ELKA ChIGALI PLEKSOPATIYaSI
Elka chigali (plexus brachialis) – S5–S8 va Th1 spinal ildizchalardan hosil bo‘lgan. Elka chigali 3 ta birlamchi tutamdan iborat:
- S5 – S6 – yuqori birlamchi tutam;
- S7 – o‘rta birlamchi tutam;
- S8 –Th1 – pastki birlamchi tutam.
Etiologiyasi. Elka chigali pleksopatiyasi, asosan, turli virusli va bakterial infektsiyalar, intoksikatsiyalar (qo‘rg‘oshin, margimush), o‘mrov va elka suyaklari jarohatlari, o‘mrovosti anevrizmasi, elkaga tasma taqib og‘ir yuklarni ko‘tarish, doimo qo‘ltiqtayoqda yurish, bo‘yinning qo‘shimcha qovurg‘asi va bolani tug‘dirish paytida kuzatiladigan jarohatlarda rivojlanadi. Elka chigali o‘pkaning ustki qismi o‘smasida ham zararlanadi va buning natijasida pleksopatiya rivojlanadi. Bunga Pankost sindromi deb ataladi (5.3-rasm).
5.3-rasm. O‘pka uchi raki va Pankost sindromi. A) Ko‘krak qafasi kompyuter tomogrammasida o‘ng tomonda o‘pka uchida o‘sma aniqlangan. B) O‘ng qo‘l panjasida (ayniqsa, tenarda) atrofiya. V) Ko‘krak qafasi rentgenogrammasida o‘ng tomonda o‘pka uchida katta qora dog‘ ko‘rinib turibdi.
Simptomlari. Pleksopatiyaning asosiy simptomi – bu kuchli og‘riqlar. Og‘riq elka sohasidan butun qo‘l bo‘ylab tarqaladi va panjalargacha irradiatsiya qiladi. Qo‘lning har qanday harakatida og‘riq kuchayadi. Og‘riq bilan birgalikda paresteziyalar ham kuzatiladi. Pleksopatiyaning yana bir asosiy simptomi – bu periferik falajlik (monoparez yoki monoplegiya).
Falajlik elka va qo‘l muskullarida rivojlanadi, bitseps, tritseps va periostal reflekslar pasayadi yoki yo‘qoladi, periferik tipda sezgi buzilishlari paydo bo‘ladi. Og‘riq nuqtalari o‘mrovusti va ostidagi nuqtalarda (Erb nuqtalari) joylashadi. Vegetativ-trofik buzilishlar rivojlanadi va ular teri rangining marmar tusga kirishi, qurishi yoki gipergidrozi hamda tirnoqlar sinishi kabi belgilar bilan namoyon bo‘ladi. Zararlangan qo‘lda teri harorati ham pasayadi.
Elka chigalining to‘la zararlanishi kam uchraydi. Uning birlamchi tutamlari zararlanishi belgilarini keltirib o‘tamiz.
- Yuqori birlamchi tutam (S5–S6 ildizchalar) zararlansa, atrofik falajlik elka va qo‘lning proksimal muskullarida rivojlanadi va bu falajlik Erb-Dyushenn falajligi deb ataladi. Erb-Dyushenn falajligida qo‘lning proksimal muskullari ozganligi sababli qo‘l osilib qoladi va biroz ichkariga burilgan bo‘ladi (pronatsiya holati). Bemor elkasini ko‘tara olmaydi, qo‘lini tashqariga bura olmaydi (supinatsiya holatiga keltira olmaydi) va tirsak bo‘g‘imida buka olmaydi. Elka va kurakusti muskullari ozganligi sababli "qanotsimon kurak" belgisi paydo bo‘ladi. Qo‘lning lateral yuzasi bo‘ylab sezgi pasayadi, o‘mrov suyagi ustidagi Erb nuqtasida og‘riq paydo bo‘ladi. Bitseps refleks yo‘qoladi, karporadial refleks pasayadi.
5.4-rasm. Posttravmatik pleksopatiya.
- O‘rta birlamchi tutam (S7 ildizcha) zararlansa, bilak nervi (n. radialis) va qisman o‘rta nerv (n. medianus) innervatsiya qiladigan muskullar falajlanadi. Panjani bukuvchi bilak muskuli va bilakni ichkariga bukuvchi yumaloq muskul falajlanadi. Elka-bilak muskuli funktsiyasi saqlanib qoladi.
- Pastki birlamchi tutam (S8–Th1 ildizchalar) zararlansa, atrofik falajlik qo‘lning distal muskullarida rivojlanadi. Bunga Dejerin-Klyumpke sindromi deb aytiladi. Qo‘l panjasi va barmoqlarini bukuvchi muskullar atrofiyaga uchraydi, qo‘lning ichki yuzasi bo‘ylab sezgi buziladi. Vegetativ-trofik buzilishlar paydo bo‘ladi.
ENMG tekshiruvlar yordamida zararlangan ildizchalar innervatsiya qiladigan muskullarda denervatsiya belgilari aniqlanadi.
Elka chigalidan quyidagi yirik nervlar – n.axillaris (S5, S6), n. medianus (S7, S8, Th1), n. radialis (S5–S8) va n. ulnaris (S7, S8) ajralib chiqadi. Ularning zararlanish sindromlari bilan tanishib chiqamiz.
Professor Zarifboy Ibodullaev