DEPRESSIYa
Uzoq davom etuvchi tushkun kayfiyat, fikrlar karaxtligi va harakatga bo‘lgan motivatsiyaning so‘nishi bilan namoyon bo‘luvchi kasallikka depressiya deb aytiladi. Bu simptomlar depressiyaning o‘zagini tashkil qiladi. Evropalik mutaxassislar ma’lumotlariga ko‘ra, depressiya deyarli 80 % holatlarda somatik buzilishlar bilan namoyon bo‘ladi va bu bemorlar dastlab UAV ga murojaat qilishadi. Faqat 20 % holatlarda bemor psixiatrga murojaat qiladi. UAV esa 10 % holatlardagina “Depressiya” tashxisini to‘g‘ri aniqlay oladi. Buning asosiy sabablari – UAV depressiya haqida kam ma’lumotga ega ekanligi va niqoblangan depressiya klinikasidan bexabar ekanligijir. Turli kasalliklarga o‘xshab namoyon bo‘luvchi depressiyaga niqoblangan depressiya deb aytiladi. Psixosomatik sindromlarni (psixogen tsefalgiya, psixogen kardialgiya va h.k) niqoblangan depressiyaga misol qilib ko‘rsatish mumkin. Demak, depressiya surunkali kechuvchi patologik holat bo‘lib, aksariyat hollarda somatik buzilishlar bilan namoyon bo‘ladi.
Etiologiyasi. Depressiya, asosan, o‘tkir va surunkali ruhiy jarohatlardan so‘ng rivojlanadi. Bunday depressiyaga, ya’ni psixogen omillar sababli rivojlangan depressiyaga ekzogen depressiya deb aytiladi. Depressiya ba’zan hech qanday sababsiz rivojlanadi va bunday holatlarda endogen depressiya haqida so‘z boradi. Endogen depressiya kelib chiqishida nasliy moyillikka katta urg‘u beriladi. Melanxoliklar ham depressiyaga moyil bo‘lishadi. Depressiya og‘ir va uzoq davom etuvchi somatik kasalliklar bilan og‘riydigan bemorlarda ham rivojlanadi. Bunday paytlarda depressiya somatik kasalliklar kechishini og‘irlashtiradi. Depressiya ba’zan uzoq vaqtli remissiyalardan keyin takrorlanib turadi. Davolanishdan qat’iy nazar yillab davom etadigan depressiyalar ham bo‘ladi, bunday paytlarda uning og‘ir turi haqida so‘z boradi. Somatik simptomlar ustunlik qiluvchi depressiyalar ham mavjud. Bunday paytlarda tashxisni to‘g‘ri aniqlash ancha vaqtni talab qiladi, ba’zan aniqlanmay qoladi.
Depressiyaning kelib chiqishida tibbiy-psixologik omillardan tashqari ijtimoiy va biologik omillarga ham katta urg‘u beriladi. Biologik omillardan avvalambor miyada mediatorlar (serotonin, noradrenalin, atsetilxolin va h.k.) almashinuvi buzilishiga katta e’tibor qaratiladi.
Halqaro tasnifga muvofiq depressiyaning engil (subdepressiya), o‘rtacha va og‘ir turlari farqlanadi.
Tashxisi. Depressiya aksariyat hollarda bemorlar va uning yaqinlari tomonidan, ba’zida vrachlar tomonidan ham yomon hulq-atvorning bir ko‘rinishi sifatida qabul qilinadi va shu sabablarga ko‘ra vaqtida aniqlanmay qoladi. Psixosomatik buzilishlar bilan namoyon bo‘ladigan depressiya ham o‘z vaqtida aniqlanmay “ichki kasalliklar” tashxislari qo‘yiladi. Depressiya – faqat kayfiyatning tushishi emas, balki bir nechta simptomlardan iborat jiddiy kasallik. Ma’lumotlarga ko‘ra, depressiya bilan kasallangan 10 nafar bemordan bittasi doktorga murojaat qiladi xolos. Bizning bir necha yillik kuzatuvlarimiz ham buni tasdiqlaydi. Ayniqsa, somatik buzilishlar bilan namoyon bo‘ladigan depressiyalar vrachlar e’tiboridan chetda qoladi. Ular somatik tashxislar bilan davolanib yurishadi.
Ba’zan bemorlar “Depressiya” tashxisi aniqlangandan so‘ng ham tibbiy psixolog yoki psixoterapevtga murojaat qilmasdan yurishadi. Buning sabablari qarindosh-tuqqanlar, hamkasblar va qo‘ni-qo‘shnilardan uyalish, psixiatr yoki psixonevrolog nazoratida qolib ketishdan, ishdan haydalishdan yoki ishga qabul qilinmaslikdan qo‘rqish, tuzalib ketishiga ishonmaslik, psixotrop dorilarni qabul qilishni hohlamaslik. Odatda bunday bemorlarni uning yaqinlari, tanish-bilishlari doktor yoki psixologga murojaat qilishga undashadi. Tajribali vrach yoki psixolog qabulida dastlabki suhbatdan o‘tgan bemorning dunyoqarashi aksariyat hollarda keskin o‘zgaradi va keyinchalik uning o‘zi psixolog qabuliga qatnay boshlaydi. Dastlabki suhbatning qanday natija bilan tugashi psixolog yoki psixoterapevt mahoratiga ko‘p jixatdan bog‘liq.
Depressiyaning klinik belgilari. Depressiya klinikasi turli-tuman bo‘lib ruhiy-hissiy, kognitiv, somatik va hulq–atvor buzilishlari bilan namoyon bo‘ladi. Ularni shartli ravishda quyidagicha ajratib chiqish mumkin.
Ruhiy-hissiy buzilishlar:
- tushkun kayfiyat, umidsizlik, g‘am-g‘ussa, azoblanib yurish;
- uyqu buzilishi (uyquchanlik yoki uxlay olmaslik);
- doimo xavotirda bo‘lish, dardli kechinmalar, yomon voqealarni kutib yashash, jaxldorlik;
- aybdorlik hissi, o‘zini hadeb ayblayverish;
- o‘zidan qoniqmaslik va o‘zini kamsitish;
- yaxshi va yoqimli damlarni eslaganda qoniqish hosil qilmaslik, atrofdagi voqealarga, yaqinlariga qiziqishning yo‘qolishi yoki kamayishi.
Kognitiv buzilishlar:
- fikrini bir joyga jamlay olmaslik (fikrlar karaxtligi), parishonxotirlik, xotira pasayishi;
- bir qarorga kelishning qiyinligi;
- o‘zini, dunyoda bo‘layotgan voqealarni, kelajakni faqat yomon xayollar bilan o‘ylash;
Somatik buzilishlar:
- bosh og‘rig‘i, bosh aylanishi, tananing turli joyida og‘riqlar;
- kardialgiya, nafas olish faoliyatining buzilishi;
- ishtaha buzilishi (kuchayishi yoki kamayishi);
- qabziyat, ba’zi xollarda ich ketish;
- libidoning pasayishi, xayz ko‘rishning buzilishi, amenoreya;
- jismoniy va ruhiy charchash;
- terida qichimalar va h.k.
Hulq-atvor o‘zgarishlari:
- o‘z joniga qasd qilishga intilish;
- qaysarlik, o‘jarlik;
- hech qanday faoliyatga qiziqmaslik;
- yolg‘izlikka intilish, birovlar bilan muloqotdan qochish, yon-atrofdagi voqealarga qiziqishning yo‘qolishi;
- o‘yin-kulgili va ko‘ngil ochar joylarga bormaslik;
- ichkilik yoki turli farmakologik dorilarga ruju qo‘yish.
Aytib o‘tganimizdek, depresciya uchun kayfiyatning pasayishi, fikrlar karaxtligi va harakatga bo‘lgan motivatsiyaning yo‘qolishi juda xosdir. Manashu uchta simptomning 2-3 haftadan oshiq birgalikda namoyon bo‘lishi depressiya tashxisini qo‘yishga asos bo‘la oladi. Depressiya bilan og‘rigan bemor dunyoni va atrofda bo‘layotgan voqealarni negativ tarzda qabul qiladi, o‘zining hayotda tutgan o‘rnini pescimistik ruhda baholaydi, o‘zini hech kimga keraksizdek his qiladi. Bemor doimo xavotirda yashaydi, hech qanday faoliyatga qiziqmaydi, atrofdagi o‘yin-kulgilar va yaqinlarining taqdiriga e’tibor ham qilmaydi. Bemor doimo ho‘rsinib yuradi, uni chalg‘itish uchun biror-bir ishga majburlash mumkin, biroq uni hech qanday e’tiborsiz bajaradi va bemorning kayfiyati ko‘tarilishiga bu ta’sir qilmaydi. Bemorni gohida oylab uyqusizlik (ayniqsa, endogen depressiyalarda), gohida uyqu bosaverishi bezovta qiladi. Bemor deyarli har doim yomon tushlar ko‘radi. U tushida birovlarni bo‘g‘ib o‘ldirib yuradi, pichoqlaydi, olamdan o‘tgan yaqinlari va qonli voqealarni ko‘p ko‘radi. Bunday tushlar bemorlar kayfiyatini yanada tushiradi va ahvolini og‘irlashtiradi. U xatto yaqinda men o‘laman, deb oila a’zolari bilan vidolashib yuradi.
Depressiyaga ta’rif bera turib, ushbu kasallik uchun xos bo‘lgan yana bir havfli belgi, ya’ni o‘z joniga qasd qilishga intilishni alohida ta’kidlab o‘tish lozim. Shuning uchun har bir UAV depressiya bilan davolayotgan bemorda suitsidal fikrlar bor-yo‘qligini aniqlab olishi kerak. Agar ushbu belgilar haqiqatan ham bemorda kuzatilayotgan bo‘lsa, psixiatr ko‘rigi zarur bo‘ladi. Agar Siz psixiatr ko‘rigini kechiktirsangiz, bemor Siz davolayotgan joyda o‘z joniga qasd qilishi mumkin. Nima uchun? Chunki bunday bemorlar o‘z joniga qasd qilish uchun bexavotir joy izlab yurishadi. Bunday tinch joy shifoxonadir. Shuning uchun ham bemor yotgan xonaning eshigi doimo ochiq bo‘lishi, yonida boshqa bemorlar bo‘lishi yoki yaqinlari o‘tirishi kerak.
Depressiya bilan kasallangan bemorning hulq–atvori. Aytib o‘tish joizki, depressiya kuchli, maqsadga intiluvchan, biroq hissiyotga beriluvchan odamlarda ko‘p kuzatiladi. Ularning depressiyaga tushishdan oldingi hayoti o‘rganilganda quyidagi xususiyatlar aniqlangan.
- Depressiyaga uchragan shaxslarning o‘ziga xos dunyoqarashi bo‘ladi, ular atrofdagi voqealarni o‘z dunyoqarashidan kelib chiqqan holda tahlil qiladigan va hissiyotga beriluvchan shaxslardir. Ular ko‘pincha hayotdan qoniqmay yashashadi, erishgan yutuqlari ularni qoniqtirmaydi va, ko‘pincha, o‘z faoliyatiga tanqidiy munosabatda bo‘lishadi, ular har doim hayotning oldida bo‘lishga harakat qilishadi. Shu bilan birga ular boshqalarning xatolarini topishni va maslahat berib yurishni xush ko‘rishadi. Odatda, ular kuchli odamlardir. Agar uning xatosini ko‘rsatsa, bundan qattiq aziyat chekadi va shu odamni yoqtirmay qoladi.
- Oilada ham, uyda ham aniq bir reja asosida hayot kechirishga intilishadi, o‘ta talabchan bo‘lishadi, bola-chaqasidan ham shunday yashashni talab qilishadi. Bu ko‘pincha oilaviy majoralarga sabab bo‘ladi.
- Ular oila va ishdagi muvaffaqiyatsizliklar va musibatli voqealarni og‘riqli qabul qilishadi, ichkilikka ham tez ruju qo‘yishlari mumkin.
- Yolg‘izlikni yoqtirishadi, biror bir ishni boshlashsa yoki rahbarlardan topshiriq olishsa, uni mukammal bajarishga intilishadi. Bunday odamlar arzimagan bahodan juda xursand va arzimagan koyishdan qattiq hafa bo‘lishi mumkin. Shuning uchun ularning jahlini chiqarish ham, kayfiyatini ko‘tarish ham oson.
Davolash. Bu kasallikni erta aniqlash va davolash muolajalarini erta boshlash bemorning depressiyadan tezda chiqib ketishiga yordam beradi. Depressiyani davolashda psixoterapiya va psixofarmakoterapiyaga asosiy urg‘u beriladi.
Psixoterapiya. Har qanday depressiyada psixofarmakoterapiya psixoterapiya bilan boshlanishi va psixoterapiya bilan tugallanishi kerak. Farmakoterapiyadan oldin o‘tkazilgan psixoterapiya davolanish jarayonini engillashtirsa, undan keyin o‘tkazilgan psixoterapiya esa depressiya qaytalanishining oldini oladi. Bugungi kunda depressiyani davolash jarayonida qo‘llaniladigan psixoterapevtik usullar juda ko‘p bo‘lib, ularning ba’zilari haqida to‘xtalib o‘tamiz.
Psixoanaliz (psixodinamik terapiya). Psixodinamik nazariyaga muvofiq, depressiya negizida ichki ongsiz ziddiyatlar yig‘indisi yotadi: shaxs bir tomondan birovlarga qaram bo‘lishni hoxlamaydi, ikkinchi tomondan boshqalar uni e’tirof etishi, qo‘llab-quvvatlashini xoxlaydi. Albatta, bir-biriga zid ushbu holatlar doimiy qoniqmaslik hissini yuzaga keltiradi, ya’ni boshqalarga nisbatan qahr-g‘azab va hafagarchilik shaxsning ichki dunyosini qamrab oladi. Shu asnoda shaxsning o‘zi boshqalarning nazdida mehribon, odamovi va ajoyib inson sifatida tan olinishni xoxlaydi. Psixoanalitiklar fikricha, manashu istaklarning ro‘yobga chiqmasligi depressiya shakllanishiga turtki bo‘ladi. E’tirof etilmagan har bir xoxish va istak yillar mobaynida ong ostida qo‘nim topadi va ular yig‘ilgan sayin ichki ziddiyatlar kuchaya boradi. Bunday paytlarda depressiyaning o‘tkir tarzda yuzaga kelishi uchun kuchli stressning o‘zi etarli. Surunkali tarzda shakllanadigan depressiya esa doimiy ruhiy-hissiy zo‘riqishlar ta’siri ostida rivojlanadi.
Psixodinamik terapiyaning asosiy maqsadi depressiyaga uchragan bemorda ichki ziddiyatlarni to‘la ochib tashlashga qaratilgan. Bu terapiya albatta individual tarzda olib boriladi va har bir bemorda ichki ziddiyatlar sababini ochishga qaratilgan bo‘ladi. Psixodinamik terapiya bemorda katarsis, ya’ni ruhiy poklanishga erishilgunga qadar olib boriladi. Ijobiy natijaga bir necha kun ichida erishish mumkin, ba’zan esa bu jarayon bir necha oyga cho‘ziladi.
Kognitiv psixoterapiya bemorda optimistik tarzda fikrlash sa’natini shakllantirishga qaratilgan. Bu terapiyaning asosida ham bemorning fikrlash dunyosini ijobiy tomonga o‘zgartirish yotadi. Kognitiv psixoterapiyaning metodlari ko‘p bo‘lib, ular maxsus adabiyotlarda batafsil yoritilgan. Bemor bilan olib boriladigan psixologik suhbatlar depressiya turi va og‘ir-engilligiga qarab 10–20 seansgacha bo‘lishi mumkin.
Davolash jarayonida bemorning yaqinlari bilan muloqot olib borish kerak. Chunki bu suhbatlar bemor haqida to‘la ma’lumotga ega bo‘lishga yordam beradi. Shuningdek, vrach yoki psixolog bemorning yaqinlariga uning oldida o‘zlarini qanday tutish lozimligini tushuntiradi. Bu juda muhim. Chunki ba’zan bemorning yaqinlari bemorga qo‘shilib uyda motamsaro muhit yaratadiki, bu faqat uning ahvolini og‘irlashtiradi va suitsidal urinishlarni kuchaytiradi xolos. Bemorga hadeb yonbosaverish ham, uning hulq-atvorini tanqid qilaverish ham mumkin emas. Bemorga undagi yomon fikrlar depressiya belgisi, bu belgilar vaqt kelib albatta o‘tib ketadi, kabi so‘zlar bilan unga taskin beriladi. Suitsidal fikrlar va urinishlar aniqlangan bemorni yolg‘iz qoldirmaslik kerak. Oila a’zolari tomondan nazorat shunday bo‘lishi kerakki, bemorning o‘zi buni bilmasin. Chunki hadeb bemorni qo‘riqlayverish uning joniga tegadi. Bemorning ishonchini qozongan oila a’zolari bilan ko‘chaga chiqib aylanib kelish va sayr paytida asosan bemorni so‘zlatish, uning his-tuyg‘ulariga hamdard bo‘lish o‘ta muhim. Bemor doimo vrach yoki psixolog bilan har qanday vaziyatda ham bog‘lana oladigan bo‘lishi lozim, chunki zudlik bilan ularning yordami kerak bo‘lib qolishi mumkin.
Farmakoterapiya. Farmakologik vositalar depressiyaning barcha turida tavsiya etilishi mumkin. Bu maqsadda antidepressantlar keng qo‘llaniladi. Antidepressantlardan fluoksetin (prozak, profluzak), sertralin (zoloft), tsitalopram (tsipramil), paroksetin (paksil), fluvoksamin (fevarin), tianeptin (koaksil), mianserin (lerivon), moklobemid (auroriks), milnatsipran (iksel), mirtazapin (remeron) kabi dorilar ko‘p qo‘llaniladi.
Antidepressantlar bilan davolashning qonun-qoidalari
- Depressiya turi, darajasi, klinik manzarasi va bemorning somatik ahvolidan kelib chiqqan holda aniq bir antidepressant tanlab olinadi. Uning kundalik dozasi belgilanadi va davolash sxemasi tuziladi.
- Antidepressantlar avval kam dozada beriladi va har 3-5 kunda uning dozasi oshirib boriladi. Depressiya alomatlari sezilarli darajada kamaygach, dorining dozasi oshirishdan to‘xtatiladi. Antidepressantlar o‘rta darajali depressiyalarda 4-6 mobaynida, ba’zan undan ham ko‘p muddat ichiladi. Bu qoida depressiyaning yana qaytalamasligi uchun qabul qilingan.
- Antidepressantlar bilan davolab boshlagandan 1-2 hafta o‘tgandan keyingina bemorning ahvoli yaxshilanib borishini tushuntirish o‘ta muhim. Aks holda “bu dorilar menga yordam bermayapti” deb bemor ularni ichishdan voz kechishi mumkin. Dorilarni vrachdan bemaslahat to‘xtatib qo‘yish mumkin emasligi tushuntiriladi.
- Antidepressantlarni bir necha oy ichish zarurligi va depressiya belgilari butunlay yo‘qolgandan keyin vrachning o‘zi davolashni to‘xtatish vaqtini belgilashi aytiladi.
Dorilar bilan davolash jarayonida rejali tarzda psixoterapiya muolajalarining o‘tkazilishi bemorning depressiyadan chiqishini osonlashtiradi. Psixoterapevtik muolajalar paytida bemor bilan muloqotlar olib boriladi, antidepressantlarni qabul qilish bilan bog‘liq bo‘lgan muammolar echiladi (chunki aksariyat bemorlar 1 oydan keyin dori ichishni to‘xtatib qo‘yishadi), bemorda yaxshi natijalarga ishonch hosil qilinadi.
Bugungi kunda depressiyani bartaraf etish uchun ishlab chiqilgan antidepressantlar soni ko‘p. Biroq, ularni to‘g‘ri tanlay olish kerak. Dorilarni erta to‘xtatib qo‘yish yoki asossiz tarzda kam miqdorda berish kutilgan ijobiy natijani bermaydi. Afsuski vrachlar orasida antidepressantlarni juda kam dozada berish va uni bor-yo‘g‘i 10-15 kunga tavsiya etish xanuzgacha uchrab turibdi. Aksariyat antidepressantlar natijasi 10 kundan so‘ng sezilib boshlaydi, bu dorilar kamida 2-3 oy mobaynida qabul qilinishi kerak. Bemor depressiya belgilari tugaguncha doimo vrach nazoratida bo‘lishi zarur. Dorilarni to‘satdan to‘xtatish ham depressiyaning yana qo‘zg‘ashiga sababchi bo‘ladi.
Qo‘shimcha ravishda fizioterapiya, fitoterapiya, nina bilan davolash va davolash badantarbiyalarini qo‘llash bemorning tuzalishini tezlashtiradi. O‘zbekistonda depressiyani davolashda ko‘p qo‘laniladigan antidepressantlar haqida qisqacha ma’lumot berib o‘tamiz.
1-jadval. Tibbiy amaliyotda kenga qo‘llaniladigan antidepressantlar
Tritsiklik antidepressantlar |
Serotoninni qayta qamalga oluvchi selektiv ingibitorlar
|
Amitriptilin Melpiramin (imipramin) Klomipramin Azafen Doksepin Tianeptin
|
Fluoksetin Sertralin Paroksetin Tsitaprolam Venlafaksin Fluvoksamin |
2-jadval.Tibbiy amaliyotda ken qo‘llaniladigan ba’zi antidepressantlarga oid ma’lumotlar
Nomi |
Sinonimi |
Ishlab chiqarilish shakli va dozasi
|
Bir kunlik doza, mg |
|
Antidepressantlar-stimulyatorlar |
Minimal |
maksimal |
||
Melipramin |
Imipramin |
Amp.1,25 % - 2 ml; 25 mg (tabl) |
12,5 |
50 |
Anafranil |
Klomipramin |
Amp.1,25 %-2 ml; 25 mg (tabl) |
12,5 |
75 |
Prozak |
Fluoksetin |
20 mg (tabl va kaps). |
10 |
40 |
Paroksetin |
Reksetin |
20 mg va 30 mg (tabl va kaps) |
5 |
40 |
Iksel |
|
25 mg va 50 mg (tabl) |
25 |
200 |
Velaksin |
Venlaksor |
37,5; 75 va 150 mg (tabl. va kaps) |
37,5 |
375 |
Sertralin |
Zoloft |
50 mg (tabl va kaps)
|
50 mg |
200 mg |
Sedativ ta’sirga ega antidepressantlar |
|
|
||
Amitriptilin |
Triptizol |
Amp. 1 %-2 ml; 10 mg va 25 mg (tabl va kaps) |
10 mg |
75 mg |
Azafen |
Pipofezin |
25 mg (tabl va kaps) |
25 mg |
150 mg |
Koaksil |
|
12,5 mg (tabl va kaps) |
12,5 mg |
75 mg |
Ludiomil |
Maprotilin |
Amp. 1,25 %-2 ml; 12,5 mg va 25 mg (tabl) |
12,5 mg |
150 mg |
Fluvoksamin |
Fevarin |
50 mg va 10 mg (tabl) |
25 mg |
300 mg |
Mianserin |
|
|
|
|
Trazodon |
Trittiko |
25, 50, 100 mg (kaps) Amp. 1% - 5 ml (50 mg) |
25-50 mg |
300-500 mg |
Doksepin |
|
|
|
|
3-jadval. Tibbiy amaliyotda keng qo‘llaniladigan benzodiazepinlar (trankvilizatorlar)
Dorining nomi |
Dastlabki dozasi
|
Terapevtik dozasi |
Diazepam |
5-10 mg |
10-20 mg |
Lorazepam |
1-2 mg |
2-4 mg |
Fenazepam |
0,5-1 mg |
1-2 mg |
Medazepam |
10-15 mg |
20-30 mg |
Alprazolam |
0,25-0,5 mg |
1-2 mg |
Nitrazepam |
2,5-5 mg |
5-10 mg |
Tofizepam |
50-100 mg |
100-150 mg |
Sertralin (zoloft) depressiya va obsessiv-kompulsiv buzilishlarni davolashda keng qo‘llaniladi. Sertralin organizmga xolinolitik, kardiotokcik va sedativ ta’sir ko‘rsatmaydi va barcha yoshdagi bemorlarga tavsiya qilinishi mumkin, shu jumladan o‘smirlarga ham. Dori yaqqol ifodalangan timoanaleptik va engil ifodalangan stimullovchi ta’sirga ega. Dorining ta’siri bir haftalardan so‘ng seziladi, biroq aniq ifodalangan ta’siri 3–4 haftalarda, ba’zan 6–8 haftalarda bilinadi. Sertralin depressiyaning barcha turlarida qo‘llaniladi va boshqa antidepressantlar kabi kam dozalarda (kuniga 50–100 mg) tavsiya etib boshlanadi. Obsesciv-kompulsiv buzilishlarda kuniga 150–200 mg dan 2–4 oy mobaynida ichishga buyuriladi. Sertralin 50 mg li dozada (tabl. va kapsula) ishlab chiqariladi.
Sertralin alkogol, karbamazepin va galoperidol ta’sirini kuchaytirmaydi. Yurak qon-tomir kasalliklari bu dorini tavsiya etishga monelik qilmaydi. Shuning uchun ham sertralin infarktdan so‘ng rivojlangan xavotirli-depressiv buzilishlarda keng tavsiya etiladi. Sertralin sedativ ta’sirga ega emas, jismoniy va ruhiy xolsizlik ham kuzatilmaydi. Dorini uzoq muddat qabul qilish, unga bog‘lanib qolishni chaqirmaydi. Bemor avtomobil boshqarishi ham mumkin.
Fluvoksamin (fevarin) 50 mg, 100 mg li tabletkalarda ishlab chiqariladi. Depressiyada keng qo‘llaniladi, obsessiv-kompulsiv buzilishlarda ham samaralidir. Fluvoksamin dastlab 50 yoki 100 mg dan kuniga 1 mahal kechqurun ichishga tavsiya etiladi. Dorining dozasi sekin-asta oshiriladi va bunda bemorning doriga bo‘lgan reaktsiyasi e’tiborga olinadi. Aksariyat hollarda 100 mg dan kuniga 1 mahal tavsiya etishning o‘zi kifoya. Zaruratga qarab uning kundalik dozasini 300 mg ga etkazish mumkin. Fevarinning tavsiya qilinadigan kundalik dozasi 150 mg dan oshsa, uni 2 yoki 3 ga bo‘lib berish kerak. Masalan, ertalab 50 mg, kechqurun 100 mg yoki 50 mg dan kuniga 3 mahal. Dori 4-6 oy mobaynida tavsiya etiladi.
Fluvoksamin 8 yoshdan keyin tavsiya etiladi. O‘smirlar uchun dorining dastlabki dozasi 25 mg, keyinchalik 50-150 mg ga etkaziladi. Dorining terapevtik dozasi vrach tomonidan individual tarzda belgilanadi. Fluvoksaminning ta’siri 1 haftadan so‘ng ko‘zga tashlana boshlaydi va 1 oy ichida ijobiy natijaga erishiladi. Agar 1-2 oy ichida ko‘zlangan ijobiy natijaga erishilmasa, dorining dozasi sekin-asta kamaytirib, uni qabul qilish to‘xtatiladi.
Fluvoksamin va shu guruhga kiruvchi antidepressantlarni tavsiya qilishga monelik qiluvchi holatlar.
- MAO ingibitorlarini qabul qilayotganda tavsiya etilmaydi.
- 8 yoshgacha bo‘lgan bolalarga tavsiya etilmaydi.
- Epilepsiya va tutqanoq xurujlari (zaruratga qarab tavsiya etiladi, agar tutqanoq xurujlari kuzatilsa, dorini qabul qilish to‘xtatiladi).
- Jigar va buyrak etishmovchiligi (zaruratga qarab tavsiya etiladi, agar jigar fermentlari faolligi oshsa, dorini qabul qilish to‘xtatiladi).
- Homilador ayollarga extiyotkorlik bilan tavsiya qilinadi.
- Spirtli ichimliklar ichish man etiladi.
- Yallig‘lanishga qarshi nosteroid dorilar va aspirin qabul qilib yurgan hamda anamnezida qon ketishga moyilligi bor bemorlarga extiyotkorlik bilan tavsiya etiladi.
Paroksetin (reksetin) 20 mg tabletkalarda ishlab chiqariladi. Paroksetin depressiyaning barcha turlarida, shu jumladan xavotirli-depressiv va obsessiv-kompulsiv buzilishlar, fobik sindromlarda tavsiya etiladi. Dorining dastlabki kundalik dozasi 20 mg bo‘lib, uning dozasi har haftada 10 mg ga oshirib boriladi. Tavsiya qilish mumkin bo‘lgan eng yuqori doza kuniga 60 mg. Masalan, dorining kundalik dozasini 40 mg ga etkazish uchun 4 hafta zarur bo‘ladi.
Depressiya belgilari yo‘qolgandan keyin ham paroksetinni kuniga 20 mg dan 4-6 oy mobaynida qabul qilish tavsiya etiladi. Dori qabul qilishni to‘satdan to‘xtatib qo‘yish mumkin emas, buning uchun uning dozasini asta-sekin kamaytirib borish lozim. Paroksetin kuniga 1 mahal odatda ertalab ovqat paytida qabul qilinadi va chaynamay yutiladi. Ojiz bemorlar va qariyalar uchun dorining dastlabki dozasi kuniga 10 mg bo‘lishi kerak.
Fluoksetin (prozak, portal, fluval, prodel) 20 mg tabletkalarda ishlab chiqariladi. Bu dori depressiyaning barcha turlarida tavsiya etiladi, shu jumladan obsessiv-kompulsiv buzilishlar, bulimiya, fobiyalarda samarali antidepressantdir. Sedativ ta’sirga ega emas. O‘rtacha terapevtik dozada yurak qon-tomir sistemasi faoliyatiga nojo‘ya ta’sir ko‘rsatmaydi. Dastlab 20 mg dan kunning birinchi yarmida bir mahal ichishga tavsiya etiladi. Oradan 1-2 hafta o‘tgach dozasi oshirib boriladi. Bir oylardan keyin bu dorini 20 mg dan kuniga 2-3 mahal ichishga tavsiya etish mumkin. Fluoksetinning eng yuqori kundalik dozasi 80 mg.
Depressiya profilaktikasi. Depressiya rivojlanishini oldindan bilish qiyin. Vrach faqat endi rivojlanayotgan depressiya alomatlarini o‘z vaqtida ilg‘ab olishga harakat qilishi mumkin. Depressiyaning takrorlanishi, vaqti-vaqti bilan klinik belgilarining kuchayib turishi va surunkali kechishi bu kasallik bilan og‘rigan bemorlarni doimiy nazoratga olishni taqozo etadi. Umumiy amaliyot vrachlari depressiya kasalligi belgilaridan voqif bo‘lishlari va tashxisni to‘g‘ri aniqlay olishlari kerak. Depressiyaning engil turlari, ayniqsa somatik buzilishlar bilan namoyon bo‘lgan turlari bilan murojaat qilgan bemorlarni UAV mustaqil ravishda davolashi lozim. Davolash jarayonida qiyinchiliklar yuzaga kelsa yoki suitsidal fikrlar paydo bo‘lsa, psixiatr yoki tibbiy psixolog yordami kerak bo‘ladi.
Professor Zarifboy Ibodullaev