DEMENTsIYa


Dementsiya – kognitiv funktsiyalarning orttirilgan keskin buzilishi bo‘lib, odatda, bosh miyaning organik zararlanishlari sababli rivojlana­di. Kognitiv funktsiyalar deganda diqqat, xotira, tafakkur, idrok, nutq, gnozis, praksis kabi oliy ruhiy funktsiyalar tushuniladi. Demak, dementsiya aqliy faoliyatning orttirilgan buzilishi, u tug‘ma bo‘lmaydi. Aqliy faoliyatning rivojlanishdan orqada qolishiga esa oligofreniya deb aytiladi. Shuning uchun tug‘ilgandan buyon kognitiv buzilishlar aniqlangan bolalarga oligofreniya tashxisi qo‘yiladi.

Epidemiologiyasi. Dementsiya, odatda, 60 yoshdan so‘ng rivojlana boshlaydi va kasallanganlar soni yosh oshgan sayin ko‘paya boradi. Dementsiya 60–65 yoshdagilarda 1–5 % kuzatilsa, 80 yoshga borib bu ko‘rsatkich 30 % ga etadi.

Etiologiyasi. Dementsiya – ko‘p etiologiyali sindrom. Dementsiya 40 % holatlarda Alsxaymer kasalligi, 15 % – tomir dementsiyasi, 15 % – aralashgan dementsiya, 15 % – Levi tanachalari va qolgan 15 % holatlarda boshqa kasalliklar sababli rivojlanadi. Demak, "dementsiya" tashxisi sindromal tashxis. Alsxaymer kasalligi dementsiyaga olib keluvchi kasalliklar ichida etakchi o‘rinni egallaydi (9.1-jadval).

 

9.1-jadval

Dementsiyaga olib keluvchi asosiy kasalliklar

 

Neyrodegenerativ kasalliklar

  1. Alsxaymer kasalligi
  2. Levi tanachalari bilan dementsiya
  3. Parkinson kasalligi
  4. Xantington kasalligi
  5. Fronto-temporal degeneratsiya
  6. Zo‘rayib boruvchi supranuklear falajlik
  7. Bazal gangliyalar zararlanishi bilan kechuvchi degeneratsiyalar

Bosh miya qon tomir kasalliklari

  1. Tserebral insultlar
  2. Multiinfarkt dementsiya
  3. Binsvanger kasalligi
  4. Surunkali tserebral ishemiya
  5. Po‘stlog‘osti dementsiyasi

Dismetabolik dementsiyalar

1.            Moddalar defitsiti (V1, V12, folat kislotasi)

2.            Metall tuzlari (alyuminiy, tsink, mis) bilan zaharlanish

3.            Dori moddalar (xolinolitiklar, barbituratlar, benzodiazepinlar, neyroleptiklar, litiy tuzlari) bilan zaharlanish

4.            Gepatolentikulyar degeneratsiya

5.            Somatogen (jigar va buyrak entsefalopatiyasi)

6.            Surunkali ichkilikbozlik

7.            Gipoksik entsefalopatiya, shu jumladan, anemiya hisobiga Gipoglikemik entsefalopatiya

8.            Gipotireoz 

Neyroinfektsiya va demielinizatsiya bilan kechuvchi kasalliklar

  1. OITS sababli rivojlangan entsefalopatiya
  2. Kroystfeld-Yakob kasalligi
  3. Zo‘rayib boruvchi panentsefalitlar
  4. O‘tkir va nimo‘tkir meningoentsefalitlar
  5. Tarqoq skleroz
  6. Zo‘rayib boruvchi supranuklear falajlik
  7. Multifokal leykoentsefalopatiya

Bosh miya jarohatlari

Bosh miya o‘smalari

Likvorodinamik buzilishlar

Normotenziv gidrotsefaliya

 

Kognitiv funktsiyalar buzilgan bemorga dementsiya tashxisini qo‘yish uchun, albatta, bosh miya zararlangan va bemorning hushi saqlangan bo‘lishi kerak. Bu asosiy talablardan biridir.

Dementsiyada xotiraning barcha turlari, ya’ni eshitish, ko‘rish va harakat xotiralari buziladi. Dementsiyada eshituv xotirasi erta buzila boshlaydi va zo‘rayib boradi. Bunday bemorlar hozir va avval eshitgan gaplarni eslab qola olmaydi. U hatto o‘zi gapirayotgan gaplarni ham unutib qo‘yadi. Masalan, bemor so‘zlayotganda uning fikri chalg‘isa (telefon jiringlab qoldi, uni eshitayotganlar luqma tashladi va h.k.), nima haqida gapirayotganligini unutib qo‘yadi. Unga kimdir biror voqeani ertalab so‘zlab bersa, biroz vaqt o‘t­gach, ushbu voqea tafsilotini unutib yuboradi yoki gap nima haqida ketganligini butunlay esidan chiqaradi. Bunday bemorlar bilan xotirani kuchaytiruvchi aqliy mashqlar o‘tkazish deyarli samara bermaydi. Og‘ir holatlarda hozir eshitgan gapini tezda esidan chiqaradi, to‘g‘rirog‘i eslab qola olmaydi. Dementsiyada xotiraning barcha bosqichlari, ya’ni eslab qolish, esda saqlash va qayta esga tushirish keskin buziladi.

Dementsiyada uzoq muddatli xotira ham buziladi. Bemor avval bo‘lib o‘tgan voqealarni esiga tushura olmaydi. Kasallik zo‘raygan sayin bemor o‘tmishini umuman unutadi. Obrazli qilib aytganda, ularni "o‘tmishi yo‘q odamlar" deb atash mumkin. Har doim ko‘rib yuradigan tanishlarini yuziga qarab eslay olmaslik – dementsiyaning dastlabki va eng ko‘p uchraydigan belgilaridan biridir. Prozopagnoziya deb atalmish bu simptom bosh miyaning ensa-tepa sohalari atrofiyasida ko‘p uchraydi. Ushbu sohalar atrofiyasi optik-fazoviy agnoziya simptomlari bilan namoyon bo‘ladi. Oddiy qilib ayt­ganda, bemorda geografik xotira buziladi. Bunday bemor ko‘chaga chiqsa, uyini topib qaytib kela olmaydi. Boradigan joyini ham topa olmay yuradi yoki nima uchun uydan chiqqanligini unutib qo‘yadi. Agar bemorning ro‘parasida o‘tirib: "Mening o‘ng qo‘limni ko‘rsating, desangiz, u sizning chap qo‘lingizni ko‘rsatadi". Bemor raqamsiz soatlarda vaqtni to‘g‘ri ko‘rsata olmaydi yoki raqamli soatni to‘g‘ri chiza olmaydi. Har xil vaqtlarni ko‘rsatuvchi soat strelkalariga qarab soat necha bo‘lganini aytib berishda juda qiynaladi. Shu bois dementsiyani aniqlashda soat bilan bog‘liq sinamalardan ko‘p foydalaniladi.

Semantik xotira ham erta buziladi. Unga: "Lola Karimdan oqroq, kim qora" yoki "Olim Hakimdan uzunroq, kim kalta" deb so‘ralsa, so‘zlarning ma’nosiga uzoq vaqt tushunmay turadi. Bu gaplarni bir necha bor qaytarsa ham, bemor to‘g‘ri javob bera olmaydi.

Dementsiyada xotira buzilishlari, albatta fikrlash jarayonining buzilishi bilan kechadi. Bemor fikrini bir joyga jamlab iboralar tuza olmaydi, qaysidir voqea haqida so‘zlab bermoqchi bo‘lsa, uning uddasidan chiqa ol­maydi, so‘zlardan gap tuza olmaydi. Bemorda umumiy fikrlash ham, abstrakt (lot. abstractio – biror bir narsa yoki hodisaning qaysidir bir xususiyati yoki belgisini ajratib ko‘rsatib berish, aytib berish) fikrlash ham buzila­di. Abstraktsiya fikrlash jarayonining asosini tashkil qiladi. Bemor atrofdagi narsalar nomini to‘g‘ri aytib bera olmaydi, ya’ni ularda amnestik afaziya simptomlari yaqqol ko‘zga tashlanadi. Maqsadga yo‘naltirilgan ixtiyoriy harakatlar ham buziladi, ya’ni apraksiya rivojlanadi. Kasbiy faoliyat ham izdan chiqadi. Shuningdek, har doim bajariladigan oddiy amal­lar, ya’ni kiyinish, soqol olish, tish yuvish, chiroqni o‘chirib-yoqish, tirnoq olish, choy damlash, dush qabul qilish, eshikni ochish kabi maqsadga yo‘naltirilgan faoliyati o‘ta mushkul bo‘lib qoladi. Bemor oddiy arifmetik operatsiyalarni ham to‘g‘ri bajara olmaydi.

Dementsiyada nutq funktsiyasi uzoq vaqt saqlanib turadi. Keyinchalik nutq buzila boshlaydi va bemorda afaziyaning barcha turlarini (amnestik, sensor, motor) kuzatish mumkin. Dastlab amnestik afaziya, keyinchalik sen­sor va motor afaziya rivojlana boshlaydi. Albatta, nutq markazlarining o‘choqli zararlanishlari (masalan, insultdan so‘ng) sababli rivojlangan dementsiyalar bundan istisno.

Dementsiyada bemorning shaxsi o‘zgarib boradi. Unda o‘ziga va kasallikka bo‘lgan tanqidiy munosabat buziladi. Bemor kir va iflos yuradigan bo‘ladi, tozalikka rioya qilmaydi, uyalmaydi. Dementsiyaning ba’zi turlarida psixik faoliyatning keskin pasayishi (apatiya, depressiya, motivatsiyaning so‘nishi) kuzatilsa, boshqa holatlarda, aksincha, psixomotor qo‘zg‘alishlar (agressiya, giperdinamik holat) kuzatiladi. Shaxsning turli darajada buzilishlari, ayniqsa frontotemporal dementsiya va Pik kasalligida ko‘p uchraydi.

Bosh miya jarohatlarida ham dementsiya rivojlanadi. Biroq bosh miya jarohatlaridan keyin rivojlangan xotiraning alohida buzilishlari (postravmatik amneziya) – bu dementsiya emas. Dementsiya uchun barcha kognitiv funktsiya­lar buzilishi (amneziya, afaziya, apraksiya, agnoziya) xos. Har qanday etiologiyali dementsiyada kognitiv buzilishlar to‘xtovsiz zo‘rayib boradi. Bu jarayon biroz to‘xtab olishi yoki davolashlar natijasida qaysidir funktsiyalar birmuncha tiklanishi mumkin. Biroq kasallik zo‘rayib boraveradi. Dementsiyaning so‘nggi bosqichida bemor qaerda yashayotgani va o‘zini anglay olmay qoladi, u o‘z bolalarini ham tanimaydi: uning yoniga kirgan qizi yoki o‘g‘liga «Siz kimsiz», deb savol beradi. Bemor ovqat eyman deb aytmaydi, hojatga o‘zi bormaydi, siydik ushlay olmaydi. Uni qay holatda yotqizsa, shu holatda yotaveradi. Yuzdagi hissiy ifoda butunlay so‘nadi. Bunday bemorlar ham ruhan, ham jismonan nogiron bo‘lib qolishadi.

Shu erda depressiyada uchraydigan dementsiya haqida to‘xtalib o‘tsak. Depressiya bilan kasallanganlarda ham dementsiyaga o‘xshash simptomlar aniqlanadi. Bu holat psevdodementsiya deb ataladi. Psevdodementsiya tash­xisi qachon qo‘yiladi? Bu holat depressiya bilan kasallangan bemorlarda aniqlanadi. Ularda kognitiv buzilishlar boshlanishidan ancha oldin depressiya belgilari kuzatiladi. Psevdodementsiyada xotira buzilishlari ustunlik qiladi. Apraksiya va afaziya esa kuzatilmaydi. Bunday bemorda neyropsixologik testlar turli natija beradi. Ba’zida test natijalari bemorda hech qanday dementsiya alomatlarini ko‘rsatmaydi. Neyropsixologik testlar o‘tkazishdan oldin bemorga tez ta’sir qiluvchi psixostimulyatorlar (masalan, kofein) qilinsa, test natijalari yaxshi bo‘lishi mumkin. Oddiy neyropsixologik testlarni to‘g‘ri bajara olmaydigan bemorning kasbiy faoliyati saqlanib qolishi mumkin. Bemor ishga borib kelaveradi, uy yumushlarini bajarib yuradi, bozor-o‘char qiladi, bolalariga mehribonlik ko‘rsa­tadi, yaxshi kiyinadi, o‘ziga e’tibor qiladi. Biroq har doim xotira buzilishlaridan shikoyat qiladi: avval borib-kelib yurgan yo‘llarini adashtiradi, shaharning qaysi chekkasiga qanday borishni unutib qo‘yadi, odamlar bi­lan gaplashganda voqea-hodisa tafsilotlarini aytib bera olmaydi. Ularda eslab qolish qobiliyati ancha buzilgan bo‘ladi. Depressiya darajasi va kechishiga qarab kognitiv buzilishlar darajasi ham o‘zgarib turadi. Dementsiya tashxisini qo‘yishdan oldin, albatta depressiya bor-yo‘qligini inkor qilish kerak. Buning uchun bemorning psixologik statusi suhbatlar va psi­xologik testlar (Gamilton shkalasi) yordamida tekshirilishi lozim. Chunki depressiya dementsiyaga qaraganda ko‘p uchraydi.

Dementsiya nafaqat bosh miya katta yarim sharlarining po‘stloq hujayralari, balki po‘stlog‘osti tuzilmalar zararlanganda ham kuzatiladi. Po‘stloq zararlanishlarida kuzatiladigan dementsiyaga kortikal dementsiya, po‘stlog‘osti tuzilmalari zararlanganda kuzatiladigan dementsiyalarga po‘stlog‘osti dementsiyasi deb aytiladi. Po‘stlog‘osti dementsiyasida afaziya, apraksiya va akalkuliya kabi kortikal simptomlar aniqlanmaydi. Po‘stlog‘osti tuzilmalari peshona markazlari bilan uzviy neyronal bog‘lanishlarga ega. Shu bois po‘stlog‘osti zararlanishlarida frontal simptomlar ham paydo bo‘ladi, ya’ni bradifreniya (psixik faoliyatning sekinlashuvi), gipokineziya va shaxs buzilishlari.

Po‘stlog‘osti dementsiyasi deyarli har doim ekstrapiramidal buzilishlar (parkinsonizm) bilan birgalikda namoyon bo‘ladi. Po‘stlog‘osti dementsiyasida gnostik jarayonlar, ya’ni bilish va tanish jarayonlari deyarli buzilmaydi. Kortikal dementsiyada esa ular keskin buziladi. Avval po‘stlog‘osti tuzilmalari zararlanib, keyin patologik jarayon po‘stloq tuzilmalarini ham qamrab olsa, aralash tipdagi dementsiya shakllanadi. O‘tkir TsVK sababli rivojlan­gan dementsiyani, ko‘pincha, aralash tipdagi dementsiya deb atash mumkin.

Endi dementsiyaning yaqqol namoyandalari bo‘lmish Alsxaymer va Pik kasalliklari bilan tanishib chiqamiz.

 Professor Zarifboy Ibodullaev



Ctrl
Enter
Хато топдизнигзми?
Матнни танланг ва Ctrl+Enter тугмачаларини босинг
MUHOKAMALAR
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Hech qanday izoh yo‘q. Siz birinchi bo‘lishingiz mumkin!
Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив