Yangiliklar Ibodullayev ensiklopediyasi Zo‘riqish bosh og‘rig‘i

Zo‘riqish bosh og‘rig‘i


Zo‘riqish bosh og‘rig‘i – boshning ikki tomonini siqib og‘rishi bilan namoyon bo‘luvchi og‘riqlar. Zo‘riqish bosh og‘rig‘i (ZBO) har qanday yoshda kuzatiladi, biroq u 20–30 yoshlarda ko‘p uchraydi. Bosh og‘rig‘i xurujini bemor quyidagicha ta’riflaydi: “Doktor mening boshim xuddi siqib turuvchi kaska kiydirib qo‘ygandek yoki tasma bilan qattiq bog‘lab qo‘ygandek og‘riydi”. Barcha tomondan siqib va bosib turuvchi bosh og‘riqlar ZBO uchun juda xos. Ba’zida og‘riq uncha kuchli bo‘lmasa-da, uning siqib og‘ruvchi xususiyati saqlanib qoladi. Bu uni migrendan farqlovchi asosiy belgilardir biridir (47-rasm).

 

47-rasm. Birlamchi bosh og‘riqlarning namoyon bo‘lish sohalar

 

ZBO da og‘riqlar migrendagidek kuchli bo‘lmaydi, ko‘ngil aynish va qusish deyarli kuzatilmaydi. Surunkali davom etuvchi ZBO da siqib og‘ruvchi bosh og‘riqlarga lo‘qillovchi bosh og‘riqlar ham qo‘shiladi. ZBO uchun ikki tomonlama bosh og‘riqlar juda xos bo‘lsa-da, ba’zida og‘riqlar peshona, chakka, ensa yoki tepa sohasining bir tomonida kuzatiladi. Og‘riq paytida bemorning kayfiyati tushib ketadi, hech kim bilan gaplashgisi kelmay, qorong‘i xonaga kirib yotib oladi. Agar og‘riqlar kunduzi boshlansa, ishni tashlab uyga keladi va yotib uxlashga harakat qiladi. U tezroq og‘riqdan qutulish uchun analgetiklardan ukol qilishni iltimos qiladi. Surunkali kechuvchi ZBO da ba’zi bemorlar analgetiklarga o‘rganib qolishadi. Bemorning atrofida yaxshi psixologik muhit yaratilsa va bemorga analgetiklar olaverish yaxshi emasligi haqida tushuntirilsa, u bu dorilardan vaqtincha voz kechishi mumkin. Ba’zi bemorlarning boshini uqalasa ham bosh og‘rig‘i kamayadi.

ZBO xurujlari paytida perikranial muskullar taranglashgan bo‘ladi, boshning barcha nuqtalarida og‘riqlar aniqlanadi. Albatta bu og‘riqlar psixogen giperesteziya bilan birgalikda namoyon bo‘ladi. Bemordan “boshingizning qaysi qismi ko‘proq og‘riyapti” deb so‘ralsa, “Hamma joyi” deb javob beradi. Ba’zi bemorlar faqat ensa-bo‘yin sohasini ko‘rsatadi. Bosh og‘riqlar  paytida ham, boshqa paytlarda ham o‘choqli nevrologik simptomlar aniqlanmaydi. Tekshiruvlar faqat pay reflekslarining nevrotik tipda oshganligini va umumiy giperesteziya belgilarini ko‘rsatadi. Albatta, boshning qaysi sohasi bosib tekshirilsa ham og‘riyveradi. Shuningdek, ikkala ko‘z olmasini bosib tekshirsa ham og‘riq paydo bo‘ladi. Bunday bemorlar asossiz ravishda “surunkali intrakranial gipertenziya” tashxisi bilan davolanib yurishadi.

Zo‘riqish bosh og‘rig‘ida davolash muolajalari kompleks tarzda olib boriladi. Buning uchun farmakologik, fizioterapevtik va psixoterapevtik muolajalar qo‘llaniladi. Farmakologik dorilar, ko‘pincha bosh og‘riq paydo bo‘lgan paytlarda tavsiya etiladi. Engil holatlarda tsitramon ham bosh og‘riqni yaxshi bartaraf etadi. Ba’zi hollarda bemor paratsetamol (0,5-1,0 g) yoki atsetilsalitsil kislotasi (0,5-1,0 g) qabul qilsa, bosh og‘rig‘i to‘xtaydi yoki kamayadi. Kuchliroq bosh og‘riqlarda bu dorilar samara bermaydi. Bunday paytlarda yallig‘lanishga qarshi nosteroid dorilar, ya’ni ibuprofen 400 mg, naproksen 500 mg, ketoprofen 50 mg tavsiya etiladi. Bu dorilarning turi ko‘p bo‘lib, ularni tavsiya etishda monelik qiluvchi holatlar va nojo‘ya ta’sirlar e’tiborga olinadi. ZBO perikranial muskullar taranglashuvi bilan birgalikda namoyon bo‘lsa, markaziy miorelaksantlar ham tavsiya etilishi kerak. Masalan, tizanidin (sirdalud) kuniga 6-12 mg, tolperizon (midokalm) 100-150 mg.

Surunkali ZBO da analgetiklar samara bermaydi. Ularni og‘riq kuchaygan paytlari qilish mumkin, xolos. Analgetiklarni uzoq muddat tavsiya etish  abuzus bosh og‘riqlar rivojlanishiga sababchi bo‘ladi. ZBO deyarli har doim qo‘rquv, xavotir va turli vegetativ buzilishlar bilan namoyon bo‘ladi. ZBO kelib chiqishida psixogen omillarga katta urg‘u beriladi. Shu bois anksiolitiklar va trankvilizatorlar ZBO aniqlangan bemorlarga ko‘p tavsiya etiladi.  Biroq, bu dorilarning og‘riqni qoldiruvchi ta’siri 7–10 kunlardan so‘ng bilina  boshlaydi.

Surunkali ZBO ni bartaraf etish maqsadida amitriptilin ham keng qo‘llaniladi. Bu dori kam dozalarda tavsiya etib boshlanadi. Dastlab kechqurun 25 mg amitriptilin ichiladi, 3 kundan so‘ng 50 mg (kunduzi va kechasi 25 mg dan), yana 3 kun o‘tgach, dorini 25 mg dan kuniga 3 mahal ichish tavsiya qilinadi. Shu yo‘l bilan dorining kundalik dozasi 100-150 mg va davolash davomiyligi esa 2–3 oyga etkazilishi mumkin. Dastlabki 5 kunlikda 20-40 mg amitriptilin natriy xloridning 0,9 % li fiziologik eritmasida v/i ga tomchilatib yuborilsa, samarasi juda yaxshi bo‘ladi. Amitriptilin depressiv bosh og‘riqlarda ham o‘ta samarali bo‘lib, u psixosomatik buzilishlarni ham yaxshi bartaraf etadi. Amitriptilin glaukoma, taxikardiya, ateroskleroz, kardioskleroz va prostata adenomasida tavsiya etilmaydi.

Shuningdek, doksepinni (sinekvan) kuniga 25 mg dan ichish mumkin. Uning ta’sir mexanizmi amitriptilinga o‘xshaydi. Dorining kundalik dozasi sekin-asta 75–100 mg ga etkaziladi. Amitriptilinga o‘xshash dorilarni qo‘llashga monelik qiluvchi holatlarda fluoksetin (prozak) 20 mg, sertralin (zoloft) 50 mg kabi antidepressantlar tavsiya etiladi. Biroq bu dorilarning analgetik va sedativ ta’siri amitriptilinga qaraganda ancha sust. Ularni amitriptilin bilan birgalikda tavsiya etish mumkin emas.

Surunkali ZBO da alprazolam (ksanaks) juda samarali dorilardan biridir. Alprazolam  atipik benzodiazepin bo‘lib, uning anksiolitik ta’siri birmuncha kuchli. Alprazolam engil miorelaksant ta’sirga ham ega. Shu bois u perikranial muskullar taranglashuvi bilan kechuvchi ZBO da ko‘p qo‘llaniladi. Dastlab alprazolamni 0,25 mg dan kechqurun ichish tavsiya etiladi. Har 2-3 kunda dorining dozasi 0,25 mg ga oshirib boriladi. Uning bir kunlik maksimal dozasi 3 mg dan oshmasligi kerak. Ushbu doza 4 ga bo‘lib beriladi. Kutilgan natijaga erishilgach, dorining dozasi sekin-asta kamaytiriladi. Katta dozada ichilayotgan dorini birdan to‘xtatib qo‘yish mumkin emas. Alprazolamning antidepressiv ta’siri biroz sust ifodalangan. Ammo, bu dori psixosomatik buzilishlarni bartaraf etishda samarali hisoblanadi.

Trazodon ham samarali anksiolitik va trankvilizatordan biridir. Bu dori psixogen og‘riqlar va psixosomatik buzilishlarni korrektsiya qilishda keng qo‘llaniladi. Trazodonni 25 mg dan kuniga 3 mahal ichish tavsiya etiladi. Trazodon 25, 50 va 100 mg li tabletka va kapsulalarda ishlab chiqariladi. Dorining bir kunlik dozasini asta-sekinlik bilan 300 mg ga etkazish mumkin. Kutilgan natijaga erishilgach, dorining dozasi kamaytirib boriladi. Tranksen  uzoq ta’sir etuvchi benzodiazepinlar sirasiga kiradi. Dorini kam dozada, ya’ni kuniga 15 mg dan ichish buyuriladi. Har 3-5 kunda uning dozasi oshirib boriladi. Uning bir kunlik maksimal dozasi – 75-100 mg.

Bemorning kechqurun tinch uxlashi juda ahamiyatli. Shuning uchun zopiklon, zolpidem kabi uxlatuvchi dorilar ham buyuriladi. Benzodiazepinlardan klonazepamni kechasi ichib yotish mumkin. Kunduz kunlari tinchlantiruvchi giyohlardan tarkib topgan dorilar (valerian ekstrakti va h.k.) tavsiya etiladi. Bemorga reflektor ta’sirga ega bo‘lgan davolash muolajalari, ya’ni igna bilan davolash, dorilar elektroforezi, bo‘yin va boshni uqalash, dorsanval kabi muolajalar ham yordam beradi. 

Bemor sog‘lom turmush tarziga o‘rgatiladi. Unga bosh og‘riqning asosiy sabablari psixoemotsional zo‘riqishlar va kam harakatli hayot tarzi (bir xil vaziyatda o‘tirib ishlash) ekanligi tushuntiriladi. Bemor o‘zining kun tartibini to‘g‘ri tuzib chiqishi, yashash va ishlashda bir xillikdan voz kechishi zarurligi uqtiriladi. Yillar mobaynida shakllanib qolgan stereotip hayot tarzini keskin o‘zgartirish ham ZBO ning keskin kamayishiga olib keladi. Rejali tarzda sport bilan shug‘ullanish, ayniqsa ertalabki sayr, yugurish va suzish stereotip bosh og‘riqlarni bartaraf etishda juda foydali. Shuningdek, uyquga ketishdan oldingi tungi sayrlar (ayniqsa, shaharda yashaydiganlar uchun) ham foydadan xoli emas.

Prognoz. ZBO bemorning hayotiga xavf tug‘dirmaydi. Lekin, surunkali ZBO uzoq davom etganligi sababli uning kundalik turmush tarziga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Bunday bemorlar depressiyaga moyil bo‘lishadi yoki depressiyaga moyil odamlarda ZBO rivojlanadi. Shu bois ZBO da antidepressantlar samarali hisoblanadi. Bemorga surunkali stressli vaziyatlarda psixoterapevtga murojaat qilishi tavsiya etiladi. Ular UASh va tibbiy psixolog nazoratida turishi lozim.

 

2.4–jadval

Zo‘riqish bosh og‘rig‘i, migren va klaster bosh og‘riqning diagnostik belgilari

 

Belgilar

Zo‘riqish bosh og‘rig‘i

Migren   

Klaster bosh og‘riq

Lokalizatsiya

Ikki tomonlama (peshona, periorbital, ensa sohalarida bir tomonlama bo‘lishi mumkin)

Odatda, bir tomonlama

Chakka va orbital sohada, bir tomonda

Davomiyligi

30 daq.–7 kun

4–72 soat

15–180 daqiqa

Xususiyati

Bosuvchi, siquvchi

Lo‘qillovchi

Kuydirguvchi, burovchi

Kuchi

Past va o‘rta darajada

O‘rta va yuqori darajada

Juda kuchli (chidab bo‘lmas darajada), psixomotor qo‘zg‘alishlar

Qo‘shimcha simptomlar

Foto- va fonofobiya kam uchraydi, bo‘yin va elka sohasida og‘riq kuzalishi mumkin

Ko‘ngil aynish, qusish, fotofobiya, fonofobiya, vegetativ buzilishlar

Ko‘ngil aynish, bradikardiya, ko‘z yoshi oqishi, ko‘zning qizarib ketishi, rinoreya, bosh og‘rigan tomonda burun bitishi,

Prodromal belgilar va auralar

Bo‘lmaydi 

50 % holatlarda prodromal belgilar, 30 % holatlarda auralar

Bo‘lmaydi

Boshlanish payti

Har qanday paytda

Har qanday paytda

Odatda, kechasi, bir xil vaqtda, mavsumiy qo‘zg‘alishlar,

Qaysi yoshda boshlanadi

Har qanday yoshda, ko‘proq o‘rta yoshlarda

10–30 yosh

30–50 yosh

Qaysi jinsda ko‘p uchraydi

Ayollarda (2:1)

Ayollarda (3:1)

Erkaklarda (6:1)

Oilaviy anamnez

40 % holatlarda oilaviy bo‘lib uchraydi

50 % holatlarda oilaviy bo‘lib uchraydi.

Yo‘q

Qo‘zg‘ovchi omillar

Psixoemotsional zo‘riqishlar,

bo‘yin muskullari taranglashuvi

Yorug‘lik, shovqin,  hidlar, spirtli ichimliklar, kun tartibining o‘zgarishi

Spirtli ichimliklar, chekish, nitroglitserin, bioritmning o‘zgarishi

   Professor Zarifboy Ibodullaev



Ctrl
Enter
Хато топдизнигзми?
Матнни танланг ва Ctrl+Enter тугмачаларини босинг
MUHOKAMALAR
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Hech qanday izoh yo‘q. Siz birinchi bo‘lishingiz mumkin!
Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив