Dementsiya


Dementsiya – kognitiv funktsiyalarning orttirilgan buzilishi. Dementsiya bosh miyaning og‘ir zararlanishlari sababli rivojlanadi. Kognitiv funktsiyalar deganda, diqqat, xotira, tafakkur, idrok, nutq, gnozis, praksis kabi oliy ruhiy funktsiyalar tushuniladi. Demak, dementsiya tafakkurning orttirilgan buzilishi, u tug‘ma bo‘lmaydi. Aqliy faoliyatning rivojlanishdan orqada qolishiga esa oligofreniya deb aytiladi. Shuning uchun tug‘ilgandan buyon kognitiv buzilishlar aniqlangan bolalarga oligofreniya  tashxisi qo‘yiladi.

     Epidemiologiyasi. Dementsiya, odatda, 60 yoshdan so‘ng rivojlana boshlaydi va kasallanganlar soni yosh oshgan sayin ko‘payib boradi. Dementsiya 60–65 yoshdagilarda 1–5 % kuzatilsa, 80 yoshga borib bu ko‘rsatkich 30 % ga etadi.

Etiologiyasi. Dementsiya ko‘p etiologiyali sindrom. Uning asosiy sabablari 2.12-jadvalda keltirilgan.

 

2.12-jadval

Dementsiyaga olib keluvchi asosiy kasalliklar

Neyrodegenerativ kasalliklar

Alsxaymer kasalligi

Levi tanachalari bilan bog‘liq dementsiya

Parkinson kasalligi

Xantington kasalligi

Fronto-temporal degeneratsiya

Zo‘rayib boruvchi supranuklear falajlik

Bazal gangliyalar zararlanishi bilan kechuvchi degeneratsiyalar

Bosh miyaning qon tomir kasalliklari

Tserebral insultlar

Multiinfarkt dementsiya

Binsvanger kasalligi

Surunkali tserebral ishemiya

Po‘stlog‘osti dementsiyasi

Dismetabolik dementsiyalar

Moddalar defitsiti (V1, V12, folat kislotasi)

Metall tuzlari (alyuminiy, tsink, mis) bilan zaharlanish

Farmatsevtik vositalar, ya’ni xolinolitiklar, barbituratlar, benzodiazepinlar, neyroleptiklar, litiy tuzlari bilan zaharlanish

Gepatolentikulyar degeneratsiya

Somatogen (jigar va buyrak entsefalopatiyasi)

Surunkali alkogolizm

Gipoksik entsefalopatiya, shu jumladan anemiya hisobiga

Gipoglikemik entsefalopatiya

Gipotireoz

Neyroinfektsiya va demielinizatsiya bilan kechuvchi kasalliklar

OITS sababli rivojlangan entsefalopatiya

Kroystfeld-Yakob kasalligi

Zo‘rayib boruvchi panentsefalitlar

O‘tkir va nimo‘tkir meningoentsefalitlar

Tarqoq skleroz

Zo‘rayib boruvchi supranuklear falajlik

Multifokal leykoentsefalopatiya

Bosh miya jarohatlari

Bosh miya o‘smalari

Likvorodinamik buzilishlar

Normotenziv gidrotsefaliya

 

Tashxis. “Dementsiya”  sindromini aniqlash va baxolash uchun bir necha algoritmlar ishlab chiqilgan. Bularning ichida eng ko‘p  qo‘llaniladigani DSM-IV (Diagnostic and Statistical Manual of Mental Disorders, 4 th ed. Washington, D.C., American Psychiatric Association, 1994).

 

2.13-jadval

 DSM-IV bo‘yicha dementsiya tashxisini qo‘yish algoritmi

Belgilar

Qisqa va uzoq muddatli xotiraning buzilishi

Quyidagi oliy ruhiy funktsiyalardan kamida bittasining buzilishi (xotira buzilishiga qo‘shimcha ravishda)

- praksis

- gnozis

- nutq

- muloqot qobiliyati

- ixtiyoriy faoliyatni boshqarish

Kasbiy faoliyat va kundalik yumushlardagi qiyinchiliklar

Bosh miyaning organik zararlanishi

Hushning saqlangan bo‘lishi

 Demak, kognitiv funktsiyalar buzilgan bemorga dementsiya tashxisini qo‘yish uchun, albatta, bosh miya zararlangan va bemorning hushi saqlangan bo‘lishi kerak. Bu asosiy talablardan biridir.

Dementsiyada xotiraning barcha turlari, ya’ni eshitish, ko‘rish va harakat xotiralari buziladi. Eshituv xotirasi erta buzila boshlaydi va zo‘rayib boradi. Bemor hozir va avval eshitgan gaplarni eslab qololmaydi. Bemor so‘zlayotganda uning fikri chalg‘isa (telefon jiringlab qoldi, uni eshitayotganlar luqma tashladi va h.k.), nima haqida gapirayotganini unutib qo‘yadi. Unga kimdir biror voqeani ertalab so‘zlab bersa, biroz vaqt o‘tgach uning tafsilotlarini unutib yuboradi yoki gap nima haqida ketganligi butunlay esidan chiqadi. Bunday bemorlar bilan xotirani kuchaytiruvchi aqliy mashqlar o‘tkazish deyarli samara bermaydi. Og‘ir holatlarda hozir eshitgan gapini tezda esidan chiqaradi, to‘g‘rirog‘i eslab qola olmaydi. Dementsiyada xotiraning barcha bosqichlari, ya’ni eslab qolish, esda saqlash va qayta esga tushirish keskin buziladi.

Bir necha oylardan so‘ng uzoq muddatli xotira ham buzila boshlaydi. Bemor avvalgi hayotida bo‘lib o‘tgan voqealarni esiga tushura olmaydi. Kasallik zo‘raygan sayin bemor o‘tmishini umuman unutadi. Obrazli qilib aytganda, ularni “o‘tmishi yo‘q odamlar” deb atash mumkin. Har doim ko‘rib yuradigan tanishlarini yuziga qarab eslay olmaslik – dementsiyaning dastlabki va eng ko‘p uchraydigan belgilaridan biridir. Prozopagnoziya deb atalmish bu simptom bosh miyaning ensa-tepa sohalari atrofiyasida ko‘p uchraydi. Ushbu sohalar atrofiyasi optik-fazoviy agnoziya simptomlari bilan namoyon bo‘ladi. Oddiy qilib aytganda, bemorda geografik xotira buziladi. Bunday bemor ko‘chaga chiqsa, uyini topib qaytib kela olmaydi. Boradigan joyini ham topolmay yuradi yoki nima uchun uydan chiqqanligini unutib qo‘yadi. Agar bemorning ro‘parasida o‘tirib: “Mening o‘ng qo‘limni ko‘rsating desangiz, u Sizning chap qo‘lingizni ko‘rsatadi”. Bemor raqamsiz soatlarda vaqtni to‘g‘ri ko‘rsata olmaydi yoki raqamli soatni to‘g‘ri chizolmaydi. Har xil vaqtlarni ko‘rsatuvchi soat strelkalariga qarab soat necha bo‘lganini aytib berishda juda qiynaladi. Shu bois dementsiyani aniqlashda soat bilan bog‘liq sinamalardan ko‘p foydalaniladi.

Semantik xotira ham erta buziladi. Unga: “Lola Karimdan oqroq, kim qora” yoki “Olim Hakimdan uzunroq, kim kalta” deb so‘ralsa, so‘zlarning ma’nosiga uzoq vaqt tushunmay turadi. Bu gaplarni bir necha bor qaytarsa ham, bemor to‘g‘ri javob bera olmaydi.

 Dementsiyada xotira buzilishlari, albatta fikrlash jarayonining buzilishi bilan kechadi. Bemor fikrini bir joyga jamlab iboralar tuza olmaydi, qaysidir voqea haqida so‘zlab bermoqchi bo‘lsa, uning uddasidan chiqa olmaydi, so‘zlardan gap tuza olmaydi. Bemorda umumiy fikrlash ham, abstrakt (lot. abstractio – biror bir narsa yoki hodisaning qaysidir bir xususiyati yoki belgisini ajratib ko‘rsatib berish, aytib berish) fikrlash ham buziladi. Abstraktsiya fikrlash jarayonining asosini tashkil qiladi. Bemor atrofdagi narsalar nomini to‘g‘ri aytib bera olmaydi, ya’ni ularda amnestik afaziya simptomlari yaqqol ko‘zga tashlanadi. Maqsadga yo‘naltirilgan ixtiyoriy harakatlar ham buziladi, ya’ni apraksiya rivojlanadi. Kasbiy faoliyat ham izdan chiqadi. Shuningdek, har doim bajariladigan oddiy amallar, ya’ni kiyinish, soqol olish, tish yuvish, chiroqni o‘chirib-yoqish, tirnoq olish, choy damlash, dush qabul qilish, eshikni ochish kabi maqsadga yo‘naltirilgan faoliyat izdan chiqadi. Bemor oddiy arifmetik operatsiyalarni ham to‘g‘ri bajara olmay qoladi.

Dementsiyada nutq funktsiyasi uzoq vaqt saqlanib turadi. Keyinchalik nutq buzila boshlaydi va bemorda afaziyaning barcha turlarini (amnestik, sensor, motor) kuzatish mumkin. Dastlab amnestik afaziya, keyinchalik sensor va motor afaziya rivojlanadi. Albatta, nutq markazlarining o‘choqli zararlanishlari (masalan, insultdan so‘ng) sababli rivojlangan dementsiya bundan istisno.

Dementsiyada bemorning shaxsi ham o‘zgarib boradi. Unda o‘ziga va kasalllikka bo‘lgan tanqidiy munosabat buziladi. Bemor kir va iflos yuradigan bo‘ladi, tozalikka rioya qilmaydi, uyalmaydi. Dementsiyaning ba’zi turlarida psixik faoliyatning keskin pasayishi (apatiya, depressiya, motivatsiyaning so‘nishi) kuzatilsa, boshqa holatlarda, aksincha, psixomotor qo‘zg‘alishlar (agressiya, giperdinamik holat) shakllanadi. Ayniqsa, fronto-temporal dementsiya va Pik kasalligida shaxsning turli darajada buzilishlari kuzatiladi.

Aytib o‘tganimizdek, bosh miya jarohatlarida ham dementsiya rivojlanadi. Biroq, bosh miya jarohatlaridan keyin rivojlangan xotiraning alohida buzilishlari (turli amneziyalar) – bu dementsiya emas. Dementsiya uchun barcha kognitiv funktsiyalar buzilishi (amneziya, afaziya, apraksiya, agnoziya) xos. Har qanday etiologiyali dementsiyada kognitiv buzilishlar to‘xtovsiz zo‘rayib boradi. Bu jarayon biroz to‘xtab olishi yoki davolashlar natijasida qaysidir funktsiyalar birmuncha tiklanishi mumkin. Biroq kasallik zo‘rayib boraveradi. Dementsiyaning so‘nggi bosqichlarida bemor qaerda yashayotganini va o‘zini  anglay olmay qoladi. Bemor o‘z bolalarini ham  tanimaydi: uning yoniga kirgan qizi yoki o‘g‘liga  «Siz kimsiz», deb savol beradi. Bemor ovqat eyman deb aytmaydi, tualetga o‘zi bormaydi, siydik ushlay olmaydi. Uni qay holatda yotqizsa, shu holatda yotaveradi. Yuzdagi hissiy ifoda butunlay so‘nadi. Bunday bemorlar ham ruhan, ham jismonan nogiron bo‘lib qolishadi.

Shu erda depressiyada uchraydigan dementsiya haqida to‘xtalib o‘tsak. Depressiya bilan kasallanganlarda ham dementsiyaga o‘xshash simptomlar aniqlanadi. Bu holat psevdodementsiya deb ataladi. Psevdodementsiya tashxisi qachon qo‘yiladi? Ularda kognitiv buzilishlar boshlanishidan ancha oldin depressiya belgilari kuzatiladi. Psevdodementsiyada xotira buzilishlari ustunlik qiladi. Apraksiya va afaziya esa kuzatilmaydi. Bunday bemorlarda neyropsixologik testlar turli natija beradi: ba’zida test natijalari bemorda hech qanday dementsiya alomatlarini ko‘rsatmasa, ba’zida dementsiya aniqlanadi. Neyropsixologik testlar o‘tkazishdan oldin bemorga tez ta’sir qiluvchi psixostimulyatorlar (masalan, kofein) qilinsa, test natijalari yaxshi bo‘lishi mumkin. Oddiy neyropsixologik testlarni to‘g‘ri bajara olmaydigan bemorning kasbiy faoliyati saqlanib qolishi mumkin. Bemor ishga borib kelaveradi, uy yumushlarini bajarib yuradi, bozor-o‘char qiladi, bolalariga mehribonlik ko‘rsatadi, yaxshi kiyinadi, o‘ziga e’tibor qiladi. Biroq, har doim xotira buzilishlaridan shikoyat qilib yuradi: avval borib-kelib yurgan yo‘llarini adashtiradi, shaharning qaysi chekkasiga qanday borishni unutib qo‘yadi, odamlar bilan gaplashganda uning tafsilotlarini aytib bera olmaydi. Ularda eslab qolish qobiliyati ancha buzilgan bo‘ladi. Depressiya darajasi va kechishiga qarab kognitiv buzilishlar darajasi ham o‘zgarib turadi. Dementsiya tashxisini qo‘yishdan oldin, albatta depressiya bor-yo‘qligini inkor qilinadi. Buning uchun bemorning psixologik statusi suhbatlar va psixologik testlar (Gamilton shkalasi) yordamida tekshiriladi. Chunki depressiya dementsiyaga qaraganda ko‘p uchraydi.

Dementsiya nafaqat bosh miya katta yarim sharlarining po‘stloq hujayralari, balki po‘stlog‘osti tuzilmalar zararlanganda ham rivojlanadi. Po‘stloq zararlanishlarida kuzatiladigan dementsiyaga kortikal dementsiya, po‘stlog‘osti tuzilmalari zararlanganda kuzatiladigan dementsiyalarga po‘stlog‘osti dementsiyasi deb aytiladi. Po‘stlog‘osti dementsiyasida afaziya, apraksiya va akalkuliya kabi kortikal simptomlar aniqlanmaydi. Po‘stlog‘osti tuzilmalari peshona markazlari bilan uzviy neyronal bog‘lanishlarga ega. Shu bois po‘stlog‘osti zararlanishlarida frontal simptomlar ham paydo bo‘ladi, ya’ni bradifreniya (psixik faoliyatning sekinlashuvi), gipokineziya va shaxs buzilishlari.

Po‘stlog‘osti dementsiyasi deyarli har doim ekstrapiramidal buzilishlar (parkinsonizm) bilan birgalikda namoyon bo‘ladi. Po‘stlog‘osti dementsiyasida gnostik jarayonlar, ya’ni bilish va tanish jarayonlari deyarli buzilmaydi. Kortikal dementsiyada esa ular keskin buziladi. Avval po‘stlog‘osti tuzilmalari zararlanib, keyin patologik jarayon po‘stloq tuzilmalarini ham qamrab olsa, aralash tipdagi dementsiya shakllanadi. O‘tkir TsVK sababli rivojlangan dementsiyalarni, ko‘pincha aralash tipdagi dementsiyalar deb atash mumkin.

Davolash. Davolash muolajalari kompleks tarzda olib boriladi va quyidagi dori vositalari qo‘llaniladi.

Takrin 1 kaps. (10 mg) dan kuniga 4 mahal ovqatdan oldin ichishga buyuriladi.

 

2.13-jadval. Takrinni tavsiya etish tartibi

Haftalar

Dorining dozasi va tavsiya etiladigan vaqti

1-hafta

10 mg dan kuniga 4 mahal ovqatdan oldin

2-hafta

20 mg dan kuniga 4 mahal ovqatdan oldin

4-hafta

30 mg dan kuniga 4 mahal ovqatdan oldin

6-hafta

40 mg dan kuniga 4 mahal ovqatdan oldin

Izoh. Dorining bir kunlik dozasini 160 mg ga etkazish mumkin

 

Bemor takrinni yillar mobaynida qabul qilishi kerak. Bir necha hafta yoki oylar ichida dorining bir kunlik dozasini 160 mg ga oshirish mumkin. Takrin 10, 20, 30, 40 mg li kapsulalarda ishlab chiqariladi. Monelik qiluvchi holatlar: bronxial astma, epilepsiya, bradikardiya, jigar etishmovchiligi.

Donepezil kechqurun yotishdan oldin 5 mg dan ichishga buyuriladi. Bir oy o‘tgach bemor dorini 10 mg dan 6 hafta mobaynida ichishi lozim. Dorining bir kunlik maksimal dozasi 10 mg. Bemor spirtli ichimliklar qabul qilmasligi kerak.

Rivastigmin (ekselon) dastlab 1 mg dan kuniga 2 mahal ichishga buyuriladi va har 2 haftada dozasi oshirib boriladi. Ekselon 1 mg, 3 mg, 6 mg li dozalarda ishlab chiqariladi.

 

2.14-jadval. Rivastigminni tavsiya etish tartibi

Haftalar

Dorining dozasi va tavsiya etiladigan vaqti

1-hafta

1 mg dan kuniga 2 mahal ovqat paytida

2-hafta

3 mg dan kuniga 2 mahal ovqat paytida

4-hafta

4,5 mg dan kuniga 2 mahal ovqat paytida

6-hafta

6 mg dan kuniga 2 mahal ovqat paytida

Izoh. Dorining bir kunlik dozasini 12 mg ga etkazish mumkin

  

Memantin dastlab 5 mg dan ovqat paytida ichishga buyuriladi. Memantin 10 mg li tabletkalarda ishlab chiqariladi.

 

2.15-jadval. Memantinni tavsiya etish tartibi

Haftalar

Dozasi va tavsiya etiladigan vaqti

1-hafta

5 mg (1/2 tabl) 1 mahal ertalabki nonushta paytida

2-hafta

10mg (5mg ertalabki nonushta va 5 mg tushlik paytida)

3-hafta

15 mg (10mg ertalabki nonushta va 5 mg tushlik paytida)

4-hafta

20 mg (10mg ertalabki nonushta va 10 mg tushlik paytida)

Izoh. Memantinning bir kunlik dozasini 40-60 mg ga etkazish mumkin

 Memantin har qanday etiologiyali dementsiyalarda tavsiya etiladi. Dori katta dozada berilganda, uning kundalik dozasini teng bo‘lib chiqish kerak. Memantin epilepsiya, intrakranial gipertenziya va tireotoksikozda tavsiya etilmaydi. Monelik qiluvchi holatlar: bosh aylanishi, psixomotor qo‘zg‘alishlar, ko‘ngil aynish va kuchli holsizlik.

Prognoz. Ko‘rsatib o‘tilgan dorilar kasallikning boshlang‘ich davrida samarali. Ammo, dementsiya sekin-asta zo‘rayib boraveradi. Kasallik qancha erta boshlansa, prognoz shuncha yomon hisoblanadi.

 Professor Zarifboy Ibodullaev



Ctrl
Enter
Хато топдизнигзми?
Матнни танланг ва Ctrl+Enter тугмачаларини босинг
MUHOKAMALAR
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Hech qanday izoh yo‘q. Siz birinchi bo‘lishingiz mumkin!
Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив