Yangiliklar Ibodullayev ensiklopediyasi Depressiya qanday kasallik?

Depressiya qanday kasallik?


Depressiyakayfiyatning keskin pasayishi, fikrlar karaxtligi va har qanday harakatga bo‘lgan intilishning yo‘qolishi bilan kechuvchi kasallik.

  • Depressiya shu darajada keng tarqalganmi?

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, Er sharida depressiya bilan ro‘yxatga olinganlar soni 160 mln.dan ortiq. Biroq aksariyat mutaxassislar fikricha, depressiya bilan kasallangan har uch bemorning biri vrach nazoratida turadi, xolos. Boshqa bir mutaxassislar fikricha, depressiya bilan kasallanganlar sonini aniqlash mushkul. Chunki depressiya turli xil klinik ko‘rinishda namoyon bo‘lmoqda va hamma vaqt ham tashxis to‘g‘ri bo‘lib chiqavermaydi. Buning ustiga depressiya bilan og‘rigan bemorlarning hammasi ham psixiatr yoki psixologlarga murojaat qilavermaydi.

  • Depressiyaning sabablari juda ko‘pmi?

Depressiyaning asosiy sabablari – bular o‘tkir va surunkali ruhiy siqilishlar, ketma-ket keluvchi muvaffaqiyatsizliklar va uzoq davom etuvchi og‘ir kasalliklardir. Tashqi salbiy omillar sababli rivojlangan depressiyaga ekzogen depressiya deb aytiladi. Hech qanday sababsiz rivojlanadigan depressiyaga endogen depressiya deyiladi. Endogen depressiya rivojlanishida nasliy omilning o‘rni katta.

  • Niqoblangan depressiya nima?

Somatik simptomlar, ya’ni ichki a’zolar funktsiyalari buzilishi bilan kechuvchi depressiyaga niqoblangan depressiya deb aytiladi. Nima uchun unga niqoblangan depressiya deyiladi? Chunki bemor depressiya bilan kasallangan bo‘lsa-da, uning shikoyatlari xuddi boshqa kasalliklarni eslatadi, ya’ni “Migren”, “Yurak og‘riqlari”, “Bo‘g‘im og‘riqlari”, “Oshqozon-ichak kasalliklari”, “Teri-tanosil kasalliklari” va h.k. Bemorni tekshirayotgan vrach bemorning kayfiyati og‘riqlar sababli tushgan deb o‘ylaydi. Aslida bemorda niqoblangan depressiya rivojlangan bo‘ladi. Bunday bemorni albatta tibbiy psixolog yoki psixiatr ko‘rigidan o‘tkazish kerak.

  • Bemor ham aybdormi yoki psixolog nima qilib bera olardi?

Ba’zan bemor “Depressiya” tashxisi aniqlangandan so‘ng ham vrach yoki psixologga murojaat qilmasdan yuradi. Buning sabablari turlicha, ya’ni qarindosh-urug‘lar, hamkasblar va qo‘ni-qo‘shnilardan uyalish, psixiatr yoki psixolog nazoratida qolib ketishni xohlamaslik, ishdan haydalish yoki ishga qabul qilinmaslikdan qo‘rqish, tuzalib ketishiga ishonmaslik, psixotrop dorilarni qabul qilishdan qo‘rqish va h.k.

Aksariyat hollarda depressiya oila va ishdagi muvaffaqiyatsizliklar yoki baxtsiz voqealardan so‘ng rivojlanadi. Bunday paytda bemor “Shu ahvolga tushganimning sababi aniq-ku, psixolog nima ham qilib berardi, vaqt o‘tib tuzalarman” deb davolanishdan voz kechadi. Psixolog bemorni aynan shu kabi vaziyatlardan chiqaruvchi mutaxassis ekanligini unutib qo‘yishadi yoki anglab etishmaydi. Odatda, bunday bemorni uning yaqinlari, tanish-bilishlari psixologga murojaat qilishga undashadi.

Demak, ular psixolog qabuliga majburan kelishadi. Psixolog qabulida dastlabki suhbatdan o‘tgan bemorning dunyoqarashi aksariyat hollarda keskin o‘zgaradi va keyinchalik uning o‘zi psixolog qabuliga qatnay boshlaydi. Albatta, dastlabki suhbatning samarali tugashi psixologning mahoratiga ham ko‘p jihatdan bog‘liq.

  • Depressiyada qanday ruhiy-hissiy buzilishlar kuzatiladi?

Depressiyada ko‘p kuzatiladigan asosiy ruhiy-hissiy buzilishlar – bular kayfiyatning tushib ketishi, umidsizlik, g‘am-g‘ussa, doimiy xavotir, yomon voqealarni kutib yashash, aybdorlik hissi yoki o‘zini hadeb ayblayverish, qaysarlik, o‘jarlik, o‘z bilganidan qolmaslik, o‘z hayotidan qoniqmaslik va o‘zini kamsitish, atrofdagi voqealar va yaqinlariga qiziqishning yo‘qolishidir. Depressiyaga chalingan odamning kayfiyati kun bo‘yi o‘zgarib turishi mumkin. Masalan, ertalab kayfiyati juda yaxshi bo‘lsa, kechga yaqin uning kayfiyati umuman tushib ketadi. Ba’zi odamlarda buning teskarisi kuzatiladi.

  • Bosh va tanada qanday belgilar paydo bo‘ladi?

Depressiyada bosh og‘riq, bosh aylanishi, ensa, bo‘yin va yurak sohasida og‘riqlar, nafas etishmasligi, ishtaha pasayishi, qabziyat, jinsiy zaiflik, hayz ko‘rishning buzilishi, umumiy holsizlik kabi belgilar ko‘p kuzatiladi. Bosh og‘riq – depressiyaning eng ko‘p uchraydigan belgisidir. Demak, doimiy tarzda boshi og‘riydigan bemorda depressiya bor-yo‘qligini tekshirib ko‘rish kerak. Bunday bemordagi bosh og‘riqni og‘riq qoldiruvchi dorilar emas, balki depressiyaga qarshi dorilar bartaraf etadi. Buni vrachlar va psixologlar esda tutishlari lozim.

  • Depressiyada xulq-atvor qanday buziladi?

Depressiyada xulq-atvor buzilishlari juda ko‘p uchraydi. Bular – o‘z joniga qasd qilishga intilish, biror-bir faoliyatga qiziqmaslik, kamharakatlilik, uydan chiqmay yotaverish, yolg‘izlikka intilish, odamlar bilan muloqotdan qochish, ichkilikka yoki turli farmakologik dorilarga ruju qo‘yish.

  • Depressiyada xotira buziladimi?

Depressiyada xotira va fikrlash jarayoni buzilishlari ko‘p uchraydi. Parishonxotirlik, xotira pasayishi, ayniqsa, eslab qolishning buzilishi juda ko‘p kuzatiladi. Fikrlar karaxtligi – depressiyaning asosiy belgilaridan biri.

  • Kuchli odamlarda ham depressiya kuzatiladimi?

Depressiya, odatda, kuchli, maqsadga intiluvchan, biroq hissiyotga beriluvchan odamlarda ko‘p uchraydi. Ularning depressiyaga tushishdan oldingi hayoti o‘rganilganda quyidagi xususiyatlar aniqlangan: o‘ziga xos dunyoqarashga egaligi, ular atrofdagi voqealarni o‘z dunyoqarashidan kelib chiqqan holda tahlil qiladigan va hissiyotga beriluvchan shaxslardir. Ular, ko‘pincha, hayotdan qoniqmay yashashadi, erishgan yutuqlari qoniqtirmaydi, o‘z faoliyatiga tanqidiy munosabatda bo‘lishadi. Bu odamlar faqat marrani egallash uchun yashaydilar. Shu bilan birga boshqalar, masalan, hamkasblarining xatolarini topish va maslahat berib yurishni xush ko‘rishadi. Agar uning xatosini ko‘rsatishsa, bundan qattiq aziyat chekadi va shu odamni yoqtirmay qoladi.

Ular oilada ham, uyda ham aniq bir reja asosida hayot kechirishga odatlangan, o‘ta talabchan bo‘lishadi, bola-chaqasidan ham shunday yashashni talab qilishadi. Bu, ko‘pincha, oilaviy mojarolarga sababchi bo‘ladi. Bunday shaxslar oila va ishdagi muvaffaqiyatsizliklar va musibatli voqealarni og‘ir qabul qilishadi, ichkilikka ham tez ruju qo‘yishlari mumkin. Ba’zan ularning turmushi ham beqaror bo‘ladi.

Ular yolg‘izlikni yoqtirishadi, biror bir ishni boshlashsa yoki rahbarlardan topshiriq olishsa, uni mukammal bajarishga intilishadi. Bunday odamlar arzimagan bahodan juda xursand va arzimagan koyishdan qattiq xafa bo‘lishi mumkin. Shuning uchun ham ularning jahlini chiqarish yoki kayfiyatini tushirish osondir.

  • “Depressiya” tashxisi qanday aniqlanadi?

Depressiya aksariyat hollarda bemor tomonidan ham, yaqinlari tomonidan ham, ba’zan vrachlar tomonidan ham yomon xulq-atvorning bir ko‘rinishi sifatida qabul qilinadi va shu sabablarga ko‘ra, vaqtida aniqlanmay qoladi. Psixosomatik buzilishlar bilan namoyon bo‘luvchi depressiya ham o‘z vaqtida aniqlanmaydi va “ichki kasalliklar” tashxisi qo‘yiladi. Depressiya faqat kayfiyatning tushishi bilan bog‘liq bo‘lgan holat emas, balki bir nechta simptomlardan iborat kasallik. Bu kasallikni erta aniqlash va davolash muolajalarini erta boshlash bemorning depressiyadan tezda chiqib ketishiga yordam beradi.

Depresciya tashxisini qo‘yish uchun quyidagi 3 ta simptomning uch haftadan oshiq davom etishi ham etarli. Bular – kayfiyatning pasayishi, fikrlar karaxtligi va harakatga bo‘lgan intilishning yo‘qolishi.

  • Depressiyadan qanday qutulish mumkin?

Depressiyani davolashda dori-darmonlar va psixoterapevtik suhbatlar qo‘llaniladi. Bu ikkala davolash usuli birgalikda olib borilsa, samarasi yuqori bo‘ladi. Dorilar bilan davolashdan oldin o‘tkazilgan psixoterapiya davolanish jarayonini engillashtirsa, undan so‘ng o‘tkazilgan psixoterapiya esa depressiya qaytalanishining oldini oladi. Bugungi kunda depressiyani davolash jarayonida qo‘llaniladigan psixoterapevtik usullar juda ko‘p bo‘lib, ularning ba’zilari haqida to‘xtalib o‘tamiz.

  • Depressiyani psixonalitiklar davolaydimi?

Depressiya negizida ichki ziddiyatlar yig‘indisi yotadi: shaxs bir tomondan birovlarga qaram bo‘lishni xohlamaydi, ikkinchi tomondan boshqalar uni e’tirof etishini, qo‘llab-quvvatlashini istaydi. Albatta, ushbu bir-biriga zid holatlar doimiy qoniqmaslik hissini yuzaga keltiradi, ya’ni boshqalarga nisbatan qahr-g‘azab va xafagarchilik shaxsning ichki dunyosini qamrab oladi. Shu asnoda shaxsning o‘zi esa boshqalarning nazdida mehribon, odamovi va ajoyib inson sifatida tan olinishni xohlaydi. Mana shu istaklarning ro‘yobga chiqmasligi depressiya shakllanishiga turtki bo‘ladi. E’tirof etilmagan har bir xohish va istak yillar mobaynida ong ostida qo‘nim topadi va ular yig‘ilgan sayin ichki ziddiyatlar kuchaya boradi. Bunday paytlarda depressiya shakllanishi uchun kuchli stressning o‘zi kifoya. Surunkali tarzda shakllanadigan depressiya esa doimiy ruhiy-hissiy zo‘riqishlar ta’siri ostida rivojlanadi.

Psixonalitik terapiyaning asosiy maqsadi – depressiya kasalligiga chalingan bemorda ichki ziddiyatlarni to‘la ochib tashlashdan iborat. Bu terapiya, albatta, individual tarzda olib boriladi va har bir bemorda ichki ziddiyatlar sababini ochishga qaratilgan bo‘ladi. Psixonalitik terapiya bemorda katarsis, ya’ni ruhiy poklanishga erishilgunga qadar o‘tkaziladi. Ijobiy natijaga bir necha kun ichida erishish mumkin, ba’zan esa bu jarayon bir necha oyga cho‘ziladi.

  • Kognitiv psixoterapiya nima?

Kognitiv psixoterapiya usuli bemorda o‘ziga bo‘lgan ishonchni optimistik ruhda kuchaytirishga qaratilgan. Uning asosida ham bemorning fikrlash dunyosini ijobiy tomonga o‘zgartirish yotadi. Kognitiv psixoterapiya usullari ko‘p bo‘lib, ular maxsus adabiyotlarda batafsil yoritilgan. Bemor bilan olib boriladigan psixologik suhbatlar depressiyaning turi va og‘ir-engilligiga qarab 10-20 ta seansni tashkil qiladi.

  • Psixolog bemorning yaqinlari bilan ham suhbat o‘tkazishi kerakmi?

Albatta! Psixolog bemorning yaqinlari bilan suhbatlar olib borishi shart. Chunki bu suhbatlar bemor haqida to‘la ma’lumotga ega bo‘lishga yordam beradi. Depressiyaga chalingan bemorni davolashda, uning yaqinlari bilan o‘zaro muloqot olib borish juda ahamiyatlidir. Biroq bu muloqot teskari natija berishi ham mumkin, agar bemor bunga ruxsat bermasa.

Shuningdek, psixolog bemorning yaqinlariga uning oldida o‘zlarini qanday tutish lozimligini tushuntiradi. Bu o‘ta muhim. Chunki ba’zi oila a’zolari uyda tushkun muhit yaratadiki, bu vaziyat bemorning ahvolini yanada og‘irlashtiradi va o‘z joniga qasd qilishga urinishlarni kuchaytiradi. Bemorga hadeb yon bosaverish yoki uning xulq-atvorini tanqid qilaverish ham mumkin emas. Agar bemorda suitsidal fikrlar va urinishlar kuzatilsa, uni yolg‘iz qoldirmaslik kerak. Oila a’zolari tomonidan nazorat shunday bo‘lishi kerakki, bemorning o‘zi buni bilmasin. Chunki hadeb bemorni qo‘riqlayverish uning joniga tegadi. Bemorning ishonchini qozongan oila a’zolari bilan ko‘chaga chiqib aylanib kelish va sayr paytida asosan bemorni so‘zlatish, uning his-tuyg‘ulariga hamdard bo‘lish yaxshi samara beradi. Bemor doimo psixolog bilan har qanday vaziyatda ham bog‘lana oladigan bo‘lishi lozim. Chunki unga zudlik bilan psixolog yordami kerak bo‘lib qolishi mumkin.

  • Depressiyani bartaraf etishda dorilar yordam beradimi?

Albatta, yordam beradi! Biroq ularni to‘g‘ri tanlay olish kerak. Dorilar depressiyaning barcha turlarida tavsiya etilishi mumkin. Vrach yoki psixologning bemor oldiga qo‘yadigan eng asosiy shartlaridan biri – davolanishni reja asosida olib borish va vrach tavsiyalarini so‘zsiz bajarishdir.

Depressiyani bartaraf etish uchun qo‘llaniladigan dorilarga antidepressantlar deb aytiladi. Antidepressantlar miyada kayfiyat gormoni deb atalmish serotonin miqdorini oshiradi.

Antidepressantlar bilan davolash qonun-qoidalarini keltirib o‘tsak:

  1. Bemorning o‘zi hech qachon internet yoki vrachlar uchun yozilgan kitoblardan foydalanib depressiyaga qarshi dori qabul qilishi mumkin emas. Ayniqsa, depressiyada dorilarni beruxsat ichish juda yomon oqibatlarga olib keladi.
  2. Vrach depressiya turi, darajasi, klinik manzarasi va bemorning somatik ahvolidan kelib chiqqan holda aniq bir antidepressant tanlab oladi va bemorga tavsiya qiladi. Vrach uning kundalik dozasini belgilaydi va davolash sxemasini tuzadi.
  3. Antidepressantlar bilan davolash davrida depressiya belgilari sekin-asta yo‘qolib borishi (odatda, 1-2 haftadan so‘ng) bemorga tushuntiriladi. Dori ichishni vrachdan bemaslahat to‘xtatib qo‘yish mumkin emasligi uqtiriladi.

Antidepressantlarni bir necha oy ichish zarurligi va depressiya belgilari butunlay yo‘qolgandan so‘ng vrachning o‘zi davolashni to‘xtatish vaqtini belgilashi aytiladi.

  1. Antidepressantlarni kasallik belgilari yo‘qolgandan so‘ng ham yana 2-4 oy mobaynida (ba’zan undan ham ko‘p) ichish zarurligi tushuntiriladi. Bu qoida depressiyaning yana qaytalamasligi uchun qabul qilingan.

Dorilar bilan davolash jarayonida psixoterapiya muolajalarining o‘tkazilishi bemorning depressiyadan chiqish davrini tezlashtiradi. Psixoterapevtik muolajalar paytida bemor bilan muloqotlar olib boriladi, antidepressantlarni qabul qilish bilan bog‘liq bo‘lgan muammolar echiladi (chunki, aksariyat bemorlar 1 oydan so‘ng dori ichishni to‘xtatib qo‘yishadi), bemorda yaxshi natijalarga ishonch hosil qilinadi. Ularni erta to‘xtatib qo‘yish yoki asossiz tarzda kam miqdorda berish kutilgan ijobiy natijani bermaydi. Bemor depressiya belgilari tugaguncha doimo vrach nazoratida bo‘lishi zarur. Dorilarni to‘satdan to‘xtatish depressiyaning yana qo‘zg‘ashiga sababchi bo‘ladi.

Depressiyani davolashda antidepressantlar bilan birgalikda fizioterapiya, nina sanchib va giyohlar bilan davolash ham keng qo‘llaniladi.

  • Depressiya bilan kasallangan odamning psixologik portreti qanday?

Depressiya bilan kasallangan bemorlarni uzoq yillardan buyon kuzatuvlarim asosida ularning psixologik portretini yaratishga harakat qildim. Chunki yaqin odamlarimda ham depressiya holatlari bo‘lgan va ularni ko‘p yillar mobaynida kuzatib kelganman.

Mana ularning psixologik portreti.

“Ular dunyoni va atrofda bo‘layotgan voqealarni salbiy tarzda qabul qilishadi, o‘zining hayotda tutgan o‘rnini pessimistik ruhda baholashadi, o‘zini hech kimga keraksizdek his qiladi. Ular doimo xavotirda yashashadi, hech qanday faoliyatga qiziqishmaydi, atrofdagi o‘yin-kulgilar va yaqinlarining taqdiriga mutlaq e’tiborsiz bo‘lishadi. Doimo xo‘rsinib yurishadi va o‘zlarini aybdordek his etishadi. Ularni chalg‘itish uchun biror-bir ishga majburlash mumkin, biroq uni hech qanday qiziqish va e’tiborsiz bajarishadi. Har qanday ish ularning kayfiyati ko‘tarilishiga ijobiy ta’sir qilmaydi. Uyqusizlikdan aziyat chekishadi yoki faqat uyqu bosaveradi, yomon tushlar ko‘rib chiqishadi.

Bu tushlar turli-tuman bo‘lib, tushida birovlarni bo‘g‘ib o‘ldirib qo‘yadi yoki pichoqlab tashlaydi, olamdan o‘tgan yaqinlari va qonli voqealar tushiga ko‘p kiradi. Bunday tushlar bemorning kayfiyatini yanada tushiradi va ahvolini og‘irlashtiradi. Ular doimo parishonxotir va karaxt bo‘lib yurishadi, o‘z joniga qasd qilishga urinishadi. Ular o‘zlarining tuzalishiga sira ishonishmaydi, davolanishga ham yaqinlarining qistovi bilan kelishadi”.

Depressiyaga ta’rif bera turib, ushbu kasallik uchun xos bo‘lgan yana bir xavfli belgini aytib o‘tish lozim, ya’ni o‘z joniga qasd qilishga intilish. Shuning uchun ham depressiya barcha davlatlarda ijtimoiy muammoga aylangan. Biroq tuzalishga intilish va kuchli iroda ularni bu kasallikdan xalos bo‘lishga katta yordam beradi.

Ushbu satrlarni o‘qiyotgan hurmatli bemorlar. Siz albatta tuzalib ketasiz! Irodangizni mustahkam qiling. Axir siz avval kuchli inson bo‘lgansiz! Ushbu kuch sizni vaqtincha tark etgan bo‘lsa, u yana albatta qaytadi. Chunki bu sizning kuchingiz!

MAVSUMLI DEPRESSIYa HAM BO‘LADIMI?

 

Ha, bo‘ladi. Mavsumli depressiya – yilning ma’lum bir mavsumida kuzatilib, boshqa paytlari o‘z-o‘zidan o‘tib ketadigan depressiya. Ushbu depressiya kuz yoki qish mavsumida kuzatiladi, bahor yoki yoz oyida o‘tib ketadi. Ba’zi odamlar mavsumli depressiyaga juda moyil bo‘lishadi. Bunday shaxslar yilning o‘sha mavsumida (masalan, qishda) depressiyaga tushib, mehnat faoliyatini butunlay yig‘ishtirib qo‘yishadi. Ba’zida hissiy portlashlar ham kuzatiladi. Masalan, turmush o‘rtog‘i bilan urishaveradi, dam olishga ketaylik deyaveradi, oilaga qaramay qo‘yadi, yangi yilni issiq o‘lkalarda kutaylik deb xarxasha qiladi.

Depressiyaning qishda ko‘p uchrashini qish mavsumida yorug‘ kunlarning kamligi bilan izohlanadi. Shuningdek, depressiyada gelioterapiya, ya’ni quyosh nurlari bilan davolash samara berganligi uchun ham mavsumli depressiya rivojlanishiga qorong‘i kunlar turtki bo‘ladi deb hisoblashadi. Shu bois ham qishda odamlar quyoshli o‘lkalarga intilishadi va depressiyaning engil hamda o‘rta darajadagi turlaridan xalos bo‘lib qaytishadi.

Mavsumli depressiyada yorug‘lik bilan davolash yaxshi samara bersa, uni qanday amalga oshirish kerak? Ertalab uyg‘ongandan so‘ng quyosh nurlari tushadigan havoda 30-60 daqiqa sayr qilinadi. Bu terapiyani kamida bir oy mobaynida amalga oshirish kerak. Quyosh nurlari bilan davolashni talassoterapiya (dengizda cho‘milish) bilan birgalikda olib borilsa, natijasi yanada yuqori bo‘ladi. Shu bois ham, quyosh nuri kam bo‘lgan shimoliy o‘lkalarda yashaydiganlarga depressiya mavsumi boshlangan paytlarda dengizli issiq o‘lkalarga sayohat uyushtirish tavsiya etiladi.

 

DEPRESSIYaDAN ChIQISh UChUN UXLAMASLIK KERAKMI?

 

Afsuski, ha! Bu usul qachon qo‘llaniladi? Depressiyaning tinmay uyqu bilan kechadigan turlari bor. Ana shunday bemorlarni depressiyadan chiqarish uchun ushbu uslubdan foydalanish tavsiya etiladi. Biroq bu usulni insomniya, ya’ni uyqusizlik bilan kechuvchi depressiyada qo‘llab bo‘lmaydi.

Nima uchun depressiyaga tushgan bemorlar ko‘p uxlaydi yoki ko‘p uxlashni ma’qul ko‘rishadi? Psixoanalitiklar fikricha, bunday bemorlarning ong tubiga quyidagi fikrlar yashiringan: “Mening depressiyaga tushishimga ushbu bevafo dunyo va undagi yashayotgan odamlar sababchi. Yaxshisi ko‘zlarimni yumib, ularni ham, o‘zimni ham ko‘rmay”.

O‘zini yomon ko‘rish, odamlarni yomon ko‘rish va tashqi olamdan qochish – depressiyaga uchun o‘ta xos belgilar. Fikrimizcha, ular ushbu uchta muammoni bitta o‘q, ya’ni uyqu bilan hal qilib qo‘ya qolishadi. Uyqu ham o‘limning bir turi. Uyqu – o‘limning bu dunyodagi kichik bir shakli. Depressiyada uyquni ma’qul topish (ular ba’zida uyqusi kelmasa ham yotaveradi, chunki shunisi ma’qul) va o‘z joniga qasd qilishga urinish tagida bir xil fikr yotadi – bu dunyodan, odamlardan va hatto o‘zidan qochish. Bu fikrlar uning ong ostida depressiya boshlanishidan oldin qo‘nim topgan bo‘lishi mumkin.

Uyqusizlik bilan davolash texnikasi quyidagicha:

Bemor uchun maxsus dastur tuziladi va u psixoterapevt tomondan nazorat qilib boriladi. U bir-ikki kun mobaynida tunda ham, kunduzi ham uxlamasligi kerak. O‘sha kunlari unga faol jismoniy harakatlar, ya’ni sportning har qanday engil turlari bilan shug‘ullanish tavsiya etiladi. Buni uyda ham yoki tunda faoliyat ko‘rsatadigan psixoterapevtik klinikalarda ham amalga oshirish mumkin. Albatta, bu uslub maxsus klinikalarning sport zallarida musiqaterapiya bilan birgalikda olib borilsa, samarasi juda yuqori bo‘ladi. Ushbu terapiya orada 3-5 kunlik tanaffuslar bilan 1 oy mobaynida olib boriladi. Shu yo‘l bilan depressiyaning o‘ta uyquchanlik bilan namoyon bo‘ladigan turlarini davolash yaxshi samara beradi.

 

DEPRESSIYaNI TEST ORQALI ANIQLASA BO‘LADIMI?

 

Ha, bo‘ladi. Psixologlar depressiyani aniqlovchi testlarning 2 xil turini yaratishgan. Biri har bir kishining o‘zi qo‘llay olishi mumkin bo‘lgan psixologik test. Masalan, Tsung so‘rovnomasi. Bu so‘rovnomani o‘zingiz to‘ldirib, depressiya bor-yo‘qligini va uning darajasini bilib olishingiz mumkin. Ikkinchisi, tibbiy psixolog yoki psixiatr ishtirokida to‘ldiriladigan test.

Mabodo Sizda Tsung testi natijalari depressiya borligini ko‘rsatsa, men depressiyaga tushibman deb siqilib o‘tirmang va tibbiy psixologga murojaat qiling. U Siz bilan psixologik suhbatlar o‘tkazadi va qo‘shimcha ravishda Gamilton shkalasini qo‘llab, sizda haqiqatan ham depressiya bormi-yo‘qmi yoki bu oddiy apatiyami (tushkun kayfiyat) aniqlab beradi. Demak, to‘g‘ri xulosani mutaxassis beradi.

Unda nima uchun oddiy odamlarga moslab bunday psixologik testlar o‘ylab topishgan? Ularni qo‘rqitish uchunmi? Aslo yo‘q. Bemor ba’zida doimo past kayfiyatda yuradi, fikrini bir joyga jamlay olmaydi, oilasiga va ishga ishtiyoqi so‘nadi va natijada o‘zini omadsiz inson deb yuradi. Oxir-oqibat u ishdan haydalishi mumkin, oilasi parchalanishi mumkin va h.k. Bu holat omadsizlik belgisi emas, balki yashirin kechayotgan depressiya bo‘lishi mumkin. Shuning uchun har bir inson o‘zida Tsung testini qo‘llab ko‘rib, uning natijasini tibbiy psixologga ko‘rsatishi lozim. Chunki depressiya aholi orasida keng tarqalgan. Faraz qiling, har bir inson o‘zida ushbu testni qo‘llab ko‘rdi va psixologga borib o‘z muammolarini hal qila boshladi. Natijada qanchadan-qancha insonlar tibbiy psixologlar yordamida yana sho‘x-shodon hayotga qaytadi, oilasini saqlab qoladi, suitsidlar oldi olinadi, o‘sha odamning ish unumdorligi oshadi, jamiyat rivojlanadi.

Keling, endi ushbu so‘rovnoma haqida ma’lumot bersam va uning natijalarini tahlil qilishni o‘rgatsam.

 

Tsung so‘rovnomasi

(depressiyani aniqlab baholash uchun)

Ism-sharifi___________________________Tekshiruv sanasi____

 

Ko‘rsatma: Quyida keltirilgan har bir jumlani diqqat bilan o‘qing va aynan hozirgi paytda o‘zingizni qanday his qilayotgan bo‘lsangiz shunga mos javoblarni belgilang. Savollar ustida uzoq o‘ylanmang va xayolingizga kelgan birinchi javobni doira ichiga oling.

 

#

Savollar, vaziyatlar

Hech qachon

Ba’zan

Tez-tez

Deyarli har doim

1.

Men tushkunlikni his qilayapman.

1

 2

 

3

 4

2.

Ertalab men o‘zimni juda yaxshi his qilaman.

 

 4

 

 

3

 

 2

 

 1

3.

Men yig‘lab turaman.

 1

 2

 

3

 4

4.

Men tunda yomon uxlayman.

 1

 2

 

3

 4

5.

Ishtaham yomon emas, ya’ni odatiy.

 4

 

3

 2

 1

6.

Menga yoqqan odamlar bilan suhbatlashgim, ularning yonida bo‘lgim keladi.

 

 4

 

 

3

 

 2

 

 1

7.

Men vaznimni yo‘qotayotganimni sezayapman.

 1

 2

 

3

 4

8.

Meni qabziyat bezovta qiladi

 1

 2

 

3

 4

9.

Yuragim odatdagidan tezroq uradi.

 1

 2

 

3

 4

10.

Men hech qanday sababsiz charchayman.

 1

 2

 

3

 4

11.

Fikrlarim har doimgidek aniq va ravshan.

 4

 

3

 2

 1

12.

Qo‘limdan keladigan ishlarni osonlikcha bajaraman.

 

 4

 

 

3

 

2

 

1

13.

Bezovtalikni his qilayapman va bir joyda o‘tira olmayapman.

 

 1

 

 2

 

3

 

4

14.

Menda kelajakka ishonch bor.

 4

 

3

2

1

15.

Jahlim odatdagidan tezroq chiqyapti.

 1

 2

3

4

16.

Menga bir qarorga kelish juda oson.

 4

 

3

2

1

17.

Men foydali va zarur ekanligimni his qilaman.

 

 4

 

3

 

2

 

1

18.

Men to‘laqonli hayot kechiryapman.

 4

 

3

2

1

19.

Men o‘lsam boshqalarga yaxshi bo‘lishini his qilyapman.

 

 1

 

 2

 

3

 

4

20.

Meni avvallari xursand qiladigan narsalar hozir ham xursand qiladi.

 4

 

3

2

1

 

Ushbu jadvalda barcha savollar, ya’ni vaziyatlar “to‘g‘ri” va “teskari” turlarga ajratilgan. Depressiya uchun xos bo‘lganlari “to‘g‘ri”, xos bo‘lmaganlari esa “teskari” savollar toifasiga kiritilgan. Masalan, 1 raqami ostida berilgan jumlaga e’tibor qiling: “Men tushkunlikni his qilayapman”. Bu belgi depressiya uchun xos. Shuning uchun ham u “to‘g‘ri” savollar ichiga kiritilgan. Ana endi 14 raqami ostida berilayotgan jumlaga nazar tashlang: “Menda kelajakka ishonch bor”. Bu savol “teskari” savollar ichida o‘rin olgan. Chunki depressiyada kelajakka ishonch bo‘lmaydi, shu bois uni teskari savollar ichida ko‘rsatishgan.

  • To‘g‘ri savollar: 1, 3, 4, 7, 8, 9, 10, 13, 15, 19
  • Teskari savollar: 2, 5, 6, 11, 12, 14, 16, 17, 18, 20

Depressiya darajasi (DD) quyidagi formula orqali aniqlanadi:

DD = ∑to‘g‘ + ∑tes

Bu erda ∑to‘g‘ – belgilangan “to‘g‘ri” savollar yig‘indisi;

tes – belgilangan “teskari” savollar yig‘indisi.

Xulosa qanday? Agar to‘plangan ballar yig‘indisi 50 dan oshmasa, demak, Sizda depressiya yo‘q va mazmunli hayotingizni davom ettiravering. Mabodo, 50-59 ball to‘plasangiz Sizda engil depressiya bor va o‘z ustingizda ishlab, undan qutulishingiz mumkin. Bunday paytlarda tibbiy psixolog shart ham bo‘lmaydi. Agar to‘plangan ballar 60-69 orasida bo‘lsa, demak, Sizda o‘rta darajali depressiya bor va albatta tibbiy psixologga murojaat qiling. Ballar yig‘indisi 70 dan oshsa, bu og‘ir depressiya hisoblanadi. Siz vaqtni yo‘qotmasdan albatta tibbiy psixologga murojaat qiling. Tibbiy psixolog ushbu xulosaga aniqlik kiritish uchun Siz bilan suhbat quradi, boshqa psixologik testlarni yana qo‘llab ko‘radi. U Sizni qisqa muddatda ushbu darddan xalos etadi. Oddiy psixologlardan farqli o‘laroq, tibbiy psixologlar ham psixologik suhbatlar orqali, ham dori-darmonlar orqali davolaydi, zarurat shuni taqozo etsa, Sizni psixiatrga yuboradi.

Izoh sifatida. Bitta talaba mendan so‘rab qoladi: Ustoz, agar ushbu testdagi savollarni psixologni sinash uchun atayin noto‘g‘ri belgilasamchi, unda nima bo‘ladi? Unda psixologni emas, avvalo, o‘zingizni aldagan bo‘lasiz. Axir Siz bosh og‘rig‘i sababli doktorga borsangiz, uni sinash uchun atayin qornim og‘riyapti demaysiz-ku! Psixologik test ham shunaqa. Agar Siz o‘zingiz haqingizda haqqoniy holatni bilmoqchi bo‘lsangiz, barcha savollarga to‘g‘ri javob berishingiz kerak. Yuqorida aytib o‘tganimdek, psixolog qo‘shimcha suhbatlar va boshqa testlar orqali tashxisga yanada oydinlik kiritadi.

 

DEPRESSIYaNI PSIXOTERAPIYaSIZ DAVOLAB BO‘LADIMI?

 

Bo‘lmaydi! Har qanday depressiyada davolash jarayoni psixoterapiya bilan boshlanishi va psixoterapiya bilan tugallanishi kerak. Farmakoterapiyadan oldin o‘tkazilgan psixoterapiya davolanish jarayonini engillashtirsa, undan keyin o‘tkazilgan psixoterapiya depressiya qaytalanishining oldini oladi. Psixoterapiya, ayniqsa, depressiyaning engil va o‘rta darajadagi turlarida juda samaralidir. To‘g‘ri tanlangan psixoterapiya yordamida aksariyat hollarda bemorga antidepressantlar tavsiya etmasdan turib uni depressiyadan chiqarish mumkin. Shuningdek, antidepressantning nojo‘ya ta’sirlari ko‘p bo‘lgan holatlar yoki ularni belgilangan terapevtik dozalarda qabul qila olmasa ham psixoterapiyani bosqichma-bosqich va davomli o‘tkazish orqali bemorni depressiyadan xalos qilish mumkin. Ayniqsa, depressiyadagi xavotirli buzilishlar va xarakterdagi o‘zgarishlar psixoterapiya yordamida yaxshi bartaraf etiladi. Har qanday psixoterapiyaning asosiy maqsadi – bemorning sog‘lom psixologik portretini qayta tiklashdan iborat bo‘lmog‘i kerak.

Bugungi kunda bemorlarni davolash jarayonida qo‘llaniladigan psixoterapevtik usullar juda ko‘p bo‘lib, ularning ba’zilari haqida to‘xtalib o‘tamiz.

 

JISMONIY TARBIYa VA SPORT NEVROZ VA DEPRESSIYaDAN ChIQARADIMI?

 

Albatta chiqaradi! Bunga hech qanday shubha yo‘q va bu barcha davlatlarda isbot qilingan. Harakatga bo‘lgan motivatsiyaning so‘nishi nevroz va depressiyaga xos bo‘lgan belgilardan biridir. Avvallari bemorlarni depressiyadan chiqarishda jismoniy tarbiya imkoniyatlariga jiddiy e’tibor berilmagan.

2005-2010 yillarda bir qator davlatlarda o‘tkazilgan maxsus ilmiy-tadqiqot ishlari shuni ko‘rsatdiki, nevroz va depressiyani davolashda jismoniy tarbiya imkoniyatlari psixoterapiya va farmakoterapiya bilan bir qatorda turadi. Hatto 2015 yili evropalik mutaxassislar o‘tkazgan tajribalar jismoniy tarbiyaning o‘zi bilan bemorni nevroz va depressiyaning engil turlaridan butkul chiqarish mumkinligini isbot qilishgan. Jismoniy tarbiya va sportni musiqaterapiya bilan birgalikda olib borish esa davolash samaradorligini yanada oshiradi.

Shuningdek, depressiyada kuzatiladigan psixosomatik buzilishlar, ayniqsa, doimiy bosh og‘riqlar hamda arterial gipertenziya belgilari yugurish, suzish va engil badantarbiya bilan shug‘ullana boshlaganlarda 2-3 oy ichida barham topadi.

Nima uchun shunday? Jismoniy harakatlar bilan nevroz va depressiya orasida qanday bog‘liqlik bor? Mana o‘sha bog‘liqliklar:

  1. Jismoniy harakatlar miyada kayfiyat gormonlari hisoblanmish endorfinlar va serotonin miqdorini oshiradi.
  2. Arterial qon bosimi oshishida asosiy omillardan biri bo‘lgan qondagi adrenalin va kortizol miqdorini pasaytiradi.
  3. Organizmning umumiy tonusi oshadi va ichki a’zolar, ayniqsa, qon aylanish tizimi faollashadi.
  4. Organizmda T- va V-limfotsitlar miqdori oshib, immunitet mustahkamlashadi va virusli infektsiyalarga chidamlilik oshadi.
  5. Bemorning o‘jarligi kamayib, psixoterapevt bilan muloqot qilish osonlashadi, bemor tezroq nevroz va depressiyadan chiqadi.
 Professor Zarifboy Ibodullaev



Ctrl
Enter
Хато топдизнигзми?
Матнни танланг ва Ctrl+Enter тугмачаларини босинг
MUHOKAMALAR
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Hech qanday izoh yo‘q. Siz birinchi bo‘lishingiz mumkin!
Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив