ISTERIK NEVROZ (ISTERIYa)
Isteriya (yun. histeria – bachadon degani). Bu kasallik belgilari haqida qadimgi risolalarda ko‘p yozilgan va uni dastlab bachadon funktsiyasi bilan bog‘lashgan. Chunki isteriyani, asosan, ayollarda kuzatishgan. Keyinchalik isterik buzilishlar erkaklarda ham aniqlangan bo‘lsada, uning avvalgi nomi saqlanib qolgan. Isteriya nevrozning boshqa turlari kabi keng tarqalgan kasallik. Bu kasallik, asosan, yoshlik davrida va ko‘proq ayollarda uchraydi. Uning kelib chiqishida xulq-atvorning bolalikdan isterik tarzda shakllanishi katta ahamiyat kasb etadi.
Ortiqcha ta’sirlanish, har narsaga haddan tashqari e’tibor berish, mustaqil fikrlay olmaslik, ortiqcha ishonuvchanlik, rang-barang his-tuyg‘ularga berilish isteriya uchun juda xos. Ular ruhan va jismonan zaif kishilardir. Ko‘pchilik isterik bemorlar fe’l-atvori bolalar fe’l-atvoriga o‘xshab ketadi. Ular uchun atrofdagilar diqqatini o‘ziga jalb etish xos. Isterik buzilishlar faqat nevrozlarda emas, balki psixopatiyalarda ham kuzatiladi. Isterik nevroz simptomlari aksariyat hollarda xil-ma-xil kasalliklar alomatlarini eslatadi. Shu bois ham isteriyani «katta mug‘ombir» deb atashadi. Ularda barcha somatik kasalliklarga xos belgilarni kuzatish mumkin. Aslida esa bu somatik kasalliklar ularda aniqlanmaydi.
Isterik nevrozning turlari xilma-xil. Ularning barchasi, odatda, ruhiy jarohatdan (ayniqsa, janjal va xafagarchilikdan) so‘ng paydo bo‘ladi.
Endi isteriyaning keng tarqalgan turlari bilan tanishib chiqamiz.
Es-hushning kirdi-chiqdi bo‘lib qolishi. Birdan boshlanadigan va aksariyat hollarda tez tugallanadigan holat bo‘lib, bunda bemor atrofdagilarga befarq bo‘ladi, qaerda ekanligini fahmlay olmaydi, hozir soat nechaligini, o‘zi nima qilayotganini bilmaydi. Bu holat bir necha daqiqadan bir necha soatgacha davom etadi. Es-hushning isterik torayishida bemor atrofda sodir bo‘layotgan voqealardan qisman voqif bo‘lsa-da, bo‘lib o‘tgan hodisalarni eslab qola olmaydi.
Isterik fuga (lot. fuga – qochish). Bunda bemor janjal yoki boshqa bir ruhiy jarohatdan so‘ng to‘satdan uy, ishxona yoki boshqa joydan qochib chiqib ketadi, uning xatti-harakatlari maqsadsiz bo‘ladi, vaziyatni tushunmaydi va atrofda nimalar sodir bo‘layotganini fahmlamaydi. Ammo chetdan qaraganda, boshqa birovlarga uning yurish-turishi maqsadga muvofiqdek ko‘rinadi. Arzimagan urush-janjaldan so‘ng bunday shaxslar hatto boshqa shaharga ham ancha vaqtga ketib qolishadi. Keyinchalik bemor o‘zi bilan nimalar sodir bo‘lganini eslay olmaydi yoki qisman eslaydi. Ammo gipnoz holatida sodir bo‘lgan voqealarning barchasini eslatish mumkin.
Isterik shaxslarda uchrab turadigan yana bir sindrom – bu Ganzer sindromi. U odatda, o‘tkir rivojlanadi, ruhiy jarohatdan so‘ng to‘satdan boshlanadi. Bu sindromning asosiy belgisi aql bovar qilmaydigan tuturuqsiz harakatlardir. Bunday bemorlar eng oddiy savollarga ham tuturuqsiz javob berishadi. Masalan, «Ikki karra ikki necha bo‘ladi», deb so‘ralsa, bemor oliy ma’lumotli bo‘lishiga qaramay, «besh» deb javob beradi yoki qo‘lda nechta barmoq bor desa, xohlagan sonni aytadi. Uning belgilari dementsiyani eslatadi, biroq bu psevdodementsiyadir. Dementsiya belgilari, odatda, zo‘rayib borsa, isterik «dementsiya» belgilari bir necha kun ichida o‘tib ketadi.
Ruhiy jarohat g‘oyat kuchli bo‘lganda, odatda, isterik stupor rivojlanadi. Bunday paytda bemor tamomila harakatsiz bo‘lib qoladi, indamaydi va atrofga befarq bo‘lib, yuzida aziyat chekkan ifoda paydo bo‘ladi. Bu holat bir necha soat yoki kun davomida o‘tib ketadi. Davolash muolajalari o‘tkazilmasa, bir necha oylab davom etadi.
Puerilizm – kattalarda kuzatiladigan bolalar xatti-harakatini eslatuvchi holat. Bolalarga xos bo‘lgan qiliqlar, boladek ingichka tovush chiqarib gapirish, ko‘zlarni katta-katta qilib ochish, kipriklarni pirpiratish, birov gapirganda og‘zini ochib turish puerilizm uchun juda xos. Bemor shu qilig‘i bilan boshqalarning diqqatini o‘ziga jalb etadi. Ammo bundan oldin orttirilgan ko‘nikmalari saqlangan bo‘ladi.
Isterik buzilishlarning yana bir turi – bu isterik depressiya. Bunda bemor o‘ta past kayfiyatda bo‘ladi va bu qilig‘i bilan atrofdagilar diqqatini o‘ziga jalb etishga intiladi, ularni o‘ziga rahmdil bo‘lishga chaqiradi. U naqadar og‘ir ahvolda ekanligiga boshqalarning e’tibor berishlarini xohlaydi va hokazo.
Isterik tutqanoq xuruji ham keng tarqalgan simptomlardan biridir. Isteriyada kuzatiluvchi tutqanoqlar har xil va ularning epilepsiyada kuzatiladigan haqiqiy tutqanoqlardan farq qiladigan tomoni ko‘p. Isterik tutqanoq hech qachon bemor yolg‘iz qolganda ro‘y bermaydi, chunki unga doim tomoshabinlar kerak. Xuruj tutganda bemor birdan erga yiqiladi, mushaklari tortishadi va talpina boshlaydi, lekin boshi bilan qattiq narsalarga urilmaydi. Bemor isterik xuruj paytida o‘ziga qulay joy topib, biror joyiga qattiq shikast etkazmasdan yiqiladi. Bu paytda u yoy singari egiladi. Bu holat isterik yoy deb ataladi. Bunday fe’l-atvor ko‘pgina injiq va erka bolalarga xos. Masalan, onasi yangi o‘yinchoq olib bermaganda, bola do‘konda uning oyog‘i tagiga yiqilib, qo‘l-oyoqlarini tapillataveradi, goho boshini erga urib qattiq chinqirab yig‘laydi. Agar qo‘rqib ketgan ona bolasi so‘ragan o‘yinchoqni olib bersa, bola shu zahoti tinchlanadi. Bu odat keyinchalik voyaga etgan yoshda ham namoyon bo‘lishi mumkin.
Isterik xurujda mushaklar tortishuvi (buni xalq orasida tomir tortishuvi deb atashadi) har doim ham kuzatilavermaydi va xilma-xil bo‘ladi. Ularda soxtalik va atayinlik seziladi. Masalan, bemor kishi go‘yo uni kimdir urmoqchi bo‘lgandek, yuzini qo‘li bilan berkitadi, qichqirib yuboradi, xo‘rsinib yig‘laydi va hokazo. Isterik tutqanoqda bemorning es-hushi joyida va tevarak-atrofga idroki saqlangan bo‘ladi. Masalan, xuruj tutganini birov mazax yoki kalaka qilgudek bo‘lsa, bemor darhol xurujni to‘xtatib o‘rnidan turib ketadi. Xuruj paytida bemor epilepsiyada bo‘lgani kabi tilini tishlab olmaydi va bexosdan siyib yubormaydi.
Xafaqon kasalligi xuruji yoki yurak xurujini eslatuvchi isterik tutqanoqlar ham ko‘p kuzatiladi. Yurakning tez-tez urishi, bosh aylanishi, ko‘ngil aynishi va hushni yo‘qotish bilan kechadigan vegetativ xurujlar ana shular jumlasidan. Xuruj paytida bemor boshdan-oyoq titraydi va «hamma erim qaqshab og‘riyapti», deb noliydi. Me’da spazmi bilan kechuvchi xurujlarda qorinda kuchli og‘riq paydo bo‘ladi, bemor to‘lg‘anib yotib oladi va qayt qiladi.
Isterik nevrozda turli xil falajliklar ham ro‘y beradi. Isterik falajlar ba’zan miya insultidan so‘nggi klinik manzarani eslatadi. Bu manzara mutaxassis bo‘lmagan kishining fikrini chalg‘itishi mumkin. Isterik falajliklarda reflekslar va mushaklar tonusi o‘zgarmay qoladi, patologik reflekslar kuzatilmaydi. Tananing qoq o‘rta chizig‘i bo‘ylab falajlangan tomonda sezgi buziladi. Mushaklar atrofiyasi va mushak kuchi pasayishi kuzatilmaydi. Bordi-yu isterik falajlik noto‘g‘ri davolansa yoki uni davolash cho‘zilib ketsa, bemorda uzoq vaqt davom etayotgan oyoq-qo‘llardagi harakatsizlik mushaklarning diffuz atrofiyasiga sababchi bo‘lishi mumkin, xolos.
Isteriyaga chalingan bemorda ba’zan giperkinezlar (ixtiyorsiz harakatlar) ham kuzatiladi. Bu harakatlar hayajonlanganda kuchayadi va tinchlanganda kamayadi yoki butunlay to‘xtaydi. Giperkinezlar isterik xuruj tugagandan so‘ng ham yuz berishi mumkin. Ba’zan bemorda falajliklar giperkinezlar bilan birgalikda namoyon bo‘ladi. Isterik giperkinezlar butun gavdaning silkinishi, titroq xurujlari, bosh va oyoqlarning titrashi, ayrim mushak guruhlarining uchib turishi, qo‘llarning g‘ayritabiiy harakat qilishi bilan kechadi. Chin giperkinezlardan farqli o‘laroq, ular bemorning hissiy holati va psixoemotsional stressga ko‘p jihatdan bog‘liq. Bu simptomlar uzoq vaqt davom etishi va arzimagan kelishmovchiliklarda kuchayib ketishi mumkin.
Isterik astaziya-abaziya. Bu holat tik tura olmaslik va yura olmaslik bilan namoyon bo‘ladi. Bosh miya katta yarim sharlari peshona bo‘lagi zararlanishlarida kuzatiladigan astaziya-abaziyadan farqli o‘laroq, isteriyada kuzatiladigan bu sindromda bemor erga emas, balki uni ushlab turgan odam ustiga ag‘anaydi (17.1-rasm).
17.1-rasm. J.M.Sharko va J.Babinskiy isteriya bilan kasallangan bemorni talabalarga havola qilishmoqda.
Ularda ham mushaklar gipotoniyasi kuzatiladi, lekin boshqa organik nevrologik simptomlar aniqlanmaydi. Murakkab holatlarda paraklinik tekshiruvlar o‘tkazish zarur.
Isterik algiyalar (ya’ni og‘riqlar) eng ko‘p tarqalgan buzilishlardan bo‘lib, deyarli barcha isterik sindromlarda turli ko‘rinishlarda namoyon bo‘ladi. Bemor tanasining turli joylari, ya’ni orqa, qorin, yurak va bosh sohalarida har doim og‘riq bo‘lib turishidan shikoyat qiladi. Og‘riq, shuningdek, bo‘g‘imlarda, qo‘l yoki oyoqda, tilda, xullas tananing barcha joyida paydo bo‘ladi. Ayni paytda bunday og‘riqdan shikoyat qiluvchi bemor turli ixtisoslikdagi doktorlarga murojaat qilib yuradi. Ba’zan bemor jarrohlik operatsiyasini o‘tkazishni qattiq talab qiladi.
Isteriyada yuqorida aytib o‘tganimizdek, turli xil sezgi buzilishlari ham kuzatiladi. Organik va funktsional sezgi buzilishlari orasidagi farqni faqat maxsus nevrologik tekshiruvlardan so‘ng aniqlab olish mumkin. Har bir nerv tanadagi muayyan sohaning sezgisi va harakati uchun javob beradi. Isterik anesteziyalarda bu qoida saqlanmaydi, ya’ni pay reflekslari patologik tarzda o‘zgarmaydi va sezgi buzilishini izohlab beruvchi hech qanday organik kasallik topilmaydi.
Tarixiy adabiyotlarda tug‘maydigan ayollarda isterik homiladorlik haqida yozib qoldirilgan. Bu holatni ba’zi mutaxassislar ichaklarga ortiqcha gaz to‘planishi bilan izohlashsa, boshqa birlari qorin mushaklarining vaqtincha bo‘shashib, kattalashuvi hisobiga deb tushuntirishadi. Isterik homiladorlikda qorin juda kattalashmaydi.
Klassik adabiyotlarda «sehrli shifolar» haqida turli ma’lumotlarni uchratish mumkin: bemor sehrli tumorgacha emaklab borib, unga qo‘l tekkizgan zahoti birdan shifo topgan, o‘rnidan turib yurib ketgan. Isteriyada «soxta o‘lim» haqida ham ma’lumotlar bor. Bunday bemorga tabib «sehrli» qo‘lini tekkizganda yoki og‘ziga sehrli giyoh eritmasini tomizganda, u «tirilgan».
So‘nggi davrda isterik buzilishlarning klinik alomatlari o‘zgardi va bu kishilar hayot tarzining o‘zgarishi bilan bog‘liq. Bu vaziyatni axborot hajmi va tibbiyotga oid adabiyotlar ko‘payganligi, odamlarning internetdan salomatlikka oid ma’lumotlardan foydalana boshlaganligi bilan izohlash mumkin. Bu adabiyotlar odamlarning tibbiy sohaga oid bilimlarini bir oz kengaytirdi. Buning ijobiy tomonlaridan tashqari, salbiy tomonlari ham ko‘p, ya’ni o‘ziga tashxis qo‘yish va davolash kabi.
Aksariyat hollarda isterik nevroz simptomlari xilma-xil bo‘lib, uning kechishi ko‘p tarqalgan kasalliklarni eslatadi: insult, meningit, entsefalit, tarqoq skleroz, o‘sma kasalliklari va hokazo. Ba’zi hollarda isterik bemordagi kasallik belgilari uning boshqa kishilarda kuzatgan yoki tibbiy adabiyotlarda o‘qib olgan kasalliklariga o‘xshab ketadi. Shu bois, tashxisni to‘g‘ri qo‘yish uchun turli ixtisosdagi vrachlar nafaqat isterik nevrozning klassik alomatlari, balki «zamonaviy» isterik simptomlarning klinik belgilarini ham o‘zlashtirib borishlari kerak.
Ko‘rsatib o‘tilgan xususiyatlar turli ixtisoslikdagi vrachlarga isterik buzilishlarni chin kasalliklardan ajratishda yordam beradi. Aytib o‘tilganidek, isterik nevrozning barcha alomatlari soxtadir. Bemor atrofdagilarga shunday deb yuboradi: «Menga e’tibor bermaganingizdan ana shu ahvolga tushib qoldim-ku! Men falaj bo‘lib qoldim (yoki ovozim bo‘g‘ildi, eshitmay qoldim, ko‘rmay qoldim va b.q.), sizning aybingiz bilan dardim bedavo bo‘lib qolgan», deb zorlanadi. Erka kelinning eriga va boshqalarga shu kabi so‘zlar bilan arz qilayotganini ko‘z oldingizga keltiring.
Isterik belgilarni bartaraf etishni o‘ta qisqa muddat ichida olib borish kerak. Davolash muolajalari qancha ko‘p cho‘zilsa, ijobiy natijaga erishish shuncha qiyin bo‘ladi. Bemor to‘la tuzalgandan so‘ng ham oilaviy va boshqa mojarolar sababli kasallik belgilari qayta paydo bo‘lib, doktor qabuliga yana kelib qolishi mumkin. Isterik bemorlar vrach va tabiblarga eng ko‘p qatnaydigan bemorlar sirasiga kiradi. Tuzalib ketgandan so‘ng ham biroz vaqt o‘tgach ularda «Vrach yo‘qligi sindromi» qo‘zg‘ab, yana o‘zi davolagan vrach qabuliga tashrif buyuradi. Bu sindrom haqida "Asab va ruhiyat" kitobida batafsil ma’lumot berilgan. Bunday hollarda bemorga qo‘llangan avvalgi davolash usulini o‘zgartirishga to‘g‘ri keladi. Agar Sizda muvaffaqiyatli davolanib, xursand bo‘lib ketgan bemorni bir-necha oydan so‘ng boshqa bir vrachning qabulida ko‘rib qolsangiz, aslo ajablanmang. Chunki isterik bemorlar vrachlarni o‘zgartirib turishni xush ko‘rishadi.
Professor Zarifboy Ibodullaev