Yangiliklar Ibodullayev ensiklopediyasi Vegetativ distoniya sindromi

Vegetativ distoniya sindromi


Vegetativ distoniya sindromi – bir qator vegetativ, psixoemotsional va psixosomatik buzilishlar bilan namoyon bo‘luvchi sindrom. Vegetativ distoniya sindromi  (VDS) – bu alohida kasallik emas, balki turli kasalliklarda uchrashi mumkin bo‘lgan sindrom. XX asr oxirigacha «vegetativ-tomir distoniyasi» va «neyrotsirkulyator distoniya» atamalari parallel tarzda qo‘llab kelingan. Hozirda «vegetativ distoniya sindromi» tashxisi ko‘p qo‘llaniladi. VDS psixosomatik buzilishlarga boy bo‘lgan sindrom. Psixosomatik buzilishlar bo‘rtib turgan vegetativ holatlarda “psixosomatik sindrom” klinik tashxisda aks etishi lozim, deb hisoblaymiz.

VDS, asosan, yoshlar orasida ko‘p uchraydi. VDS turli kasalliklarning klinik sindromi sifatida namoyon bo‘lganligi bois, uning aholi orasida tarqalishiga oid aniq statistik ma’lumotlar yo‘q.

Etiologiyasi va patogenezi. VDS kelib chiqishida nasliy-konstitutsional omillarga katta urg‘u beriladi. VNS ning simpatik va parasimpatik qismlari orasidagi morfofunktsional nomutanosiblik yoki ularning kechikib rivojlanishi VDS kelib chiqishining asosiy etiopatogenetik omillaridan biridir. Bu nomutanosiblik, ayniqsa, o‘smirlik yoshida klinik simptomlar bilan namoyon bo‘la boshlaydi. VDS ga moyilligi bor odamlarda jinsiy etilish davri, hayz ko‘rish,  homiladorlik, psixoemotsional stresslar, nosog‘lom turmush tarzi kabi holatlar vegetativ disfunktsiyani yanada kuchaytirib yuboradi. Nasliy-konstitutsional moyillik yaqqol namoyon bo‘lgan o‘smirlarda hatto to‘yib ovqat eyish, maktab, kollej yoki litseydagi talablar, yoshiga mos bo‘lmagan og‘ir jismoniy mehnat, miriqib uxlamaslik, oiladagi nosog‘lom muhit, havoning isib ketishi va boshqa meteorologik omillar VDS rivojlanishiga turtki bo‘ladi.

Erta bolalik davridan buyon o‘tkir respirator infektsiyalar va surunkali kechuvchi yiringli jarayonlar (sinusitlar, otit, tonzillit) ko‘p kuzatiladigan, ya’ni xalq tili bilan aytganda, ko‘p shamollaydigan bolalar ham VDS rivojlanishiga moyil bo‘lishadi. Ushbu sindrom rivojlanishida bosh miya kasalliklarining ham o‘rni katta. Chunki bosh miyada suprasegmentar vegetativ markazlar joylashgan. Shu bois har qanday tserebral patologiya yoki neyroinfektsiyalar VNS disfunktsiyasiga sabab bo‘ladi. VNS turli patogen omillarga o‘ta sezgir ekanligini ham alohida ta’kidlab o‘tish lozim. Ma’lumki, VNS gomeostazni, ya’ni ichki a’zolar va sistemalar faoliyatini ta’minlab, organizmni o‘zgarib turuvchi turli tashqi ta’sirotlarga moslashtiradi, psixoemotsional va jismoniy faollikni oshirishda bevosita ishtirok etadi.

Organizmdagi hech bir fiziologik va patofiziologik jarayonlar VNS ishtirokisiz kechmaydi. Turli ekzogen va endogen omillarga javoban yuzaga keladigan vegetativ reaktsiyalar himoya funktsiyasi, deb e’tirof etiladi. Ma’lum bir vaziyatlarda ushbu himoya funktsiyasi vegetativ buzilishlar bilan namoyon bo‘ladi. Shuning uchun ham turli xil patologik holatlarda vegetativ reaktsiyalarni kuzatamiz. Ularning qay darajada yuzaga kelishi  organizmning patogen omillarga bo‘lgan reaktsiyasi va ta’sir etish kuchiga ko‘p jihatdan bog‘liq. Albatta, bu erda nasliy-konstitutsional moyillikning o‘rni ham katta.

Gipotalamo-gipofizar soha zararlanishi simpatoadrenal va xolinergik krizlar hamda kuchli metabolik buzilishlar bilan namoyon bo‘lishini alohida ta’kidlash lozim. Bunday holatlar qo‘shimcha ravishda laborator tekshiruvlar o‘tkazishni taqozo etadi. Surunkali alkogolizm, giyohvandlik va zaharli kimyoviy vositalar bilan ishlash ham vegetativ disfunktsiyani vujudga keltiradi. Bir qator somatik kasalliklar, ya’ni arterial gipertoniya, surunkali bronxit, bronxial astma, oshqozon-ichak sistemasi kasalliklarida ham vegetativ buzilishlar kuzatiladi. Vegetativ buzilishlar klimakterik davrda ham ko‘p uchraydi.

Og‘riqlar bilan vegetativ disfunktsiyalar orasida ham uzviy bog‘liqlik bor. Tananing qaysi sohasida joylashgan bo‘lishidan qat’i nazar o‘tkir va surunkali og‘riqli sindromlar vegetativ buzilishlar bilan namoyon bo‘ladi. Vegetativ disfunktsiyalar nafaqat VNS ning suprasegmentar, balki segmentar tuzilmalari patologiyasida ham ko‘p uchraydi. Periferik vegetativ etishmovchilik bilan kechuvchi patologik sindromlarning asosiy klinik belgilari – bular vegetativ-vistseral buzilishlardir. Ayniqsa, Fabri kasalligi, Rayli-Dey va Shay-Drejer sindromlarida kuchli vegetatativ-vistseral buzilishlar paydo bo‘ladi. Bular VNS zararlanishi bilan kechuvchi nasliy kasalliklar bo‘lib, ularning turi ko‘p.

Klinikasi. Asosiy klinik simptomlar – bular turli-tuman vegetativ-vistseral buzilishlar bo‘lib, ko‘pincha ichki a’zolar disfunktsiyasi bilan namoyon bo‘ladi. Ularning qay tarzda kechishi esa bemor qaysi tipga taalluqli ekanligiga ko‘p bog‘liq. Ma’lumki, simpatik yoki parasimpatik nerv sistemalarining funktsional ustuvorligiga qarab odamlar simpatikotonik va vagotonik tiplarga ajratiladi (2.5-jadval).

2.5-jadval

Simpatik va parasimpatik nerv sistemalari funktsiyalari

A’zolar

Simpatik ustuvorlik

(simpatikotoniya)

Parasimpatik ustuvorlik

(vagotoniya)

Qorachiqlar

Midriaz

Mioz

Yurak-qon tomir sistemasi

Taxikardiya, arterial gipertenziya, qon tomirlar qisqaradi.

Bradikardiya, arterial gipotenziya, qon tomirlar kengayadi.

So‘lak bezlari

Giposalivatsiya, quyuq so‘lak ajralib chiqadi.

Gipersalivatsiya, suyuq so‘lak ko‘p ajraladi.

Bronxlar

Bronxodilatatsiya, bronxial sekretsiya kamayadi.

Bronxokonstriktsiya, bronxial sekrektsiya kuchayadi.

Oshqozon-ichak

sistemasi

Giposekretsiya, peristaltika

sustlashadi, atoniya, atonik qabziyat.

Gipersekretsiya, peristaltika kuchayishi, spazmlar, spastik qabziyat, ba’zida diareya.

Teri

Teriosti qon tomirlari qisqarishi, teri oqaradi, “g‘oz terisi” paydo bo‘ladi, gipogidroz.

Teriosti tomirlari kengayadi, teri giperemiyasi, gipergidroz.

Moddalar almashinuvi

Tezlashadi, ozishga moyillik

Sekinlashadi, semirishga

moyillik.

 

Simpatikotoniklar. Simpatikotoniklarga xos belgilar bolalik davridayoq yaqqol ko‘zga tashlana boshlaydi. Ular qizg‘in xarakterga ega, atrofdagi voqealar va o‘ziga bo‘lgan munosabatlarga darhol reaktsiya beradigan, kayfiyati tez o‘zgarib turadigan, og‘riqlarga sezgir, fikri tez chalg‘iydigan shaxslardir. Bunday odamlarda sangvinik va xoleriklarga xos xulq-atvorni kuzatish mumkin. Bu belgilar giperstenik nevroz belgilariga ham o‘xshab ketadi. Stressli vaziyatlarda ularning qorachiqlari kengayib og‘zi quriydi, rangi oqaradi, yurak urishi tezlashadi va sanchib og‘riydi, AQB ko‘tariladi, boshi va tanasi qizib ketadi, oyoq-qo‘llari esa “muzlab” qoladi va uvishadi. Stressli vaziyat o‘tib ketgach, bemorning tez siygisi keladi.

Simpatikotoniklar yaxshi ishtahaga ega bo‘lsa-da, deyarli semirishmaydi va astenik tana tuzilishiga ega bo‘lishadi. Buning asosiy sababi ularda moddalar almashinuvining tezligi bilan izohlanadi. Ularni, ko‘pincha, atonik qabziyat va meteorizm bezovta qiladi. Terisi oqimtir tusga ega va doimo quruq, oyoq-qo‘llarining uchi sovuq va tez uvishadigan bo‘ladi. Ob’ektiv tekshirishlar kuchli oq dermografizmni ko‘rsatadi. Vestibulyar va respirator buzilishlar xos emas. EKG – sinusli taxikardiya, R-Q intervali qisqargan, ST segmenti izometrik chiziqdan pastga siljigan va T tish silliqlashgan bo‘ladi.

Vagotoniklar. Sayyor nerv (n.vagus) miya ustunida joylashgan parasimpatik nerv sistemasi yadrolarining eng muhim qismidir. N.vagus tarmoqlari aksariyat ichki a’zolar va sistemalarni innervatsiya qiladi, ularning faoliyatini boshqarishda bevosita ishtirok etadi. Shuning uchun ham “parasimpatikotoniya” atamasi o‘rniga “vagotoniya” atamasi ko‘p qo‘llaniladi. Vagotoniklarda simpatikotoniklarga xos xulq-atvorning aksini ko‘rish mumkin. Ularda apatiya, asteniya va melanxoliya ustuvorlik qiladi. Ortiqcha hissiy va jismoniy zo‘riqishlar vagotoniklar ish faoliyatini susaytirib yuboradi.

Vagotoniklar ishtahasi sust bo‘lsa-da, semirishga moyil odamlar hisoblanadi. Buning asosiy sababi moddalar almashinuvi sustligidir. Ular “suv ichsam ham semiraman” deb shikoyat qiluvchilar toifasiga kirishadi.  Vagotoniklarning jahli chiqsa qorachiqlari torayadi, yurak urishi sekinlashadi, AQB tushib ketadi, boshi aylanadi, ko‘ngli ayniydi va quloqlari shang‘illay boshlaydi. Bunday paytlarda sinkope rivojlanishi ham mumkin. Stress paytida havo etishmay qolishi, bo‘g‘ilish, tomoqda biror narsa turgandek bo‘lish holatlari ham kuzatiladi. Vagotoniklarda chuqur xo‘rsinib qo‘yishlar ko‘p uchraydi. Odamlar gavjum va havosi dimiqqan joylar ularga yomon ta’sir qiladi, sovuqqa ham chidamsiz bo‘lishadi. Shu bois vagotoniklar radikulalgiya va artralgiyalarga moyil kishilardir. Tunda kuzatiladigan “bezovta oyoqlar” hamda surunkali charchash sindromlari, akrotsianoz, terining marmar tusda bo‘lishi, kuchli qizil dermografizm, ko‘p terlash, terining yog‘li va nam bo‘lib yurishi ham vagotoniklar uchun juda xos.  Ertalab uyg‘onganda ularning yuz-ko‘zlari biroz shishgan va ko‘zlar tagi salqigan bo‘ladi. Chunki bu odamlarda suyuqlikning organizmda ushlanib qolishiga moyillik bo‘ladi. Ba’zida ayollar “shishib ketayapman” deb diuretiklar ichishni xush ko‘rishadi va nefrolog yoki endokrinologga qatnab yurishadi. Vagotoniklarni gipersalivatsiya (ayniqsa, tunda), spastik kolit, ba’zida diareya, ovqatning qiyin hazm bo‘lishi va abdominalgiyalar ham bezovta qiladi. Bunday shikoyatlar bilan ular terapevtlarga qatnab yurishadi.

Vagotoniklarda yurak muskullari tonusi pasaygan va yurak toni bo‘g‘iq bo‘ladi. EKG da sinusli bradikardiya (ba’zida, bradiaritmiya yoki ekstrasistoliya), aniqlanadi, R-Q intervali cho‘zilgan, ST segmenti izometrik chiziqdan yuqoriga siljigan va T tish ampitudasi kattalashgan bo‘ladi.

Kardiovaskulyar buzilishlar. Bunday buzilishlar VDS ning eng ko‘p uchraydigan simptomlari hisoblanadi. Simpatikotoniklar va vagotoniklarda kardiovaskulyar buzilishlar turlicha kechadi. Bu haqda yuqorida aytib o‘tdik. Amaliy tibbiyotda VDS ning kardiovaskulyar buzilishlar ustunlik qiladigan turi neyrotsirkulyator distoniya deb atalgan. VDS bilan kasallangan 40 yoshdan oshgan bemorlarda kardialgiyaning ko‘p kuzatilishi ularni xavotirga solib qo‘yadi. Bunday bemorlar stenokardiyadan qo‘rqib bir necha bor EKG tekshiruvlaridan o‘tib yurishadi. Yurak sohasidagi og‘riqlar sanchuvchi, kuydiruvchi va siquvchi xususiyatga ega. Stenokardiyadan farqli o‘laroq, bu og‘riqlar jismoniy zo‘riqishlarda kuchaymaydi, irradiatsiya qilmaydi, nitratlardan so‘ng o‘tib ketmaydi, EKG da ishemiya belgilari aniqlanmaydi. Kardialgiyalar, asosan, psixoemotsional stresslardan so‘ng yoki vegetativ krizlar paytida vujudga keladi. Og‘riqlar ko‘p hollarda soatlab saqlanadi, kam hollarda tez o‘tib ketadi. Shuningdek, yurak sohasida uvishish, giperventilyatsiya, qo‘rquv va xavotir belgilari paydo bo‘ladi. Bu belgilar majmuasi kardiosenestopatik sindrom deb ataladi.

Psixovegetativ buzilishlar vegetativ distoniyalarda ko‘p uchraydi. Bu buzilishlar aksariyat hollarda VDS ning asosiy klinikasini belgilab beradi. Psixovegetativ buzilishlar yaqqol namoyon bo‘lganda, bevosita “psixovegetativ sindrom” atamasini qo‘llash maqsadga muvofiq. Psixovegetativ sindrom depressiyaga moyil kishilarda, epilepsiya, shizofreniya, gormonal disfunktsiya, tez-tez takrorlanuvchi stresslar va surunkali ravishda spirtli ichimliklar iste’mol qiluvchilarda ko‘p uchraydi. Melanxolik tipdagi shaxslar ham psixovegetativ buzilishlarga moyil bo‘lishadi.

Psixovegetativ sindromda bemor disforiya holatida yuradi, arzimagan narsaga jahli chiqaveradi, hissiy portlashlar tez-tez kuzatilib turadi, atrofdagi voqealardan doimo norozi bo‘lib yuradi. Ba’zida depressiyaga tushib hech kim bilan gaplashmay qo‘yadi, hech narsadan qoniqmaydi. Aqliy va jismoniy ishlarga xohishi bo‘lmaydi, parishonxotir bo‘ladi, xotirasi doimo pand beradi. Ushbu buzilishlar kuchli taxikardiya yoki bradikardiya, AQB o‘ynab turishi, gipo- yoki gipergidroz, ishtaha buzilishlari va boshqa psixosomatik buzilishlar bilan birgalikda kuzatiladi. Aksariyat hollarda psixovegetativ sindrom kuchli qo‘rquv va xavotir bilan namoyon bo‘ladi. Qo‘rquv va xavotir bemorning butun vujudini qamrab oladi. Bemorning fikri-xayoli fobiyadan qutulish bo‘lib qoladi. Psixovegetativ sindromda obsessiv-kompulsiv buzilishlar ko‘p uchraydi. Bunday bemorlar to‘la tibbiy-psixologik yordamga muhtoj bo‘lib qolishadi.

Respirator buzilishlar giperventilyatsion sindromda kuzatiladigan belgilar bilan namoyon bo‘ladi. Giperventilyatsion sindrom ushbu bobda alohida mavzu qilib yoritilgan.

Gastroenterologik buzilishlar ishtahaning buzilishi, qabziyat, qorin sohasida yoqimsiz og‘riqlar, meteorizm belgilari bilan namoyon bo‘ladi. Bemor ovqatning qiyin hazm bo‘lishi, jig‘ildon qaynashi, yutinganda tomoqda xuddi bir narsa turgandek bo‘lishi, ich qotishi va dam bo‘lishidan shikoyat qilib yuradi. Bemor och qolsa titrab ketadi va darrov ovqat eb olishi kerak bo‘ladi. Ob’ektiv tekshiruvlarda oshqozon-ichak sistemasining organik kasalliklari aniqlanmaydi. Bunday bemorlarga terapevtlar “qo‘zg‘algan ichak sindromi” deb ham tashxis qo‘yishadi.

Ter ajralishi buzilishlari gipo- yoki gipergidroz bilan namoyon bo‘ladi. Biroq gipergidroz ko‘p kuzatiladi. Ba’zida bemor shu qadar ko‘p terlaydiki, hatto sochiq ham ho‘l bo‘lib ketadi. Terlash hayojonlanganda, jismoniy ish qilganda va to‘yib ovqatlanganda kuchayib ketadi. Bunday bemorlar aynan mana shu terlashdan qutulish uchun doktorma-doktor qatnab yurishadi.

Gipertermik sindrom vegetativ distoniyaning boshqa turlariga qaraganda kam uchraydi. Bunday holatlar, ko‘pincha, o‘tkazilgan neyroinfektsiyalar, bosh miya jarohatlari, endokrin buzilishlar va kuchli stresslardan so‘ng rivojlangan VDS da kuzatiladi. Ko‘p hollarda tana harorati 37–38°S, kam hollarda 39–40°S ga etadi. Bunday bemorlar qonida yallig‘lanish reaktsiyalari aniqlanmaydi, ular holsizlanib yotib qolishmaydi, vrach qabuliga bemalol o‘zlari qatnab yurishadi. Yallig‘lanishga qarshi dorilar, aspirin va antibiotiklar ta’siri juda past bo‘ladi yoki umuman ta’sir qilmaydi. Anksiolitiklar yoki boshqa vegetotrop dorilar esa tana haroratini yaxshi pasaytiradi. Psixoemotsional stress sababli rivojlangan va vegetativ buzilishlarsiz namoyon bo‘ladigan gipertermik sindromlarda “psixogen gipertermiya” tashxisi qo‘yiladi. Subfebrilitet bir necha oy va yillab saqlanishi mumkin. Tana harorati kunduzi balandroq (38–39°S), kechasi pastroq (37–38°S) bo‘ladi. Shuningdek, bemor tinchlanganda, trankvilizatorlar ichganda ham tana harorati normaga tushishi mumkin. Ba’zida esa hech qanday dori-darmonlar samara bermaydi. Bemorni bu tarzda hadeb samarasiz davolashga urinaverish unda yatropatiyani yuzaga keltiradi. Bunday bemorlarni rejali kuzatuvga olish va ularga psixoterapevtik yordam ko‘rsatishning o‘zi kifoyadir. Vaqt o‘tib tana harorati yana normaga qaytadi.

Gipotermiya holatlari gipertermiyaga qaraganda kam uchraydi va og‘irroq kechadi. Tana harorati 35°S dan pastga tushganda gipotermiya xulosasi chiqariladi. Gipotermiya arterial gipotenziya, umumiy holsizlik, ko‘p terlash va umumiy titroqlar bilan namoyon bo‘ladi. Bemor sovuq qotganidan shikoyat qiladi. Issiq odeyalga o‘ranib oladi. Bemorlar gipotermiyani gipertermiyaga qaraganda og‘irroq kechirishadi. Gipotermiya gipertermiyaga o‘xshab uzoq davom etmaydi. Vegetativ-tomir distoniyasi, shuningdek, nevrogen qovuq sindromi va erektil disfunktsiyalar bilan ham namoyon bo‘ladi.

Kechishi. Vegetativ distoniya sindromi klinikasi bir xil kechmaydi. Simptomlar goh zo‘rayib, goh susayib turadi. Tinch holatlarda va bemorning atrofida yaxshi psixologik muhit yaratilganda VDS engil kechadi. Psixoemotsional stress, jismoniy zo‘riqishlar, meteoqo‘zg‘alishlar (ayniqsa, er magnit maydonining kuchayishi) va o‘tkir infektsiyalardan so‘ng kasallik belgilari kuchayadi. Bu vaziyatlar tez-tez takrorlanaversa, vegetativ buzilishlar soni ko‘payadi, yangi simptomlar qo‘shiladi va bemorning tuzalishi kechikadi. VDS turli vegetativ krizlar bilan ham kechadi.

Vegetativ krizlar – to‘satdan ro‘y beruvchi va kuchli ifodalangan vegetativ buzilishlar bilan kechuvchi paroksizmlar bo‘lib, ular o‘rtacha 30–60 daqiqa davom etadi. Vegetativ krizlarning vagoinsulyar va simpatoadrenal tiplari faqrlanadi: 1) vagoinsulyar krizlar – AQB pasayib ketishi, rangi oqarib ketishi, ko‘ngil aynishi, qusish, gipotermiya, kardialgiya, abdominalgiya, nafas siqishi, ter bosish, umumiy titroq va ba’zida xushdan ketishlar bilan namoyon bo‘ladigan holat; 2) simpatoadrenal krizlar – AQB ko‘tarilishi, kuchli qo‘rquv va xavotir, o‘lim qo‘rquvi, bosh og‘riq, umumiy titroq, taxikardiya, kardialgiya, og‘iz qurishi, tana harorati oshishi va poliuriya bilan namoyon bo‘ladigan holat. Kuchli xavotir va qo‘rquv bilan kechuvchi vegetativ krizlar psixovegetativ krizlar deb ham ataladi. KXT-10 da vegetativ krizlar alohida ajratilmagan. Shunday bo‘lsa-da, bu atamadan klinik tibbiyotda foydalanishadi.

Tashxis. Bitta-ikkita vegetativ buzilishlarga asoslanib VDS tashxisini qo‘yish mumkin emas. VDS – o‘zgarib turuvchi turli-tuman psixoemotsional, vegetativ va somatik buzilishlardan iborat sindrom. Tashxis qo‘yishda kasallik va hayot anamnezi, sub’ektiv simptomlar xronologiyasi, ob’ektiv (vegetativ) buzilishlar dinamikasi e’tiborga olinadi.

Bemorning hayot anamnezini o‘rganish asnosida bolalik davridayoq uning vegetativ buzilishlarga moyilligini sezish mumkin. Shu yo‘l bilan bemorning vagotoniya yoki simpatikotoniyaga moyilligi aniqlanadi. Keyinchalik turli etiologik omillar ushbu vegetativ disfunktsiyalarni kuchaytirib yuborgani ma’lum bo‘ladi. Buning uchun etiologik tashxisni aniqlab olish lozim. Vagotoniklarda, ko‘pincha bronxial astma, oshqozon yara kasalligi, neyrodermit aniqlansa, simpatikotoniklarda –  gipertoniya, yurak ishemik kasalliklari, qandli diabet va gipertireoz aniqlanadi. VDS aniqlangan aksariyat bemorlarning bolalik davri og‘ir kechgan bo‘ladi. Ular, ko‘pincha, nosog‘lom oilaviy muhitda katta bo‘lishgan, og‘ir jismoniy mehnatlar qilishgan va tez-tez kasallangan bolalar bo‘lib chiqishadi.

Ob’ektiv simptomlar, asosan, vegetativ buzilishlardan iborat. Bu belgilarni VNS ni tekshiruvchi sinamalar orqali bilib olish mumkin. Vegetativ sinamalar orqali bemorning qaysi vegetativ tipga taalluqligi aniqlanadi. Buning uchun mahalliy va reflektor dermografizm, pilomotor reflekslar, teri haroratini o‘lchash, Danini-Ashner refleksi, klinoortostatik refleks, EKG va kardiointervalografiya usullari qo‘llaniladi. Vegetativ tonusni tekshirishda farmakologik sinamalar ham qo‘llanilishi mumkin.

Qo‘shimcha ravishda neyrofiziologik (UTD, EEG) va psixofiziologik tekshiruvlar o‘tkaziladi. Shaxs tipini aniqlash uchun Ayzenk testi juda ma’qul hisoblanadi. Uning yordamida ekstraversiya, intraversiya va neyrotizm darajasi baholanadi. Ayniqsa, psixovegetativ sindromlarda psixologik testlarning diagnostik ahamiyati katta. Qo‘rquv va xavotir darajasini baholashda Spilberger-Xanin va Gamilton shkalalaridan ko‘p foydalaniladi. Bu testlarning xulosasi psixoterapiya usulini tanlash va to‘g‘ri o‘tkazishga yordam beradi. Ba’zida psixiatr maslahati zarur bo‘ladi. Bemorning gormonal statusini o‘rganish o‘ta muhimligi bois, ularga endokrinologik tekshiruvlardan o‘tish ham tavsiya etiladi.

Davolash. Aytib o‘tganimizdek, VDS alohida kasallik emas, balki klinik sindromdir. Shu bois dastavval uning etiologiyasi aniqlanadi va davolash etiologik omillarni bartaraf etishdan boshlanadi. Stressli vaziyatlarni bartaraf etish – davolashning eng muhim mezonlaridan biridir. Shuning uchun ham tashxis qo‘yish va davolash jarayonida tibbiy psixolog, albatta ishtirok etishi lozim. Bu erda psixoanalitik terapiyaning samarasi juda katta. Bemorga autotrening usullaridan foydalanish qoidalari ham o‘rgatiladi.

Infektsion-toksik etiologiyali vegetativ distoniyalarda bemorning immunitetini ko‘tarish va surunkali infektsiya o‘choqlarini sanatsiya qilishga asosiy e’tibor qaratiladi. Og‘ir jismoniy mehnat va bemorning kasbi bilan bog‘liq muammolar ham bartaraf etiladi. Endokrin buzilishlar (gipotireoz, gipertireoz) ham korrektsiya qilinadi. Bemorga tungi ishlarda va ekstremal vaziyatlarda ishlamasligi tayinlanadi. Farmakologik davolash usullaridan trankvilizatorlar, sedativ dorilar, anksiolitiklar va psixostimulyatorlardan ko‘p foydalaniladi. Ular vegetotrop ta’sirga ega.

Sedativ dorilar. Valerian va arslonquyruq nafaqat tinchlantiruvchi ta’sirga ega, balki miya ustunida joylashgan vegetativ markazlar orqali umumiy vegetativ tonusga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Valerian ildizlari yoki arslonquyruq damlamasi (10 g o‘t 200 ml suvda damlanadi) 1 osh qoshiqdan 3 mahal och qoringa ichish buyuriladi. Kechqurungisi yotishdan oldin ichiladi.

Trankvilizatorlar anksiolitik ta’sirga ega bo‘lib, ular qo‘rquv va xavotirni, tanadagi psixogen og‘riqlarni bartaraf etadi va kuchli uxlatuvchi ta’sirga ega.

Bu maqsadda quyidagi dorilar qo‘llaniladi:

  1. Diazepam (elenium, relanium, seduksen) 2,5–5 mg dan kuniga 2–3 mahal ichishga tavsiya etiladi. Simpatoadrenal krizlarni bartaraf etishda 2 ml diazepam 5 ml natriy xloridning fiziologik eritmasiga qo‘shib venadan sekin yuboriladi.
  2. Fenazepam 0,5 mg dan kuniga 2–3 mahal ichish uchun buyuriladi;
  3. Oksazepam (nozepam, tazepam) 0,01 g dan kuniga 2–3 mahal;
  4. Medazepam (mezapam, rudotel) 0,01 g dan kuniga 2–3 mahal;
  5. Tofizopam (grandaksin) – kunduzgi trankvilizator 0,05–0,1 g dan kuniga 2–3 mahal ichish tavsiya etiladi. Trankvilizatorlar 2–3 hafta mobaynida qabul qilinadi.
  6. Belloid 1 tabl. kuniga 2–3 mahal ichishga tavsiya etiladi;
  7. Bellataminal 1 tabl. kuniga 2–3 mahal ichishga buyuriladi;
  8. Tinchlantiruvchi dorilarda persen, novopassit, valerian ekstrakti 1–2 tabl. kuniga 3 mahal ichishga tavsiya etiladi.

Antidepressantlar depressiya, qo‘rquv va xavotir hamda psixosomatik buzilishlarni korrektsiya qilishda keng qo‘llaniladi.

  1. Amitriptilin (triptizol) 25 mg dan kuniga 2–3 mahal;
  2. Imipramin (imizin, melipramin) 25 mg dan kuniga 2–3 mahal;
  3. Teralen 20 mg dan kuniga 2 mahal;
  4. Azafen kuniga 25 mg kuniga 2 mahal;
  5. Fluoksetin (prozak) 20 mg kuniga 2-3 mahal;
  6. Paroksetin (reksetin) 20 mg kuniga 2-3 mahal;
  7. Sertralin (zoloft) 50 mg kuniga 2-3 mahal;
  8. Velaksin 75 mg kuniga 2-3 mahal;

Esda tuting: Antidepressantlar dastlab kam dozada tavsiya etiladi va har 3–5 kunda ularning dozasi oshirib boriladi. Ko‘zlangan natijaga erishilgach ularning terapevtik dozasi ushlab turiladi va asta-sekin kamaytiriladi. Antidepressantlar 4–6 hafta mobaynida olib boriladi.

Simpatoadrenal sistema faolligi oshishi sababli yuzaga kelgan vegetativ buzilishlarda (taxikardiya, arterial gipertoniya) beta-adrenoblokatorlar keng qo‘llaniladi. Bu maqsadda propranolol (anaprilin, inderal, obzidan) buyuriladi. Propranolol kuniga 40–120 mg dan 4–6 hafta mobaynida ichiladi. Ko‘zlangan natijaga erishilgach, uning dozasi kamaytiriladi. Bu dori simpatikotoniklarda qo‘rquv va xavotirni ham bartaraf etishga yordam beradi. Arterial gipotoniya, adinamiya, asteniya, apatiyalarda jenshen damlamasi  va eleuterokokk ekstrakti 20–30 tomchidan kuniga 3 mahal ichishga tavsiya etiladi. Bugungi kunda tarkibida jenshen saqlovchi dorilar turi ko‘p bo‘lib, vegetativ buzilishlarni korrektsiya qilishda ulardan keng foydalaniladi.

Abdominal buzilishlarni (og‘riq, meteorizm, ichaklar spastikasi) korrektsiya qilish uchun sulpirid (prosulpin)  kuniga 200–600 mg, metoklopramid 20–40 mg, motilium 20–30 mg, faollashtirilgan ko‘mir 10 kg tana vazniga 250 mg (1 tabl.) ichish tavsiya etiladi. Shuningdek, noshpa va nikotin kislotasi ham ichak disfunktsiyasida samaralidir. Bemor spirtli ichimliklar, achchiq va sho‘r ovqatlarni iste’mol qilishdan o‘zini tiyishi kerak. Xamirli ovqatlarni cheklash lozim. Yaxshi hazm bo‘ladigan engil ovqatlarni kam-kamdan tanovvul qilish tavsiya etiladi.

Kuchli terlashlarda formalin, kaliy permanganat yoki tanin kislotali vannalar qabul qilinadi. Shuningdek, turli trankvilizatorlar, sedativ dorilar, anksiolitiklar, balchiq bilan davolash, bo‘yin-elka sohasiga tinchlantiruvchi dorilar elektroforezi ham ortiqcha terlashni pasaytiradi. Psixogen gipertermiyalarda pirroksan 15 mg dan kuniga 3 mahal ichish tavsiya etiladi. Gipertermiya va boshqa vegetativ buzilishlarni korrektsiya qilishda 20–40 mg (1–2 amp.) amitriptilin 0,9 % li 250 ml natriy xlor eritmasida venadan tomchilatib yuboriladi. Bu muolaja 5–7 kun mobaynida qilinishi mumkin. Vegetativ buzilishlarni bartaraf etishda turli giyohlardan tayyorlangan damlamalar, fizioterapevtik usullar, umumiy massaj, igna bilan davolash kabi muolajalar keng qo‘llaniladi.

Arterial gipertoniya bilan namoyon bo‘luvchi vegetativ buzilishlarda bo‘yin-elka sohasiga 5–10% natriy yoki kaliy bromid eritmasi, 5% li magniy sulfat eritmasi hamda novokain, anaprilin, panangin va nikotin kislotasi  elektroforez yo‘li bilan yuborilishi mumkin. Dorilarni elektroforez yo‘li bilan yuborish, ayniqsa, ipoxondriya bilan namoyon bo‘luvchi VDS da juda foydali. Chunki bunday bemorlar turli xil davolash usullarini yoqtirishadi. Bu maqsadda platseboterapiya usuli ham keng qo‘llaniladi.

Arterial gipotoniyada bo‘yin-elka sohasiga kofein elektroforezi qilinadi. Bu sohaga elektrostimulyatsiya va dorsanval muolajalarini o‘tkazish yaxshi samara beradi. Radonli, yod-bromli, oltingugurtli, azotli, karbonat angidridli vannalar vegetativ buzilishlar va vegetativ og‘riqlarni korrektsiya qilishda samarali vositalardir. Mahalliy og‘riqlar bilan namoyon bo‘luvchi vegetativ buzilishlarda elektro- va magnitoterapiya, parafin va balchiq applikatsiyalari foydali hisoblanadi. Vegetativ buzilishlarning har qanday turida sihatgohlarda dam olish va mo‘’tadil iqlimga ega davlatlarga sayr qilib turish ham foydadan xoli emas.

Prognoz. Aksariyat hollarda yaxshi.

 Professor Zarifboy Ibodullaev



Ctrl
Enter
Хато топдизнигзми?
Матнни танланг ва Ctrl+Enter тугмачаларини босинг
MUHOKAMALAR
Izohlarning minimal uzunligi 50 ta belgidan iborat. sharhlar boshqariladi
Hech qanday izoh yo‘q. Siz birinchi bo‘lishingiz mumkin!
Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив