksinlar, ishemik gipoksiyalar, turli kasalliklar sababli moddalar almashinuvining buzilishlari, gipotalus sohasi o‘smalari, travmatik jarohatlari va yallig‘lanish kasalliklari (entsefalitlar) tana haroratining oshishiga sababchi bo‘ladi. Shuningdek, psixogen isitmalar ham farq qilinadi.

Isitma turlari va belgilari. Isitma darajasiga qarab uning quyidagi turlari farqlanadi:

  • subfebril (37,1 – 37,9 °S;
  • o‘rta darajadagi (38 – 39 °S);
  • yuqori isitma (39,1 – 41 °S);
  • o‘ta yuqori darajadagi (giperpiretik) isitma (41 °S dan yuqori).

 Isitmaning kechishi bo‘yicha quyidagi turlari faqrlanadi.

  • Doimiy isitma (febris continua). Tana harorati 39°S va undan ham yuqoriga ko‘tarilib, bir necha kun va haftalar davomida saqlanib turadi. Kun mobaynida harorat ko‘rsatkichi 1°S atrofida o‘zgarib turishi mumkin. Isitmaning bu turi o‘tkir infektsion kasalliklar (zotiljam, meningit va b.q) da kuzatiladi.
  • Remittirlovchi isitma (febris remittens). Tana haroratining o‘zgarib turishi kun mobaynida 2°S dan oshmaydi va normal ko‘rsatkichgacha ham kamaymaydi. Bu turdagi isitma organizmdagi yiringli jarayonlar uchun xos.
  • Keskin tarzda to‘lqinsimon kechuvchi isitma (febris intermittens). Tana harorati birdaniga 39-40 °S va undan ham yuqoriga ko‘tariladi va qisqa muddat ichida normal ko‘rsatkichlarga (ba’zida undan ham past) tushadi. Oradan 1-3 kun o‘tgach isitma yana oshib ketadi. Isitmaning bu tarzda kechishi bezgak uchun xos.
  • Tinka-madorni qurituvchi, ya’ni gektik isitma (febris hectica). Kun mobaynida tana harorati normadan 3-4°S ga ko‘tariladi-yu, bir necha soatdan keyin yana keskin pasayadi (xatto normadan ham pastga). Isitmaning bu tarzda o‘ynab turishi bemorning tinka-madorini quritadi va o‘ta og‘ir vaziyatni yuzaga keltiradi. Bu isitma sepsis uchun xos.
  • Qaytuvchi isitma (febris recurrens). Isitmali va isitmasiz kunlar navbatma-navbat o‘zgarib turadi: tana harorati 40°S gacha oshadi, bir necha kunlar o‘tgach pasayadi va yana oshadi. Bu turdagi isitma qaytuvchi tif uchun xos.
  • Atipik isitma (febris athypica). Tana haroratining yuqorida ko‘rsatilgan holatlarga o‘xshamaydigan to‘lqinsimon kechishi bo‘lib, yuqori isitma ertalab kuzatiladi. Sil, bod, gripp va sepsisning ba’zi turlari uchun xos.

Davosi. Subfebril harorat organizmga havf tug‘dirmaydigan holat bo‘lib, uni tushirishning hojati yo‘q. Bunday paytlarda tana harorati o‘lchab turiladi va isitma sababi izlanadi. Agar isitma 38,5°S ni tashkil qilsa va  undan osha boshlasa, tana haroratini tushirish kerak. Organizm uchun yuqori darajadagi isitmalar havfli bo‘lib, uning sababini faol izlash va korrektsiya qilish lozim. Shuning uchun ham barcha tarixnomalarda tana haroratini qayd qilib borish uchun maxsus jadvallar bor. Unda tana ertalab va kechqurun (ba’zida har 2 soatda) qayd qilib boriladi.

Tutqanoq xurujlarga moyil bolalarda, ya’ni febril xurujlarda tana haroratining har qanday ko‘tarilishi tutqanoq xurujlarini qo‘zg‘ab yuborishi mumkin. Bunday paytlarda albatta tana haroratini normal ko‘rsatkichlarda ushlab turishga harakat qilish lozim. Tana harorati oshgan bemorlar iloji boricha ko‘proq suyuqlik ichishi kerak.

Tana haroratini tushirishda, odatda, atsetilsalitsil kislotasi (aspirin) keng qo‘llaniladi. Aspirin 0,5 g dan kuniga 2–3 mahal ichish uchun beriladi (gemorragik sindromlarda tavsiya etilmaydi). Ba’zida 1 tabl. (0,5 g) aspirinning o‘zi etarli bo‘ladi. Shuningdek, 50% li 2 ml analgin eritmasi va 1 % li 1 ml dimedrol v/i yoki m/i ga qilinadi. Gipertermik holatlar psixomotor qo‘zg‘alishlar bilan namoyon bo‘lsa, 2,5% li 1–2 ml aminazin yoki 2 ml sibazon (relanium) v/i ga sekin-asta yuboriladi. Shuningdek, 2,5 % 1–2 ml pipolfen eritmasi v/i yoki m/i ga qilinishi mumkin.

Isitmali yosh bolalarning tanasini spirt bilan ishqalab chiqish yoki uni xo‘l dokaga o‘rab qo‘yish ham tana haroratini tushiradi. Shuningdek, tozalovchi klizma ham qilinishi mumkin. Yuqori darajadagi isitmalarda yirik arteriyalar sohasiga (bo‘yin, son arteriyasi) muz solingan qopchalar qo‘yiladi. Ammo, bu usullar bilan chegaralanib qolmaslik va zarur dorilarni qilib turish kerak.  Tana harorati oshgan bemorni vrach qabuliga chaqirmasdan, vrachning o‘zi uning yoniga tashrif buyurishi lozimligini doimo esda tutish zarur. Psixogen etiologiyali gipertermiyalar bemor hayoti uchun havf tug‘dirmaydi. Biroq, psixogen gipertermiya tashxisini qo‘yishdan oldin gipertermiyaning boshqa sabablarini inkor qilish kerak.

 Professor Zarifboy Ibodullaev



Ctrl
Enter
Хато топдизнигзми?
Матнни танланг ва Ctrl+Enter тугмачаларини босинг
MUHOKAMALAR
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Hech qanday izoh yo‘q. Siz birinchi bo‘lishingiz mumkin!
Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив