VEGETATIV KRIZLAR
Vegetativ krizlar – takrorlanib turuvchi polimorf vegetativ buzilishlar bilan kechuvchi paroksizmal holatlar.
Etiologiyasi va patogenezi. Vegetativ paroksizmal holatlar polietiologik sindrom bo‘lib, ularning ro‘y berib turishi suprasegmentar vegetativ markaz (SSVM) faollashuvi bilan bog‘liq. SSVM ga gipotalamus va limbiko-retikulyar kompleks tuzilmalari kiradi. Bu tuzilmalar neyroendokrin mexanizmlar orqali organizmning jismoniy va psixik tonusini ta’minlaydi, moddalar almashinuvini nazorat qiladi, atrof-muhit o‘zgarishlariga organizmni adaptatsiya qiladi. SSVM turli infektsiyalar, toksinlar va metabolik buzilishlarga juda sezgir. Shuningdek, kuchli stress ham bu markazlar faoliyatiga jiddiy ta’sir ko‘rsatib, neyroendokrin va somatik disfunktsiyalarni yuzaga keltiradi. Ba’zi dori vositalari surunkali tarzda qabul qilinsa, ham SSVM ning normal faoliyatiga jiddiy ziyon etkazishi mumkin. Biz doimiy tarzda (bir necha yillar) ibuprofen ichib yurgan bemorda keyinchalik gipertermik sindrom rivojlanganligining guvohi bo‘lganmiz. Ma’lumki, gipotalamus termoregulyatsiya uchun ham javob beradi. Ibuprofen gipotalamusdagi neyrokimyoviy mexanizmlarni izdan chiqarib gipertermiya holatini yuzaga keltirgan bo‘lishi mumkin.
Aksariyat hollarda, vegetativ krizlar psixovegetativ paroksizmlar bilan namoyon bo‘ladi. Bunday holatlarda panik atakalar haqida so‘z boradi. Rus tilidagi “panika” so‘zini o‘zbek tiliga o‘girsa, qo‘rquv, xavotir va vahimalarning birgalikda namoyon bo‘lishini anglatadi. Demak, “panika” iborasiga fobiyaning sinonimi sifatida qarash kerak emas. Fobiya – bu panika ichida namoyon bo‘ladigan bir simptom. Fobiya turli xil psixonevrotik buzilishlar tarkibiga ham kiradi, alohida bo‘lib ham uchraydi (nevrozlar yozilgan joyga qarang). MDH hududida “panik atakalar” tashxisi deyarli qo‘yilmagan, uning o‘rniga vegetativ krizlar yoki psixovegetativ krizlar atamasi maqbul topilgan.
KXT-10 tasnifi bo‘yicha, panik atakalar – bular xavotirli buzilishlar bilan namoyon bo‘luvchi tez-tez takrorlanib turuvchi psixovegetativ paroksizmlar. Panik atakalar kelib chiqishida psixogen omillarga asosiy urg‘u beriladi. Shuningdek, bu holatga nasliy moyillikning borligi ham inkor qilinmaydi.
Klinikasi. Vegetativ krizlar, odatda, 20-40 yoshdagilarda ko‘p uchraydi. Ayollarda ko‘p kuzatiladi. Vegetativ kriz to‘satdan ro‘y beradi. Kuchli qo‘rquv, xavotir va titrashlar bemorning butun vujudini qamrab oladi, yurak xuddi o‘z qinidan chiqib ketayotgandek tez-tez ura boshlaydi, havo etishmay qolib nafasi bo‘g‘iladi, bo‘g‘ziga xuddi biror narsa tiqilgandek tuyuladi, bemor bo‘ynining tagini, ko‘krak qafasini qo‘llari bilan silayveradi, go‘yoki shu yo‘l bilan nafas yo‘llarini ochmoqchi (shuning uchun ham bu holatni “panik ataka” deyishadi). Bu belgilar bilan birgalikda kardialgiya, yurak sohasida uvishish va jimirlashlar, qizib-sovib ketish, disforiya ham kuzatiladi. Bemorning boshi aylanib xushi tumanlashadi, ya’ni predsinkopal holatga tushadi. Shuningdek, ko‘ngil aynishlar, epigastral sohada noxush sezgi va og‘riqlar, tez-tez siyishga qatnashlar ro‘y beradi.
Kriz paytida ob’ektiv tekshiruvlar o‘tkazganda quyidagi belgilar aniqlanadi: bemorning rangi oqarib ketgan, ko‘zlari katta-katta ochilgan va qorachiqlari kengaygan bo‘ladi (qattiq qo‘rqan odamning yuzu-ko‘zlarini ko‘z oldingizga keltiring). AQB oshadi (biroq juda baland emas), taxikardiya kuzatiladi, tanasi va barmoqlar uchi sovuq bo‘lib tovuq terisi shaklini oladi. Bemorning temperamentiga bog‘liq bo‘lgan holda turli isterik reaktsiyalar ro‘y beradi. Xolerik va sangviniklarda giperaktiv holat ro‘y bersa, flegmatiklarda bu reaktsiyalar biroz sust ifodalanadi. Melanxoliklar esa chuqur apatiya va depressiya holatiga tushib qoladi. Ularni o‘lim qo‘rquvi bezovta qilaveradi va har gal yaqinlari bilan vidolashaveradi. Kriz 20-30 daqiqa davom etadi. Krizlar tez-tez takrorlanib turish xususiyatiga ega, ba’zilarda bir kunda bir necha bor kuzatilsa, boshqa birovlarda bir oyda bir necha marotaba ro‘y beradi. Bu bemorlarda bora-bora turli xil fobiyalar (agarofobiya, klaustrofobiya, kardiofobiya, lisofobiya) va insomniya (yoki uyquchanlik) rivojlanadi.
Tashxis va qiyosiy tashxis. Vegetativ krizlar tashxisi yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan klinik simptomlar va ularning kechishi asosida qo‘yiladi. Shuningdek, zarur bo‘lgan laborator va instrumental tekshiruvlar o‘tkaziladi. Vegetativ krizlarni bir qator nevrologik, endokrin, ruhiy va somatik kasalliklar bilan qiyoslashga to‘g‘ri keladi. Vegetativ krizlarni ayniqsa, mezotemporal epilepsiya (amigdalo-gippokampal sindrom), paroksizmal taxikardiya sindromi, sinkopal holatlar, migren xurujlari, bronxial astma xuruji, vestibulopatiyalar, shizofreniya, maniakal-depressiv psixoz, isteriya, depressiya, ipoxondrik nevroz, insulinoma, feoxromotsitoma bilan qiyoslash birmuncha qiyinchiliklar tug‘diradi. Ba’zi mutaxassislar fikricha, psixovegetativ paroksizmlar ruhiy kasalliklar (endogen depressiya, shizofreniya) ning boshlang‘ich davri bo‘lishi ham mumkin. Shu bois bunday bemorlarni psixiatr nazoratidan o‘tkazib turish lozim.
Davolash. Kriz paytida avvalombor bemorni tinchlantiriladi va uning atrofida normal psixologik muhit yaratiladi.
Quyidagi dorilar tavsiya etiladi:
- Valokardin yoki korvalol 20 tomchi iliq suvga solib ichiladi (engil holatlarda).
- Diazepam (5 mg) yoki anaprilin (20 mg) til tagiga tashlab so‘riladi.
- Amitriptilin 25-75 mg/kun, melipramin 25-75 mg/kun, sertralin 50-100 mg/kun, alprazolam 1-2 mg/kun, fluvoksamin 20-40 mg/kun.
- Afobazol 10-30 mg/kun, ataraks 25-75 mg/kun, sanopaks 25-50 mg/kun, sulpirid 50-200 mg/kun, klonazepam 1-2 mg/kun, trazodon 25-50 mg/kun.
- Propranolol 20–40 mg/kun, nadolol (korgard) 40 mg/kun, trazikor 20-40 mg/kun, pirroksan 15-30 mg/kun.
- Bellataminal, bellaspon va gamalate V6 va h.k.
Ushbu dorilarning dozasi kun mobaynida bir xil taqsimlangan bo‘lishi kerak.
Shuningdek, igna bilan davolash, turli tinchlantiruvchi va kaltsiy saqlovchi dorilar elektroforezi, engil massaj va boshqa reflektor davolash muolajalari va albatta ratsional psixoterapiya juda yaxshi samara beradi. Tibbiy psixolog tomonidan tibbiy-psixologik muolajalarning rejali tarzda o‘tkazilishiga juda katta ahamiyatga ega.
Ba’zida bemor chuqur-chuqur ravon nafas olsa ham kriz belgilari ancha pasayadi. Buning uchun bemorning qo‘liga salafan qopcha tutqaziladi. Bemor salafan qopchaning ichiga bir necha marotaba nafas olib-chiqaradi. Natijada salafan ichida SO2 gazi to‘planadi. Bu gaz chiqib ketmasligi uchun salafan bo‘g‘zini germetik tarzda ushlash kerak. Bemor SO2 ga boy havo bilan ketma-ket nafas olsa, qo‘zg‘algan vegetativ markazlar sustlashadi va vegetativ simptomlar jadalligi pasayadi. Ba’zan vegetativ krizlarni ushbu yo‘l bilan bartaraf etish mumkin. Bemorni turli xil ukollarga o‘rgatib qo‘ymaslik kerak. Aks holda unda turli “najot beruvchi ukollarga” psixologik bog‘lanish shakllanadi. Aksariyat hollarda psixovegetativ krizlarni til tagiga tashlangan tinchlantiruvchi dorilar bilan barham topdirish mumkin.
Professor Zarifboy Ibodullaev